Home / MAQOLALAR / TOTALITAR SEKTALARNING MILLIY MAʼNAVIYATGA SALBIY TAʼSIRI

TOTALITAR SEKTALARNING MILLIY MAʼNAVIYATGA SALBIY TAʼSIRI

Bugungi mafkuraviy jarayonlarda insonlarning ongi va qalbini egallash uchun olib borilayotgan kurash maʼnaviy taʼsir koʻrsatishni birinchi oʻringa olib chiqdi. Ushbu jarayonda noanʼanaviy diniy sektalar milliy maʼnaviyat hamda anʼanaviy qadriyatlarga qarshi kurashmoqda. Chunki har qanday milliy maʼnaviyat biron-bir xalqqa yot gʻoyalarni singdirishga harakat qilayotgan kuchlar uchun jiddiy toʻsiqdir. Shuning uchun ham mafkuraviy urushning eng birinchi vazifasi milliy maʼnaviyatni kuchsizlantirish hisoblanadi.

Bugungi kunda maʼnaviyatga qarshi qaratilgan tahdidlar natijasida maʼnaviy qashshoqlashuv yuz berayotgani, millatlarning milliy qadriyatlari, oʻziga xos yashash tarzi izdan chiqayotgani, odob-axloq, oila va jamiyat hayoti jiddiy xavf ostida qolayotganini kuzatish mumkin. Dinning milliy maʼnaviyat bilan uzviy bogʻliqligini hisobga oladigan boʻlsak, insonlarning oʻz dinidan boshqa dinga eʼtiqod qilishga oʻtishi milliy maʼnaviyatdan uzilishiga olib keladi. Vayronkor diniy sektalarning missionerlik harakati natijasida milliy maʼnaviyat, axloqiy qadriyatlar, anʼanaviy din va eʼtiqod tizimiga putur yetadi. Shuningdek, insonlarning oʻz milliy maʼnaviyatidan begonalashuviga sabab boʻladi. Ana shu jihatdan totalitar sektalar milliy maʼnaviyatga tahdid sifatida namoyon boʻladi. Yoshlarning totalitar sektalar taʼsiriga tushib qolishi milliy-maʼnaviy taraqqiyot uchun jiddiy xavf boʻlib, milliylikka daxldorlik hissi yoʻqolgan loqayd insonlar tufayli maʼnaviy qashshoqlik kuchayadi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Eng katta xavf – loqaydlik va beparvolik”[1] hisoblanadi.

Totalitar sekta anʼanaviy dindan ajralib chiqqan yoki ularga muxolif boʻlgan, noqonuniy boylik orttirish va cheksiz hokimiyatga ega boʻlish uchun sodiq va qaram tarafdorlar toʻplashni koʻzlovchi, jamiyat manfaatlariga zid yopiq avtoritar diniy tashkilotdir. Bunday sektalar jamiyatda oʻrnatilgan ijtimoiy meʼyorlar, tartib va madaniyatga qarshi yoʻnaltirilgan tajovuzkor harakatlarni amalga oshiradi, hatto oilani oʻzlariga dushman deb biladi.

Totalitar sektalarda diniy hayot maxsus ishlab chiqilgan tartib-qoida va nizomlar orqali amalga oshiriladi. Bunday sektalarning baʼzilari dunyoning turli burchaklarida oʻz boʻlimlariga ega boʻlib, biznes bilan shugʻullanuvchi yirik xalqaro korporatsiyalarga aylangan. Ular tashkiliy jihatdan piramida shaklida boshqariladi. Yuqoridan pastga koʻrsatmalar va adabiyotlar, pastdan yuqoriga esa hisobotlar va pul yuborish aksariyat vayronkor sektalarga xos xususiyatdir. Totalitar sektalarning koʻpchiligi noqonuniy faoliyat yurituvchi, kriminal tashkilotlardir. Bunday sektalarning missionerlik faoliyati nafaqat anʼanaviy diniy konfessiyalarning manfaatlariga, balki davlatlarning milliy xavfsizligiga ham tahdid soladi.

Bugungi kunda vayronkor sektalarning oʻz maqsadini amalga oshirishda maʼnaviyat omilidan foydalanishi strategik vazifaga aylangan. Buning asosiy sabablari: a) maʼnaviyatdan mahrum etilgan inson, millat, xalq va mamlakat oʻz-oʻzidan oʻzgalarga itoatkor boʻlib qoladi. Shuning uchun ham bugun milliy maʼnaviyat tahdid obyektiga aylangan; b) milliy maʼnaviyat bir tomondan millatning dunyoqarashi, ongi va tafakkurining inʼikosi boʻlsa, ikkinchi tomondan ularni shakllantirish va rivojlantirishning manbai hisoblanadi. Milliy maʼnaviyatdan mahrum etish, oʻrniga begona gʻoyani singdirish millatni oʻziga qaram qilish imkoniyatini beradi; v) bugungi kunda harbiy qurollar bilan oʻzga mamlakatlar zaxirasini egallashning xatarli tus olayotgani bilan bogʻliq. Chunki har qanday qurolni ishga tushirishda nafaqat unga ega boʻlmaganlar, shuningdek, undan foydalanishni maqsad qilganlarga ham katta fojialar olib kelishi ayon; g) qurol yordamida koʻrilgan zararlarning oʻrnini maʼlum vaqtda qoplash mumkinligi, ammo maʼnaviyatni barbod qilish, uning asosiy elementlari boʻlgan ong, ruhiyat, dunyoqarash va qalb egallansa, ularni qayta tiklash murakkab muammo ekani bilan bogʻliqdir; d) bugun asosan gʻarbda paydo boʻlgan vayronkor sektalar tomonidan targʻib qilinayotgan missionerlik gʻoyalari insoniyatni itoatda boʻlishini taʼminlashga qaratilgan gʻarb siyosatchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ular maʼnaviyat vositasida dunyoda oʻz hukmronligini oʻrnatishni maqsad qilganini alohida taʼkidlash lozim.

Maʼnaviyat totalitar sektalar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy manfaatlarni qondirish vositasiga aylandi. Bunday sektalar missionerlari bor kuch va imkoniyatini ishga solib, millatlarning milliy maʼnaviyati ustidan nazorat oʻrnatishga harakat qilmoqda. Ushbu holat zamonaviy jamiyatda tizimli hodisa sifatida namoyon boʻlmoqda. Insonlarga ham toʻgʻridan-toʻgʻri vayronkor sektalar missionerlarining daʼvati, ham subyektiv maqsadga yoʻnaltirilgan turli vositalar asosida shakllanadigan missionerlik harakatlari majmui taʼsir koʻrsatmoqda.

Noanʼanaviy diniy harakatlarning zamonaviy rus jamiyati maʼnaviy xavfsizligiga destruktiv taʼsirini oʻrgangan tadqiqotchi A.N.Sirovatkin bunday harakatlarning paydo boʻlishi uchun dialektik zarurat mavjudligini taʼkidlab: “Ularning aksariyati halokatli va rus jamiyatining maʼnaviy xavfsizligiga tahdid solishini hisobga olmaslik mumkin emas” [2:3], degan fikrni bildiradi. Professor V.Chernishev: “Koʻplab buzgʻunchi sektalarning taʼlimoti va faoliyati insonning maʼnaviy hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda” [4], deb taʼkidlaydi. Tahlilchi I.Polonskiyning fikriga koʻra: “Sektalardan milliy madaniyatni yoʻq qilish uchun foydalanish mumkin. Hech kimga sir emaski, biror sekta yoki diniy oqim safiga qoʻshilgan odam oʻzini milliy hamjamiyati bilan bogʻliq deb hisoblamaydi. Sekta nafaqat uning oilasi oʻrnini, balki oʻz xalqi, millati va vatanining oʻrnini egallaydi” [3]. Leningrad va Ladoga mitropoliti Ioann (Ivan Matveyevich Snichyov)ning taʼkidlashicha, maʼnaviy totalitarizmning maqsadi ham xuddi siyosiy totalitarizm kabi odamlar ustidan hukmronlikni qoʻlga olishga qaratilgan boʻlib, buni faqat diniy aqidalar yordamida amalga oshiradi [4]. Darhaqiqat, totalitar sektalarning missionerlari qanday boʻlmasin davlatning, millatning kelajagi boʻlgan yoshlarni buzish, toʻgʻri yoʻldan adashtirish va shu tariqa mamlakatni maʼnaviy tanazzulga uchratish oqibatida maʼnaviy totalitarizmni oʻrnatishga urinmoqda. Bu oʻz navbatida taraqqiy topgan mamlakatlarga endi rivojlanayotgan davlatlarni oʻziga qaram qilish imkonini bermoqda. Ular ana shu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, aniq rejalar asosida dunyoda yashayotgan millatlar va xalqlar ustidan maʼnaviy hukmronlikni amalga oshirishga erishmoqda. Maʼnaviy hukmronlik esa taraqqiy topgan mamlakatlarga oʻzligidan mahrum boʻlgan, maʼnan qashshoq va manqurt olomonni shakllantirish imkonini beradi. Oʻzligidan mahrum olomon oʻzgalarga osongina itoat qiladi va ularning izmida yurishga majbur boʻladi.

Turli mamlakatlarda vayronkor sektalar tomonidan amalga oshirilayotgan missionerlik harakati oʻsha jamiyatlarda tuzatib boʻlmaydigan maʼnaviy inqirozni vujudga keltiradi. Uzoq vaqt sektalar taʼsirida boʻlgan insonlar koʻp jihatdan bir-biriga oʻxshash boʻlib qoladi. Fikrlash qobiliyatining pasayishi, psixologik rivojlanishning sekinlashishi, ruhiy quvvat va oqilona-mantiqiy fikrlashning zaiflashuvi, aybdorlikni sezish, qoʻrquv, ishonchni yoʻqotish natijasida ular oʻzligidan mahrum boʻlgan “manqurt”ga yoki oʻz jamoasi yetakchilariga soʻzsiz itoat etuvchi “biorobotlar”ga aylanadi. Yoshlarning totalitar sektalar taʼsiriga tushib qolishi  jamiyat barqarorligi va mamlakat xavfsizligiga tahdid soladi.  Totalitar sektalar tomonidan targʻib qilinayotgan gʻoya yoshlar ongi va qalbidan oʻrin olib, eʼtiqod darajasiga koʻtarilsa, milliy maʼnaviyat barbod boʻladi va natijada millat oʻzgalar taʼsiriga tushib qoladi. Shuning uchun ham ular insonlarning ongi va qalbini egallash uchun kurashmoqda. Bunday sektalar anʼanaviy din, milliy maʼnaviyat, milliy ong, axloqiy qadriyatlar, koʻp asrlik ajdodlar merosini barbod qilib, oʻrniga oʻzining sunʼiy shakllantirilgan bilim, xulq-atvor qoidalarini singdirishga urinmoqda.

Oʻrganish va tahlillar natijasida quyidagicha xulosa qilish mumkin:

– Totalitar sektalar xalqlarni milliy va diniy negizidan judo qilib, oʻrniga oʻzining eʼtiqodi, gʻoya va qarashlarini singdirmoqda. Natijada milliy-maʼnaviy taraqqiyotga, jamiyat xavfsizligi va mamlakat barqarorligiga tahdid solmoqda;

– Faol missionerlik harakati bilan shugʻullanuvchi sektalarning faoliyati nafaqat milliy maʼnaviyatimiz taraqqiyoti, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hayotga ham jiddiy xavf tugʻdiradi. Afsuski, bugungi kungacha yurtimizda diniy sektalar masalasi ilmiy jihatdan tadqiq qilinmagan va  uning inson va jamiyatga oʻtkazadigan taʼsiri oʻrganilmagan. Bu esa sektalar tahdidi koʻlamini, ularning milliy maʼnaviyatga oʻtkazayotgan salbiy taʼsirini anglab yetishni murakkablashtiradi.

– Sektalar tahdidi va oqibatlarini oʻz vaqtida anglash murakkab hisoblanadi. Chunki ularning missionerlik harakati toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilmaydi, balki zimdan harakat qilib, dastlab ong va dunyoqarashni zaiflashtiradi. Shu bilan birga insonlarning diniy eʼtiqodiga taʼsir oʻtkazib, ruhiyatini zabt etadi, soʻngra asosiy maqsadini amalga oshirishga kirishadi. Ushbu jarayon asta-sekinlik bilan amalga oshiriladi, oxir-oqibatda inson va jamiyat maʼnaviyatining yemirilishiga olib keladi.

– Chetdan kirib keladigan eʼtiqod va madaniyatni targʻib etadigan, milliy maʼnaviyatimizga raxna solish orqali milliy oʻzlikni anglashga putur yetkazadigan totalitar sektalarning tahdididan fuqarolarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni xabardor qilish zarur. Buning uchun taʼlim va tarbiya ishlarini oqilona yoʻlga qoʻyish, ayniqsa, milliy tarbiyani tobora avj olayotgan tahdidlarning oldini olishga qodir boʻladigan darajada tashkil etish kerak boʻladi. Chunki milliy tarbiya millatni asrab qolishning muhim omillaridan biridir.

Xulosalar asosida totalitar sektalar tahdidining oldini olishga qaratilgan quyidagi tavsiyalarga eʼtibor qaratilishi zarur deb hisoblaymiz:

– Diniy konfessiyalar va etnik guruhlar oʻrtasida sogʻlom muloqot muhitini yaratish, jamiyatda milliy gʻoya asosida barcha millatlarning jipsligi hamda barqaror kelajagini taʼminlashga eʼtiborni kuchaytirib, noqonuniy diniy faoliyat va totalitar sektalarning missionerlik harakatiga qarshi kurashishda diniy konfessiyalar bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlari, turli davlat va jamoat tuzilmalarining saʼy-harakatlarini birlashtirish va safarbar qilish;

– Jamiyatda vayronkor sektalar faoliyatiga oid ijtimoiy-huquqiy siyosat ishlab chiqilishi, missionerlik harakatlari toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilish maqsadga muvofiq. Shuningdek, mavjud qonunchilikni takomillashtirish, unga diniy va totalitar sekta tushunchalarini kiritish, vayronkor sektalar tomonidan amalga oshiriladigan missionerlik harakatining jinoiy tarkibini aniqlashtirish va tartibga solish zarur. Shu bilan birga vayronkor sektalar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish, ochish va ularga barham berishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Shavkat Mirziyoyev: Eng katta xavf – loqaydlik va beparvolik // http://uza.uz/uz/posts/shavkat-mirziyoev-eng-katta-xavf-loqaydlik-va-beparvolik_235418.
  2. Sirovatkin A.N. Destruktivnoye vliyaniye netraditsionnыx religioznыx dvijeniy na duxovnuyu bezopasnost sovremennogo rossiyskogo obщyestva // dissertatsii na soiskaniye uchenoy stepeni kandidata filosofskix nauk: 09.00.11 – Pyatigorsk 2013. – S. 3.
  3. Polonskiy I. Sektы kak ugroza natsionalnoy bezopasnosti Rossii. Voyennoye obozreniye. // https://www.topwar.ru/82297-sekty-kak-ugroza-nasionalnoy-bezopasnosti-rossii.
  4. Chernishev V. Sekta i lichnost: psixologicheskiye mexanizmы vliyaniya // https://pravlife.org/ru/content/sekta-i-lichnost-psihologicheskie-mehanizmy-vliyaniya.
ERGASH AHMEDOV,
Toshkent kimyo-texnologiya instituti v.b. dotsenti, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …