«Hadis» arab tilida gap – soʻz maʼnosini bildiradi. «Hadis» va «sunnat» soʻzlari muhaddislar oʻrtasida deyarli bir maʼnoda qoʻllanib, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning aytgan soʻzlari, pandu-nasihatlari, yoʻl-yoʻriqlari, xulqu-siyratlari, qilgan amallari, iqrorlari, boshqalarning qilgan amallarini man etmasligi va hayot yoʻllari haqidagi xabarlar tushuniladi. Ana shunday xatti-harakatlari yoki koʻrsatmalari haqidagi rivoyat va naqllar «hadis» deb yuritiladi.
«Hadis» soʻzining ikkinchi maʼnosi «yangi» demakdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak soʻzlarini bu maʼnoda «hadis» deb atalishi sababi, u zot tomonidan aytilgan har bir soʻz tom maʼnoda yangi boʻlib, oldin bunday xabarlar kelmagan. Shuningdek, uni Qurʼoni karim oyatlaridan shu tariqa farqlash koʻzda tutilgan.
Muhaddislar asosan, hadisni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan qaysi yoʻllar bilan, kim orqali rivoyat qilinib, oʻzigacha yetib kelganini aniqlaydigan va uni tasnif qiladigan olimlardir.
Hadislarda islom dini ahkomlari, yaʼni farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, muboh, makruh va harom kabi amallar bayon etiladi. Shuningdek, odob-axloq, maʼrifat va burchga oid koʻrsatmalar talqin qilinib, ibodatlarning tartib-qoidalari koʻrsatiladi va insoniy fazilatlar targʻib qilinadi, razil sifatlar qattiq qoralanadi.
Bugungi kunda hadislarni oʻqib, «Bu hadisda falon narsa yozilibdi. Nima uchun unga amal qilmayapmiz? Nega hayotga tatbiq qilmaymiz? Nima uchun bu bizning mazhabda yoʻq?» degan fikr bilan qaysidir amalni oʻz hayotiga joriy qilmoqchi boʻlgan dindosh birodarlarimiz ham uchrab turibdi.
Misol tariqasida namozda ikki qoʻlni koʻtarishni keltirish mumkin. Islom dini 23-yil davomida takomillashib, mukammallik darajasiga yetgan. Namoz farz qilingan vaqtda qiyomda ikki qoʻl yonga tashlab turilgan boʻlsa, keyinroq koʻkrak yuzasi, soʻng esa kindikdan pastda bogʻlagan holda turish joriy qilingan. Ushbu bosqichlar avvalida namoz ruknlari orasida ikki qoʻlni koʻtarish amali ham boʻlgan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrining oxirgi yillarida bu amalni tark qilganlari sababli namoz ruknlari orasida ikki qoʻlni koʻtarish ham mansux boʻlgan.
Yana bir misol: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tahorat qilganlari haqidagi hadislarning ayrimlarida aʼzolarni bir martadan, boshqalarida ikki-uch martadan yuvganlari aytilgan. Faqihlar bu rivoyatlarni toʻgʻri deb qabul qilib, bir martadan yuvish farz, uch martadan yuvish sunnat va mukammallik deb hukm chiqargan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, hadislarning ayrimlari boshqalari hukmini bekor qilsa, ayrimlari boshqalaridagi hukmni quvvatlaydi. Shunga koʻra, hadislardan hukm olish oddiy ish emasligi ayon boʻladi.
Shayx Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy aytadi: «Ahli sunna val jamoa ulamolari hadislarni qabul qilish va hayotga joriy etish talablari xususida bunday degan: «Albatta, hadislar juda koʻp, ammo hammasining darajasi bir xil emas. Farz, sunnat, targʻib va tafsil boʻlganlari (yaʼni, oyat va voqeliklar izohlangani) bor. Shuningdek, hadislar taxvif (qoʻrqituvchi, ogohlantiruvchi), targʻib (qiziqtiruvchi) etuvchi, tanbeh beruvchi va chegaralovchi boʻladi. Ijrosi muboh, yaʼni ixtiyoriy boʻlganlari bor. Ayrimlari Qurʼoni karimdagidek muhkam[1] (zamirida hukm, buyruq maʼnosi boʻlgan), mutashobih[2] (maʼnosi turlicha talqin qilinadigan) hamda nosix va mansux boʻladi. Moʻmin-musulmonlar uchun nosixiga ergashib, mansuxiga imon keltirish farzdir. Ammo hadislardagi mubohlar, ruxsat berilgan va fazilatli amallarni uzrli boʻlgan holda tark qilishga biz keng yoʻl ochib beramiz. Biroq ularni bajaradigan boʻlsak, savob boʻladi. Bizga barcha hadislarni amalda qoʻllash shart emas».
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi soʻzlari ham fikrimiz dalilidir: «Sunnat ikki xil boʻladi. Farz boʻlgan sunnat, uni olish hidoyat, tark etish zalolatdir. Farz boʻlmagan sunnat, uni olish hidoyat, tark qilish esa zalolat emasdir»[3].
Aslida, hadisdan mustaqil ravishda hukm olish tushunmovchilik va ixtilof keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli bu ish hammaga ham ruxsat etilmagan. Uning bir qancha shart va talablari bor.
Hadis ilmi olimlari rivoyatlarni qabul qilish, hukm olib, hayotga tatbiq etishdan oldin uning toʻgʻriligini tekshirish uchun koʻplab usullarni ishlab chiqqan. «Ilmul hadis»da rivoyat qilingan voqea haqiqatga yaqinmi, naql qilingan narsa tarixiy faktlarga mos keladimi, matnni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga nisbat berish mumkinmi, roviylar sanadida uzilish boʻlmaganmi, kabi savollarga javob topiladi.
Hadis ilmi asosan ikki qismga boʻlinadi:
1. Rivoyatul hadis Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, ishlari, tasdiqlari, u zotning axloqi, fazilatlari va boshqa sifatlarini shuningdek, sahobalar va tobeinlarga nisbat berilgan xabarlarning rivoyat qilish va bizgacha yetib kelish yoʻllarini oʻrganadi.
2. Diroyatul hadis hadis va sunnatni rivoyat qilishda foydalanilgan usul va uslublarni oʻrganadi. «Diroyat» soʻzi bir narsani tom maʼnoda tushunib olishni anglatadi. Diroyatul hadis «Mustalahul-hadis» va «Usulul hadis» deb ham ataladi. Bu ilm roviylarni, hadis matnini oʻrganish boʻyicha ushbu soha ulamolari tomonidan ishlatish uchun kelishib olingan qoida va usullardan iboratdir.
Usuli hadis ilmi tizimli bir fan sifatida yuzaga kelmasdan oldin ham muhaddislarga unga tegishli usul va qoidalar maʼlum boʻlgan. Ular oʻsha meʼyor asosida hadis matni va roviylarini oʻrgangan. Keyinroq zamon oʻtishi bilan ummat orasida turli ixtilof yuzaga kelib, zarurat jiddiy tus olgani tufayli hadisshunos olimlar «usuli hadis» qoidalarini daqiq suratda belgilab, ushbu fanga asos solgan.
Hadislardan hukm olib, hayotga tatbiq etish uchun yuqorida aytilganlardan tashqari istiloh ilmida keltirilgan yana bir qancha shart borki, ularni faqat diniy soha olimlari va imomlari tushunadi.
(davomi bor)