Oʻn yettinchi dars. Tavba, qoʻrqish, umid va sabr haqida.
Ey oʻgʻlim! Gunoh va xatolardan butunlay pok boʻlish faqatgina paygʻambarlarga xos. Qandaydir xato ishga qoʻl urib qoʻysang, darhol Alloh taologa tavba qilishga shoshil. Gunohingni kechirishini soʻrab duo qil.
Ey oʻgʻlim! Tavba bu faqatgina tiling bilan aytadigan soʻzing emas. Haqiqiy tavba Rabbingga yuzlanib, sodir etgan gunohingni eslashing, qilgan gunohing uchun belgilangan jazoga loyiq gunohkor bandaligingni bilishing, qilmishingga oʻta pushaymonlik hissini amalda koʻrsatishing, bunday yomon ishlarni qilmaslikka Alloh taologa vaʼda berishing, soʻngra oʻtgan gunohlaringni kechib yuborishini soʻrab Yaratganga yolvorishingdir. U xohlasa kechib yuboradi, xohlasa jazolaydi.
Haqiqiy tavba va istigʻfor aytish mana shudir. Tiling uchida “Tavba qildim”, deb Rabbing buyrugʻiga teskari ish tutishda davom etaverishing haqiqiy tavba emas. Nadomat chekmasdan, gunoh qilishni toʻxtatmasdan tavba qilish jazoga sabab boʻladigan xatoning ustiga xatodir.
Ey oʻgʻlim! Oʻzingdan qiyos ol. Otang yoki mualliming doimiy dars tayyorlashga buyursa-yu, sen beparvolik qilsang, ular seni jazolamoqchi boʻlishadi. Sen esa: “Tavba qildim”, desang-u beparvoligingda yana davom etaversang, shu tavbang toʻgʻri boʻladimi? Bunday tavba qilish jazolanishga haqli qiladigan yolgʻon boʻlmaydimi?
Zero, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlaridan xolis tavba qilgan kishi hech bip gunoh qilmagan kishi kabidir”[1] , deganlar. Gunohlar qotirgan qalbni tavbagina yumshatadi. Tavba qalb shifosi, unga rohat bagʻishlovchi ulkan neʼmatdir. Moʻmin kishi gunohlarini kichik sanamay darhol tavbaga shoshilishni, gunohlaridan forigʻ boʻlishni, Parvardigori vaʼda qilgan jannat mukofotini qoʻlga kiritishni oʻylashi lozim. Tavba jannat va doʻzax oʻrtasiga qoʻyilgan bir toʻsiq kabidir.
Ey oʻgʻlim! Alloh taolo:
﴿إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ﴾
“Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi”[2], degan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan tavbaning zarurligi va ahamiyati haqida koʻplab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlarga pushaymon boʻlish tavbadir”[3], deganlar.
Boshqa bir hadisi muborakda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir Odam bolasi gunoh qiluvchidir, gunoh qiluvchilarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”[4], deganlar.
Ey oʻgʻlim! Allohdan qoʻrqish kishi va uning gunohi oʻrtasida parda boʻlib turadi. Kim Rabbidan qattiq qoʻrqsa, gunohlarni kamaytiradi.
Ey oʻgʻlim! Allohdan qoʻrqish oʻzing bilan Uning amriga muxolif kelish orasida toʻsiq boʻlsin. Sen biror xatoga yoʻl qoʻysang ham Allohning rahmatidan noumid boʻlma. Xufyona va oshkora holatingda Allohga duo qilgin. Undan kechirishini soʻragin. Zero, U kechiruvchi va rahmli Zot.
Ey oʻgʻlim! Barcha ishlarda xolis boʻlish, obroʻ-eʼtibor, shuhrat talab qilmaslik lozim. Hamma joyda, barcha gap-soʻzlarda Allohdan qoʻrqish, maxfiy va oshkora ishlarni Alloh koʻrib turganini his etish, Allohning gʻazabini keltiradigan soʻzlardan ehtiyot boʻlish kerak. Allohga ibodat qilish, har bir ishda Uning gʻazabidan xavfda boʻlish, Uning roziligi, ajr-savobi va rahmatidan umidvor boʻlishing kerak. Alloh taolo:
﴿وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ﴾
“Holbuki, ular faqat Allohga, dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qilishga buyurilgan edilar, xolos”[5], degan.
Ey oʻgʻlim! Joningga, molingga talafot yetib imtihonga uchrasang yoki aziz insoning vafot etib musibatli boʻlsang, sabr qil va mukofotini Allohdan kut. Allohning qazoyu qadarini chiroyli va rozilik bilan qabul et. Allohning senga mehribonligi va yaxshiligiga shukr qil. Zero U musibatingni yanada ziyoda qilmadi. Qazoyu qadarida mehribonlik koʻrsatishini soʻrab: “Ey Alloh, qazoingni qaytarishni emas, balki unda mehribonlik koʻrsatishni soʻrayman”, degin.
Ey oʻgʻlim! Agar gʻayb ilmidan boxabar boʻlganingda edi, Allohning senga nisbatan qilayotganiga rozi boʻlarding. Allohning huzurida katta musibatlar bor. Peshonangga yozilganlari uchun Rabbingga shikoyat qilib eʼtiroz bildirma. U xohlagan ishini qiluvchi. Uning hukmini rad qiluvchi yoʻq. U hikmat sohibi va xabardor Zot.