Oʻta shiddatli va ziddiyatli tarzda kechayotgan globallashuv jarayoni inson mohiyatini chuqurroq tadqiq etish orqali uning bunyodkorlik salohiyatidan yanada unumli foydalanishni taqozo etmoqda. Murakkab va sirli mavjudot sanalgan insonning yutuq va imkoniyatlarini, maʼnaviy borligʻini mavjud global muammolar yechimiga yoʻnaltirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Yozuvchi Chingiz Aytmatov “Odamlar aql-idrok bilan ish yurita boshlagan zamonlardan buyon oʻzlarini oʻzlari anglashga urinib kelmoqda. Biroq hali hanuz ular oʻz chigal ishlaridan sira qutulib ketolmayapti va azal-azaldan nima uchun yovuzlik doim ezgulik ustidan gʻolib chiqadi, degan jumboqli muammoni yecholmayapti” [1, 16-17], deganda, insondagi ijtimoiy beqarorliklarni nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas.
Inson kamolotida maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning oʻrni benihoya kattadir. Oliy qadriyat deb ulugʻlangan maʼnaviy qiyofani shakllantirish masalasi ustida koʻplab tadqiqotlar olib borilgan. Ularga koʻra, dunyodagi barcha illat, jinoyat, urush va ijtimoiy-siyosiy, ekologik inqirozlarning ildizini shaxs maʼnaviyatidan qidirish lozim. Chunki jami muammolarning yechimi ana shu nuqtada mujassamlangan. Shuningdek, ijodkorlar shaxsning maʼnaviy dunyosi uning iqtisodiy va moliyaviy oʻpqoniga tushib borayotganidan, yangi asr kishisi butun borligʻi bilan global iqtisodiyot va insoniyat uchun yagona hukmdor boʻlmish bozorning quliga aylanib qolayotganidan xavotir bildirgan [2].
Bugun odamzot boyish vasvasasida yalpi tus olgan taqlid va manmanlik oʻrtasida ovorayu sarsondir. Hamma yerda va hamma zamonlarda odmi odamlarning hayoti shuning zaminiga quriladi. Kattayu kichik barcha kulfatlar shundan hosil boʻladi. Eʼtiqodlar ojizligi, qarashlarning qashshoq va nochorligi ham shundan [1, 152]. Darhaqiqat, bugun taqlidchilik, isteʼmolchilik, qanday yoʻl bilan boʻlsa ham koʻproq moddiy boylik orttirish tendensiyasi kuchaymoqda. Ulugʻ ajdodlar bunday vaziyatdan ilm vositasida oʻzlikni anglash, maʼnaviyatni boyitish, komil insonni tarbiyalash orqali chiqish mumkinligini ilmiy jihatdan asoslab bergan.
Butun hayotini ilmu maʼrifatga bagʻishlagan ulugʻ alloma Abu Lays Samarqandiy (911-985) dunyoni bilish, hayotni, inson mohiyatini anglashning tub masalalariga alohida eʼtibor qaratgan. Tafakkur, ilm, bilish nazariyalariga falsafiy nuqtayi nazardan, yangicha yondashgan. IX asrda islomshunoslar orasida inson Alloh taolo yaratgan mavjudot, taqdiri avvaldan bitilgan, oʻz holicha biror narsani amalga oshirishi mumkin emas, degan tushuncha hukmron edi. Abu Lays Samarqandiy esa, inson Yaratganning amriga boʻysunadi, lekin hayotda unga juzʼiy ixtiyor – tanlash imkoniyati berilgan. Shuning uchun u ilm va tafakkur asosida dunyodagi oʻzgarishlarni amalga oshirish qudratiga ega boʻladi, degan fikrni ilgari surgan [3, 11]. Yaʼni, taqdirining bitilgan ekani uni biror amalga majburlamaydi. Parvardigor oʻz ilmi bilan uning qanday yoʻl tutishini oldindan bilib, shunday bitadi, xolos. Aslida tanlov, ixtiyor – insonning oʻzida. Buni tanish asarni oʻqish, tanish kinofilmni koʻrishga qiyoslash mumkin: qahramon nima ish qilishini bilasiz, uni muqarrar halokatdan qaytargingiz keladi, lekin u boshqa yoʻl tutadi. Yaʼni, ixtiyor oʻzida boʻladi.
Inson olgan bilimi, orttirgan turmush tajribasi zaminida olijanob, ezgu niyatlarni amalga oshirish yoʻllarini izlamogʻi shart. Zero, hayot yoʻlida u qilishi mumkin boʻlgan birdan-bir ulugʻ ish – odamlarga haqiqat va yaxshilik soʻzini oʻzi bilgan, anglagan darajada yetkazish. Odamning umri nima, degan savolga loʻnda javob topish mushkul. Chunki insoniy munosabatlar shunchalar turfa, tabiati, feʼl-atvori shunchalar rang-barang va murakkabki, hatto eng mukammal zamonaviy kompyuter ham oddiy inson tabiatining umumiy chizigʻini ajratib berolmaydi. Bu esa insonni oʻrganishga qiziqishni yana ham kuchaytiradi. Ulugʻ ajdodlar maʼnaviy merosida har bir inson oldida odam boʻlishdek muqarrar vazifa koʻndalang turgani taʼkidlanadi, chunki kelajak shundan yaraladi [1, 4].
Islom dinining muqaddas manbalariga koʻra odamlarning aksar nojoʻya ishlari, gunohlari ilmsizlik, johillik va nafsga tobelik sabab sodir boʻladi va bundan tavba vositasida xalos boʻlinadi. Gunoh Allohning amriga xilof ravishda biror amalni qilish yoki uni tark etish boʻlib, bundan xalos boʻlish uchun avval uni bilish, anglash lozim.
Imom Gʻazzoliy gunohlar kelib chiqishiga koʻra rububiylik (yaratuvchiga xos), shaytoniylik, hayvoniylik va yovvoyilik kabi toʻrt sifatga borib taqalishini maʼlum qiladi. Inson tiynati har xil aralashmalardan qorilgan va ularnng har biri oʻz taʼsiriga egadir.
Kibr, faxr, gʻurur, maqtovni sevish, hammadan ustun boʻlishni istash, kabilar rububiylik sifatlariga ishtiyoqni qoʻzgʻaydi. Barcha gunohi kabiralar shu nuqtadan yoyiladi va u aksar jinoyatlarning onasidir.
Hasad, zulm-sitam, hiyla, aldamchilik, fasod va makrga buyurish, tovlamachilik, zalolatga daʼvat qilish kabilar shaytoniy sifatlardan tarqaladi.
Qizgʻanchiqlik, ochkoʻzlik, jinsiy va qorin shahvatini qondirish uchun hirs bilan tashlanish, oʻgʻirlik, dunyo orttirishga mehr kabilar hayvoniy sifatdan tugʻiladi.
Yovvoyilik sifati esa, gʻazab, nafrat, odamlarga qoʻl koʻtarish, soʻkish, oʻldirish, mol-mulkini zoeʼ qilish kabi illatlarni paydo qiladi.
Barcha gunohlar ushbu sifatlardan tarmoqlanib, yoyiladi. Bu sifatlar inson fitratida asta-sekin harakatlanib biri ikkinchisiga yoʻl ochadi. Avvalo hayvoniy sifati gʻolib kelib, keyin unga yovvoyilik sifatlari ergashadi, ular birlashib, aqlni qalloblik, makkorlik va hiyla yoʻlida ishlatuvchi shaytoniy sifatlarni paydo qiladi [4, 62-63].
Keyin faxr, izzat, ulugʻlik va buyuklikni daʼvo qilish, barchadan ustunlikni qasd qilish kabi rububiylik sifatlari fitratni egallaydi.
Tavba insoniyat ruhiyatining eng ulugʻ neʼmatlaridan biri sifatida uning maʼnaviy takomilida muhim oʻrin tutadi. Tavba – bu hayot tajribasi koʻpaygan sayin ortib boradigan vijdon qiymati, inson aql-idroki tomonidan tarbiyalanadigan neʼmatdir [1, 273].
Inson nuqsondan butkul holi emas. U gunoh qilgan zahoti pushaymon boʻlib, uning oqibatini darhol bir yaxshi ish bilan yuvish orqali oʻnglashi mumkin. Gunohni doimiy tarzda takrorlanishi qalbni kishanlab qoʻyadi va undan gunoh oʻchmaydigan boʻlib qoladi.
Imom Gʻazzoliy ayrim ishlarni avom kishilardan sodir etsa, kechirilishini, lekin shu orifu olimlar shunday qilsa, kechirilmasligini taʼkidlaydi [4, 121-126]. Bu oʻz navbatida ilmli, fozil kishilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklanganini, ular har ishni chuqur tafakkur ila hal etmogʻi lozimligini anglatadi.
Alisher Navoiy insonning dunyoga kelishi va yashashidan maqsad Alloh taolodan omonat sifatida berilgan pokiza qalbni asrab-avaylash va umrining poyonida asl holida oʻz Yaratuvchisiga qaytarishdan iborat ekanini taʼkidlaydi. Nojoʻya ishlar tavba vositasida oʻnglanishini aytib, “Tavba yomon feʼllar tufayli keladigan baloning oldini olmoqdir [5, 46], oʻz aybidan xabardor boʻlmoq, oldida turgan yoʻlning xavfliligini tushunmoqdir” [6, 85], deydi.
Insonda pushaymonlik hissi, “Xatoimni oʻnglayman” degan qasd, xohish ham afsus-nadomat tufayli yuzaga keladi. Makoni qalb boʻlgan “qasd”ning zamon jihatidan hozir, oʻtmish va kelajakka bogʻliqligi bor. Kim xatosini oʻnglashni maqsad qilsa, shu zahoti, hoziroq gunohdan toʻxtashi va farz amallarni ado qilishga kirishmogʻi lozim. Banda oʻz xatosini tuzatishni diliga tukkan ekan, niyatining amaliy ijrosida qatʼiy boʻlsa, oʻtmish xatosi albatta oʻnglanadi. Bu esa tavba shaxsning oʻz-oʻzinitakomillashtirishomili, maʼnaviyyuksalishvositasiekaninikoʻrsatadi.
Tavbasi qabul boʻlishini xohlagan inson fikrini balogʻatga yetgan ilk davriga qaratmogʻi, umrini yilma-yil, oyma-oy, kunma-kun, boringki, har nafasigacha taftish etmogʻi, gunohlarini bir-bir eslab, afsus-nadomat bilan astoydil tavba qilmogʻi lozim [4, 131].
Imom Gʻazzoliy odamlarni gunohni tark etishga undashning toʻrt yoʻli borligini aytadi. Birinchisi gunohkor va osiylar qalbiga xavf soluvchi oyatlarni zikr qilmoq.
“U xohlagan kishilarni Oʻz rahmatiga (jannatiga) kiritur. Zolimlar uchun esa alamli azobni tayyorlab qoʻygandir” (Inson surasi 31-oyati)
Bu sirlardan bahramand boʻlgan kishi Alloh yoʻlidagi solih banda uchun samimiy tavbaning naqadar lozimligini yaxshi anglaydi. Oqil kishi nodir bir javharga ega boʻlsa-yu, uning bir qismini hech foydasiz zoeʼ qilsa, shubhasiz u buning uchun yigʻlaydi. Agar bu zoeʼ qilish uning halokatiga sabab boʻlsa, yigʻi yanada dahshatliroq tus oladi [4, 44].
Gunohlarni tark etishga undashning ikkinchi yoʻli paygʻambarlar va oʻtmishdagi solih kishilar haqida, gunohlari tufayli ularning boshiga tushgan musibatlar toʻgʻrisida hikoya qilishdir [4, 201]. Qalblarni titratib, ularda chuqur iz qoldiruvchi bu hikoyalarning manfaati katta boʻladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Tong otib, kun yorishgan har sahar, kun botib, shafaqlar yoʻqolgan har kecha borki, unda ikki farishta toʻrt xil ovozda bir-biriga deydi: ”Koshki, bu xalq yaratilmasa edi!” Boshqasi deydi: “Koshki, ular yaratilganidan soʻng nima uchun yaratilganini bilsa edi!”. Yana biri deydi: “Koshki, ular nima uchun yaratilganini bilganidan soʻng, bilganiga amal qilsa edi!” (Daylamiy rivoyati).
Baʼzi rivoyatlarda: “Koshki, ular ilm majlisi qurib, bilganlarini bir-biriga eslatsa edi”. Boshqasi deydi: “Mayli, ular bilganiga amal qilmagan ekan, koshki, qilgan amallariga tavba qilsa edi” [4, 198-199].
Keyingisi bu dunyoda gunohlar uchun beriladigan jazoning tez kelishiga iqrorni insonlar zehnida qaror toptirishdan iborat. Banda musibatga yoʻliqar ekan, albatta, bu uning biror jinoyatiga jazo (kafforat) ekanini uqtirish lozim [4, 203]. Gunohlarning bu dunyoda qashshoqlik, xastalik va boshqa ofatlarga sabab boʻlishi haqida kelgan xabarlar koʻp. Gunohkor kishi nimaga mubtalo boʻlsa, bu unga jazo va shu narsa uni rizqdan mahrum qiladi, badbaxtlik ustiga badbaxtlik keltiradi.
Shunday ekan, hadis sharifda keltirilgan: “Yomonlikka uni yoʻq qiluvchi yaxshilikni ergashtir” (Termiziy rivoyati) degan taʼkidni gunohning kafforati sifatida talqin etish mumkin.
Gunohlarni tark etishga undashning toʻrtinchi yoʻli mast qiluvchi ichkilik ichish, zino, oʻgʻirlik, odam oʻldirish, gʻiybat, kibr, hasad kabi gunohlarning har biri uchun beriladigan jazolarni alohida-alohida eslatishdir [4, 207]. Jumladan, zakotni tark etish, biron jonni oʻldirish, mol-mulkka bosqinchilik qilish, or-nomusni toptash kabilar bandalarning haqlariga taalluqli gunohlardir. Bandalarning haqlariga tajovuz qilgan zolimlar, to afv etilgunga qadar zulmi uchun hisob beradi. Ularning gunohlari tark etilmaydigan (kechirilmaydigan) bitikda qayd qilingan.
Xulosa qilib aytganda, inson ilmu maʼrifat vositasida kamolot kasb etadi, jaholati miqdorida tanazzul topadi. Chunki ilm olish, kuzatish, hayotiy tajriba toʻplash orqali jamlanadigan axborot vositasida tub sifat oʻzgarishlari sodir boʻladi. Natijada u oʻzining feʼl-atvori, ish faoliyati, ijtimoiy munosabatlarini tanqidiy tahlil qilib, toʻgʻri hayotiy xulosalar chiqaradi. Tavba asosida turmush tarzi va axloqini tartibga solishga kirishadi. Nojoʻya ishlarni takrorlamaslikka, nuqsonlarini tuzatishga qaror qilib, takomilga yuz tutadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Aytmatov Ch. Qiyomat. –T.: Yangi asr avlodi, 2018.
2. Shu sohada ishlayotganimdan xijolatda yuraman – tilshunos Baxtiyor Mengliyev taʼlimdagi muammolar haqida // https://oyina.uz/uz/article/2384 // “Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son. “Zohiran taraqqiyot, botinan…” suhbati)
3. Abu Lays Samarqandiy. – T.: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nashriyoti, 2024.
4. Abu Homid Gʻazzoliy. Tavba kitobi. -T.: SHARQ, 2018.
5. Alisher Navoiy. Mahbubul qulub. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998.
6. Alisher Navoiy. Hayratul abror (nasriy bayoni). –B. 85 // https://www.ziyouz.com/books/a…(nasriy%20bayoni).pdf