Home / MAQOLALAR / OʻZBEKISTON HUDUDLARIDA DAVLATCHILIKNING SHAKLLANISH JARAYONI BOʻYICHA MULOHAZALAR

OʻZBEKISTON HUDUDLARIDA DAVLATCHILIKNING SHAKLLANISH JARAYONI BOʻYICHA MULOHAZALAR

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tarix faniga munosabat davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, uning soxtalashtirilgan sahifalarini  ilmiy va xolisona yoritish imkoniyati vujudga keldi. Mustabid tuzum davrida sovet mafkurasi asosida soxtalashtirilgan jihatlardan biri oʻzbek davlatchiligi masalasidir. Olib borilgan tadqiqotlar oʻzbek davlatchiligining yuzaga kelishi va shakllanishi jarayoni qadimgi Xorazm, Baqtriya va Sugʻd davlatlari paydo boʻlishidan ancha oldin boshlanganini koʻrsatdi. 

Maʼlumki, davlatchilikning shakllanishi jarayoni uning uzoq davom etgani va gʻoyatda murakkab kechgani bilan xarakterlanadi. Qadimgi davlatchilik dunyoning turli hududlarida bir-biridan mustaqil tarzda vujudga kelgan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, millionlab yillarni oʻz ichiga olgan insoniyat tarixida dastlabki davlatlarning paydo boʻlishi – nisbatan ancha kech yuz bergan jarayondir. Davlatchilik tarixi insoniyat sivilizatsiyasining soʻnggi 6 ming yili bilan bogʻlanadi. Fikrimizcha, bu jarayon metallning ixtiro qilinishi natijasida mehnat qurollarining shu vaqtga qadar boʻlgan davrga nisbatan  misli koʻrilmagan darajada takomillashuvi va buning natijasida qoʻshimcha mahsulotning paydo boʻlishi bilan boshlangan edi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻzlashtiruvchi xoʻjalikdan ishlab chiqaruvchi xoʻjalikka oʻtishga olib keldi. Bunday xoʻjalik ehtiyojlarini qondirish nafaqat yangi va takomillashgan mehnat qurollarini yaratish va shu asosda hunarmandchilikni rivojlantirishni, balki dastlabki davrlarda  primitiv, keyinchalik murakkab irrigatsiya inshootlarini qurishni ham taqozo qilar edi. Shuningdek, qoʻshimcha mahsulotning paydo boʻlishi uni oʻzi uchun zarur mahsulotga almashtirish imkoniyatini ham yaratadi. Bularning barchasi turmush darajasining koʻtarilishi, aholi miqdorining oshishi, urugʻlarning qabilalarga, qabilalarning esa qabilalar ittifoqiga aylanishiga olib keldi. Bu jarayon dehqonchilik rivojlangan hududlarda aholi yashaydigan koʻplab qishloqlarni ham vujudga keltirdi. Natijada ilgari faqat urugʻlarni qamrab olgan boshqaruv doirasi ancha kengayadi va bir necha boʻgʻinli boshqaruv tizimi tusini oladi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi xoʻjalikning rivojlanishi qoʻshimcha mahsulot almashtirish doirasining kengaytirilishini talab qilar edi. Natijada, bozorga ehtiyoj tugʻiladi. Stixiyali ravishda vujudga kelgan bozorlar atrofida aholi punktlari ham vujudga kela  boshlaydi. Bu aholi punktlari dehqonchilik hududlarida shakllangan qishloqlardan farq qilar edi. Agar qishloqlarda yerga ishlov berayotgan va asosan bir urugʻ yoki qabilaga mansub shaxslar istiqomat qilgan boʻlsa, bozor atrofidagi aholi punktlari aholisining asosiy qismini  hunarmandlar va mahsulotni almashtirishni oʻziga kasb qilgan savdogarlar tashkil qilgan. Xarakterli joyi shundaki, ular turli urugʻ va qabilalarga mansub insonlar edi. Chunki ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyoti va xoʻjalik turli shakllarining vujudga  kelishi aholi joylashuvi, hududlarning kengayishi, shuningdek, tashqi aloqalarning rivojlanishiga olib kelgan. Natijada aholi aralash joylasha boshlagan va oqibatda bir hududda turli urugʻ vakillari yashaydigan boʻlgan. Yaʼni qarindosh – urugʻchilik jamoasi oʻrniga hududiy – qoʻshnichilik jamoasi paydo boʻlgan.

Xuddi ana shu vaqtdan boshlab ijtimoiy hayotda urugʻ jamoasi oʻrniga oila markaziy oʻrinni egallay boshlaydi.  Sopollitepada amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan ashyolar  ushbu obyekt 8 ta katta oila manzilgohi boʻlganini koʻrsatadi. Ushbu oilalar patriarxal tizim asosida juftliklardan iborat bir necha kichik oilalarni birlashtirgan. Patriarxal oila shakllangandan ancha keyin yozilgan yurtimiz tarixining eng qadimiy mahalliy yozma manbasi boʻlmish “Avesto”da koʻrsatilishicha, bunday yirik oilalar “nmana” deb atalib, oila boshligʻi “nmanapati” nomi bilan yuritilgan. “Nmana”lar esa ulardan yirik boʻlgan “vis” deb ataluvchi jamoalarga birlashgan va ularga “vispati”lar rahbarlik qilgan. “Nmanapati” va “vispati”lar bir vaqtning oʻzida ham diniy, ham dunyoviy boshliq boʻlgan [7:31-32]. Bunday jamoalarda sudlov tartibi ham mavjud boʻlgan. Yengil qoidabuzarliklarni jamoa oqsoqollari koʻrib, odat tamoyillariga asoslangan holda chora koʻrgan. Agar jinoyat ogʻir boʻlsa, u jamoaning umumiy yigʻilishida muhokama qilingan va jazo belgilangan. Jamoa hukmiga koʻra, jinoyatchi jarima toʻlashi, jamoadan chetlatilishi yoki tan jazosiga hukm qilinishi mumkin boʻlgan. Bu davrda barcha muammo jamoa doirasida hal qilingan va davlatga ehtiyoj boʻlmagan. Hukmron din hisoblangan zardushtiylikda jamoaviylik tuygʻusi nihoyatda kuchli boʻlib, bu holat oʻsha davr jamiyatining shakllanishida juda katta rol oʻynagan. “Avesto”da  patriarxal oila – “nmana”va urugʻ  – “vis” bilan bir qatorda oiladan  katta, lekin urugʻdan kichikroq boʻlgan,  yuzga yaqin erkaklarni qamrab olgan “nafa” deb nomlangan jamoa tilga olingan. Jamoa oʻziga tegishli ekinzor va yaylovlarga egalik qilgan. Ushbu jamoa rahbari “nafapati” deb nomlangan [4:68]. Fikrimizcha, ushbu “nafa” jamoasi aynan mahallaning oʻzidir. Chunki “nafa”dagi munosabatlar asosida urugʻga xos qarindoshlik munosabatlari bilan bir qatorda xoʻjalik va hududiy aloqalar ham yotgan.

Jamiyat rivoji va ishlab chiqaruvchi kuchlarning oʻsgani sari aholining mulkiy tabaqalanishi chuqurlashib borgan. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, ayirboshlash va savdoning taraqqiy etishi natijasida asta – sekinlik bilan yirik aholi yashash manzilgohlari – shaharlar shakllangan. Hozirgi Oʻzbekiston hududida shahar madaniyati talablariga javob beradigan va taxminan 4000-3500-yil ilgari ilk bor vujudga kelgan shahar Jarqoʻton hisoblanadi.

Asosiy aholi qatlamini qon-qarindoshlar tashkil qilgan urugʻ manzilgohlaridan farqli ravishda shahar aholisi boshqacha tamoyillar asosida shakllangan edi. Avvalroq taʼkidlanganidek, mamlakatimiz hududidagi shaharlar asosan dehqonchilik yuqori darajada taraqqiy etgan hududlarda, stixiyali ravishda vujudga kelgan bozorlar atrofida va hunarmandchilik markazlarida vujudga kelgan edi. Ayrim holatlarda yirik urugʻ manzilgohlari ham shaharlarga aylangan. Lekin bunda ham aholining etnik yaxlitligi boshqa urugʻ va qabila vakillari koʻchib kelib oʻrnashishi munosabati bilan tez orada barham topgan. Bozor atrofida shakllana boshlagan va keyinchalik shaharga aylangan qishloqlarga birinchi boʻlib tijoratchi va hunarmandlar kelib oʻrnashgan. Shahar manzilgohlari kengayishi bilan ular nafaqat savdo-hunarmandchilik, balki madaniy va maʼmuriy markazlarga ham aylana boshlaydi. Natijada, kasbiy jihatdan shahar aholisining xilma-xilligi borgan sari oshib borgan. Chunki shaharga dastlab kelib oʻrnashgan tijoratchi va hunarmandlar qatoriga uni boshqarish, tashqi dushmandan himoya qilish, ijtimoiy maʼnaviy ehtiyojlarni qondirish zarurati tufayli harbiylar, amaldorlar, kohinlar va ularga xizmat qiluvchilar  qoʻshila boshlagan. Bundan tashqari, shahar aholisining bir qismi dehqonchilik bilan shugʻullanishda ham davom etgan. Shu bilan birga, hunarmandlar ham dehqonchilikdan toʻla ajralmagan. Ularning kattagina qismi hatto XX asr boshlariga qadar ham oʻz kasbiga qoʻshimcha tarzda dehqonchilik bilan shugʻullanishni kanda qilmagan [6:121]. Shaharlarning vujudga kelishi davlatchilik shakllanishining eng muhim omillaridan biridir. Zero, insoniyat tarixidagi ilk davlatlar aynan shaharlar vujudga kelishi va ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy mavqei oshib borishi bilan bir vaqtda sodir boʻlgan. Shu bilan birga, davlatchilikning vujudga kelishida yana bir omil, yaʼni kishilarni maʼnaviy va ruhiy birlashtiruvchi rivojlangan diniy qarashlar mavjudligining muhimligini ham qayd etish lozim.

Oʻz urugʻi doirasida inson yashashi, mehnat qilishi, turli urf-odatlarga amal qilishi, farzand tarbiyasi va taʼlimi, ijtimoiy hayoti bilan bogʻliq barcha muammolarni urugʻda oʻrnatilgan tartib, qoida, anʼanalar asosida hal qilgan. U yoki bu sababga koʻra urugʻini tark etib, bozor atrofida shakllangan aholi manzilgohiga koʻchib kelgan shaxs oʻz urugʻida odatlangan turmush tarzi va jamoa doirasida amalga oshiriladigan ijtimoiy hayot qoidalaridan ajralib qolgan. Bunday muammolarni hal qilish ehtiyoji turli urugʻ va qabila vakillarining ijtimoiy qoida va anʼanalarini eʼtiborga olgan holda shakllantirilgan mahallaning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Demak, mahalla bozor atrofidagi manzilgohlar bilan bir vaqtda vujudga kelgan desak xato qilmaymiz. Shu bilan birga, taʼkidlash lozimki, Oʻrta Osiyo urugʻlaridagi uyushqoqlik va jamoatchilik darajasi azaldan boshqa hududlarnikiga nisbatan ancha yuqori boʻlgan. Ushbu holat koʻp jihatdan yashash sharoiti bilan bogʻliq boʻlib, mahallaning vujudga kelishiga olib kelgan omillardan biriga aylangan.

Taraqqiyot tezlashgan sari shaharlar hududi kengayib, aholi soni oshib borgan. Shunga bogʻliq tarzda mahallalar soni ham koʻpayib, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va rahbarlik qilish zarurati paydo boʻlgan. Natijada, oʻsha vaqtlardayoq oʻz-oʻzini boshqarish organlari boʻlgan  mahalla  boshqaruviga nisbatan ancha ustun boʻlgan, jamiyat rivojlangan sari shahar miqyosida  vujudga kelayotgan koʻplab muammolarni hal qilishga qodir boʻlgan boshqaruv tizimiga ehtiyoj tugʻiladi. Bu tizim urugʻ va mahalla boshqaruv tizimidan tubdan farq qilgan. Yechiladigan muammolar doirasi kengayib, ular harbiy, mudofaa, obodonchilik, irrigatsiya inshootlari qurish, boshqaruvni tashkil qilish kabi masalalarni qamrab ola boshlaydi. Mahalla doirasida jamoatchilik asosida rahbarlik qilingan va oqsoqollar oʻz kasbiga ega boʻlgan. Shahar boshqaruvida esa rahbarlarga boshqa ish bilan shugʻullanishga vaqt ham, imkoniyat ham qolmaydi. Ular asta-sekin professional xodimga aylana borgan. Rahbar oilasini taʼminlash, boshqaruvdagi turli ehtiyojlarni qondirish kabi masalalar soliq yigʻishni talab qildi. Natijada, harbiy va amaldorlar qatoriga soliq yigʻuvchilar ham qoʻshila boshlaydi. Shaharlar rivojlanib, atrofdagi dehqonchilik hududlari, kichik shaharlarni oʻz taʼsir doirasiga olgani sari, boshqaruv ham kengayib va murakkablashib, davlat boshqaruviga aylana boshlaydi.

Davlatchilik barcha hududlarda bir vaqtning oʻzida shakllanmagan. U avvalo iqlimiy sharoiti qulay hududlarda yuzaga kelgan. Qadimgi Sharq sivilizatsiyalari joylashgan hududlarning barchasi tabiiy geografik muhitning qulayligi bilan xarakterlanadi [1:17]. Chunki yerning tabiiy unumdorligi yuqoriligi hali mehnat qurollari unchalik takomillashmagan vaqtlardayoq qoʻshimcha mahsulotni ishlab chiqarish uchun sharoit yaratgan. Dehqonchilikning rivojlanishi, mehnat qurollarining takomillashuvi natijasida ikkinchi mehnat taqsimoti sodir boʻladi va hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqadi. Yangi dastgohlarning vujudga kelishi natijasida hunarmandchilik mahsulotlari miqdori, turlari va sifati yaxshilanib borgan. Bu ham, oʻz navbatida, mahsulot almashtirish hajmining oshishiga xizmat qilgan. Bundan tashqari, suv manbalari yaqinligi,  atrofdagi manzilgohlarda istiqomat qilgan aholiga mahsulot ayirboshlash uchun qulay sharoit (jugʻrofiy yaqinlik, yoʻllar chorrahasida joylashgani, suv havzalari, xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladigan tabiiy toʻsiqlar) mavjudligining ham roli katta boʻlgan. Chunki xuddi shunday sharoit mavjudligi bozor vujudga kelishining hal qiluvchi omillaridan biri boʻlgan. Aynan shunday joylarda oldin bozor yoki yirik dehqonchilik markazlari, keyinchalik esa dastlabki shahar-davlatlar shakllangan. Bu jarayonda mahsulot ayirboshlash va savdo-sotiq munosabatlari rivojlanishining roli katta boʻlgan. Ishlab chiqarishning rivojlanishi, savdo munosabatlari kengayishi, dehqon, hunarmand va savdogar qatlamlarining vujudga kelishi natijasida mulkiy, kasbiy, yaʼni  ijtimoiy tabaqalanish amalga oshadi. Bu ham davlatchilik vujudga kelishining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bu jarayon eng oldin Nil daryosi havzasida, ikki daryo oraligʻida (Dajla va Frot) miloddan avvalgi 4- ming yillikda amalga oshgan.

Oʻrta Osiyoda eng qadimgi davlatchilik birmuncha kech, yaʼni miloddan avvalgi 3000-2000-yillar oraligʻida shakllangan. Lekin shu bilan birga, bu yerda ham davlatchilik birinchi navbatda iqlimi dehqonchilik uchun qulay joylarda shakllandi.

A.Asqarov ham Oʻzbekiston hududida ilk davlatchilikning vujudga kelishini tahlil qilar ekan, bu jarayonning quyidagi  iqtisodiy va ijtimoiy omillariga eʼtibor qaratadi:

  1. Tabiiy sharoit, yaʼni unumdor tuproq, suv va boshqa geografik omillar;
  2. Hosildor sugʻorma dehqonchilik va uni taʼminlovchi agrotexnika;
  3. Iqtisodiy hayotda yuz bergan tub oʻzgarishlar tufayli ijtimoiy tabaqalanishning yuz berishi. U ana shu tabaqalanish jarayoni maʼlum nuqtaga yetgach, jamiyatni boshqarish zaruriyati tugʻiladi, deb hisoblaydi [3:3].

Shu bilan birga, davlatchilikning umum eʼtirof etilgan belgilari ham mavjud boʻlib, ular quyidagilardan iborat:

  1. Davlat boshqaruvi organlarining vujudga kelishi;
  2. Davlat boshqaruvi huquqiy normalarining mavjudligi;
  3. Soliq yigʻish tizimining shakllangani;
  4. Boshqaruv organlari va huquq amal qiladigan hududning mavjudligi [9:68].

Ushbu belgilar bilan bir qatorda yozuv ixtiro qilinganining roli juda kattadir. Chunki davlat boshqaruvi huquqiy normalari yozuv paydo boʻlganidan keyingina ishlab chiqilgan edi. Harqalay Misr va Mesopotamiyada insoniyat tarixidagi ilk davlatchilik yozuv bilan bir vaqtda shakllangan edi.

Mamlakatimiz tarixiga oid eng qadimgi yozma manbalarning topilmaganligi davlatchilik yuzaga keli­shi bilan bogʻliq koʻplab muammolarni ilmiy tahlil qilishni qiyinlashtiradi. Shunday boʻlsa-da, Oʻrta Osiyo, jumladan, janubiy Oʻzbekistonda topilgan Sopollitepa, Jarqoʻton, Oltintepa, Goʻnurtepa kabi bronza davriga oid yodgorliklarning oʻrganilishi natijasida ular rivojlangan dehqonchilik va hunarmandchilikka ega boʻlgani, shaharlar ichida bozorlar, hukmdor yoki rahbar saroyining mavjud ekani, ibodatxonalar qurilgani va sinfiy tabaqalanish sodir boʻlgani aniqlandi. Bu jarayonlar davlatchilik shakllanganidan ham dalolat beradi.  

Sovetlar davrida va mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekistondagi davlatchilik  miloddan ilgari VIII-VII asrlarda mavjud boʻlgan Qadimgi Baqtriya, Qadimgi Xorazm va Soʻgʻdiyona boʻlgani qayd etib kelinar edi. Bu davlatlar katta hududlarni qamrab olgan yirik davlat birlashmalari boʻlgan. Lekin ushbu davlat birlashmalari qay tarzda vujudga kelgani, ular shakllangunga qadar mavjud boʻlgan siyosiy birlashmalarning mohiyati kabi muammoli masalalar tarixchilar tomonidan yetarli darajada asoslanmasdan qolavergan edi.

Mustaqillik yillarida A.Asqarov, A.Sagdullayev, T.Shirinov va Sh.Shaydullayev kabi olimlarning izlanishlari davlatchiligimiz tarixining yana 1000-yilga qadimiyroq ekanini aniqlash, bu jarayonning butun dunyo miqyosida boʻlgani singari shahar-davlatlar shakllanishidan boshlanganini asoslash imkonini berdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston hududida shakllangan ilk davlatchilik oʻziga xos xususiyatlarga ega edi:

  1. Uncha katta boʻlmagan bir yoki bir-biri bilan uzviy bogʻliq bir necha jamoa hududlarida tashkil topgan va aksariyat hollarda biron-bir tabiiy chegara (togʻ, dengiz, choʻl) bilan chegaralangan Mesopotamiyadagi hududiy jihatdan juda kichik boʻlgan qadimgi shahar-davlatlardan [12] farqli ravishda Vatanimizning ilk shahar davlatlari dehqonchilik rivojlangan, koʻplab jamoalar istiqomat qilgan ancha katta hududlarda shakllangan edi. Masalan, 2000-yil ilgari shakllana boshlagan Jarqoʻtonning umumiy maydoni 100 gektar boʻlib, faqat hukmdor Arkining oʻzi 3 gektar yerda joylashgan edi [10].
  2. Vatanimizning qadimgi tarixidan farqli oʻlaroq Qadimgi Sharqdagi ilk davlatchilik boʻyicha yozma manbalar saqlanib qolgan [5].
  3. Misr va Mesopotamiya hududlaridagi ilk davlatlar yozuv bilan bir vaqtda vujudga kelgani olimlar tomonidan toʻla asoslangan. Oʻsha davrga oid yozma manbalarning koʻpligi va xilma-xilligi ularni oʻqish va oʻrganishni osonlashtirdi. Shu tufayli biz ushbu davlatlarda boshqaruvning huquqiy asoslari mavjud boʻlgan va rahbarlar unga amal qilganini aniq aytishimiz mumkin.
  4. Jarqoʻton yodgorligidagi tadqiqotlar natijasida sopollarga bitilgan piktografik yozuv – belgilar topilgan. Hozirga qadar 47 ta shunday belgi – yozuv topilgan boʻlib, shu singari piktografik yozuvlar Xarappa, Markaziy Eron yodgorliklarida aniqlangan [2:42;85-93]. Demak, yozuvning mavjudligi jihatdan Vatanimizdagi davlatchilik Qadimgi Sharq davlatchiligidan farq qilmaydi. Lekin yozuv belgilarining nihoyatda ozligi uni oʻqish imkoniyatini bermaydi. Shu sababli biz bu davlatlardagi boshqaruv tizimi, uning huquqiy asoslari haqida ishonarli maʼlumotga ega emasmiz. Shu bilan birga, mamlakatimiz hududidagi ilk davlatlar boshqaruvida odatning roli katta boʻlganini taxmin qilish mumkin. Chunki davlatchilik rivojlangan, uning huquqiy asoslari toʻla shakllangan, koʻplab yozma manbalar mavjud boʻlgan oʻrta asrlarda ham davlat boshqaruv tizimida odat sezilarli rol oʻynagan. Buni biz Amir Temurning qurultoyda rasmiy ravishda saylanganida, Shayboniylar davlatida xonlik taxtiga odatga koʻra eng obroʻli va yoshi ulugʻ sulola vakillarining saylanishida, sud tizimida shariat qoidalari bilan birga odatga asoslangan tamoyillarning saqlanib qolganida ham koʻrishimiz mumkin. Shularga asoslanib qadimgi davrda odatning boshqaruvdagi roli bundan ham katta boʻlganini taxmin qilish mumkin.
  5. Sharqning ilk shahar davlatlarida qadimgi davrlardayoq sulolaga asoslangan podsholik boshqaruvi shakllangan edi [11]. Ijtimoiy-siyosiy hayotda azaldan jamoaviylik va urf-odatlarga sadoqat tuygʻusi gʻoyatda yuqori boʻlgan Vatanimizning qadimiy shahar davlatlarida urugʻ va qabilalardagi demokratik anʼanalar saqlanib qolgan edi. Lekin shu bilan birga, ilk davlatlar oʻrtasidagi raqobatning avj olishi, koʻchmanchi qabilalar tazyiqining tobora oshib borishi harbiylar mavqeining kuchayishiga sabab boʻlgan [8]. Natijada, dunyoning koʻplab hududlarida boʻlgani singari mamlakatimizdagi shahar davlatlarda ham boshqaruvning harbiy demokratik turi markaziy oʻrinni egallay boshlagan. Bu tamoyillarning elementlari hokimiyatning sulolaviy podsholik davriga oʻtilgandan keyin ham saqlanib qolgan. Qangʻ, Turk xoqonligi kabi davlat birlashmalarida turli koʻrinishdagi oqsoqollar kengashining saqlanib qolgani, qavi, xon, amir va boshqa hukmdorlarning rasmiy saylanish marosimining oʻtkazilgani bu fikrni tasdiqlaydi.

Oʻzbekiston hududida davlatchilikning rivojlanishi qadimgi davrda quyidagi bosqichlarni bosib oʻtdi:

  1. Davlatlarning eng qadimgi formasi “shahar-davlatlar”. Bunga Jarqoʻton misol boʻla oladi;
  2. Hududiy podshohliklar (hududiy davlatlar). Bunday davlatlar sifatida Qadimgi Baqtriya, Xorazm va Soʻgʻdiyonani koʻrsatishimiz mumkin [9:66];

Shunday qilib, Oʻzbekistonda davlatchilikning yuzaga kelishi oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlsa-da, shakllanishi, rivojlanish jarayonlari dunyo mamlakatlarinikidan deyarli farq qilmaydi va umumiy qoidalardan chetga chiqmaydi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Avdiyev V.I. Qadimgi Sharq tarixi. – T.: 1964. – B. 17.
  2. Askarov A.A., Shirinov T.Sh. Rannyaya gorodskaya kultura epoxi bronzы yuga Sredney Azii. – Samarkand, 1993. – S.42; Shaydullayev Sh.B. Severnaya Baktriya v epoxu rannejeleznogo veka. – T.: 2000. – S.85-93.
  3. Asqarov A.A. Eng qadimiy shahar. – T.: 2001. – B.3.
  4. Gafurov B. Tadjiki. Kn.1. – Dushanbe: Irfon, 1989. – B. 68.
  5. Istoriya drevnego vostoka. Chast I. – M., 1983.
  6. Istoriya Uzbekistana. Tom 3. – T.: Fan, 1993. – B.121.
  7. Karimov Sh., Shamsutdinov R. Vatan tarixi. – T.: Oʻqituvchi, 1997. – B.31-32.
  8. Nefedov S.A. Faktornыy analiz istoricheskogo protsessa. Istoriya Vostoka. – M., 2008.
  9. Shaydullayev Sh.P. Oʻzbekiston hududida davlatchilikning paydo boʻlishi va rivojlanish bosqichlari (Baqtriya misolida). Tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. – Samarqand, 2009. – B.68.
  10. http://pravo-olymp.ru
  11. https://ru.wikipedia.org/wiki
  12. https://surxon-turizm.uz›.
MAHMUD NASRULLAYEV,
SamDU dotsenti

Check Also

SALAVOT AYTISHNING FAZILATI

Paygʻambarlarga imon keltirish imonning asoslaridan biridir. Aqida kitoblarida har bir musulmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi …