Home / MAQOLALAR / TURKISTONDA QOZI(SUDYA)LAR TAYINLANISHI, TERGOV QILISH VA HUKM CHIQARISH TARIXI

TURKISTONDA QOZI(SUDYA)LAR TAYINLANISHI, TERGOV QILISH VA HUKM CHIQARISH TARIXI

Bu davr tadqiqotlari Turkiston oʻlkasini nafaqat hududiy jihatdan bosib olinishi, shu bilan bir qatorga oʻlka aholisi ongi va shuuriga, mahalliy boshqaruvi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, diniy, madaniy hayotga qilgan taʼsiri oʻrganilgan. Bundan tashqari, Turkiston oʻlkasi qozixonalarida tuzilgan vasiqalar, hukmlar, xatlar, tilxatlar, iqror xati, inoyatnoma, dalolatnoma (akt), daʼvolar, qozilik ishlari reestr daftarlari kabi hujjatlar asosiy manba hisoblanadi.

Oʻrta Osiyoni mustamlakaga aylantirishda vaqtinchalik nizomlarning mavjudligi va yagona normativ hujjatning yoʻqligi maʼmuriy boshqaruvda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Ushbu holatni bartaraf etish choralari metropoliya [1] tomonidan turli oʻrganishlar, xususan, taftishlar orqali amalga oshiriladi. 1882-yil oʻlkada taftish ishlarini olib borgan F.K.Girs oʻz hisobotida: “Harbiy-xalq boshqaruvi, oʻz davrini yashab boʻlgan va oʻlkaning hozirgi ehtiyojlariga javob bera olmayotganligi tufayli, mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda umumiy asosdagi boshqaruvni joriy qilish lozim”, deydi [3:67].

Gunoh va ayb ishlarni taftish hamda tergov qilish uchun Rossiya mirovoy sudyalariga noiblar va tergovchilar tayinlanadi. Mirovoy sudyalar noiblari boʻlgan uyezdlarda taftish va tergov ishlarini mazkur sudyalarning oʻzlari oʻtkazgan.

Har bir uyezdda va Toshkent shahrida bir nafar mirovoy sudya tayinlangan. Har bir viloyatda viloyat sud mahkamasi boʻlgan [2:1]. Turkiston oʻlkasidagi musulmon fuqarolar  “Qonun”[1]da  yozilgan gunoh ishlarni sodir qilgan vaqtlarida Rossiya qonuniga muvofiq soʻroq qilinib hukm qilingan:
✔ birinchi, nasroniy(xristian) diniga muxolifatchilik qilsa;
✔ ikkinchi, Rossiya imperiyasi ishlariga qarshilik qilsa;
✔ uchinchi, hukumat tartibiga qarshilik qilsa;
✔ toʻrtinchi, podshohlik xizmatida boʻlgan, xalq saylagan amalda turib shu ishlarida xiyonat qilsa;
✔ beshinchi, podshohlik yigʻimlar, soliqlar xususida qarshilik qilsa;
✔ oltinchi, podshohlik mulki, xazinasi xususida xiyonat qilsa;
✔ yettinchi, fuqaro va hayvonlarda yuqumli kasalliklar paydo boʻlgan vaqtda hukumat rahbarlarining epidemiyaga qarshi kurashish uchun chiqargan nizom va tartibini buzsa;
✔ sakkizinchi, avom xalqning tinchlik tartibiga qarshilik qilsa, gʻarazli maqsadda qonunga xilof ish tutsa, oʻgʻrilarga yordam bersa, birovning ustidan yolgʻon chaqimchilik qilsa, chor Rossiyasi manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan ishlar toʻgʻrisida yolgʻon guvohlik bersa, qochgan odamni yashirsa yo tartibni buzsa,
✔ toʻqqizinchi, biror odam yolgʻondan birovning nasabi, nomi bilan oʻzini koʻrsatsa;
✔ oʻninchi,  birovni qasddan oʻldirsa, tan jarohati yetkazsa, kaltaklangan va yarador boʻlgan sababidan vafot etsa, biror xotin va qizga tajovuz qilsa, qonunga qarshi holda ushlab tursa yoki qamab qoʻysa;
✔ oʻn birinchi, birovning yer va mulkini zoʻrlik qilib tasarruf (olib qoʻyish maʼnosida) qilsa, amal qilish uchun qoʻyilgan nishonlarni chikora[2] deb ziyon yetkazsa yoki ishdan chiqarsa, birovning mulkini qasddan oʻzlashtirib olsa, qaroqchilik, talon qilib, podshohlik mulkini oʻgʻirlasa jinoiy javobgarlikka ­tortilgan.

Yuqorida bayon qilingan, oʻlkani boshqarish toʻgʻrisidagi Nizomning 141-moddasida koʻrsatib oʻtilmagan javobgarlikka tortishga sabab boʻladigan ishlarni Turkiston oʻlkasidagi musulmon xalqi Rossiya imperiyasi hududida sodir etsa, bu ishlarni qozilar va biylar soʻramay mustamlaka hukumati qonunlariga muvoqif tergov va hukm qiladi [2:1].

Turkiston viloyatining musulmon xalqidan boshqa oʻtroq va koʻchmanchi  xalqlar orasida boʻlgan daʼvo va janjallarni va Rossiya hukumat amaldorlari qilingan daʼvolarini rus maʼmuriyati qonunlariga muvofiq soʻroq qilish uchun mirovoy sudyalarga va viloyat sud mahkamalariga beriladi. Qozilar, biylar, tergovchilar, mirovoy sudlar va ularning noiblari oʻrtasida biror daʼvoni ochish, tergov qilish kimga taalluqli ekanligi xususida qarama-qarshilik boʻlsa, bu ziddiyatni viloyat sud mahkamasi hal qiladi.

Ogʻzaki berilgan har xil jazo xususida va yetti kun muddatdan koʻp boʻlmagan hibsga olish masalasida moddiy yoki maʼnaviy berilgan zarar uchun ellik soʻmdan oshmagan jarima belgilash mirovoy sudyalarning hukmi bilan amalga oshirilgan [4:2]. Ammo ushbu nizomni toʻldiradigan 157-moddasida koʻrsatib oʻtilgan voqealar, jazolash tartibi xususida chiqarilgan sudyalarning hukmi ustidan qayta koʻrib chiqish maqsadida arz qilish mumkin. Mirovoy sudyalarning  yakunlanmagan hukmlari ustidan moddiy yoki maʼnaviy yetkazilgan zarar prokuror, qozilar chiqargan hukmlardan rozi boʻlmaganligi xususida appelyatsiya tartibida viloyat sudiga ariza berish imkoniyati boʻlgan. Mirovoy sudlarning chiqargan hukmlariga taalluqli ishlar masalasida murojaatlar, ariza va turli xat — qogʻozlar pochta orqali yuborilgan. Mazkur arznoma xatlar pochtaga muhlati tugamasdan avval topshirilgan boʻlsa, kerakli muassasaga yetib kelganda muddati tugagan boʻlsa ham muhlati tugamagan hisoblanadi [2:3].

Viloyat sud mahkamasi koʻrib chiqiladigan ishlar vaqtini tayinlab, moddiy va maʼnaviy zarar keltirilganligi haqidagi xatlarga javob qaytaradi. Moddiy va maʼnaviy zarar yoki qonun boʻyicha hibsga olish uchun asos boʻladigan gunoh ish va ayb qilgan shaxs sudga kelmasa, tergov toʻxtatilmaydi. Prokuror moddiy va maʼnaviy zarar boʻlgan voqea yoki sodir qilgan shaxs jinoyat joyi, guvohlarni soʻroq qilishni toʻxtatadi. Soʻroq ishlarida kerak boʻlgan guvohlarni viloyat sud mahkamasi guvohga yaqin uyezd mahkamasiga chaqirtirish huquqiga ega.

Viloyat mirovoy sudyalari oʻzlariga viloyat mahkamasi va mirovoy sudya tomonidan berilgan vakolatdan chiqib qabul qilgan yakuniy xulosa hukmlari ustidan qayta koʻrib chiqish maqsadida arz qilish mumkin boʻlgan. Arizachi murojaatini mirovoy sudya ustidan senat degan mahkamaga beradi. Mazkur hukmlar ustidan appelatsiya qaroriga binoan mazkur daʼvoni qayta koʻrib chiqish uchun mirovoy sudyaga va viloyat sud mahkamasiga qayta koʻrib chiqish haqidagi qarorni koʻrsatgan holda qaytadan tergovga ruxsat beriladi.

Daʼvoning “haqiqiyligi” keltirilgan dalillarga bogʻliq boʻlib, sudning qarori uchun reflektor[3] [5] guvohnomasining tasdiqlangan nusxalarini taqdim etish sharti boʻlgan. Garov puli evaziga hibsdan ozod qilish amaliyoti ham boʻlgan. Ammo koʻp holatlarda fuqarolar tomonidan garov pattasi topshirilgach, hibsdagi shaxsga erkinlik berilmagan. Shikoyat arizalari berilsa-da, bu muammoga javob olinmagan [4:192-193].

Viloyat, shahar, tuman sudi va mansabdor shaxslarning hukmlari ustidan shikoyat qilish paytida,   1889-yil 12-iyuldagi qonunga binoan, fuqarolik va jinoiy tartibda koʻrib chiqilgan. Bu jarayonda ariza berish, eʼlon qilish, shikoyat qilish va boshqa hujjatlar topshirilgan. Dastlabki sudga daʼvo qilish, taqdim etilgan daʼvolarga javob berish, uchinchi shaxslarning javobgarligini aniqlash, xatti-harakatlar toʻgʻrisidagi nizolarni belgilash va shu kabi nizolarga koʻra rad etish, jinoiy javobgarlikka tortish, hisobot berish, ogʻzaki va yozma tushuntirish berish, tinglash talablari qoʻyilgan.

Xususiy, apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari va sharhlarini olib kelish, qonuniy kuchga kirgan qarorlarni bekor qilish toʻgʻrisida iltimosnoma berish, fotosuratlar, turli xil sertifikatlar, nusxalar, mukofotlar, haqiqiy hujjatlar va ijro varaqalarini olish, ular uchun eng koʻp usullarni koʻrsatib, inventarizatsiya qilish, roʻyxatga olish va qarzdorlarning mol-mulkini sotish, mol-mulk puliga oid nizolarni toʻxtatish, ularning arizalarini topshirish va imzolash boʻyicha murojaat qilishlari mumkin boʻlgan [4:92].

Turkiston viloyati mahalliy aholisidan boshqa xalqlarning oʻzaro oralarida yoki shu viloyat xalqi odamlari  bilan yoki sort[4] va koʻchmanchi oʻlka xalqlari oʻrtasidagi daʼvo ishlarining:
✔ Veksel, vasiqa yoki shartnoma boʻyicha hamda mulk va manqulot[5] (ijara)  xususida boʻlgan ikki ming soʻmdan ortiq boʻlmagan daʼvolarni;
✔ ikki ming soʻmdan ortiq boʻlmagan talofat(zarar) va zayom xususidagi daʼvolarni;
✔ talab qilingan vaqtda miqdori mutlaqo maʼlum boʻlmagan mudofaa ishlari xususidagi daʼvolarni;
✔  haqorat daʼvolarini;
✔ egalik huquqidan mahrum boʻlgan imperiya mulkiga bir oy oʻtmay qaytadan egalik qilish istagini bildirgan shaxslar daʼvolarini;
✔ oʻzgalar mol-mulkining biror qismiga bir yil oʻtmasdan sheriklik xususida qilingan daʼvolari;
✔ oʻtroq yoki koʻchmanchi aholi oʻrtasi Rossiya hukumat amaldorlari chiqargan xatlar arizaga muvofiq qilingan daʼvolarni mirovoy sudyalar soʻroq qilgan [2:4]. 

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda boʻlib oʻtgan tarixiy voqealar xususan, oʻlkada Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlakachilik tuzumining oʻrnatilishi davlat boshqaruvida muhim oʻzgarishlarga sabab boʻlgan va ular bosib olgan hududlar nizom asosida boshqarilgan. Jumladan, ming yillar davomida shakllangan sud-huquqi tizimi isloh qilinib, yangicha tartiblar joriy qilingan. 1886-yildan boshlab oʻtroq hamda koʻchmanchi aholi uchun qoʻllanadigan sharʼiy va urf-odatga asoslangan “biy” sudlari “xalq sudyalari” deb atalgan. Dastlab uyezd sudlari, keyinchalik ularning oʻrniga “uchastka mirovoy sudlari” taʼsis etilgan.

Xullas, Turkiston oʻlkasida mahalliy boshqaruv tizimining taraqqiyot yoʻli, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, tarixiy merosi, ularning gʻoyaviy yoʻnalishlari, qozilik mahkamalari notarial laboratoriyasini chuqur oʻrganish oʻzbek davlatchilik tarixi, xususan, XIX asr oxiri – XX asr boshlari oʻzbek xalqining huquqiy boshqaruvda milliy ruh aks etish manzarasini teran tasavvur etish imkonini beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Персидско – русский словар. 1983 – С. 570.
  2. Qonun. – Toshkent: FASHI. – Qoʻlyozma № 730. – V. 1.
  3. Тухтаметов Ф.Т. Правовое положение Туркестана в Российской империи (вторая половина XIX века). Монография. Уфа, БашГУ, 1999. – С.67.
  4. OʼzMA. I-518-fond, 2-roʼyxat, 2-yigʼma jild, 295 varaq.
  5. https://uz.wikipedia.org/wiki/Reflektor
[1] Oʻlkani boshqarish toʻgʻrisidagi Nizomning “Qozilar, sudyalar va biylar faoliyatini tartibga solish boʻyicha” bir qator qonunlar qabul qilingan. Muallif ilmiy ishida bu masalada toʻlaqonli maʼlumot keltirilgan.
[2] Chikora — hech keragi, zaruriyati yoʻq maʼnosini anglatadi.
[3] Reflektor (lot. refl ecto — bukaman, qaytaraman). Mazkur guvohnoma qonunbuzarlik sodir etgan fuqaroga tartib-qoidalarga amal qilish majburiyati toʻgʻrisida ogohlantirish olgani hamda unga toʻliq amal qilish masʼuliyati yuklanganligi boʻyicha berilgan.
[4] Sartlarni oʻrganishda Qozon diniy akademiyasi bitiruvchisi, keyinchalik taniqli rus sharqshunosi, etnograf va tarixchisi Nikolay Petrovich Ostroumov (1846-1930) katta rol oʻynagan. Abu Muslim. Sartlar kimlar? Oʻrta Osiyoning yoʻqolib ketgan xalqi tarixi.  https://www.islamonline.uz/site/item?id=4276
[5] Manqulot – “manqal” atamasi arab tilidan kirib kelgan “manqulot” atamasidan olingan boʻlib, “koʻchma”, “harakatchan” degan maʼnolarni anglatadi. Persidko—russkiy slovar. 1983 – S. 570.
QAXRAMON KARIMOV,
Qoʻqon davlat pedagogika instituti dotsenti, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …