Bugungi kunda Islom dinining asosiy oqimi – ahli sunna val jamoaning ikki yirik maktabi vakillari – ashʼariylar va moturidiylar dunyo musulmonlarining aksar qismini tashkil etadi. Bu ikki aqida gʻoyalarini keng targʻib qilishda, ilmiy asoslari bayon qilingan asar yozishda oʻtgan olimlar xizmati beqiyosdir. Zero, ularning fidokorona mehnatisiz ushbu aqida maktablari keng rivojlanmas edi. Xoja Muhammad Porso ana shunday olimlardan biridir. Bu zotning ilmiy faoliyatini yoritishga kirishishdan oldin kalom ilmi tarixi haqida biroz toʻxtalsak.
Kalom ilmi sakkizinchi asrda paydo boʻlgan. Bu asrda islom dini keng yoyilib, turli eʼtiqoddagi xalqlarni oʻz tasarrufiga olgan edi. Musulmonlar orasida turli muxolif firqa va mazhablar ham paydo boʻldi. Ular qoʻzgʻagan bunday bahs-munozaralar ahli sunna aqidasidagi musulmonlarni tashvishga solar, ayrimlar eʼtiqodini zaiflashtirar edi. Boz ustiga yunon falsafasi fikrlari ham musulmonlar orasida tarqalgan boʻlib,bu holat moʻminlar eʼtiqodini susaytirishga xizmat qildi.
Ana shunday vaziyatda gʻoyaviy kurashga chiqqan mutakallimlar muxtalif mazhablarning turli-tuman notoʻgʻri aqidalariga, falsafachilarning safsatalariga javob berish uchun oʻrtaga chiqdi.
“Boshqa dinlar hujumidan Islom aqoidi usulini muhofaza qilish natijasida islom ilmlaridan biri kalom ilmi paydo boʻldi. Xususan, nasroniylar oʻz maslagini yunon mantigʻi asosida himoya qilishga oʻtib olgan edi” [10:334].
Mana shu tarzda kalom ilmi vujudga keldi. Kalom ilmida asosan islom ilohiyoti, Alloh taoloning zotu sifatlari, insonning yaratilishi, nubuvvat, oxirat, undagi mukofot va jazo kabi mavzularda bahs qilinadi.
Kalom ilmi uch bosqichda rivojlangan. Dastlab, kalom ilmi muʼtaziliya nomi bilan maʼlum boʻlgan edi. Ikkinchi bosqichda bu ilm ashʼariya kalomi va moturidiya kalomi degan nomlar bilan keng yoyildi.
Kalom ilmi rivojlanishning uchinchi bosqichida, oʻz yoʻnalishini falsafa bilan aralash tarzda qorishiq bir ilmga aylandi. Yaʼni oʻziga tegishli masalalarni muhokama qilibgina qolmasdan ontologiya, gnoseologiya ilmi muammolari bilan ham mashgʻul boʻldi. Natijada falsafa fanining raqibiga aylandi. Bu yoʻlni Imom Muhammad Gʻazzoliy boshlab bergan boʻlsa, keyinchalik Shahristoniy, Fariduddin Balxiy, Faxruddin Roziy, Izzuddin Iyjiy va Imom Taftazoniy kabi olimlar uning yoʻlini davom ettirdi.
Bu uchinchi bosqichdagi falsafaga qorishgan kalom ilmi oʻzgalar falsafasini fosh etaverishi natijasida oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritdi va oqibatda haqiqiy islom falsafasi sifatida tanildi.
Kalom ilmi hozir ham musulmonlar yashaydigan ayrim mamlakatlarda eʼtiborli ilmlar qatorida turadi. Oʻtmishda kalom ilmida bahs qilingan mavzular bugun “eski kalom ilmi” nomiga muqobil tarzda tugʻilgan “yangi kalom ilmi” nomidan koʻrila boshlandi. Bu “yangi kalom ilmi”ning oʻz oldiga qoʻygan vazifasini neotomizm oqimi maqsadlariga oʻxshatish mumkin. Zero, bu yangi kalom ham xuddi neotomizm kabi din nuqtayi nazaridan dunyoga boqish falsafasini targʻib qiladi. Va bu gʻoyani mustahkamlash uchun materializmning dialektikasiga muqobil ravishda “yangicha ilmiy aslahalar” bilan qurollanib jangga kirishadi; ilmdagi nodir masalalarga diniy taʼlimot nuqtayi nazaridan izoh berib, ilm va din oʻzaro qarama-qarshi emasligini dalillar bilan isbotlashga harakat qiladi [9].
Xullas, “Kalom ilmi” iborasi Islom aqidasini oʻrganuvchi ilmga berilgan koʻplab nomlardan biri boʻlib, naqliy va aqliy dalillar orqali sof diniy eʼtiqodni oʻrgatadi va “aqidani oʻrganish”ga zamonaviy ilmiy tilda “teologiya”, ilohiyotshunoslik ham deyiladi.
Bugungi kunda ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha amal qiluvchi musulmonlar ikkita yirik maktab – ashʼariylar va moturidiylarga ergashgan. Chunki oʻz vaqtida ikki buyuk alloma – Imom Moturidiy va Imom Ashʼariy moʻminlar aqidasini ahli bidʼat tashvishidan muhofaza qilgan. Ularning izdoshlari boʻlmish qator olimlar ham keyingi asrlarda samarali faoliyat olib borgan.
Jumladan, Imom Boqilloniy (vaf. 1013), Juvayniy (vaf. 1085), Shahristoniy (vaf. 1153), ar-Roziy (vaf. 1209) kabi mutakallimlar ashʼariylik maktabining yirik namoyandalari sanaladi. Ashʼariylar zohiran oʻzini muʼtaziliylarga qarshi qoʻyib, hanbaliylar bilan murosa qilishga intilgan. Shunday boʻlsa-da, dunyoqarashi boʻyicha muʼtaziliylarning aql-idrokka asoslangan yoʻlini davom ettirgan.
Kalom ilmining ikkinchi yirik maktabi – moturidiylik ham mustaqil tarzda taraqqiy etdi. Ashʼariylar maktabi asosan shofeʼiylar orasida tarqalgan boʻlsa, moturidiylik hanafiy mazhabi tarqalgan hududlarda koʻplab tarafdorlarga ega boʻldi. Xususan, moturidiylik Movarounnahr musulmonlarining asosiy aqidasiga aylandi.
XVIII asrdan kalom ilmi Ibn Sino asos solgan sharq falsafasi bilan yaqinlasha boshladi. Natijada, Ibn Xaldun taʼbiri bilan aytganda, kalom va falsafani bir-biridan ajratish mushkul boʻlib qoldi. Bu hol Bayzoviy (vaf.1286), Isfahoniy (vaf.1349), Iyjiy (vaf.1355), Taftazoniy (vaf.1390) va Jurjoniy (vaf.1413) singari olimlar ijodida oʻz ifodasini topdi. Xoja Muhammad Porso ham mana shu tarixiy davrda yashab ijod qilgan. Uning ilmiy merosida, xususan, kalom ilmiga oid asarlarida moturidiylik anʼanasi yaqqol koʻrinib turadi.
Kalom ilmiga oid asarlar Xoja Muhammad Porso ijodining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Olim ahli sunna val jamoa vakili oʻlaroq moturidiya aqida maktabini rivojlantirish maqsadida “Fasl al-xitob”, “Risola fil eʼtiqod val amal val axloq”, “Eʼtiqodot” (“Eʼtiqod qilinadigan narsalar boʻyicha risola”) [20], “Haftodu se firqa” (“Yetmish uch firqa”) [18], “Muqaddima li jomiʼ ul-kalim” [14], “Sharhu “Fusus al-hikam” [19], “Tahqiqot” [15] kabi risolalar yozib qoldirgan.
Kalom ilmi va tasavvuf masalalariga bagʻishlangan asari – “Faslul xitob li-vaslil ahbob” (“Doʻstlarga yetish uchun aniq soʻz”) unga katta shuhrat keltirgan. Bu kitobdan ulamolar tasavvuf va kalom ilmlari boʻyicha asosiy qoʻllanma sifatida foydalanib keladi. Asarning turli fondlarda saqlanadigan qoʻlyozmalari mavjud, toshbosmasi ham bor[16].
“Faslul xitob”da islomda bahsli hisoblangan 494 ta masalaga javob berilgan. Jumladan, tasavvuf taʼlimotidagi falsafiy tushunchalar sharhlangan.
Xoja Muhammad Porso “Faslul xitob” asarini yozishda kalom va tasavvufga oid manbalarni tahlil qilgan va ularning bir qismini eslatib oʻtadi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida mazkur asarning bir nechta qoʻlyozma nusxalari bor [17].
Porsoning asosiy asarlaridan yana biri “Sharhu “Fusus al-hikam” ham fors tilida yozilgan [19]. Asar mashhur mutasavvif Muhyiddin ibn Arabiyning (1165-1240) kalom va tasavvufning nazariy masalalariga bagʻishlangan “Fusus al-hikam” nomli asari sharhiga bagʻishlangan.
Porsoning tasavvufdagi nazariyalari haqida tadqiqot olib borgan J.Xolmoʻminov quyidagi fikrlarni bayon qilgan:
“Xoja Muhammad Porso butun umr Ibn al-Arabiyning sadoqatli muxlisi va izdoshi, xususan, vahdatul-vujud falsafasining yirik tadqiqotchi – izohlovchisi boʻlgan koʻrinadi. Bu haqda Mavlono Jomiy oʻzining “Nafahotul uns”ida Xoja Muhammad Porsoning oʻgʻli – Xoja Abunasr Porso zikrida shunday qimmatli maʼlumotni keltiradi: “Bir kuni u kishining (Abunasr Porso – J.X.) majlisi shariflarida Shayx Muhyiddin bin Arabiy – qaddasallohu taʼolo sirrahu – va uning tasniflari haqida soʻz borardi. Volidlaridan (otasi – Xoja Muhammad Porso – J.X.) naql qildilarki, u kishi shunday degan ekanlar: “Fusus” (Ibn Arabiyning “Fusus ul-hikam”i – J.X.) jondir, “Futuhot” (Ibn Arabiyning “Futuhotul Makkiya” asari – J.X.) esa dil”. Va yana aytar edilarki: “Kimki “Fusus”ni yaxshi bilsa, uning Hazrati Risolat sallallohu alayhi vasallamga boʻlgan tobelik darajasi kuchli boʻlgay. Xoja Muhammad Porso Ibn al-Arabiyning “Fusus ul-hikam”ini eng sodda va tushunarli tarzda sharhlab bergan sharhlovchilardan biri sanaladi. Shuning oʻzi uning vahdatul vujud falsafasini nechogʻlik chuqur va teran anglay olganini koʻrsatadi [21:20].
Porsoning yana bir risolasi “Haftodu se firqa”(Yetmish uch firqa) asarida har bir firqaning asosiy daʼvolari qisqacha keltirilgan. Keyin ularga ahli sunnat val jamoa olimlari tomonidan berilgan raddiyalar qisqa va mazmunli qilib yozilgan. Risolaning asl matni va oʻzbek tilidagi tarjimasi bilan yaqinda chop etildi [3].
Toʻgʻri, asarda nomlari keltirilgan firqalarning hammasi ham mashhur oqimlar emas. Fikrimizcha, muallif Xoja Muhammad Porso oʻziga maʼlum va oʻz zamonasigacha chiqqan firqalar roʻyxatini, ularning bosh gʻoyalarini keltirgan, xolos. Bu yerda tilga olingan firqalar orasida islom ummati olimlari tomonidan yakdil adashgan deya eʼtirof qilingan oqimlar ham bor edi. Ularga batafsil izohlar berish, hozirgi davrimizda mavjud boʻlgan firqa va oqimlarning gʻoyalari bilan taqqoslash, ularning faoliyatini tahlil qilish esa keyingi tadqiqotlar mavzusidir [2].
Yana bir asari – “Tahqiqot” boʻlib, unda Xoja Porso tasavvuf va kalomning nozik jihatlarini bayon qilgan [15]. Jumladan, tavhid masalasi, Alloh taoloning ismu sifatlari kabi aqoiddagi tamal mavzulardan bahs qiladi. Masalan, Xoja Muhammad Porso maʼrifatulloh borasidagi qaydlardan keyin, quyidagi fikrni oʻrtaga tashlaydi:
لما عرفنا الله سبحانه بالاجمال انه موصوف بصفات الکمال فقد عرفنا الله سبحانه حق معرفته
“Alloh subhanahu kamolot sifatlari bilan sifatlanishini ijmodan bilib, U zotni tanisak, Alloh subhanahuni haqiqiy maʼrifat ila tanigan boʻlamiz”[15:3].
Demak, aqida ilmida moʻmin kishi Alloh taoloning barcha sifatlarini bilmogʻi talab qilinadi. Shundagina banda haqiqiy maʼrifat sohibi boʻladi va oʻz Yaratuvchisini taniydi. Bu maʼrifat ham ikki xil boʻladi, deb taʼkidlaydi Xoja Porso:
در کتاب کشف المحجوب آورده است که معرفت حق سبحانه عز و جل بر دو گونه است یکی علمی دوم حالی.
“Kashful mahjub” asarida keltiriladiki, Haq subhanahu azza va jallaning maʼrifati (u zotni tanish) ikki xil boʻladi. Biri – ilmiy, ikkinchisi – holiy”[15:4].
Xoja Muhammad Porso ayrim maʼlumotlarni oʻzidan oldin yozilgan manbalardan iqtibos olib keltirsa-da, oʻzining ilmiy xulosalari bilan boyitadi:
و معرفت علمی قاعدۀ همۀ خیرات دنیا و اخرتست و مهمترین خیرها مر بنده را اندر همۀ اوقات و احوال شناخت خدای است سبحانه.
“Ilm-maʼrifat dunyo va oxiratning barcha yaxshiliklari uchun qoidadir. Banda uchun eng muhim yaxshilik – barcha vaqt va hamma holatda Xudoyi subhanahuni tanimogʻidir”[15:4].
Xullas, “Tahqiqot” asarida Porso hazratlari inson Alloh taoloni toʻgʻri tanimogʻi lozimligini uqtiradi va bu bilan u nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham baxtu saodatli hayot kechirishini taʼkidlaydi.
Porsoning asarlari Markaziy Osiyo xalqlari ijtimoiy-falsafiy merosida oʻziga munosib oʻrinni egallamogʻi lozim. Uning aqida borasidagi asarlari yurtimiz musulmonlari amal qilib kelgan moturidiya yoʻnalishida yozilgan boʻlib, bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Jumladan, Xoja Muhammad Porsoning “Faslul xitob”, “Haftodu se firqa”, “Tahqiqot” va aqida mavzusidagi boshqa asarlari bugungi kunda islomni oʻz bilganicha talqin qilayotganlar, aqidaparast va adashgan oqimlarga raddiya berishda qimmatli manba sifatida muhimdir.
-
Grigoryan S.N. Iz istorii filosofii Sredney Azii i Iran VII—XV vv. – M., 1960.
-
Ismoilov M. Xoja Muhammad Porso “Haftodu se firqa” risolasining islomdagi firqalarni oʻrganishdagi ahamiyati. – Moturidiya jurnali, №3. – B.33-39.
-
Ismoilov M. Xoja Muhammad Porsoning “Yetmish uch firqa” asari islomdagi firqalar tarixini oʻrganishga oid manba sifatida. – T.: Mahalla va oila, 2023. – B. 168.
-
Kalom / N. Qulmatov // Isʼhoq – Kashish. – Dushanbe: SIEMT, 2011–2020. – Ensiklopediyai Millii Toҷik: [taxm. 25 ҷ.] / sarmuharrir N.Amirshohӣ).
-
Qarang: №1449, 1450, 2238, 534.
-
Oqilov S., Sagdiyev H. va boshq. Kalom (darslik). – T.: “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2021. – B.228.
-
Osimiy M. Paydoish va tashakkuli tafakkuri falsafӣ. – D., 1970.
-
Petrushevskiy I. P. Islam v Iran v VII—XII vv. – L., 1966.
-
Sayid Ahmad Safoiy سیداحمد صفاﺋﯽ. علم کلام. تهران، ١٩٥٤؛ شبلئ نممانی. علم کلام جدید. تهران،١٩٥٤؛ همان. تاریخ علم کلام. تهران،١٩٦٠
-
Sayid Husayn Nasr. Ilm va tamaddun dar islom. – Tehron., 1972. – B.334.
-
Tahqiqot. 3a varaq.
-
Tahqiqot. 4a varaq.
-
Tahqiqot. Oʻsha joyda.
-
Xoja Muhammad Porso. Muqaddima li-jomiʼul kalim. – OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 3039/III. 3 v.
-
Xoja Muhammad Porso. Tahqiqot. – OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, №№1411. – 336 varaq.
-
Xoja Muhammad Porso. Fasl ul-xitob. – Toshkent: Gʻulom Hasan Orifjonov nashriyoti (sanasiz).
-
Xoja Muhammad Porso. Faslul xitob. – OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, №3133; 11605; 4335; 1450; 5766; 584; 2238; 1449; 11682; 3188; 5547; 5546; 522/VI.
-
Xoja Muhammad Porso. Haftodu se firqa. – OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 10870/III. – 21 v.
-
Xoja Muhammad Porso. Sharhi “Fusus ul-hikam”. – Sharhu fusus al-hikam. – Istanbul, Sulaymoniya kutubxonasi, №01366–002, Shahid Ali Posho boʻlimi.
-
Xoja Muhammad Porso. Eʼtiqodot. – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasi (Bundan keyin – OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi), №3844/ III. – 22 v.
-
Xolmoʻminov J. Xoja Muhammad Popco Buxoriy. Hayoti va falsafiy-irfoniy merosi. – T.: Tafakkur tomchilari, 2020. – B. 20.