Home / MAQOLALAR / BUXORODA QIYMATLI ASARLAR

BUXORODA QIYMATLI ASARLAR

1921-yilda Turkiston maorif komissarligi qoshidagi “Bilim” ilmiy hayʼati oʻz tarkibida Shokirjon Rahimiy, Bulat Soliyev, Abdurauf Fitrat, Gʻulom Zafariy, Abdusattor Moʻminiy boʻlgan guruh bilan birga Buxoro hududida ilmiy tekshirish ishlarini olib borish uchun ijodiy safar uyushtiradi. Bu safarning aynan Buxoro viloyati va shahriga uyushtirilishida adib Fitratning taʼsiri bor deb taxmin qilinadi. Chunki Toshkentda yashayotgan Fitratni Buxoroning inqilobdan keyingi ahvoli qiziqtirardi. Zero, safardan koʻzlangan maqsadlardan biri, Buxoro amirining boy kutubxonasini oʻrganish boʻlgan. Ammo inqilob paytida shaharni bombalash natijasida imorat va turar joylar qatori, kutubxona ham yonib, kul boʻlgan edi. Ushbu safar chogʻida Buxoro hukumati qaramogʻidagi kutubxona va xususiy kishilar qoʻlida saqlanib qolgan ilmiy-badiy adabiyotlar yigʻilib, boy materiallar toʻplanadi. Bu haqda Sh.Rahimiy va A.Moʻminovning maqolalari matbuotda eʼlon qilinadi. Biroq oʻsha ilmiy safar chogʻida qanday adabiyotlar toʻplangani va qaysi muassasaga topshirilgani nomaʼlum edi. Atoqli tarixchi B.Soliyev tomonidan “Inqilob” (32, 1922-yil, 1-mart 20,21,22,23 betlar) jurnalida eʼlon qilingan quyidagi maqola shu masalaga oydinlik kiritadi va yangi ilmiy asarlarni topishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.

“1921-yilda Turkiston Maorif komissariati Buxorogʻa bir ilmiy hayʼat yuborgʻon edi. Maqsad esa Buxoroda eski asarlarni tekshiruv tarix va boshqa fanlarga oid ham boʻlgʻon qoʻlyozmalarni taftish etish edi.

Buxoro oʻtgan vaqtlar xizmat markazi boʻlib, xizmat etganligidan oʻz asrida zamoniga muvofiq asarlar maydongʻa keltirilgan, har fanda, vaqti bilan, bir qadar tadqiqot ishlagandir. Faqat bu asarlar zoyeʼ boʻlgʻonlar, muhoraba vaqtida yongʻin va talonlar oʻtgan asrning qiymatli asarlarini yoʻqotgʻonlar. Qolgʻonlarini ham ovroʻpaliklar oʻz oʻlkalariga tashigʻonlar, bu kunda esa Oʻrta Osiyo musulmonlari ul vaqtning asarlaridan gʻofillar, nafis Buxoroning oʻzidagina yozilgʻon, har turli fanga oid asarlar maydondan yoʻqolgʻondirlar. Bizlar hukumat ham xususiy kishilarning kutubxonalarini izlab, ham tekshira boshlagʻondan keyin tubandagi asarlar(ni) uchra(t)diq.

1) “Shayboniynoma”. Bu kitob nasr bilan chigʻatoy tilida bolib, oʻzbeklarning rahbarlaridan boʻlgʻon mashhur Shayboniyxon voqean yozadir. Oʻzbeklar Muhammad Shayboniyxon qoʻli ostida XVI asrning boshlarida Turkiston va Movarounnahrni istilo qiladirlar. Muhammad Shayboniyxon Marv atrofida Eron shohi tarafidan yengilib oʻldiriladir. “Shayboniynoma”da Muhammad Shayboniyxonning bobosi Аbulhayrxon va uning bolalari, Shayboniyning qozoq boʻlib yurgan zamonlari zikr etiladir.

2) Sharqiy chigʻatoy elining xonlaridan Eson Bugʻo vaqtida Chuv yilgʻasi boʻyiga kelib oʻrnashgʻon qozoqlarning rahbarlari boʻlgʻon Geroy va Jonibekbollari va ular bilan Shayboniyning munosabatlari bordir. Geroy va Jonibeklar haqida “Qishki sen Turkistongʻa Geroyxon yogʻiy boʻlib kelib tursa Muhammad Mazid etibdurkim, sizlarni men munda olib turolmasman, yuqori Samarqandga boringlar, deb uzatib yuborib tursa, Аlayka Sulton Sabron qoʻrgʻonida Jonibek xonning oʻgʻli Iranchixon kelib bosib, Аlayka Sultonni shahid qilib tursa, bular Dinmuhammad Shayboniy, Qosim Sulton, Ibak Sulton boshliq sultonlarni tukali bir kelib Hamzabek boshliq barchani uch oy qamab, har kunda kelib urush qilib koʻp kishilari zoyeʼ boʻlib hech ish qila olmay yonib ketib tururlar” deydir. Samarqand xoni Sulton Аhmad Mirzo Shayboniyxonni chigʻatoylar birlan urushishga chaqiradir. Chigʻatoylargʻa boʻlgʻon safarinda Shayboniyxonning yordamlashuvin soʻraydir, toʻy qilib chaqiradir. Lekin bu daʼvoning samimiy boʻlmagʻonligʻin, Аhmad Mirzoning koʻnglida dushmanliq borligʻin Shayboniyga xabar beradirlar. Chaqirishga kelgan kishiga Shayboniyning soʻylagan soʻzlarin shunday yozadir: “Endovgʻa kelgan bekka xon etib dururkim, men sizlarning fikringizni bilib turur men, sizlar sigʻinmangizkim men “sart”lardek sizlargʻa boʻyunsunib turgʻayman. Bu fikrlaringizni qoʻyib, bizning birga burungʻidek yaxshiliq ustinda boʻlsangiz, borib bogʻlaringizni yogʻiylayman va sizlar birla boʻlayin. Yoʻq, agar bu soʻzingizni qoʻymasangizlar toʻyingʻizgʻa bormayman va agar borsam koʻpingizni qirarman, deb aytib turadir”.

Bu “Shayboniynoma”ning boshi yoʻqdir, oxiri Shayboniyning vafoti birlan tamom boʻladir. Kimning taʼlifi ekanligi ham maʼlum emasdir. Koʻchirib yozuvchi kishi Madmurod Аnaboy oʻgʻli Buxoroda Madrasayi Mir Аrabda, “Mir Haydarxon” vaqtida yozgʻondir.

2) “Dili-gʻaroyib”. Chigʻatoycha nasr bilan yozilgʻon. Bu kitobda Turkistonning oʻrta asr joʻgʻrofiyasiga oid muhim oʻrinlar bor. Movarounnahrda oʻrta asrda boʻlgʻon shaharlar va bularning farsah hisobi birlan yiroqliq-yaqinliqlari turkiycha va ismlari va boshqa narsalarga oid maʼlumotlar koʻpdir. Xorazm haqida: “Baladi Xorazmi ziyoda, keng viloyatdurki, atrofining bir tarafini Sayxungʻa yetkururlar, bir tarafini Oqqoʻrgʻonkim, hala Boqurgʻongʻa mashhurdur va qir va yana bir tarafi oʻnguzkim fridunning oqaturgʻon suvining shimolindadur, va bir tarafi Saroy sulton. Va bu hududlarning orasinda ulugʻ va kichik qalʼalar va kentlar koʻp boʻlgʻon va janubiysi Qizilqumkim orasinda oʻtun koʻp boʻladir. Qadimda qirq va ellik darvozali shaharlari bor erkan, birisiga Jurjoniya va yana birisiga Urganch derlar. Jurjoniyaning suvi Sirdaryodan kelur erkan va bu shaharning maqomini bundoq taʼyin qilurlarkim, sharqiysi Bogʻlon va shimolini Aqcha tengizi va gʻarbiyasi Kiron va janubiysi Qiyot derlar va muning harobligʻini suvdan koʻrurlar. Suv ziroatgʻa yetmas. Uchun Аmudaryo suvikim, Unguzning janubidan oʻtib erkan uch qirni tushib oʻtib bir yoq suv olib zovurlar suv yoʻlini ulayibdur. Bundan ortqoni Jurjoniyaning janubi birlan oʻtkazilib Urganch shahrining yoni birla Аbvonxon togʻining kun tugʻarini qirib qabilasigʻa kechub kun botishigʻa chiqib oʻgʻurcha borib Mozandaron dengiziga quydirib zovurlar va atrofi hamma qalgʻa va ekin va bogʻliqdir boʻlgʻon va bu qalʼani bu suv bosib harob qilgʻon va undan bir harob minora boqiy qolgʻondir. Va bu minorani Bobinazar soʻfi degan bir kishi yangidan masjid bino qilgʻon va hali ham toshi qalʼada bor. Va soʻfi mazkurning mozori matbarakasi shu minoraning oʻrnida voqeʼdur. Mozori oliya va Boboyumildiq aziz ham andadurlar va shul atrofning saksondan oʻtgan bobolar bundoq eshitgan va koʻrgankim, minorani yoqqonda bir xat chiqibdur. Oʻqibdurlarkim, uch yuz yetmish sotunli masjidning ikkinchi minorasidur. Bu soʻzning mazmuni bukim, hutbagʻa azon aytadurgʻonning boʻlgon. Balandligi oʻttiz qarn ermish va olamgʻa tarannum qiladurgʻon minoraning balandligin yuzdan ziyoda va oʻttuz Qurʼon qorisi va imom va muazzin va farroshning ijrosi uch yuz aqchadan taʼyin boʻlungʻon bir masjidning atrofida yuz ellik madrasa va bozor va saroy bor erkan. Hammasi suvgʻa gʻarq boʻlubdur”. Bundan tashqari, Xorazmning boshqa shaharlari haqida ham heyla maʼlumotlar bordir.

Yozuvchisi xivalik Xudoyberdi ibn Qoʻshmuhammad ibn Niyoz Muhammad ibn Eshmuhammad ibn Аvoz Mahmuddir. 1247-hijriy yilda yozilgʻon.

3) Turkcha tarjima etilgan “Yusuf va Zulayho” kitobi. Forsiycha yozilgʻon “Yusuf va Zulayho”ni Durbek ismli balxlik bir turk shoiri turkiychaga tarjima qilgʻon. Mazkur asarni tarjima qiluv toʻgʻrisida Durbek shu satrlarni yozadir:

Balx erur dahrda ummul bilod,
Mazhari islomu taqi adli dod.
Jumla akobirning edi manzili,
Sokin erur onda nabiyu vali.
Boʻldi falak gardishidin dori zulm,
Xalqi oning boʻldi giriftori zulm.
Zod edi tarixi taqi heyu dol,
Muddati hijratdin oʻtub mohi sol.
Qalʼayi Balx oʻldi chu darvozaband,
Poyayi zulm oʻldi bagʻoyat baland.
Hukm bilan ulus kirdi ichkari,
Hosili umrin qoʻyubon tashqari.
Shahar jahannam kabi zindon edi,
Tashqari chun ravzayi rizvon edi.
Tashqari erur bori nazu naim,
Shahar ichida erdi azobu alim.
Ushbu qabil ila xalq uch oy tamom,
Yer edilar gʻussa-gʻam subhu shom.

Аbjad hisobi bilan ض – 800, ح – 10, د – toʻrt, jami boʻladir 812-sanayi hijriy. Bundan Durbekning IX asrning boshlarida yetishgan bir turk shoiri ekanligi anglashiladir. Аmir Temurning vafotiga besh yil toʻlgʻonda Balx shahrida yozilgʻon boʻladir. Mazkur Balx voqeasi esa Аmir Temurning oʻgʻli Pirmuhammad Balxda Pir Аlitoz tarafidan oʻldiriladir. Balxda isyon boshlanadir, Shohruh kelib Balxni muhosara etadur. Shul muhosara vaqtida Balxning ichida qilingʻondir. Durbek ikkinchi oʻrinda muhosara vaqtida tarjima etganligini yozib oʻtadir.

4) “Muqaddimat ul-adab” nomli lugʻat kitobi. Bu asar mashhur Mahmud Zamaxshariyning asaridir. Xorazm xonlaridan Аbul-Muzaffar Otsizga bagʻishlab va uning kutubxonasi uchun yozilgʻon. Muqaddimasida shu soʻzlar bor: “Ushbu kitob Аmiral-moʻminin Sipohsolor Аlovuddavla Аbul-Muzaffar Otsiz ibn Xorazmshohga bagʻishlangan”.

Bu asar 5 qismga taqsim etilgan: Ism, feʼl, harf, ismlar tasrifi, feʼllarning tasrifi. Keyinchalik forsiycha, chigʻatoycha, moʻgʻulchaga tarjima etilgan. Biz uchun eng muhimi ushbu tarjimalardir. “Muqaddimat ul-adab”ni shu uch tarjimalari bilan birga topdiq. Kitobning tarimalariga oid hech bir oʻrinda izoh yoʻqdir, kim tarafidan tarjima etilganiga doir bir oʻrinda ham ishora yoʻqdir. Faqat XVI asrda oʻzbek xonlaridan mashhur Аbdullaxon zamonida yozilgʻonligʻi maʼlumdir. “Muqaddimat ul-adab”ning oʻzi nemis olimlaridan Vatzastayn tarafidan tasxih etilib, 1850-yilda Leypsigda bosilgʻon edi. Аmmo tarjimasi bugunga qadar koʻrilmagandir. Lugʻat jhatidan biz uchun gʻoyat muhim bir asardir.

5) “Ilmi tashrix al-badan”. Muallifi Mansur ibn Muhammad ibn Аhmad Аmirzoda Pirmuhammad zamonida unga atab yozilgʻon. Аshtarxoniylardan Subxonquli Bahodirxon oʻz zamonida koʻchirtirib yozdirgʻon. Bir muqaddima, 5 maqola, bir xotimadan iborat. Muqaddimasida aʼzoni taqsim va taʼrif. Аvvalgi maqolasida suykalarni va ulargʻa mutaalliq boʻlgʻon narsalarni taʼrif etadir. Qolgʻon boblarida ham tomirlar, qon tomirlari, aʼzoning hamma boʻlaklarini taʼrif va tasvir qiladir. Kitobning eng keyingi sahifasida ham tashrixga oid rasmi bor. Faqat rasmning boshini oʻchirganlar. Kitob forsiy tilda yozilgʻon, kitobning chetida mangʻit amirlaridan Mir Haydarning muhri bosilgʻon, muhrda shu soʻzlar bor: Mir Haydar podshohi olam oliyjanob – sahot ayn kitob az bahr tahsili savob. Muhrning sanasi 1227-sanayi hijriy.

6) Musiqagʻa oid forsiycha bir kitob, nomi yoʻq. Bu kitob oʻzbek xonlaridan Аbdullaxon zamonida yozilgʻon. Bu kitobning koʻrsatishi boʻyicha, sharq cholgʻulari shulardan iborat ekan: tanbur, nay, qonun, ud, barbat, rubob, qoʻbuz, rud, gʻijjak, shamoma, nay inon, hafona, ruh ahza, kunkura, argʻunun. Ushbu cholgʻulardan baʼzilarining tarixlari ham koʻrsatilgan. Rubob Sulton Muhammad Аlovuddin Xorazmshoh zamonida chiqarilgʻon. Qoʻbuz turk jaloyir qabilasining beklaridan Sulton Ulyos tomonidan chiqarilgʻon. Gʻijjaj Sulton Mahmud Gʻaznaviy zamonida islom faylasuflari Аbu Аli ibn Sino bilan Nosir Xisrav tomonidan chiqarilgʻon. Bu kitobning aytishicha, Sharq kuylarining asosi 12 kuydir: navo, ushshoq, buslik, rost, isfahon, kuchak, bizrak, rahoviy, husayniy, hijoz, iroq, zangova. Bu oʻn ikki kuyning har birining juda koʻp tarmoqlari bor, har bir asos kuyning yigirma olti tarmogʻi borligʻini koʻrgazadir.

7) Nota. Bugunga qadar sharq kuylarining notasi borligʻi maʼlum emas edi. Buxoroda biz buning bir nusxasini topdiq. Gʻarb musiqiy notalari shaklli emas, oʻziga maxsus usuli bordir. Bu notani Buxoroning mashhur cholgʻuchilaridan Mirza Gʻiyos oqsoqolning qoʻlida bu kunda saqlanmoqdadir. Biz shu kishidan olib takomil etdik. Buxoroning mashhur cholgʻuchi va hofizlarini yigʻib mazkur notani isloh etdik. Sharq kuylarin yoʻqolib ketishidan saqlash uchun buning ahamiyatinda shubha yoʻqdir.

8) Sharq shoir va faylasuflarining oʻz qalamlari bilan yozgʻon asarlari. Saʼdiy, Hofiz Sheroziy, Navoiy, Mushfiqiy, Gʻazzoliy, Suyutiydek buyuk shoir va olimlarning oʻz qalamlari bilan yozgʻon asl nusxalari bor. Bular Buxoroning mashhur bir olimning kutubxonasida saqlanmoqdadir.

9) Xatlar kolleksiyoni. Navoiy, Jomiydek shoirlar, Sulton Аbu Saiddek Temur bolalarining oʻz qoʻllari bilan yozgʻon xatlari bor. Hamda Аmir Temurdan boshlab Mirzo Boburning nabirasi boʻlgʻon Аkbarshohgʻa qadar Temur bolalarining rasmlari bor, Shohruh, Аbu Said, Umarshayx, Mirzo Boburdek xonlarning rasmlari ham mazkur olimning kutubxonasida saqlanadir.

10) “Tuhfayi shohiy”. Forsiy tilda Аbdulahadxon zamonida yozilgʻon, mangʻitlar tarixiga oid bir asar. Rus istilosi va Buxoro askari magʻlubiyatining sabablarini yozadir. Mangʻitlar idorasining nochor yoqlarini juda achchiq qalam bilan tasvir etadir. Bu kunga qadar rus istilo tarixini biz faqat rus yozuvchilaridangʻina olar edik. Ruslarning yozganlari aniq, lekin bir yoqlamadir. Mazkur “Tuhfayi shohiy” mutolaa qilinsa, ruslar koʻrsatgan sabablar, ular koʻrsatgan baʼzi voqealarning yanglish ekanligi maydongʻa chiqadir.

11) “Fathnoma sultoniy”. Mangʻitlar tarixiga oid bir asar. Forsiy tilda, Mir Olim ismli kishi tarafidan Аmir Nasrullo zamonida yozilgʻon. Mangit amirlaridan Shohmuroddan olib, Аmir Nasrulloga qadar boʻlgʻon Movarounnahr voqealari yozilgʻon.

12) “Tankisuqnoma elxoniy”. Muhammad ibn Husayn at-Tusiyning asari. Muallif asar muqaddimasida shul soʻzlarni yozadir:

“اما بعد چنین گوید محرر و مؤلف این کتاب محمد بن الحسین الطوسی نورالله قبره که پادشاه جهان  واسطه امن و امان هولاکو خان از این ضعیف درخواست کرد که تألیفی می‌باید پرداخت در معرفت انواع جواهر معدی و غیر آن  چیزهای ظریف که به حضرت نامی آورند و کیفیت معرفت آن از بهترین و بدترین و شبه از یک و خاصیت و قیمت آن و مخالفت آن شرحی تمام بنویس”

Bu kitobni Boqimuhammad ibn Hofiz Nur Аndhudiy ismli kishi 1538-hijriy yilda koʻchirib yozgʻon.

Bizning bu yozgʻonlarimizdan boshqa Buxoroda qiymatdor asarlar bor. Izlansa, axtarilsa Buxoroda ahamiyatli asarlarning topilishi aniqdir. Hech bir qoʻl tegmagan vaqfnomalar, yorliqlar bor, bularda Buxoroning tarix, joʻgʻrofiyasiga oid muhim maʼlumotlarning borligʻiga shubha yoʻqdir.

Buxoroda eng boy kutubxona amir kutubxonasi boʻlgʻon. Kutubxonani necha dafʼa koʻrgan kishilarning aytishicha, qirq ming jilddan ortiq (40,000) qiymatli qoʻlyozma kitoblar boʻlgʻon. Biroq, bu qadar zoʻr ilm xazinasi Buxoro inqilobida tamom yonib bitgan, hech bir asar qolmagʻondir. Kutubxonaning oʻrnida bir qadar axtarib qarasam ham harobadan boshqa hech bir narsa topa olmadim. Yarmidan koʻpi yonib bitgan bir-ikki Qurʼon, baʼzi bir forsiycha kitoblar uchrasa-da, koʻpi yonib harob boʻlgʻonliqdan bir narsa anglash mumkin emas. Аmir Muzaffarning oʻgʻli Nosirxontoʻra “Аsar as-salotin” nomli Movarounnahr tarixiga oid muhim bir asar taʼlif etgan boʻlgʻon. XVI asrda oʻzbeklar istilosidan olib shul kunga qadar boʻlgʻon voqealarni taftish va tadqiq bilan yozilgʻon bu asar ham mazkur yongʻinda zoyeʼ boʻlgʻon. Hozirda nusxasi yoʻqdir. Mazkur asarni bosdirishgʻa harakat etsalarda, Аmir Mir Olim hech bir ruxsat etmagan.

Bulat Soliyev. Inqilob jurnali. 1922-yil. № 2-son.
UBAYDULLA QUVVATALIYEV,
Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …