Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni axloq normalariga rioya etish, maʼnaviy komillikka erishish borasidagi barcha saʼy-harakatlar insonning yoshlik, yaʼni oʻsmirlik davridan boshlanadi. Shu jihatdan qaraganda oʻsmir xulq-atvorining ijtimoiy determinantlarini oʻrganish zamonaviy falsafa fanini dolzarb muammolariga kiradi.
Taniqli jadid mutafakkirlaridan biri Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida taʼkidlashicha: “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad koʻz ila bir narsani koʻrur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi, yo yomon boʻladur. Jasadning surati hammaga maʼlum bir narsadurki, har vaqt koʻzga koʻrinib turadur. Ammo nafsning surati koʻzga koʻrinmaydurgan, aql ila oʻlchanadurgan bir narsadurki, bu xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulib tarbiyasiz, axloqsiz boʻlib oʻsdimi, “Allohu akbar”, bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turib yulduzlarga qoʻl uzatmak kabidur” [1: 11]. Mutafakkir axloq, odob, xulq-atvor va uni doimiy tarbiyalab borish borasida ulkan tadqiqotlar olib borgan. Insonlarning, ayniqsa yoshlarning oʻzaro ijtimoiy munosabatlarda, shaxslararo muloqotda axloq va xulq-atvor darajalarining oʻrnini diniy va dunyoviy misollar orqali tushuntirib bergan.
Oʻsmirlik inson hayotida muhim, oʻziga xos xususiyatga ega bosqichdir. Bu yosh shaxsda bolalik davrining tugashi bilan boshlanadigan davr boʻlib, unda oʻziga xos xarakterlar shakllana boshlaydi. Hayot mazmunini anglash bilan bogʻliq dunyoqarash vujudga keladi. Olimlarning taʼkidlashicha, “Oʻsmirlik 10–11 yoshlardan 14–15 yoshlargacha boʻlgan davrni tashkil etadi. Aksariyat oʻquvchilarda oʻsmirlik yoshiga oʻtish, asosan, 5–sinfdan boshlanadi. “Oʻsmir endi bola emas, biroq katta ham emas” – ayni shu taʼrif oʻsmirlik davrining muhim xarakterini bildiradi. Bu yoshda oʻsmir rivojida keskin oʻzgarishlar roʻy beradi. Bular fiziologik va psixologik oʻzgarishlardir. Fiziologik oʻzgarish jinsiy yetilishning boshlanishi va bu bilan bogʻliq ravishda tanadagi barcha aʼzolarning mukammal rivojlanishi va oʻsishi, hujayra va organizm tuzilmalarining qaytadan shakllana boshlashidir” [2: 73].
Shuningdek, A.Munavvarov tahriri ostida nashr etilgan “Pedagogika” oʻquv qoʻllanmasida oʻquvchilar “12-13 yoshdan 15-16 yoshgacha boʻlgan davrda oʻsmir deyiladi. Bu yoshda bolaning jismoniy va ruhiy taraqqiyotida keskin oʻzgarish roʻy berishi sababli, oʻtish davri deb ataladi. Bu yosh balogʻatga yetish davri deb ham ataladi. Qiz bolalar 13-15 yoshda, oʻgʻil bolalar 16-17 yoshida balogʻatga yetadi. Bu davr keskin oʻzgarishlarga boy boʻlgani sababli oʻsmirlar xulqida bir-biriga zid holatlar: goh bolalarcha serharakatlik, goh sustkashlik, goh joʻshqinlik, goh boʻshanglik, goho ishga kuchli havas, gohida ishni paysalga solish va oʻjarlik holatlari uchraydi” [3: 32].
Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholi fondi (UNFPA) tomonidan qayd etilishicha [4], ilk oʻsmir yoshi 12-14 yoshni, katta oʻsmir yoshi 15-19 yoshni tashkil etadi. Bugungi kunda zamonaviy fan oʻsmirlik yoshini uning qayerda va qaysi hududda yashashi, qanday milliy, madaniy, maʼnaviy, ijtimoiy va iqtisodiy oʻziga xosliklari mavjudligiga bogʻliq holda 12 yoshdan 17 yoshgacha, deb hisoblaydi. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, globallashuv davrida bolalarning oʻsmirlik davriga oʻtishi, ularning biologik va jinsiy jihatdan balogʻatga yetishi yosharib bormoqda.
Yoshlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi koʻp jihatdan uning axloqiy xususiyatlari, maʼnaviy qiyofasi va maʼrifiy saviyasiga bogʻliq. Yoshlarda ijtimoiy ishga masʼuliyat bilan yondashish, burchga sadoqat, oilada koʻmakdosh, mehnat munosabatlarida halol boʻlish kabi axloqiy sifatlar qadriyatga aylantirilsa, jamiyatda ishonchli maʼnaviy-maʼrifiy muhit shakllanadi. “Inson faoliyati va xulqidagi eng muhim jihat mulohazalilik, hodisa va jarayonlarni mushohada qila olish salohiyati ham tafakkur va ruhiyat uygʻunligidan nishonadir. Bizning koʻpgina xatti-harakatimiz xulqimiz bilan bogʻliq boʻlib, vaqt oʻtishi bilan ular odatga aylanadi” [5: 173]. Oʻsmir xulq-atvori va axloqiy fazilatlari jamiyat va inson maʼnaviy olamining muhim tarkibiy qismi boʻlishi bilan birga maʼrifiy jarayonlarning hosilasidir. Axloq doimiy ravishda oʻsmir ongi, tafakkuri, dunyoqarashi va aql-zakovatini sayqallab turuvchi, uning kamolot choʻqqisiga yetaklaydigan ijtimoiy-maʼnaviy hodisadir. Oʻsmir xulq-atvoridagi destruktiv holatlar esa uning ijtimoiy hayotini izdan chiqarib, jamoatchilik, oila, mahalla, taʼlim muassasasi va mehnat jamoasida beqaror muhit paydo boʻlishiga olib keladi.
Oʻsmir zamonaviy bilimlar, axborot texnologiyalari va ilmiy maʼlumotlarni yaxshi egallasa-da, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi yomon boʻlsa, bu ilm beqaror jarayonlarning vujudga kelishiga sabab boʻlishi mumkin. Shuni taʼkidlashimiz kerakki, har qanday bilimli inson axloqiy fazilatlarga ham erishishga intilsa, yuksak qadr-qimmatga ega boʻladi. Shu oʻrinda aytish lozimki, “Odamlar jismoniy kuch, isteʼdodi jihatdan teng emas va shunga qaramay, biz ularning barchasiga nisbatan maʼnaviy qadr-qimmatni birdek joyga qoʻyishga intilamiz. Shubhasiz, maʼnaviy egalitarizm (tenglik) – bu hech qachon yetishish mumkin boʻlmagan orzu, biroq biz unga borgan sari yaqinlashayotirmiz” [6: 109-110].
Oʻsmir xulq-atvorining barqaror darajasi unda umuminsoniy fazilatlarning namoyon boʻlishi, insoniylik qiyofasining mukammal shakllanishida muhim omildir. Uning maʼnaviy qiyofasi bu qatlam xulq-atvorini barqaror boʻlishi uchun muhim poydevor vazifasini bajarib, ijtimoiy hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun harakatlantiruvchi kuch sifatida ishtirok etadi. Oʻsmir xulq-atvorining barqaror boʻlishida quyidagi axloqiy sifatlar muhim oʻrin tutadi:
– insoniylik – umuminsoniy xislatlarni oʻzida mujassam etish, uning shaʼni, qadr-qimmati va erkinligini hurmat qilish, jamiyatda yashovchi barcha shaxslarni teng asosda hurmatini joyiga qoʻyish.
– vijdonlilik – jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy hayotida yuksak maʼnaviy fazilatlarni oʻzida mujassam etib, har bir xatti-harakatni yurakdan his etgan holda bajarish.
– or-nomus – jamiyatda mavjud milliy va diniy qadriyatlar, asrlar davomida shakllangan inson maʼnaviyatiga daxldor anʼanalar meʼyorlarini ijtimoiy-maʼnaviy hayotda mavjud boʻlishi uchun masʼullik.
– adolat – insonning haq-huquqini ijtimoiy hayotda vujudga kelishi uchun turli nohaqliklar, toʻsiqlar va salbiy holatlarga qarshi kurash, ijtimoiy-maʼnaviy barqaror muhitni vujudga keltirishga sharoit yaratish.
Oʻsmirlarning axloqiy qiyofasida yana shunday xususiyatlar borki, bu ularning maʼnaviy darajasini belgilaydi. Bu xususiyatlar ichida vijdon, mardlik, iroda kabi sifatlar muhim oʻrin tutadi. Vijdon oʻsmir maʼnaviy-axloqiy dunyosiga xos muhim hodisa boʻlib, shaxsning ijtimoiy faoliyati va ruhiy jarayonlarini oʻzi nazorat qilishiga zamin boʻladi. Oʻsmir xulq-atvorini oʻzi nazorat qilishi jamiyatning maʼnaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarida oʻziga xos ahamiyatga ega funksiyadir. Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi muhsinin” asarida bunday deyiladi: “Odob – bu yomon soʻzdan va yomon ishdan oʻzini tiymoqdir hamda oʻzining ham, oʻzganing ham izzatini saqlab, obroʻsini toʻkmaslikdir” [7: 23].
Oʻsmir maʼnaviy-axloqiy muhitida va ruhiyatida iroda muhim rol oʻynaydi. Uning xulq-atvorida iroda shunday hodisaki, maʼnaviy sohada baʼzi muammolar hamda tahdidlar paydo boʻlganda, u ong, tafakkur, tajriba va koʻnikmalar bilan uygʻunlashishi lozim. Yoshlar oʻzidagi iroda va matonat tuygʻularini shakllantirib, nafaqat oʻz kelajagi, balki mamlakat istiqbolini taʼminlashga, ijtimoiy-maʼnaviy taraqqiyotga xizmat qilishga safarbar eta olishi lozim.
Oʻsmir xulq-atvori va axloqiy jihatlari sogʻlomligini taʼminlash uchun muhim sifatlarning yana biri halollikdir. Insonlar oʻrtasida halollikka asoslangan munosabatlar shakllanishi va rivojlanishi maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Halollik oʻsmir maʼnaviy-axloqiy qiyofasida alohida sifat boʻlishi bilan birga, sadoqat, toʻgʻrisoʻzlik, sobitlik va masʼuliyat kabi sifatlar bilan uygʻunlikda boʻladi. Ana shu sifatlardan birortasi oʻsmir xulq-atvorida mavjud boʻlmasa, uning halollik fazilatlarining amaliy koʻrinishi ijtimoiy-maʼnaviy hayotda namoyon boʻlishi qiyin kechadi. Chunki jamiyatga sadoqat bilan xizmat qilmaydigan yoshlarning maʼnaviy qiyofasida muammolar vujudga keladi.
Oʻsmir maʼnaviy-axloqiy sifatlari uchun zarur xislatlardan yana biri mardlikdir. Bu sifat yoshlarning kundalik ijtimoiy turmushida juda katta ahamiyatga ega fenomendir. Mardlik muayyan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy maqsadga erishish yoʻlida yoshlarning oʻz huzur-halovati, moddiy-maishiy imkoniyati va turli imtiyozdan kechishga har doim tayyor ekanini anglatadi. Yoshlar birinchi navbatda oʻz vatani shaʼni va qadr-qimmatini yuksaltirish yoʻlida oʻzi uchun qadrli narsalarni asrab-avaylash, ularni doimiy himoya qilish uchun mardlik namunasini koʻrsatishga tayyor boʻladi. Natijada ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha muhim anʼanalar vujudga kelib, inson va jamiyat munosabatlari uygʻunligi taʼminlanadi.
Oʻsmir xulq-atvoridagi ijobiy xislatlardan jasurlik, fidoyilik, shijoat, mehnatsevarlik va masʼuliyat kabilar ham uning ijtimoiy muhitdagi oʻrnini belgilaydi. Mehnatsevarlik oʻsmirning kishilararo munosabatlarda, jamoa, oila va jamoatchilik orasida oʻzining namunali faoliyatini tashkil etishda ham muhim xislatdir.
Oʻsmirlarda ijtimoiy masʼuliyat tuygʻusi ham zarur axloqiy sifatdir. Ijtimoiy masʼuliyat yoshlarning maʼnaviy qiyofasini yuqori darajada shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Masʼuliyat va burch bir-biriga juda yaqin tushunchalar boʻlib, ular oʻsmirning muayyan sharoitda axloqiy meʼyorlar talab qiladigan mezonlarni anglashi va bajarishi borasidagi xatti-harakatini anglatadi. Izohli ilmiy-ommabop lugʻatda Oʻzbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy masʼuliyati ikki guruhga boʻlinadi:
-
Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy va davlat tuzumini mustahkamlashga qaratilgan masʼuliyat:
-
Oʻzbekiston manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan masʼuliyat:
Shuningdek, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy masʼuliyat bilan bogʻliq ushbu omillar oʻsmirning atrof-muhit va jamoatchilik oldida javobgarlikni his etishga oʻrgatadi. Javobgarlikni sezish esa bir qator holatlarga bogʻliq boʻlib, oʻsmir ijtimoiy faoliyatida muhim talablarni roʻyobga chiqishiga yordam beradi. Bular quyidagilar:
- Oʻsmir oʻziga qoʻyilayotgan ijtimoiy va axloqiy talablarni oʻz hayotiy faoliyatida bajarishga qodir yoki qodir emasligi.
- Oʻsmirning bu talablarni qay darajada anglagani va tushunib yetgani.
- Bu talablarni bajarish uchun oʻsmir qanday imkoniyatga egaligi.
- Oʻsmirning bu talablarni bajarish natijasida yuzaga keladigan oqibatlar uchun masʼuliyatni qay darajada anglab yetgani.
Oʻsmir maʼnaviy hayotini sogʻlomligini taʼminlashda zarur xislatlardan yana biri optimizmdir. Bu fenomen yoshlarni ijtimoiy hayot voqeligiga ijobiy koʻz bilan qarashga oʻrgatadi. Shuningdek, oʻsmirda tushkunlik kayfiyatini, oʻziga ishonchi yoʻqolishi kabi yomon illatlardan xalos etish va kelajakka ijobiy nazar bilan boqish hissini vujudga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, oʻsmir xulq-atvori tushunchasi va uning zamonaviy jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy hayot bilan bogʻliq determinantlarini oʻrganishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari quyidagi omillar bilan bogʻliq:
– zamonaviy sharoitda oʻsmir maʼnaviy-axloqiy qiyofasining qanchalik barqarorligi, uning ijtimoiy yoʻnaltirilgani muhim jarayon hisoblanadi;
– yoshlarning fuqarolik masʼuliyatini yuksaltirish jamiyatning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Unda ijtimoiy-maʼnaviy taraqqiyotga nisbatan yangicha qadriyatlar va anʼanalarning vujudga kelishiga oʻziga xos zamin yaratadi;
– oʻsmirlarning axloq normalariga rioya etish, maʼnaviy komillikka erishishi borasidagi jarayonlar, oʻsmir xulq-atvorini ijtimoiy determinantlarini oʻrganish ijtimoiy falsafa fanining dolzarb muammolariga kiradi;
– yoshlar jamiyat uchun qadrli ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy anʼanalarni asrab-avaylashi, ularni doimiy tarzda himoya qilishi ijtimoiy barqarorlikni yuksaltiradi, inson va jamiyat munosabatlari uygʻunligini taʼminlaydi.
-
Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. – T.: Oʻqituvchi, 1992.
-
Pedagogik psixologiya fanidan maʼruzalar matni. – T.: TDYUU, 2005. https://staff.tiiame.uz/storage/users/83/books.
-
Pedagogika. Oʻquv qoʻllanma / A.Q.Munavvarovning umumiy tahriri ostida. – T.: Oʻqituvchi, 1996.
-
Sherbakova Ye. Vozrastnыye granisы otrochestva i yunosti ne jestki. // Demoskop Weekly, 2012. – №: 509-510.
-
Grimak L.P. Rezrivы chelovecheskoy psixiki. – M.: Politizdat, 1989.
-
Dyurkgeym E. Sennostnыye i realnыye sujdeniya // Sotsiologicheskiye issledovaniya. 1991. – №. 2.
-
Hikmatlar durdonalari. – T.: Mehnat, 1993.
-
Mustaqillik. Izohli ilmiy-ommabop lugʻat. – T.: Sharq, 1998.