Home / MAQOLALAR / ABU HURAYRA ROZIYALLOHU ANHUGA QILINGAN TUHMATLARNI BARTARAF QILISHDA TARIXIY MANBALAR ASOSIDA ZAMONAVIY TADQIQOTLAR QIYOSIY TAHLILI

ABU HURAYRA ROZIYALLOHU ANHUGA QILINGAN TUHMATLARNI BARTARAF QILISHDA TARIXIY MANBALAR ASOSIDA ZAMONAVIY TADQIQOTLAR QIYOSIY TAHLILI

Mahmud Abu Rayya (1889-1970)

“Mahmud Abu Rayya 1889-yili 15-dekabrda Misrning Daqhaliya muhofazasida tugʻilgan. Umrining koʻproq qismini Misrning Mansura shahrida oʻtkazgan. 1957-yilda Jizaga koʻchib borgan va umrining oxirigacha oʻsha yerda yashagan. Kovliy sunnatlar va baʼzi muhaddislar boʻyicha qilgan tadqiqotlari bilan mashhur boʻlgan. Sunnatun Nabaviy va xossatan Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatlarni yolgʻon-toʻqima deyishga jurʼat qilgan va bu borada alohida kitob yozgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu borasida bunday deydi:  “Abu Hurayra roziyallohu anhu Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bor-yoʻgʻi bir yilu toʻqqiz oy yashagan, lekin koʻp hadis rivoyat qilgan. U koʻplab isroiliyot xabarlarni Kaʼbul Ahbor yahudiydan qilganda nisbatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bergan. Vaholangki, Kaʼbul Ahbor Umar roziyallohu anhu davrida Islomga kirgan”.

“Azvou alas sunnatil Muhammadiya” (Muhammadiy sunnatiga koʻra ziyolar) kitobi mashhur asaridir. Abu Rayya mazkur kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga taʼna-malomat yetkazishga harakat qilgan. Sahobalarning ustidan kulib, ularning shaʼnini yerga urgan. Jumladan, Nabiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning  hadislarida toʻqimalar mavjudligi va roviylaridagi “Isroiliyot”dan rivoyat qiluvchilarining koʻp ekanini, bundan tashqari, hadislarning aytilgan tarixi borasida yolgʻon sanaladigan maʼlumotlar borligini oʻzining “Qissatul hadis al-Muhammadiy” (Muhammadiy hadis qissasi) kitobida iddao qilgan.

Uning bu kabi iddaolariga koʻplab zabardast olimlar raddiya bildirib kitoblar yozgan. 

Abu Rayya 1970-yil 11-dekabr kuni 81 yoshida Jizada vafot etdi.

Muhammad Abu Shahba  (1914-1983)

Muhammad Abu Shahba 1914-yil 15-sentyabrda Misrda tugʻilgan. Otasi  uni toʻrt yoshida Qurʼon oʻqish va yozishni oʻrganishi uchun maktabga beradi. Toʻqqiz yoshida Qurʼoni karimning yarmini, oʻn ikki yoshida toʻliq yod oladi. 1925-yilda Dasuqdagi diniy maktabda, 1930-yilda Tantodagi oʻrta maktabda taʼlim oladi. 1935-yilda Usul ad din fakultetiga oʻqishga kirib, 1935-yilda talabalarning eng saralari hisobida oliy diplomni qoʻlga kiritadi. Soʻng tafsir va hadis ilmlari borasida magistrlik oʻqishini davom ettiradi. 1944-1946-yillarda doktorlik ishini himoya qiladi.

Muhammad Abu Shahba hayoti davomida shuhratga va mansabga intilmagan, ishini jimgina qiladigan xolis olimlardan edi. Shuning uchun ham uni faqatgina tolibi ilmlar tanigan, zamondoshlari unga “ulugʻlar otasi”, yaʼni eng ulugʻ inson, deya nom bergan. Muhammad Abu Shahba mufassir, oʻz davrida hadis boʻyicha tengi kam boʻlgan olim, hayotini sunnati Nabaviy xizmatiga bagʻishlagan insondir. U Azhari sharif, Saʼudiya, Bagʻdod va Sudan universitetlarida dars bergan. Uning 22 ta asari bor.

Muhammad Abu Shahba butun umrini ilmga, Islomga bagʻishladi. 1983-yilning 15-iyulida 69 yoshida Misrning Madinati Nasr shahrida vafot etdi.

Islomda sahobalarning oʻrni. Abu Rayya oʻz kitobida buyuk sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhuning tarjimayi holiga ham toʻxtalib, taʼna toshlarining barchasini, bitta ham qoldirmay, sahobaga otib chiqqan. Jumhur ahli ilmlar qabul qilgan “Sahobalarning barchasi adolatlidir” degan qoidani oyoq osti qilib, boshqa sahobalarni ham yomonlagan. Ular aytmagan gaplarni aytdi, deb tuhmat qilgan. Shu mulohazalardan kelib chiqib, haq qaror topishi uchun boshqa raddiyalar qatori sahobalar roziyallohu anhum mavzusiga ham toʻxtalib oʻtishni lozim topdik.

Ulamolar, hadis imomlari nazdida sahoba – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga moʻmin holatida yoʻliqqan va iymonda vafot etgan insondir. Shu taʼrifga koʻra, murtad boʻlib, murtad holida vafot etsa, sahobaligi ketadi. Ammo tavba qilib, islomga qaytsa, sahihroq qavlga koʻra, unga yana sahobalik nisbati beriladi. Zohiridan musulmon koʻrinib, ichida kufr eʼtiqodda boʻlgan munofiqlar ham sahoba sanalishmaydi.

Jumhur ulamolar sahoba boʻlish uchun uzoq vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga boʻlish, birga Alloh yoʻlida jihodlarga chiqish, infoqlar qilish kerak, degan shartni qoʻyishmagan. Baʼzi olimlargina shart qilib: “Hech boʻlmaganda bir-ikkita gʻazot qilgan boʻlsin”, deganlar.

Koʻpchilik ulamolar yuqoridagi shartlarni qoʻyishmasa-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashagan, hadislar eshitgan, birga gʻazot qilgan, u zotga yordam berish uchun joniyu molini fido qilgan sahobalar boshqa sahobalardan afzalroq va buyukroq ekanini ochiq aytishgan.

Hofiz Ibn Hajar “Sharhu Nuxbatil fikar” kitobida aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamni lozim tutgan, u zot bilan bir safda jang qilgan, u zotning bayroqlari ostida jon bergan sahobalar u zotni lozim tutmagan, gʻazotga chiqmagan, ozgina birga boʻlgan, sanoqli marta suhbatlashgan, uzoqdan qaragan yoki yoshligida koʻrgan sahobalardan ustun turadilar. Lekin umumiy olganda barchalari sahobiy sanalishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis eshitmagan sahoba agar u zotdan hadis rivoyat qilsa, ushbu hadis mursal sanaladi, ammo sahobalik sharafiga erishganlari bois sahobalar safida zikr qilinaverishadi”.

Alloh taolo shu maʼnoga eʼtiborimizni qaratib, marhamat qiladi:

 

لَا يَسْتَوِي مِنْكُمْ مَنْ أَنْفَقَ مِنْ قَبْلِ الْفَتْحِ وَقَاتَلَ ۚ أُولَٰئِكَ أَعْظَمُ دَرَجَةً مِنَ الَّذِينَ أَنْفَقُوا مِنْ بَعْدُ وَقَاتَلُوا ۚ وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

Sizlardan hech kim fathdan ilgari nafaqa qilganlarga va urushga qatnashganlarga barobar boʻla olmas. Ularning darajalari fathdan soʻng nafaqa qilgani va urushda qatnashganlardan koʻra buyukdir. Alloh barchalariga yaxshilikni vaʼda qilgan. Va Alloh nima amal qilayotganingizdan xabardordir.[1]

