Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot darajasi millatlararo bagʻrikenglik madaniyati va mamlakat yoshlarining maʼnaviy qiyofasi bilan belgilanadi. Davlat va millat kelajagi yorqin boʻlishi uchun, avvalo, uni barpo etuvchilari ham jismonan, ham maʼnaviy sogʻlom boʻlishi lozim. Insoniyat taraqqiyotidan maʼlumki, har bir shaxs, jamiyat, millat va davlat oʻz kelajagini yosh avlod tarbiyasi bilan bogʻlagan. Bu borada xalqimiz azaldan ilm-fanni rivojlantirish, yosh avlodni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash va farzandlar tarbiyasiga katta eʼtibor qaratgan. Shu bois, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq davlatimiz tomonidan yoshlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratildi. Yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Biz bugun yosh avlod tarbiyasiga har qachongidan ham koʻra katta ahamiyat bermoqdamiz. Bizning eng katta ishonchimiz, madad-tayanchimiz – bu oʻsib kelayotgan yosh avlodimizdir”, degan fikrlari bunga yaqqol misol boʻla oladi [4:256].
Bugungi kunda yoshlarda diniy bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Kishilik ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotidan bizga maʼlumki, hech qaysi din insonlarni yomon yoʻlga boshlamagan. Jumladan, Islom dini bu dunyoning oʻtkinchi ekanini eslatib turuvchi din boʻlib, insonlarni hushyor, halol va pok boʻlishga undagan.
Yoshlarda diniy bagʻrikenglik tamoyillari asosida mehr-oqibat, or-nomus, oriyat va izzat-ehtirom kabi insoniy ezgu fazilatlarni shakllantirish muhimdir. Diniy bagʻrikenglik xalq maʼnaviyati va maʼrifatining yuksalishiga katta hissa qoʻshib kelgan. Shuning uchun diniy bagʻrikenglik milliy va umuminsoniy qadriyat sifatida eʼtibor markazimizda turishi lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatlararo bagʻrikenglik madaniyati masalasiga asosiy eʼtiborini qaratib, shunday deydi: “Biz Oʻzbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga mahkam bel bogʻlagan ekanmiz, bu ulugʻ ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak” [1:387].
Maʼnaviy barkamol inson tarbiyasi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatda muhim ahamiyatga ega boʻlib, bugungi kunda taʼlim-tarbiya jarayonida shaxsning maʼnaviy, axloqiy, estetik, huquqiy va millatlararo bagʻrikenglik madaniyati masalalariga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Tarixdan maʼlumki, jamiyat va davlatda millatlararo totuvlik, axloqiy bagʻrikenglik gʻoyalarining mohiyatini fuqarolarning barchasi yaxshi anglab olishi asosida turli tahdidlar va boʻhtonlarning oldi olinadi. Shuning uchun mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillariga teng imkoniyat yaratish, ayniqsa, diniy bagʻrikenglik davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini koʻrish mumkin. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning maʼruzalari va xalq bilan uchrashuvlarida yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, millatlar va dinlararo tinchlikni taʼminlash, bagʻrikenglik muhitini qoʻllab-quvvatlash asosiy tamoyil sifatida ilgari surib kelinmoqda. “Maʼlumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda koʻp asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondoʻstlik, ezgulik, qalb saxovati va tom maʼnodagi bagʻrikenglik xalqimizga doimo xos boʻlgan. Uning mentaliteti asosini tashkil etadi” [2:295]. Bugungi kunda yoshlar mamlakatimiz aholisining 60% ni tashkil etmoqda. Bu katta kuch ekanini yaxshi bilamiz. Shuning uchun yoshlarda bagʻrikenglikni shakllantirish va ularni maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini koʻrishimiz mumkin.
Bugungi kunda yoshlar tafakkurida millatlararo bagʻrikenglik madaniyati va demokratik taraqqiyot rivojiga xos dunyoqarashni rivojlantirish dolzarb vazifalardan biridir. Millatlararo bagʻrikenglik madaniyati axloqiy munosabatlar ijtimoiy muhitining tarkibiy qismi boʻlib, yoshlarning millatlararo bagʻrikenglik madaniyatini oʻzlashtirishi hamda unga amal qilishi uchun poydevor vazifasini oʻtaydi. Millatlararo bagʻrikenglik madaniyatining rivojlanishi axloqiy munosabatlar bilan bogʻliq hisoblanadi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek: “Bizning keyingi yillarda erishgan eng katta yutugʻimiz – bu umumiy xonadonimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikdir” [5:9]. Bugungi kunda jamiyat hayoti va kishilar turmush tarzini yaxshilash uchun zarur iqtisodiy, maʼnaviy tushuncha va qadriyatlarni yoshlarga taʼlim jarayonida singdirish mumkin.
Dunyo tajribasidan bizga maʼlumki, davlatning barqarorligi davlatda yashayotgan millatlarning birdamligi, millatlararo munosabatlardagi turli muammolarni hal etish bilan bogʻliq. Bugungi kunda dunyoda turli nizolar kuchayib borayotgan bir sharoitda millatlararo bagʻrikenglik madaniyatini yoshlar ongiga singdirish dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Shu munosabat bilan millatlararo bagʻrikenglik madaniyati koʻpmillatli davlat uchun tinchlik va barqarorlikni taʼminlovchi omil hisoblanadi.
Mamlakatimizda siyosiy barqarorlikni taʼminlashda millatlararo bagʻrikenglikni himoyalash dolzarb masala sifatida eʼtirof etilmoqda. Islom dini bagʻrikengligini boshqa biror din yoki moddiy narsaga tenglashtirish mumkin emas. U asrlar osha xalqlarni birdamlikka chorlab, tinch-totuvlikni taʼminlashda oʻzining gʻoyalari bilan insoniyatga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan. Shu bilan birga kishilik jamiyatining ozod va farovon yashashi uchun kurashib kelayotgan jahon dinlaridan biridir.
Falsafa fanlar doktori N.Nazarovning fikricha: “Shaxsning milliy davlatchiligiga boʻlgan pozitiv munosabati hamda fuqarolik mavqeini idrok etishi ham milliy oʻzlikni anglashning komponentlari hisoblanib, tafakkur rivojiga imkon yaratadi. Tafakkurdagi bunday rivojlanish koʻp millatli jamiyatda millatlararo munosabatlar takomillashuvini taʼminlaydi. Bugun har bir millat vakili va har bir shaxs oʻzligini bilib, milliy kelib chiqishini chuqur anglab, idrok etgan holda umumsivilizatsiya taraqqiyotiga hissa qoʻshishi lozim” [7:11].
Millatlararo munosabatlar institutsional tizimidagi subyektlar faoliyati millatlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda oʻrganilgan. Bunday millatlararo munosabatlar jamiyatda muayyan tamoyillar asosida turli xalqlarni, ularning vakillarini birlashtirishga, turli millat yoshlarining bir-biri bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yoshlar oʻrtasida millatlararo munosabat madaniyatini shakllantirishning taʼlim tizimi bilan uzviy bogʻliqligini biz yuqorida aytib oʻtdik. Taʼlim mazmuni, uning yangi pedagogik texnologiyalarga asoslangani va yoshlar tomonidan oʻzaro muloqotda qoʻllash uchun zarur qadriyatlarni oʻz ichiga olgan tizim mavjudligi maqsadga erishishda birlamchi vositadir. Buning natijasida yoshlarning ijtimoiylashish jarayoni tezlashadi va oʻzini rivojlantirish va shaxs sifatida shakllanishiga turtki beradi.
Yoshlarda milliy oʻziga xoslikni saqlab qolish imkoniyatini oshirish va millatlararo munosabatlarni takomillashtirishning institutsional tizimini shakllantirishda yuqorida koʻrsatilgan omillar masalaning ijobiy yechimini taʼminlaydi. Shu bilan birga yoshlarda millatlararo munosabatlar takomili uchun quyidagi jihatlarga ham eʼtibor qaratish muhim.
Mamlakatimizda yoshlarning axloqiy bagʻrikenglik madaniyatini insonparvarlik, maʼrifatparvarlik, halollik tamoyillari bilan kamol toptirishga va ularni milliy mentalitetimiz negizida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, “Mamlakatimizda bagʻrikenglik madaniyatini yuksaltirish, millatlar va konfessiyalararo oʻzaro bir-birini tushunish va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanadi…” [3:455]. Shu nuqtayi nazardan yoshlarda bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish mezon va tamoyillarini aniqlash hamda uni yuksaltirish tendensiyalarini tadqiq etish hayotiy zaruriyat boʻlib qolmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “….kelajak avlod haqida qaygʻurish, sogʻlom, barkamol naslni tarbiyalab yetishtirishga intilish – bizning milliy xususiyatimizdir”, degan soʻzlari ayni haqiqat ekanini anglab olish qiyin emas. Chunki har bir mamlakat milliy xususiyatlarining muhim jihatlaridan biri – bu tarbiya masalasidir [6:4]. Shuning uchun mamlakatimizda yosh avlodni tarbiyalash va taʼlim berish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Jamiyat ravnaqi va taraqqiyoti koʻp jihatdan barkamol avlod tarbiyasining har tomonlama mukammalligiga bogʻliq. Shu bois Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov: “Agar biz oʻz vaqtida uzoqni koʻzlab ertaga hayotga kirib kelayotgan yoshlarimizning chuqur bilim va kasb-hunar egallashi uchun zamin yaratmasak, ularni zamon talab qiladigan mutaxassis kadrlar etib tayyorlamasak, bugungi kunda butun dunyoni qamrab olgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida yurtimizda tinchlikni saqlab, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlashga eʼtiborni qaratmasak, xalqimiz hayotining tobora yuksalishiga erisha olmagan boʻlar edik”, degan fikrni alohida taʼkidlagan edi. Shuning uchun mustaqillik yillarida bu vazifalarga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralmoqda.
Xulosa qilib aytganda, har bir xalq va millatning ertangi kuni bugun voyaga yetayotgan avlod taqdiri bilan uzviy bogʻliqdir. Chunki kelajakni yoshlar yaratadi. Shunday ekan barcha harakatlarimiz negizida farzandlarimizni ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan sogʻlom oʻstirish, ularning farovon kelajagini qurish, dunyoda hech kimdan kam boʻlmagan avlodni tarbiyalash ustuvor vazifamiz boʻlib qolaveradi.
-
Mirziyoyev Sh.M. Niyati ulugʻ xalqning ishi ham ulugʻ, hayoti yorugʻ va kelajagi farovon boʻladi. 3-jild. – T.: 2019. Oʻzbekiston. – B.387.
-
Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. 1-jild. –T.: Oʻzbekiston. 2018. – B.295.
-
Mirziyoyev Sh.M. “Islom hamjihatligi: Oʻzbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga. – T.: 2017-yil, 18-oktyabr // Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-jild. – T.: Oʻzbekiston. 2018. –B.455.
-
Karimov I.A. Biz kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan quramiz. – T.: Oʻzbekiston. 1999. – B.256.
-
Karimov I.A. Oʻzbekiston XXI asrga intilmoqda. – T.: Oʻzbekiston. 1999. – B.9.
-
Karimov I.A. Barkamol avlod – Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq. 1997. – B.4.
-
Nazarov N.A. Markaziy Osiyo polietnik sotsiumida millatlararo munosabatlar takomillashuvining falsafiy-funksional tadqiqi. Falsafa fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi avtoreferati. – B.11.