Hozirgi kunda islom dini va hanafiy mazhabining asl mohiyatini tushunib yetish ulamolar qoldirgan ilmiy merosga bogʻliq. Bu yoʻlda yurtimizdan chiqqan buyuk allomalar asarlarini oʻrganish bilan cheklanib qolmasdan, balki oʻzga islom oʻlkalaridan yetishib ulamolar hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish foydadan xoli boʻlmaydi. Xususan, bu borada hind ulamolari qoldirgan ilmiy merosni oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki Hindistonda islom dinining keng yoyilishiga yurtimizdan yetishib chiqqan ulamolarning katta hissasi bor. Shu sababli ham u yerda musulmonlarning koʻpchiligini hanafiylar tashkil etadi va islom oliygohlarida Buxoro madrasa taʼlim tizimi davom yetib kelmoqda. Natijada hind yurtidan mufassir, muhaddis, mutakallim, tarixchi, tadqiqotchi, tanqidchi, shuningdek fiqh, usul, mantiq ulamolari yetishib chiqdi. Ular qoldirgan “Fatovo Hindiya”, “Eʼlaus sunan” kabi asarlar nihoyatda mashhur boʻldi. Shunday allomalardan biri Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy boʻlib, uning yozgan asarlarini oʻrganish muhim sanaladi.
Alloma 120 ga yaqin kitob yozgan boʻlsa, ularning 50 dan ziyodi fiqh yoʻnalishiga bagʻishlangan. Bu risolalar turli fiqhiy masalalar, ularning fatvolari, salaf va mutaaxxir ulamolarning kuchli fikr va dalillarini oʻz ichiga olgan.
- Okomun nafoisi fi adoil azkori bilisanil forisi (Fors tilida zikr qilishga doir nozik masalalar).
Maʼlumki, ajam (arab boʻlmagan) diyorlarida fors tili arab tilidan keyingi muhim til boʻlgan. Bizlargacha yetib kelgan shariat manbalaring aksariyati arab tilida yozilgan. Shunday boʻlsa-da, fors tilida yozilgan manbalar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Shu sababli xalqimizda ibodatdagi zikrlarni fors tilida aytish urf boʻlgan. Bu risola fors tilida yozilgan. Unda islom diniga oid asosiy kitoblarda uchramaydigan fors tilidagi ibodatga taalluqli fiqhiy hukmlar jamlangan. Alloma namozga oid, yaʼni azon, unga javob qaytarish, iqomat, namozni boshlashdagi niyat, takbir tahrima (namozga kirishish takbiri), qiroat, tashahhud, qunut duosi, namozdan keyingi duo, sajdai tilovat, juma xutbasi kabi zikrlarning qanday holatda fors tilida aytish joiz va qaysi vaziyatda joiz emasligini bayon qilgan. Masalan, Qurʼoni karimdan bir surani fors tilida oʻrgangan kishi ummiy (savodsiz) deyiladimi yoki yoʻqmi?, Imom janoza namozidagi duoni fors tilida aytishi mumkin yoki yoʻq? kabi masalalarni qamrab olgan. Bundan tashqari, fors tilida yozilgan Qurʼonni ushlash, jonliq soʻyilishida basmalani forscha aytish, haj, imon va boshqa islom ruknlarida fors tilining qoʻllanishi haqidagi masalalarni kiritgan. Laknaviy tomonidan bu masalalar dalillarni keltirish bilan baʼzida qisqa, baʼzida keng bayon qilingan.
Allomaning soʻzlariga koʻra, Abu Hanifa rahmatullohi alayh yuqoridagi zikrlarning forscha aytilishini arab tilida aytishga qodir boʻlgan kishiga ham ruxsat bergan. Ammo ikki shogirdi Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad buni faqat arab tilida mutlaqo soʻzlasha olmaydigan kishigagina ruxsat bergan. Mutaaxxir ulamolar qabul qilgan soʻz ham mana shudir.
Alloma bu masalalar yuzasidan fatvo berishda sahih hadis toʻplamlari va hanafiy mazhabida moʻtabar sanalgan “Durrul muxtor”, “Hidoya”, “Mujammiʼ”, “Bazzoziyya”, “Muhit”, “Zaxira”, “Qozixon” va boshqa shu kabi manbalardan foydalangan.
- Ihkamul qantarati fi ahkamil basmalati (Basmalaning[1] hukmlaridagi vositani mustahkamlash).
Alloma bu risolada basmalaga oid hukmlarni jamlab, Fotiha surasidagi basmala kabi xilofli masalalarni yoritib bergan. Abdulhay Laknaviy bu risola haqida quyidagilarni aytgan: “Unda basmalaga oid turli xil masalalarni jamladim. Hukmlarni mustahkamlash maqsadida, boshqa foydali masalalarni ham dalillari bilan kiritdim”.
Risola ikki bobdan iborat boʻlib, birinchi bob basmaladagi ixtilofli masalalar haqidadir. Unda basmalaga oid toʻqqiz xil holat aytilib, bu borada har bir mazhabning dalili keltirilgan. Jumladan, hanafiy ulamolari dalilini quvvatlab, quyidagicha naql qilgan: “Basmala alohida bir oyat boʻlib, fotihadan ham va boshqa suralardan ham emas. U suralarni boshlash va ularning oʻrtasini ajratib turish uchun qoʻllaniladi”. Qolaversa, “Basmala fotiha surasidan bir oyat”, “Har bir suraning birinchi oyati”, “U alohida bir oyat emas”, deguvchilarga qarshi birma-bir dalillarni aytib oʻtgan.
Keyin basmalani suralardan bir juz ekanini inkor qiluvchi ulamolarning fikrlarini Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislari bilan isbotlab bergan.
Alloma birinchi bobni quyidagicha yakunlagan: “Ammo mutaaxxir ulamolardan “Basmala Fotiha va har bir suradan bir juz” deguvchilardan koʻra, “U Qurʼondan bir oyat” deganlarning dalili quvvatlidir. Shu sababli koʻpchilik ulamolar “U Qurʼondan bir oyat, suradan emas” degan fikrga toʻxtadi. Buni angla!”.
Ikkinchi bobda basmalaga oid hukmlar bayon qilingan. Masalan, hojatxonaga kirishdan oldin, istinjo vaqti, tahoratni boshlash, Qurʼon oʻqishda basmala aytilishi, bir ishni boshlashda basmalani jahr yoki maxfiy aytish, namozda basmalaning aytilish oʻrni, taroveh namozida ixlos surasini uch marta takror oʻqish makruhligi, qunut va tashahhudni boshlashda basmalani aytmaslik, junub kishining basmalani faqat biror ishni boshlash yoki shukr qilish uchun aytishi joizligi, “Basmala Qurʼondan oyat emas” degan kishining kofir boʻlmasligi va hakazolar haqidagi masalarni qamrab olgan.
- Iqomatul hujjati ala annal iksora fit taabbudi laysa bibidʼatin (Koʻp ibodat qilish bidʼat emasligiga hujjat keltirish).
Bu risolaning yozilishiga sabab alloma bir kishining: “Ibodat qilishga tirishish, kechani uxlamasdan ibodat bilan bedor oʻtkazish, namozning bir rakatida Qurʼonni xatm qilish, bir necha yuz rakat nafl namoz oʻqish va shunga oʻxshash ibodatlarni bidʼatga chiqarayotganini eshitib qoladi. Uning shubhalarini bartaraf etib, raddiya berdi. Ammo bu fitna omma va xosning oʻrtasida yoyilib boʻlgan edi. Ular bor ovozi bilan: “Ibodatda riyozatni koʻpaytirish haqida: “U qabih bidʼatdir. Bu ishlar salaf va xalaf ulamolarning obroʻyiga putur yetkazadi”, deb” mujtahid ulamolardan naql keltirishar edi. Abdulhay Laknaviy bu masaladagi oʻrta yoʻlni ochiq bayon qilib, ularga qattiq raddiya bergan.
Alloma bu risola orqali kechasi bilan namoz oʻqish, bir kunda Qurʼonni oʻqib tugatish va shunga oʻxshash tirishqoqlik va riyozat bilan qilinadigan ibodatlar bidʼat emasligini asoslab bergan. Bu ibodatlar shariatda man qilinmagani, balki unga targʻib qilinadigan chiroyli ish ekanini taʼkidlagan. Lekin quyidagilarni shart qilib qoʻygan:
- Bu ibodatlarda malollanmaslik. Chunki u ibodatdagi lazzat va qalb huzurini ketkazadi.
- Nafsiga mashaqqatni yuklamaslik.
- Nafl ibodatlardan koʻra ahamiyatli ishlarni oʻtkazib yubormaslik.
- Ahli oila haqqiga oʻxshash shariat buyurgan haqlarga tajovuz qilmaslik.
- Shariat ruxsat bergan ishni bekorga chiqarmaslik.
- Shariat vojib qilmagan ishni oʻziga vojib qilish va shariat harom qilmagan narsani oʻziga harom qilmaslik.
- Ibodat arkonlarini toʻla-toʻkis bajarish.
- Farz ibodatlarida davomli boʻlish. Ularning vaqtini uzrsiz oʻtkazib yubormaslik.
- Kishining ibodatdagi gʻayrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar qilgan ibodatlarini kam sanashga sabab boʻlmasligi.
- Imamul kalomi fimo yataʼallaqu bilqiroati xolfal imami (Imomning orqasida qiroat qilishga taalluqli boʻlgan fatvoning sarasi).
Muqtadining (namozda imomga ergashgan kishi) imom orqasida fotiha surasini oʻqishi yoki oʻqimasligi hanafiylar va ahli hadis oʻrtasidagi tortishuvli masalalardan biri hisoblanadi. Bu masalani Abdulhay Laknaviy quyidagicha bayon qilgan: “Men bu bahsli masalada haqiqatni roʻyobga chiqarish uchun koʻplab manbalarga murojaat qildim. Natijada, bu masalada haqiqatni tan olmasdan oʻz fikrida mahkam turib olgan va talashib tortishadiganlardan yuz oʻgirdim. Chunki ular haqiqatni koʻrmaydigan va eshitmaydigan kishilar toifasidan edi. Vaholanki, men har bir bahsda oʻrta yoʻlni tutardim. Lekin ular na quloq solishar, na diqqat-eʼtiborini bu masalaga qaratardi. Shu sababdan xolis niyatli bir toifa mendan bu masala haqida bir risola yozishimni talab qildi. Men ularning talabini rad etishga biror uzr topolmadim. Eʼtiborimni ularning maqsadlarini roʻyobga chiqarishga qaratdim”.
Bu risola uch bobdan iborat. Birinchi bobda bu masala yuzasidan sahoba va ulardan keyingi ulamolar tomonidan bildirilgan ixtilofli fikrlar keltirilgan. Shu bilan birga, har bir fikr bildiruvchining dalili va mazhablar oʻrtasidagi usul va furuʼ qoidalarini aytib oʻtgan. Alloma bu dalillarga oʻz eʼtirozini bildirgan oʻrinlar ham bor. Ikkinchi bobda toʻrtala mazhab sohiblarining Qurʼon, sunnat, ijmoʼ va qiyosdan iborat dalillarini keltirgan. Alloma uchinchi bobda dalillarning eng kuchlilarini bayon qilgan. Bu borada quyidagi soʻzlarni aytgan: “Imomning orqasida qiroat qilish masalasi haqida kelgan dalillarning barchasi suyanadigan sanadi bor hadislardir. Ammo “Imomning orqasida Fotihani qiroat qilganning namozi buziladi” degan masalaga birorta sanadi ishonchli sahih hadis topmadim. Chunki hamma makruh yoki bidʼat ham namozni botil qilmaydi”.
Allomaning “Tuhfatul axyor fi ihyai sunnati sayyidil abror” (“Abrorlar sayyidining sunnatini tiriltirishda axyorlar tuhfasi”), “Tuhfatut talaba fi tahqiqi masʼhur raqaba” (“Boʻyinga masih tortish haqida”), “Tuhfatul nubalau fi jamaʼatin nisai” (“Ayollar jamoati haqida mashhur fatvolar”), “At-tahqiqul ajibu fit tasvibi” (“Tasvib[2]dagi ajoyib haqiqatlar”), “Sabohatul fikri fil jahri bizzikri” (“Zikrni jahr qilishdagi afzal fikr”) kabi fiqhga oid risolalari bor. Ularda ham hanafiy mazhabi ulamolarining fikr va mulohazalari yoritilib, ularning afzallik jihatlari isbotlab berilgan.
Oʻtgan ulamolar ilmiy merosidan xabardor boʻlish bizga hanafiy mazhabini chuqur oʻrganish bilan birga aqidaviy, ijtimoiy, axloqiy, huquqiy masalalarni oʻrganishga ham yordam beradi. Bular bugungi avlodga ibrat va oʻrnak boʻladi, toʻgʻri yoʻldan adashmaslik uchun poydevor vazifasini oʻtaydi. Aksincha, islom ummatining baʼzi ilmlardan bexabar qolishi yoki kam qismi bilan cheklanishi musulmonlar ahvolining yomonlashishiga, nizolarning koʻpayishiga, xusumatchilar oʻrtasida janjal kelib chiqishiga sabab boʻladi. Abdulhay Laknaviy qisqa umri davomida qoldirgan boy ilmiy merosi yurtimizda hanafiylik mazhabini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishda birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi.