Rossiya imperiyasi Turkiston oʻlkasini bosib olgach, rus maʼmuriy-boshqaruv tizimini tashkil etdi. Turkiston xalqlari ming yillar davomida amal qilib kelgan islomiy anʼanalarga kuchli tazyiq va bosim oʻtkazdi. Shuningdek, koʻchirilgan rusiyzabon aholining ijtimoiy muammolarini hal qilish borasida esa barcha chora-tadbirlarni koʻrdi. Dastlab Toshkent, Turkiston, Avliyoota, Chimkent, Kazalinsk, Perovsk shaharlarida turli binolar (pochta idoralari, telegraf, harbiy gubernatorlar binosi, zobit (ofitser)lar uyi, istirohat bogʻlari (park), uy-joylar, harbiy kazarma) bilan birga cherkov binolari ham qurildi. Rusiyzabon aholini ijtimoiy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida dastlab ibodat va cherkov uylari, keyinchalik cherkovlar qurila boshlandi. Koʻchirib keltirilgan aholi asosan xristian dinining pravoslav oqimidagilar boʻlib, nemis-mennonet, molokan, starover, baptist, protestant, katolik, arrian, xlist kabi oz sonli diniy konfessiya vakillari ham mavjud edi.
Sirdaryo viloyati boshqa hududlarga qaraganda koʻchib kelgan aholi soni va etnik tarkibi xilma-xilligi bilan ajralib turar edi. Masalan, viloyatda birgina Turkistonning birinchi general-gubernatori K.P.Kaufman boshqaruvi davrida (1867-1882 yy.) Avliyootada 5 ta, Toshkent uyezdida bitta mennonitlar posyolkasi mavjud edi. Uezd markazlarida har bir din vakillarining ibodat qilish (sinagoga, ibodat uyi) joylari mavjud edi.
Sirdaryo viloyati uyezd markazlarida XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab koʻchib kelgan rusiyzabon aholi diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida dastlabki ibodat uylari qurila boshlandi. Cherkovlar qurilishi uch xil manbadan – davlat, zemstvo va xususiy mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilgan.
Sirdaryo viloyatiga rusiyzabon aholi maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida Perovsk uyezdi markazi Perovsk shahrida 1855-yilda dastlabki cherkovni qurish boshlangan edi. Keyinchalik, 1866-yilda Avliyoota shahrida dastlabki cherkov qad rostlagan. Dastlab ibodat uyi qurilib, diniy marosimlar shu binoda ado etilgan. Biroq keyinchalik cherkov binosi Rossiya imperiyasi markaziy guberniyalaridagi cherkov loyihasi asosida pishgan gʻishtdan qad koʻtarib, uning tomi metall qoplama bilan qoplangan. Unda temir panjarali darvoza, ikki tomondan kiriladigan eshiklar, oynavand, yorugʻlik tushadigan panjarali derazalar mavjud edi. Cherkov polli va mahobatli boʻlishiga eʼtibor qaratilgan [7]. 1917-yilga qadar viloyat uyezdlarining deyarli barchasida cherkov va ibodat uylari mavjud boʻlgan.
Perovsk (Oqmachit qalʼasi) shahrida birinchi pravoslav cherkovi 1855-yilda ruhoniy Lev Goroxovskoyga atab quriladi. Keyinchalik, 1906-yilga kelib 3500 rubl sarflangan, sigʻimi 400 nafar ibodat qiluvchiga mos mahobatli cherkov quriladi. Bundan tashqari, shaharda staroobryad, yahudiy, tatar ibodat uylari ham mavjud edi.
Kazalinsk uyezdi markazi Kazalinsk (Qazalli qalʼasi) shahrida 1872-yilda birinchi harbiylar cherkovi qurilishi boshlanib, 1874-yilda qurib bitkaziladi. Cherkov davlat mablagʻlari hisobidan pishgan gʻishtdan qurilgan edi. Bundan tashqari, uyezdda staroobryad va yahudiy ibodat uylari mavjud edi.
Sirdaryo viloyatining Turkiston shahrida ruhoniy Nikolay nomidagi birinchi pravoslav cherkovi uncha katta boʻlmagan, xom gʻishtdan qurilgan uyda 1871-yilda tashkil etilgan. Uezd shahrida 1884-yilda 100 nafar rus aholisi ibodat qiladigan yangi cherkov qurilishi boshlanadi va 1886-yilda qurib bitkaziladi. Ushbu cherkov qurilishiga 22000 rubl davlat mablagʻlari ishlatiladi. Bundan tashqari, bu shaharda yahudiylar ibodat amallarini bajaradigan 1 ta sinagoga ham mavjud edi [1].
Avliyoota uyezdi markazi, yaʼni Avliyoota shahrida birinchi pravoslav cherkovi 1866-yilda dastlabki harbiylar kazarmasi yonida tashkil etilgan. Shaharda 1890-yilga kelib davlat mablagʻlari asosida poydevori toshdan, devori pishgan gʻishtdan qurilgan, ogʻirligi 160 puddan iborat 8 ta katta va kichik qoʻngʻiroqlar qoʻyilgan mahobatli cherkov binosi quriladi. 1904-yilga kelib shaharda davlat, xususiy va diniy yeparxiya mablagʻlaridan ikkinchi cherkov bunyod etiladi.
Chimkent uyezdi markazi Chimkent shahrida 1868-yilda dastlabki kamtarona pravoslav cherkovi bunyod etiladi. 1885-yilga kelib esa, davlat mablagʻlari evaziga 250 oʻrinli yangi cherkov binosi quriladi. 1894-yilda Chimkent shahrining rus aholisi uchun uncha katta boʻlmagan, pishgan gʻishtdan qurilgan ikkinchi pravoslav cherkovi bunyod etiladi. Bundan tashqari 1 ta yahudiylar ibodat uyi ham shaharda mavjud edi [2].
Shaharlarda harbiylar koʻp sonli boʻlib, turli kasbdagi rus fuqarolari bitta cherkovda diniy marosimlarni, ibodat amallarini bajargan. Cherkov koʻchib kelgan aholi maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishda (bolaga ism qoʻyish, nikoh marosimini oʻtkazish, choʻqinish, Rojdestvo bayramini oʻtkazish, vafot etganlar bilan vidolashish va hokazo) muhim jamoat binosi hisoblangan. Cherkov va ibodat uylari qurishni yoʻlga qoʻyish uchun Rossiya imperiyasi hukumati taʼsis etgan “Turkiston yeparxiyasi”, “Muqaddas Sinodning Turkiston boʻlimi” kabi tashkilotlar faoliyat yuritib, ular hisobiga katta mablagʻlar oʻtkazilgan [5]. Cherkovlarni ruhoniy (“Muqaddas ota”), ruhoniy yordamchisi, dyakon, qoʻngʻiroq chaluvchi monax va monashka kabilar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Cherkovlar qoshida “prixod” maktablari, erkak va xotin-qizlar bilim yurtlari tashkil etilgan. Ularning ayrimlarida ruhoniylar diniy ilmlardan saboq bergan. Bundan tashqari, ruhoniylar va diniy xizmatchilarga sharoit yaratilgan.
Arxiv manbalarida “Muqaddas Sinodning Turkiston boʻlimi” tomonidan Turkiston general-gubernatori nomiga yuborilgan koʻplab xatlar saqlangan. Ularda koʻchirilgan rusiyzabon aholi uchun cherkov qurishni yoʻlga qoʻyish masalasi koʻtarilgan. Bunday muassasalar koʻchirilgan aholi maʼnaviy ehtiyojini qondirishda muhim ekani taʼkidlangan [6]. Shuningdek, rus dehqonlari istiqomat qiladigan qishloq va posyolkalarda cherkov yoki ibodat uylari barpo etishga 1–1,5 desyatina yer ajratish, qurilish ishlariga muhandis – quruvchi va loyihachilarni jalb qilish lozimligi alohida taʼkidlangan [4]. Rossiya imperiyasining yeparxiyalari hisobiga 1910-yilda ajratilgan mablagʻlar miqdori bilan tanishish asnosida, Turkiston yeparxiyasiga Tobolskiy yeparxiyasidan soʻng, eng koʻp mablagʻ taqsimlangani maʼlum boʻladi.
Turkiston yeparxiyasiga ajratilgan 176 ming 312 rubl mablagʻ hisobidan cherkov va ibodat uylari qurilgan. Bu orqali koʻchirilgan aholi diniy ehtiyojlarini qondirish, ularning oʻlkada yanada mustahkam oʻrnashib qolishi maqsad qilingan. Ayniqsa, Sirdaryo viloyatida diniy muassasalar qurishga alohida eʼtibor qaratilganini manbalar tasdiqlaydi.
Diniy muassasalar qoshidagi maktab oʻqituvchilari 1910-1912-yillarda har yilda 1500 rubl maosh, 500 rubl oziq-ovqat puli, kiyim-kechak uchun 250 rubl, shuningdek, 100, 150 rubl miqdorida ijara puli ham olgan. Ruhoniy yordamchisi 750-850 rubl, dyakon 650 rubl maosh olgan [3].
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Rossiya imperiyasi Turkiston oʻlkasini bosib olgach, mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga faol aralashdi. Ular insoniy haq-huquqlarini cheklagan holda koʻchirilgan rusiyzabon aholini qoʻllab-quvvatlash uchun ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda imkon qadar barcha chora-tadbirlarni koʻrdi. Imperiya maʼmuriyati koʻchib kelgan rusiyzabon aholi ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ibodat uylari, cherkovlar qurish siyosatini yuritdi. Lekin iqtisodiy muammolar sabab uyezd markaziy shaharlaridan tashqari barcha hududlarda cherkovlar mavjud emas edi. Cherkov va ibodat uylari qurish ishlari oʻlda-joʻlda, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, yangi cherkovlar qurilishida davlat mablagʻlarini oʻzlashtirish hollari mavjud edi. Bundan tashqari, mavjud cherkovlar faoliyati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan va ularning boshqaruvida ham bir qancha muammolar bor edi.
-
Добромыслов А.Н. Города Сырдарьинской области. Эл-пар. Тип. Лит. О.А.Порцева – Т.: 1912. –С.135.
-
Караваев В.Ф. Голодная степь в её прошлом и настоящем. Статистико-экономический очерк, – Спб.: 1914. Приложения. – С.79.
-
Мирзаева А.Д. Русские поселения Мирзачульского Оазиса и их социально-экономическое положение в конце ХIХ – начало ХХ века. Автореферат. Диссертация на учёний степен канд. ист. Наук. – Т.: 2011. – С.23.
-
О Колонизации Туркeстана// Речь. 1908. – №46.
-
Ravshanov Sh.R. Rossiya imperiyasining Fargʻona viloyatiga aholini koʻchirish siyosati va uning oqibatlari (XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlari) mavzusidagi dissertatsiyasi avtoreferati. – Buxoro: 2023. – B.26.
-
Oʻzbekiston milliy arxivi, I-1-fond, 9-roʻyxat, 276-yigʻma jild, 21, 22, 23, 24-varaqlar.
-
Oʻzbekiston milliy arxivi, I-961-fond, 1-roʻyxat, yigʻma jild, 45,46,47,48-varaqlar.