Butun islom olamida Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari yetib bormagan makon yoʻq. Imom Buxoriyning hadis ilmidagi buyuk maqomi nafaqat islom ummati, balki boshqa din vakillari tomonidan ham eʼtirof etilgan. Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy” asarini toʻqson mingdan ziyod roviylar, muhaddislar eshitib, rivoyat qilgan. “Sahihul Buxoriy” asarining rivoyat qilinishi, saqlanishi va oʻzgarishsiz yetib kelishida islom ummati orasidan yetishib chiqqan mashhur roviy, kotib va muhaddislar xizmati buyukdir.
Dunyo qoʻlyozma fondlarida “Sahihul Buxoriy”ning mavjud nusxalari faqat Firabriy tomonidan rivoyat qilingan hadis sanadi asosida saqlab qolingan. Bu haqda Ibn Hajar Asqaloniy (vaf. 852/1449) bunday taʼkidlaydi: “Bizning asrimizgacha “Sahihul Buxoriy” asarining rivoyati Muhammad ibn Yusuf Firabriy orqali yetib kelgan”[4: 491-492]. Hajar Asqaloniy hadis ilmi borasida juda katta xizmat qilgan. Ayniqsa, “Sahihul Buxoriy” asarini tahrir qilish va sharhlash borasidagi xizmati buyuk boʻldi. Muhaddis oʻzidan oldin yozilgan “Sahihul Buxoriy” asari sanadini uzluksiz va ishonchli sanadlar orqali Firabriyga yetib borishini taʼkidlaydi. Bu bilan Misr va butun arab diyorlariga yetib borgan “Sahihul Buxoriy” asari sanadi ishonchli ekani ilmiy asoslab berilgan.
“Sahihul Buxoriy”ning mashhur roviylari asosan beshta boʻlganiga ittifoq qilingan. Mazkur roviylar “Sahihul Buxoriy”ning birinchi tabaqa vakillari hisoblanadi. Ibn Hajar “Fath al-Boriy fiy sharhi Sahihul Buxoriy” asarida: “Sahihul Buxoriy”asari bizga besh roviy rivoyati asosida yetib kelgan”, degan. Ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Matr ibn Solih ibn Bishr Firabriy (vaf. 321/933), Ibrohim ibn Maʼqal ibn Hajjoj Nasafiy (vaf. 294/907) [1: 1-62], Hammod ibn Shokir Nasaviy (vaf. 290/903), Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Aliy ibn Qoriyna Bazdaviy (vaf. 329/941) va Qoziy Husayn ibn Ismoil Muhomiliy eng mashhur roviylardan boʻlgan [3: 1-8].
Ushbu besh roviy tomonidan rivoyat qilingan “Sahihul Buxoriy” asari olimlar, roviylar, muhaddis va kotiblarning buyuk xizmatlari asosida oʻzgarishsiz yetib kelmoqda. “Sahihul Buxoriy” asarini Imom Buxoriyning oʻzidan toʻqson ming kishi rivoyat qilgan. Shubhasiz, bu roviylar buyuk muhaddisning dars majlislarida boʻlib, hadislarni eshitgan va yozib olgan. Shuncha koʻp adad roviylardan faqat besh nafari tomonidan “Sahihul Buxoriy” asari hozirgi davrgacha yetib kelgan.
Imom Firabriy “Sahihul Buxoriy” asarini ustozi Imom Buxoriydan ikki marta eshitib, yozib olgan. Birinchi marta 248/862-yili Firabda va ikkinchi marta 252/864-yili Buxoroda eshitgan. Imom Firabriy Imom Buxoriy vafotidan keyin 65-yil davomida “Sahihul Buxoriy” asarini koʻplab muhaddis va shogirdlariga rivoyat qilgan [5: 462].
“Sahihul Buxoriy”ni muhaddisdan keyingi davrga yetib kelishida juda koʻplab muhaddislar xizmat qilgan. Imom Buxoriydan asarni birinchi roviylari movarounnahrlik muhaddislar boʻlgani taʼkidlanadi. Ular “Sahihul Buxoriy”ni oʻz shayxlaridan yozma va ogʻzaki tarzda olgan va shu tariqa asar bizning davrimizgacha yetib kelgan.
Movarounnahrdan yetishib chiqqan Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy, Shokir an-Nasaviy, Aliy ibn Qoriyna Bazdaviy, Imom Kushshoniy, Abu Haysam Kushmihoniy, Karima binti Marvaziya, Ismoil Muhomiliy va boshqa buxorolik, nasaflik, shoshlik, samarqandlik muhaddislar “Sahihul Buxoriy” asarini Imom Buxoriydan rivoyat qilgan birinchi va ikkinchi tabaqot vakillari hisoblanadi.
Bu roviylarning oltin sanadi keyingi hadis ilmi tabaqotlariga uzviy bogʻlanadi. “Sahihul Buxoriy”ning muhaddisdan roviylari toʻqson mingdan koʻp boʻlgani zikr etilsa-da, uning birinchi roviylari Firabriy va Maʼqal Nasafiy hisoblanadi [2:666]. Mazkur ikki muhaddisning sanadisiz “Sahihul Buxoriy” asarini keyingi davrgacha yetib kelishini tasavvur qilib boʻlmaydi.
“Sahihul Buxoriy” asari Imom Buxoriydan keyingi davrlarda buyuk muhaddislar tomonidan chuqur oʻrganilib, turli davr taqozosiga qarab qiyosiy-ilmiy tahrir qilingan. Bu tahrirdan asosiy maqsad oʻquvchiga qulaylik yaratish hamda asarda kotib, xattot va roviylar xatosi sabab kirib qolgan baʼzi oʻzgarishlarni isloh qilishdan iborat boʻlgan. Shuningdek, hadislar matni va roviylar sanadi sahihligini oshirish ham maqsad qilingan.
“Sahihul Buxoriy” qoʻlyozmalarining yozilishi tarixi va tahrir qilish sababi quyidagicha boʻlgan:
Mustamliy (vaf. 376/986) aytadi: “Firabriyda mavjud boʻlgan “Sahihul Buxoriy” asari nusxasida oxiriga yetmagan, qoralangan, oqqa koʻchirilmagan va boblarga ajratilmagan joylarni koʻrdim. Asarni boblarga ajratib, baʼzi hadislar sanadini toʻldirgan holda Buxoriyning kitobini koʻchirdim”, dedi [3:1-5]. Mustamliyning bu soʻzini hadis ulamolari “Sahihul Buxoriy”ni boblarga ajratib, baʼzilarini mavzuga oid hadislar bilan nomlagan deb aytadi. Mustamliy va Firabriyning bu kitobni bob nomlari va hadislar sanadini tahrir qilish vaqti 320/932-yillarga toʻgʻri keladi deyish mumkin;
“Sahihul Buxoriy” asari keyin Abu Zarr Haraviy (vaf. 434/1043) tomonidan tahrir qilinib, foydalanish uchun qulay nusxasi taʼlif etilgan. Muhaddis Imom Firabriydan toʻgʻridan-toʻgʻri rivoyat qilgan uchta muhaddis Abu Isʼhoq Mustamliy (vaf. 376/986), Abu Muhammad Hamavay Saraxsiy (vaf. 381/991) va Abu Haysam Kushmihoniy (vaf. 389/999) rivoyatlari asosida “Sahihul Buxoriy” asarini rivoyat qilgan. “Sahihul Buxoriy” asarini qiyosiy oʻrganib, kuchli dalillar asosida tahrir qilgan holda asar qoʻlyozma nusxasini yozgan. Abu Zarr Haraviy tomonidan amalga oshirilgan bu tahrir 430/1040-yillarga toʻgʻri keladi. Bu nusxa keyingi davr muhaddislari uchun asosiy manba vazifasini bajargan [6:12];
Muhammad Yuniniy (701/1302 v.y.) “Sahihul Buxoriy”ni koʻplab nusxalarini tadqiq va tahrir qilgandan keyin ularning bir-biridan baʼzi jihatlari bilan farq qilishini koʻradi. U asarni asl manbasida qanday boʻlganini bilish uchun uni solishtirib chiqib, “Yuniniy” nusxasini yozishga kirishadi. Bu ish uchun u “Sahihul Buxoriy”ning oʻziga sanadi bilan yetib kelgan beshta nusxasini asos qilib oladi.
Hozirgi kunda islom olamida mashhur boʻlgan “Sahihul Buxoriy”ning “Sultoniya” nusxasini tayyorlanishida ham asl manba sifatida “Yuniniy” nusxasi olingan.
Sulton Abdulhamid 1311/1894-yilda “Sahihul Buxoriy” asarining asl manba asosida yangi nusxasini tayyorlash boʻyicha Misr ulamolariga buyruq beradi. Bu tahrir va tahlil ishlariga Misr hadis olimlaridan boʻlgan shayx Hasan Navaviy rahbarlik qiladi. U oʻn oltita oʻz davrining yetuk olimlari, muhaddislar, lugʻatshunoslardan iborat hayʼat tuzadi. “Sahihul Buxoriy” asariga yozilgan barcha qoʻlyozmalar tanlab olinadi va har bir yozma manba chuqur tahrir va tahlil qilinadi. Aniqlangan kamchiliklar jadval asosida yozib borilib, boshqa nusxalar, shorihlar tomonidan yozilgan sharhlar, arab tili qoidasi, mantiq, balogʻat ilmlariga tayanib, kelishilgan holda qaror qabul qilinadi va kitobga asoslangan holda kiritiladi. Kitobdagi har bir bahs va muhokama talab etiladigan oʻrinlarda muhim yechim qabul qilish maqsadida dunyo ulamolariga murojaat qilinadi va barcha mazhab imomlariga maslahat uchun taqdim etiladi. Har bir hadis matni, roviysi, sanadining sahihligi va arab tili lugʻati qoidalariga mutanosib kelishi sinchiklab tekshiriladi.
“Sultoniya” nusxasi musahhihlari “Sahihul Buxoriy”ning sahihligi, uning lugʻat va sanadining toʻgʻriligida “Yuniniy” nusxasiga tayandik. Boshqa nusxalardan deyarli foydalanmadik”, deb taʼkidlagan [2:806]. Shuningdek, “Sultoniya” nusxasini tayyorlashda tasnif etilgan mashhur sharhlardan ham keng foydalanilgan.
Imom Buxoriydan keyin Mustamliy, Abu Zarr, Usuliy, Muhammad Yuniniy, Ibn Hajar Asqaloniy va Sulton Abdulhamid tomonidan “Sahihul Buxoriy” asari nusxalari qayta yozilgani, bu asarning batamom oʻzgartirilgan degani emas. Ularning barchasini asosiy maqsadi asarni har bir davr oʻquvchisi uchun qulayligini oshirish va baʼzi qoʻlyozma nusxalariga kirib qolgan xato va nuqsonlarni qiyosiy solishtirish hamda chuqur oʻrganish natijasida ijmoʼ ittifoqi bilan isloh qilish boʻlgan. Bu isloh qilishlar asosan asardagi hadislar matni sahihligini oshirib, roviylar sanadini toʻgʻrilashga xizmat qilgan. Hadis ilmi tarixi hamda hadislarning matni va roviylar tarixiga eʼtibor qaratish islom tarixi avvalidan to hozirgacha katta ehtimom qilib kelinayotgan jihat hisoblanadi. Zero, bu ilmga shariat magʻzi, Qurʼoni karimni tafsirlab beruvchi manba sifatida qaraladi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, hadis ilmi doimo islom ummati olimlari va muhaddislari tomonidan asl manbalar asosida oʻrganilib, har bir davr oʻquvchisi ehtiyoji va salohiyatidan kelib chiqqan holda sharh va izohlar bilan toʻldirib boriladi.
Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlari va aytgan hadislari bir ming toʻrt yuz yildan buyon oʻrganib kelinmoqda. Islom ummati ixlos va imon bilan unga amal qilib kelmoqda. Qurʼoni karim maʼnolarini teran anglash, amalga tatbiq etish va mohiyatini tushunishda biz doim hadisga ehtiyojimiz katta. Hadislarsiz islom asosini va shariat magʻzini tushunish mushkuldir. Har bir oyat nozil boʻlar ekan unda ummat tushunchasiga mos qilib tushuntirib berilgan Rasululloh (s.a.v.)ning hadislariga murojaat qilamiz. Hadislar orqali oyatlar maʼnosi va ulardan iroda etilgan hukmni tushunib yetamiz.
Bugungi kunda mafkuraviy xurujlar avj olib, har bir toifa oʻz qarashlarini asoslashga urinmoqda. Shuningdek, muhaddislar va hadis ilmiga nisbatan noxolis yondashuv paydo boʻlmoqda. Shuning uchun bu sohada keng miqyosdagi tadqiqotlar olib borish har qachongidan ham muhim va dolzarb hisoblanadi.
-
Abu Ali Jayyoniy. Taqyid al-Muhamil. – Misr: Dor al-Favoid, 2011.
-
Juma Fathiy Abdulhalim. Rivoyatu jomiyi-s-sahih va nusxatu, dirosat, nazariya, tatbiqiya. – Qatar: Dor al-Falloh, 2013.
-
Ibn Hajar. Fath al-boriy fi sharhi Sahih al-Buxoriy. – Qohira: Maktaba al-mansura, 2011.
-
Hajar Asqaloniy. Hadyii Sariy muqaddimati Fathi Boriy. – Ar- Riyod: 2011.
-
Shayx Abdusattor. Imom Buxoriy: ustozlar ustozi, muhaddislar imomi, mujtahidlar hujjati va Sohibi Jomiy-l-musnadi-s-sahih. – Damashq: Dor al-qalam, 2007.
-
Shifo Ali Hasan al-Faqih. Rivoyat jomiy sahihi Imom Buxoriy. – Damashq: Al-Maʼmun, 2018.