Mustaqillik yillarida allomalar ilmiy merosini o‘rganish va diniy qadriyatlarimizni tiklash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Allomalar tavallud sanalarining nishonlanishi, ilmiy merosining o‘rganilishi, bu borada yangi ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va boshqalar shular jumlasidandir. Bunday tadbirlarning amalga oshirilishida bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu sababdan mustaqillik yillarida allomalar ilmiy merosini o‘rganish va diniy qadriyatlarimizni tiklash borasida qabul qilingan hujjatlar va ularning mohiyatini tahlil qilish muhim ahamiyatga egadir.
Ma’lumki, mustaqillik arafasidayoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun [3] qabul qilingan edi. Ushbu Qonun bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlandi. Diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar bilan bog‘liq munosabatlar qoidalari belgilab berildi. Xususan, fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar teng huquqli ekani, dinlarning va diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilishi, maktabni dindan va diniy tashkilotlardan ajratish kabi qoidalar shular jumlasidandir. Ushbu Qonunning qabul qilinishi mustaqillik arafasida davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tariqat allomalari faoliyatini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha ham katta miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1992-yil 3-noyabrda “Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda alloma tavalludni keng nishonlash uchun zarur bo‘lgan vazifalar belgilab berildi. Ushbu qaror asosida Buxoroda 1993-yil sentyabr oyida Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi [10]. Shu yildan e’tiboran har yili alloma tavalludini nishonlash an’anaga aylandi.
Diniy qadriyatlarimizni tiklashda Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib etish katta ahamiyatga ega. Mustaqillik yillarida bu borada ham katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1997-yil 29-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Imom Buxoriy tug‘ilgan kunining hijriy oy taqvimi bo‘yicha 1225 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi [5]. Ushbu qarorda 1998-yilda Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanishi belgilandi. Shuningdek, alloma maqbarasi va masjidini ta’mirlash, yodgorlik majmuini barpo etish uchun loyihaviy takliflarni tayyorlovchi komissiya tarkibi tasdiqlandi. Bundan tashqari, 1998-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida “Imom al-Buxoriy va uning dunyo madaniyatida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi belgilandi [4].
Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi natijasida 1998-yilda mamlakatimizda Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi keng nishonlandi va maqbarasi qayta qurildi [1]. Shu bilan birga, alloma merosiga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar tashkil etildi. Amalga oshirilgan bunday tadbirlar Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va uni xalqimizga yetkazish ishlarida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mustaqillikning birinchi o‘n yilligida yurtimizda aqida va kalom ilmi sohasi bilan shug‘ullangan buyuk allomalar merosini o‘rganishga ham katta e’tibor qaratildi. Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish ishlari shular jumlasidandir. Shu maqsadda 1999-yil 3-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda 2000-yilda Imom al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini keng nishonlanishi belgilandi. Shuningdek, Samarqand shahrining Registonga tutash Chokardiza qabristonidagi Imom Moturidiy maqbarasini rekonstruksiya qilish, mamlakat hududidagi Imom Moturidiy nomi bilan bog‘liq qadamjolar, obidalar ro‘yxatini tuzish va ularni ta’mirlash-konservatsiya qilish bo‘yicha taklif tayyorlash va boshqa muhim vazifalar belgilandi. Mazkur qarordagi vazifalar ijrosi natijasida, 2000-yilda O‘zbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlandi [6]. Bu borada o‘tkazilgan ko‘plab tadbirlarning samarali bo‘lishida ushbu qarorning ahamiyati katta bo‘ldi.
Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulki hisoblanadi. Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosi hali to‘liq o‘rganilmagan. Birgina mamlakatimiz kitob fondlarida saqlanayotgan, asosiy qismi YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgan 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar mavjud. Bunday merosni ilmiy tadqiq etish, buyuk alloma va xalqimizda mutafakkirlarimiz hayoti va ilmiy faoliyati haqida ma’lumot berish yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan, bu borada ham bir talay ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yil 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori [8] qabul qilindi. Mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish, markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qo‘lyozma fondlarini shakllantirish, undagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yo‘nalishlarini chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirish va boshqalar Markazning asosiy vazifalari sifatida belgilandi. Mazkur qarorning qabul qilinishi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida allomalar ilmiy merosini o‘rganish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish ishlari ham amalga oshirildi. Ushbu tadbirlarning huquqiy asoslari yaratish bu borada muhim qadam bo‘ldi. 2017-yil 27-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori [2] e’lon qilindi. Ushbu Qarorda 2016-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi belgilandi. Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini o‘rganish, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlar jumladan, xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni va ahamiyatini tadqiq etish va boshqalar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi [2].
Ushbu Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2017-yil 19-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori [9] e’lon qilindi. Ushbu qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi to‘g‘risidagi Nizom va Markaz tuzilmasi tasdiqlandi. Muassasa faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Markaz direktoriga, zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi. Mazkur Qarorning qabul qilinishi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu davrda Imom Termiziy faoliyatini o‘rganish va uni xalqimizga tanishtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori [11] qabul qilindi. Mazkur Qaror asosida Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini teranroq anglash, Imom Termiziy kabi yurtimizdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib etish va boshqalar Markazning asosiy vazifalari sifatida belgilandi. Shuningdek, Markaz tuzilmasi, Nizomi va moliyalashtirish manbalari tasdiqlandi. Bundan tashqari, Markazni tashkil etish va va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod etilishi belgilab qo‘yildi [7].
Ushbu Qaror asosida tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida alloma ilmiy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Sunani Termiziy”ning o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirildi. Shuningdek, “Buyuk termiziylar”, “Termizning bezavol qal’alari yoxud Termiz tarixi”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Termiziy allomalardan oltin o‘gitlar”, “Muhaddis va faqih alloma”, “Ikki ulug‘ donishmand”, “Kitabul ilal”, “Muhammad Hakim Termiziy risolalari”, “Buyuk yurt allomalari”, “Imom Abu Iso Termiziy: hayoti va ijodi sahifalari”, shuningdek, Hakim Termiziyning Qur’oni karimdagi “Fotiha” hamda “Baqara” suralari tafsiriga bag‘ishlangan kitobi, Abu Ja’far Termiziyning “Tafsir” asari kabi 30 ta kitob hamda bir qancha risola nashr etildi. Bundan tashqari, allomaning “Sunan” asarining hanafiylik yo‘nalishidagi 10 jildli sharhi o‘zbek tiliga tarjima qilindi [11]. Ushbu Qarorning qabul qilinishi va amalga tatbiq etilishi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga yangicha sur’at bag‘ishladi va ularni tizimli tarzda yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini rivojlantirish ham Hukumat diqqat markazidagi masala bo‘lib keldi. Xususan, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohani yanada rivojlantirish, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz faoliyatini tadqiq etish va boshqa shu kabi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 2021-yil 16-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qaror bilan Markaz “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskanga aylantirildi. Islom dini bilan bog‘liq ilmiy merosni tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovatsion usullar orqali targ‘ib etish, O‘zbekistonda yuz bergan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish va boshqalar Markazning yangilangan vazifalari sifatida belgilandi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda diniy qadriyatlarni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bunday tadbirlarning amalga oshirilishida Hukumat tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bu davrda qabul qilingan qonun, farmon va qarorlarni shartli tarzda ikki guruhga bo‘lishimiz mumkin. Birinchisi, mazkur sohani bevosita tartibga soluvchi qonunlar bo‘lsa, ikkinchisi, diniy qadriyatlarimizni tiklashga u yoki bu jihatdan yordam beruvchi Prezident farmonlari, qarorlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hisoblanadi. Bu davrda qabul qilingan qonunlar mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilgan bo‘lsa, ikkinchi turdagi normativ-huquqiy hujjatlar esa allomalar tavalludini nishonlash, ularning nomi bilan atalgan ilmiy tadqiqot muassasalarini tashkil etish va boshqa shu kabi masalalarga bag‘ishlandi. 2016-yildan e’tiboran bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Avval qabul qilingan qonunlar takomillashtirildi, mamlakat Prezidentining yangi farmon va qarorlari e’lon qilindi. Shuningdek, ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Bunday ishlarning amalga oshirilishi diniy qadriyatlarimizni tiklash va uni keng xalq ommasi orasida targ‘ib etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
-
Ma’naviyat yulduzlari. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1999.
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. Lex.uz.
-
O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni. https://lex.uz/acts/65044
-
Xalq so‘zi gazetasi. 1997 yil aprel.
-
http://old.muslim.uz/index.php/rus/maqolalar/item/30424-imom-bukhorij-mazhmuasi-tarikhini-bilasizmi
-
https://lex.uz/docs/1592041
-
https://lex.uz/docs/3113645
-
https://lex.uz/docs/3600059
-
https://lex.uz/ru/docs/3263382
-
https://www.naqshband.uz/makolalar/Anjuman