Sahobalarning barchasi adolatli sanaladi. Jumhur muhaddislar, faqihlar va usul ulamolari nazdida barcha sahobalar adolatlidir. Buning maʼnosi shuki, ular iymonlari kuchli, taqvo va muruvvatlari yuqori, axloqlari goʻzal, keraksiz ishlardan uzoq zotlar boʻlishgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qasddan yolgʻon toʻqishmaydi. Ammo bu ular gunohlardan, adashish va qoqilishlardan maʼsum boʻlishgan degani emas, albatta. Bu gapni bironta olim aytmagan. Jumladan, ularning adolatli ekanida ham hech kim ixtilof qilmagan. Bir toifa bidʼatchilar xilof qilgan, xolos.

Sahobalar adolatli ekanining dalili Alloh taolo ularni pok, ummatning eng yaxshilari, adolatli va taqvodorlari ekanini aytganidir. Alloh taolo aytadi:

وَكَذَٰلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا

“Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh boʻlishingiz va Rasul ustingizdan guvoh boʻlishi uchun sizlarni oʻrta millat qildik”.[2]

Oyatdagi “Vasat” degani eng yaxshi, adolatli, oʻrta deganidir. Zero, har narsaning oʻrtasi eng yaxshi va adolatli nuqtasi boʻladi. Boshqa oyatda aytadi:

كُنْتُمْ خَيْرَأُمَّةٍأُخْرِجَتْلِلنَّاسِتَأْمُرُونَبِالْمَعْرُوفِوَتَنْهَوْنَعَنِالْمُنْكَرِوَتُؤْمِنُونَبِاللَّهِۗ

“Odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻldingiz. Amri maʼruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz.”[3]. Shubhasiz, yuqorida ikki oyat avvalo sahobalarni oʻz ichiga oladi.

Sahobalarni maqtaydigan, ularning fazli va ustunligini eʼlon qiladigan, sodiq iymonlari va ixloslarini hamda yuksak axloqlarini izhor qiladigan oyatlar juda bisyor. Yeru osmonlarda biron narsadan bexabar boʻlmaydigan Zot – Alloh taoloning maqtashidan-da buyukroq maqtov bormi? Kim ham Allohdan koʻra rostgoʻy boʻlardi?!          

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham sahobalarning adolatli ekanini taʼkidlab oʻtganlar. U zotlarning fazl va fazilatlari koʻp boʻlgani uchun haqlariga rioya qilishga, hurmat koʻrsatishga, ularga ozor bermaslikka va nomlarini poymol qilmaslikka buyurganlar.

 عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ ». قَالَ هَذَا حَدِيثٌ حَسَنٌ صَحِيحٌ. وَمَعْنَى قَوْلِهِ « نَصِيفَهُ » يَعْنِى نِصْفَ الْمُدِّ.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sahobalarimni soʻkmang. Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, birontangiz Uhud togʻichalik tillo sadaqa qilsangiz ham ularning bir mud, hatto yarim mud ham saqada qilganlariga yeta olmaysiz”, dedilar.[4]

Imom Termiziy “Jomeʼ”sida, Ibn Hibbon “Sahih”ida Abdulloh ibn Mugʻaffaldan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

Sahobalarim borasida Allohdan qoʻrqing, Allohdan qoʻrqing. Mendan soʻng ularni nishon qilib olmanglar. Kim ularni yaxshi koʻrsa, meni yaxshi koʻrgani uchun ularni yaxshi koʻribdi. Kim ularni yomon koʻrsa, meni yomon koʻrgani uchun ularni yomon koʻribdi. Kim ularga ozor bersa, menga ham ozor bergan boʻladi. Kim menga ozor bersa, Allohgaozorbergan boʻladi. Kim Allohgaozorbersa, uni (azobi ila) ushlashligi yaqindir”.

Bu maʼnodagi hadis va asarlar koʻp boʻlib, sahobalarning fazli borasida biz shu bilan kifoyalanamiz. Sahobalar tarixi va siyratlarini oʻqigan, ularning ilmi, amali, taqvosi, pokdamon xulqlari, nafsu havo va harom shahvatlardan uzoqda boʻlganlarini bilgan odam buni teran anglab yetadi. Katta sahobalar, ayniqsa, roshid xalifalar har bir sahobaning, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bir marta koʻrgan sahobaning ham  fazlini nazardan chetda qoldirishmagan.

Rivoyat qilinishicha, Umar Foruq roziyallohu anhuning oldiga ansorlarni mazax qilgan bir badaviy odamni olib kelishibdi. Shunda Umar roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahoba boʻlish orqali erishgan fazli boʻlmaganida oʻzim bilardim uni nima qilishni. Ammo sahobaligi bor ekan”, deydilar.[5]

Ulamolarimiz mazkur barcha fazilatlarni anglab yetishgan edi. Hofiz Ahmad Bayhaqiy rivoyat qiladiki, taqvosi, aqli, ilmi va zakovatini barcha eʼtirof etgan Imom Shofeʼiy “Risola” kitobida sahobalarni zikr qilib, ular loyiq boʻlgan maqtovlar bilan maqtagan. Jumladan, shunday degan: Sahobalar ilmda, ijtihodda, tavqo va aqlda hamda hukm istinbot qilinadigan ishlarda bizdan ustundirlar. Ularning fikrlari biz uchun oʻz fikrlarimizdan ham yaxshiroq va avloroqdir”.[6]

Imom Abu Zurʼa Roziy aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birorta sahobalariga til uzatayotgan biron kimsani koʻrsang, bilki u odam zindiq[7] boʻladi. Sababi, Paygʻambar ham, Qurʼon ham, undagi oyatlar ham haq. Bularni esa bizga faqatgina sahobalar yetkazib berishgan. Anavi zindiqlar esa Qurʼon va hadislarni yoʻq qilish uchun shohidlarimiz boʻlgan sahobalarga taʼna yetkazishmoqda. Ularning oʻzlari taʼnaga loyiq kimsalardir. Ular zindiq insonlardir”.[8]

Ulugʻ sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhuchalik nohaq tanqidiy oʻqlar otilgan biror bir sahoba boʻlmasa kerak. Bu ayblovlarning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi. Alloma ibn Qutayba oʻzining “Ixtilofli hadislarning yechimi” nomli asarida Nazzom va unga ergashgan ahli bidʼatlar tomonidan Abu Hurayra roziyallohu anhuga boʻhtonlar qilinganini aytgan. Islom dinida yetuk ulamolardan boʻlgan kishilar Abu Hurayra roziyallohu anhuni obroʻ-martabalarini tushiradigan biror narsada ayblaganlarini uchratilmagan. Ammo baʼzi bir mustashriqlar, yuqoridagi tuhmatchilarni gaplariga aldanishdi. Keyin bizga oʻzlarini hali pishib yetilmagan fikrlari-yu, nohaq ayblovlarini roʻbaroʻ qilishdi.

Shu oʻrinda mustashriqlardan taʼsirlangan sunnat inkorchilarining bu hiylalari ortidan gʻarazli maqsadlarni koʻzlashganidan ogohlantirib qoʻyishni maʼqul topdim. Ular baʼzan sahobalarga, baʼzan esa hadislarga taʼna qilish bilan islom shariatining ikkinchi oʻzagi boʻlmish sunnat borasida musulmonlar orasida shubha qoʻzgʻatmoqchi boʻlishadi. Bordiyu musulmonlar u borasida shak-shubhaga borib qolishsa, Qurʼonni tushunishlari va undagi maʼnolarni toʻliq anglab yetishlari qiyin boʻlib qoladi. Chunki sunnat Qurʼon oyatlarini sharhlab, maʼnolarini bayon qilib beradigan manbadir. Agar Qurʼon musulmonlarga begona kitobdek boʻlib qolsa, unda islom va musulmon ummati halokatga yuz tutadi.

Ular bugungi musulmonlarning baʼzi kitoblariga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolishmadi. Mustashriqlarning bu botil daʼvolariga ular oʻz asarlarida ergashib, hujjati boʻlmagan gaplarni qayta-qayta keltirishdi. Bu ham yetmaganidek, ularning gaplariga baʼzi bir qoʻshimchalar ham kiritishdi. Mana bularning hammasi ilmiy izlanish va munozara shiori ostida oʻzlarining “zahar”larini sochishdi. Tadqiqotlardan shu narsa maʼlum boʻldiki, ular oʻylagan bu ishlari sof ilm va haqiqiy bahs-munozaradan yiroqdir.

“Azvo alas-Sunna” kitobining muallifi Abu Rayya kelib, ana ular aytgan gaplarini takrorladi. Nafaqat takrorlash, balki  olovga yogʻ sepdi. U oʻz kitobida Abu Hurayra roziyallohu anhu shiori ostida mavzu boshlab, uni har qanday boʻhton gaplar bilan toʻldirib tashladi. Qolaversa, bu ishi bilan Abu Hurayra roziyallohu anhu va boshqa sahobalarga hujumga oʻtib, ularni yolgʻonchilik va hadis toʻqishlikda aybladi. Ibn Qutayba oʻz kitoblarida Nazzom va unga ergashganlar naql qilgan gaplarni poyma-poy, bitta qoldirmasdan koʻchirib olgan.[9]

Muallif Abu Rayya oʻzining maqsadiga yetishish yoʻlida naqllarning baʼzi qismlarini kesib oldi. Bu xuddi Niso surasining 43-oyatidagi “Namozga yaqin kelmanglar…” jumlasini olib, “… mast boʻlgan holingizda” jumlasini tark qilishga oʻxshaydi. Ular baʼzi bir sahih rivoyatlarni oʻzlariga toʻgʻri kelmagani uchun tark qilib, boshqa oʻzlariga muvofiq boʻlgan zaif rivoyatlarni dalil qilishadi.

Bu, yaʼni Abu Rayya qilgan ishni koʻrsatib berish borasidagi iqtibos insof doirasida amalga oshirilganini isboti uchun u keltirgan voqealarni ayrim qismlari kesib tashlanganliklariga quyidagi misollarni keltiramiz: “Abu Hurayra roziyallohu anhuni yolgʻonchilikda ayblaganida keltirgan dalili quyidagicha: “Zubayr u (Abu Hurayra)ning hadislarini eshitganida: “rost, yolgʻon”, – dedi.[10]

Bu hadisni matnidan Zubayr roziyallohu anhu Abu Hurayra roziyallohu anhuni yolgʻon hadis toʻqishda ayblaganidek koʻrinadi. Aslida esa bu matn toʻlaligicha keltirilsa, haqiqat ayon boʻladi. “Al-bidaya van-nihaya” kitobining muallifi bunday keltiradi: “Urva ibn Zubayrdan rivoyat qilinadi. U kishi: “Otam menga: “Mana bu Yamanlik kishi (yaʼni, Abu Hurayra roziyallohu anhu)ni mening oldimga olib kelgin, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan koʻp hadis rivoyat qilayotgan ekan”, dedilar. Men olib keldim. Abu Hurayra hadis ayta boshladi. Zubayr: “rost, yolgʻon”, – der edi. Men: “Otajon, “rost, yolgʻon” degan soʻzlaringizning maʼnosi nima?” deb soʻradim.  Shunda otam: “Bu hadislarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganiga shubham yoʻq, lekin ayrimlari ichida oʻz oʻrniga qoʻygan, ayrimlarini esa yoʻq”.[11]

Yuqorida matn toʻliqligicha keltirilganida Abu Rayya keltirgan maʼlumotning aksi kelib chiqadi. Yanada tushunarli qilib aytsak, hadisdagi baʼzi soʻzlarning ayrimlari oʻz oʻrniga qoʻyilgani va ayrimlari esa oʻz oʻrniga qoʻyilmaganini tushunish mumkin.

Shunga oʻxshash misollardan yana biri, rivoyat qilingan hadislardan oʻziga dalil boʻladigan joyini olib, qolganini tark qilgan oʻrinki, buni Abu Rayya kitobining 192-sahifasida keltirgan: “Umar roziyallohu anhu Abu Hurayra roziyallohu anhuni Bahraynga voliy qilib qoʻydi. Soʻngra u (Abu Hurayra roziyallohu anhu)ning omonatga putur yetkazadigan baʼzi bir narsalar qilgani qulogʻiga chalinib, u kishini ishdan oldi va oʻrniga boshqa kishini voliy etib tayinladi. Ana shunda u kishiga qattiq gapirib, haqoratladi”.[12]

Haqiqat yuzaga chiqishi uchun muallif keltirgan qissani asl manbasiga yoʻllab qoʻyish va shu sababli haqiqatni yuzaga chiqarish maqsadga muvofiqdir. Zero, narsalardagi haqiqatni bilish uchun u muqoyasa qilinadi va haqiqatiga yetib boriladi. Sahobalarning tarixi borasida eng ishonchli manbalardan biri “Al Isoba” kitobida kelgan qissani eʼtiboringizga havola qilamiz: “Abdurrazzoq bizga Maʼmardan, u kishi Ayyubdan, u kishi esa ibn Sirindan rivoyat qilib aytadilarki: Umar roziyallohu anhu Abu Hurayra roziyallohu anhuni Bahraynga voliy etib tayinladilar. U kishi oʻn ming olib keldilar. Shunda Umar: “Bu pullarni qoʻlga kiritibsan, xoʻsh, qayerdan olding bularni?”, dedilar. U kishi dedi: “Otlar tugʻib koʻpaydi, ketma-ket hadyalar keldi, yana oʻzimga tegishli qullarning soligʻini toʻpladim”.  Shunda Umar unga qaradilar va qanday aytgan boʻlsalar xuddi shu holatda topdilar. Soʻng Abu Hurayra roziyallohu anhuni chaqirib, yana voliylik qilishlarini taklif qilganlarida, u kishi bosh tortdi. Shunda Umar: “Axir sendan koʻra yaxshiroq boʻlgan kishi (yaʼni Yusuf alayhis salom) mansabga oʻtirishni talab qilganku?!», deganlarida, Abu Hurayra: “U kishi Yusuf ibn Nabiyyulloh ibn Nabiyyulloh edi, men esa Abu Hurayra ibn Umaymaman.  Men uch narsadan qoʻrqaman: “Ilmsiz gapirib qoʻyishdan, notoʻgʻri hukm chiqarib qoʻyishdan va belimga urilib, obroʻyim poymol qilinib, bor-budimni yoʻqotishdan”, –  dedilar.

Hofiz Ibn Kasir “Bidoya”da huddi shu qissani zikr qilib, ortidan: Umar birinchi bor voliyligi vaqtida oʻn ikki ming zimmasiga yuklagan. Shu sababli ikkinchi marta voliylikdan bosh tortgani haqidagi boshqa bir hikoyani keltirganlar.[13]

Abdurrazzoqdan qilingan bu rivoyatida Abu Hurayra roziyallohu anhuga nisbatan boʻhton emas, balki maqtov bor. Shuningdek, kishilarni tarjimayi holi boʻyicha chuqur ilm egalaridan boʻlgan ikki buyuk imom (Imom Buxoriy va imom Muslim) ham oʻzlarining kitoblarida Abu Hurayradan hadis rivoyat qilishga ittifoq qilishgan. Ibn Kasir boshqa rivoyat keltirishiga qaraganda, u kishi tuhmat rivoyatga rozi boʻlmagan. Qolaversa, Abdurrazzoq buyuk imomlardan. Uning rivoyati Ibn Kasir bergan maʼlumotlardan koʻra eʼtiborli sanaladi.

Bundan tashqari, Umar roziyallohu anhu Abu Hurayra roziyallohu anhu haqlarida xuddi muallif aytganidek gumonda boʻlganida, unga ikkinchi marotaba voliylikni taklif qilar edimi?! Foruqning sifati va voliylarga nisbatan u kishining qattiqqoʻl ekanliklari hammaga maʼlum emasmi? Bu bilan bizga Abdurrazzoqning rivoyati ishonish lozim boʻlgan rivoyatlardan ekani ravshan boʻladi.

Kitobining 163-betida keltirgan quyidagi rivoyati ham shular jumlasidandir: “Umar roziyallohu anhu Abu Hurayra roziyallohu anhuga: “Ey Abu Hurayra, koʻp rivoyat qilib yubordingku! Rasulullohga yolgʻon gapirayotgan boʻlishing hech gap emas!” dedi va agar Rasulullohdan hadis aytishni qoʻymasa, oʻz yurtiga surgun qilib yuborishini aytdi: “Yo Rasulullohdan hadis aytishni qoʻyasan, yo seni Davs yeriga joʻnatib yuboraman!”[14]

Bunga javoban Muhammad Abu Shahba shunday deydi: “Ishonchli kitoblarning birortasida Umar uni yolgʻonda ayblagani haqida topa olmadim. Faqat muallif buni badiiy kitoblar yoki shunga oʻxshash narsalardan topgan boʻlishi mumkin yoki xayoliy tasavvurlari mahsulidan olgandir. Undan tashqari, Umarning Abu Hurayrani Davs yeriga surgun qilaman degan tahdididan uni yolgʻonchilikda ayblayotganining hidi ham kelmaydi! Balki bu ehtiyotkorlik va qattiqqoʻllikdan boshqa narsa emas. Zero, koʻp hadis rivoyat qilgan odamdan xato va kamchiliklar kutilishi tabiiydir. Hazrati Foruq hadis rivoyat qilishda qattiq ehtiyotkor ekani esa barchaga maʼlum.[15]

[1] Hadid surasi, 10-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qurʼoni karim oʻzbekcha maʼnolari tarjimasi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi. Istanbul. 2017. B-338.
[2] Baqara surasi, 143-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qurʼoni karim oʻzbekcha maʼnolari tarjimasi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi. Istanbul. 2017. B-15.
[3] Oli Imron surasi, 110-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qurʼoni karim oʻzbekcha maʼnolari tarjimasi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi. Istanbul. 2017. –  B.38.
[4] Imom Termiziy. Sunan Termiziy. 4234 raqamli hasan sahih hadis.
[5] Imom Bagʻaviy “Hadis Ali ibn Jaʼd” kitobida zikr qilgan.
[6] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. – B.202.
[7] Zindiq — adashgan, pastkash, zohirida imonli koʻringan, aslida kofir kimsa maʼnosida.
[8] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. – B.202.
[9] Nazzomiya firqasi musulmon moʻtazila firqasi sanaladi. Uning asoschisi Ibrohim ibn Sayyor ibn Honiy Nazzom al Basriy. Melodiy 777-yili Basrada tugʻilgan. Falsafachilardan taʼsirlangan. Abu Huzayl Allof qoʻlida moʻtazila taʼlimotini olgan. Moʻtazilaning eng katta olimlaridan boʻlgan. Keyinroq undan ajrab oʻzi alohida mustaqil Nazzomiya mazhabiga asos solgan.  36 ta kitob yozgan. Shogirdi Johiz uni sifatlab turib, “Har ming yilda bir keladigan shaxs”, “zamonasida tengsiz” ekanini aytgan. Ahmad Amin: “Moʻtazilalar undan keyin unga qaram, boqimanda boʻlishgan”, deya taʼriflagan. U 836-yili Bagʻdodda vafot etgan.
[10] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. – B.205
[11] Yuqoridagi manba. – B.206. Abu Haysama “Tarix” kitobida. Ibn Asokir “Tarix Dimashq” kitobida keltirgan.
[12] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. – B.206.
[13] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. – B.207.
[14] Abu Zurʼa Dimashqiy “Tarix”da keltirgan.
[15] Muhammad Abu Shahba. Difoʼ anis sunna. Dorul Qudus al Arabiy. Qohira.2019-yil. B.208.
OLIMXON YUSUPOV,
Hadis ilmi maktabi rektori

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …