Home / MAQOLALAR / MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun imkoniyat kengaydi[32:176-177]. Islom arkonlari jamiyatimiz kundalik hayotida tatbiq etila boshlandi va ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda ham koʻplab tadqiqotlar amalga oshirildi.

Islom dini zamirida vujudga kelgan tasavvuf taʼlimoti, asrlar davomida shakllandi va taraqqiyot bosqichlaridan oʻtdi [20:3]. Tasavvuf taʼlimotiga oid kitoblar shu darajada koʻp yozildiki, endilikda uni birgina shayx yoki olim tomonidan sharhlanishi yetarli boʻlmay qoldi. Natijada ziyolilar, tadqiqotchilar, tasavvuf muxlislari tomonidan taʼlimotni oʻrganish jarayoni boshlandi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda tasavvuf taʼlimotining maʼnosini ochib berishga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Jumladan, 1991-2022-yillarda tasavvuf taʼlimotiga oid 50 dan ortiq dissertatsiya himoya qilindi. Ularni yillar kesimida uch davrga boʻlib tadqiq etish maqsadga muvofiq:

Birinchi davr – 1991-2000-yillar;
Ikkinchi davr –  2001-2016-yillar;
Uchinchi davr – 2017-2022-yillar.

Bu davrlarda dissertatsiyalar himoyasi asosan ijtimoiy–gumanitar fanlarda amalga oshirildi. Tarix, filologiya, falsafa, islom tarixi va manbashunosligi, dinshunoslik, psixologiya, pedagogika, jurnalistika, sanʼatshunoslik kabi fanlar shular jumlasidandir [31:50].

Birinchi davr: 1991-2000-yillarda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarda asosan tarix, adabiyot, falsafa, sanʼatshunoslik sohasi vakillari R.Tillabayev, B.Babadjanov, E.Karimov, Z.Qutiboyev, N.Hasanov, A.Abduqodirov, A.Nizamov, R.Shodiyev, I.Haqqulov, N.Gʻafforov, B.Nazarov, M.Jakbarovlar yetakchilik qildi.

Ikkinchi davr:  2001-2016-yillarda tasavvuf taʼlimotini oʻrganishga bagʻishlangan dissertatsiyalarni tadqiqotchi olimlardan F.Isomiddinov, M.Razzoqova, J.Neʼmatova, O.Sharipova, G.Navroʻzova, N.Safarova, U.Qosimov, B.Mallaboyev va boshqalar muvaffaqiyatli himoya qildi.

Uchinchi davr:  2017-2022-yillarda N.Hasanov, X.Samatov, K.Rahimov, A.Qandaharov, M.Mamatov, Q.Roʻzmatzoda, A.Bektasheva, J.Xolmoʻminov va boshqa olimlar ilmiy tadqiqot natijalarini zamonaviy ilm-fan talablariga uygʻunlashtirgan holda keng jamoatchilikka taqdim etdi [40:1].

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan rasman tasdiqlangan mavzular asosida tasavvuf taʼlimotini tadqiq etayotgan bir qator ilmiy izlanuvchilarni ham alohida taʼkidlash lozim. Bugungi kunda ushbu tadqiqotchilar tomonidan tasavvuf taʼlimotiga oid ilmiy maqola va tezislar jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Jumladan, Sh.Agzamxodjayeva, J.Samatov, A.Ergashev, D.Olimova, D.Satiboldiyeva, A.Ergashov, S.Pulatov, D.Gʻafurov, M.Oʻrazmetov, R.Rajabova, D.Muxsimovlar oʻz ilmiy tadqiqotlarida tasavvuf manbashunosligi, tasavvufiy tafsirlar, oʻzbek tasavvuf sheʼriyatidagi munojotnoma va meʼrojnomalarning adabiy-ilmiy tahlili va boshqa mavzularni yoritmoqda. Shuningdek, Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Abu Homid Gʻazzoliy, Muhyiddin ibn Arabiy, Sulaymon Boqirgʻoniylarning tasavvufiy qarashlari va konsepsiyalarini oʻrganishga ham eʼtibor qaratmoqda [28:86, 166, 170, 175, 282, 311, 198, 91, 62, 213, 229].

Yuqorida istiqlol yillarida tasavvuf taʼlimotining oʻrganilishini uch davrga ajratgan edik. Ushbu tadqiqot davrlarida himoya qilingan ilmiy ishlarning oʻziga xos jihatlarini ham koʻrishimiz mumkin. Jumladan, birinchi davr – 1991-2000-yillarda himoya qilingan 12 ta dissertatsiyaning 5 tasi rus tilida yozilgan boʻlib, keyingi davrlarda himoya qilingan ilmiy tadqiqotlarda oʻzbek tilining ulushi koʻpayib bordi.

Bu davrda tarix fanida (4 ta), filologiyada (4 ta), falsafada (3 ta), sanʼatshunoslikda (1 ta) ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Tarix fanlari boʻyicha himoya qilingan dissertatsiyalar muhim ahamiyatga ega masalalar bilan birga Markaziy Osiyoda vujudga kelgan tariqatlarni oʻrganishga bagʻishlandi. Naqshbandiy shayxlarining Markaziy Osiyo xalqlari hayotidagi oʻrni, ular faoliyatiga oid agiografik manbalar, Xoja Ahror Valining ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy faoliyati kabi mavzulardagi tadqiqotlar shular jumlasidandir[1:105; 7:156; 9:278; 26-207].

Adabiyotshunos olimlardan N.D.Hasanovning “Sulton Ahmad Haziniyning “Javohirul abror min amvojil bihor” asari va uning Yassaviyshunoslikdagi ilmiy-tarixiy qimmati” [37:154] mavzusidagi dissertatsiyasida Xoja Ahmad Yassaviy hayoti va ijodi, yassaviylik tariqatining vujudga kelishi unga doir manbalar tahlil etilgan. Sulton Ahmad Haziniy va Yassaviy faoliyatining uygʻun jihatlari oʻrganilgan. Shuningdek, “Devoni hikmat” va  “Javohirul abror” asarlari, ulardagi tasavvufiy masalalar va tushunchalar tahlil etilgan.

Tadqiqotchi 2017-yilda “Yassaviylikka doir manbalar va “Devoni hikmat” [36:100] mavzusi boʻyicha doktorlik (DcS) dissertatsiyasini yoqladi. Unda Oʻzbekistonda yassaviyshunoslik holati, uning sharq va gʻarbda tadqiq etilishi tahlil qilingan.

Naqshbandiylik tariqatining eng mashhur vakili Bahouddin Naqshband siymosining tasviri, maqomatlarda qoʻllangan badiiy til vositalari va sanʼatiga oid masalalar B.Nazarov [13:272] tomonidan tadqiq qilindi. Oʻzbek tasavvuf sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyoti, tasavvuf taʼlimotida sheʼriyat janrining paydo boʻlishi, turli tasavvufiy gʻoyalarning ilmiy nazariy jihatlari va manbalari tahlili I.Haqqulov [35:282] tadqiqotlarida oʻz aksini topdi. Shuningdek, A.Abduqodirov izlanishlarida tasavvuf va Alisher Navoiy ijodiyotida vahdatul vujud masalasi oʻrganildi.

Bu davrda tasavvuf taʼlimotini falsafa va sanʼatshunoslik fanlari doirasida tadqiq etishga bagʻishlangan dissertatsiyalar ham himoya qilindi. Jumladan, “Sufizm v duxovnoy jizni narodov Sredney Azii (IX-XII vv.)” (R.Shodiyev) va “IX-XII asr Movarounnahr falsafiy fikrida ijtimoiy ideal va komil inson muammosi” (M.Jakbarov) nomli tadqiqotlarda “komil inson” konsepsiyasi yoritildi. Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha “Sufizm v kontekste muzыkalnoye kulturы narodov Sentralnoy Azii” (A.Nizamov) mavzusidagi tadqiqotda zikr va samoʼ marosimlari oʻrganildi.

Tadqiqotimizning eng katta davriy jarayonini qamrab olgan “ikkinchi davr” – 2001-2016-yillar boʻlib, bu davrda  birinchisiga nisbatan koʻproq fan sohalarida tadqiqotlar amalga oshirilganini kuzatamiz. Jumladan, pedagogika, psixologiya, islom tarixi va manbashunosligi, jurnalistika yoʻnalishlarida ilk marotaba tasavvuf taʼlimotini oʻrganishga bagʻishlangan tadqiqot ishlari olib borildi. Masalan, psixologiya fani boʻyicha U.Qosimovning “Komil insonning ijtimoiy psixologik-xususiyatlari (A.Gʻijduvoniy taʼlimoti asosida)” va M.Xolnazarovaning “Naqshbandiya tariqatida psixologik qarashlar” mavzusidagi tadqiqotlarida tasavvuf taʼlimoti zamonaviy psixologik nazariya va yondashuvlar asosida tadqiq etilgan. Jurnalistika yoʻnalishida G.Togʻayevaning “Oʻzbek matbuotida tasavvuf taʼlimotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari va shakllari” mavzusidagi tadqiqotida tasavvuf taʼlimoti nazariyasi, uning adabiyotdagi oʻrni va tasavvuf manbalarining matbuotda yoritilishi oʻrganilgan. Shu bilan birga oʻzbek matbuotida tasavvufiy maqolalarning bayon etilishi uslublari alohida tadqiq etilgan.

Shuningdek, pedagogika sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlarini ham alohida taʼkidlab oʻtish zarur. Jumladan, M.Xajiyevaning “Xoja Ahmad Yassaviyning maʼnaviy-tarbiyaviy qarashlari” mavzusidagi tadqiqot ishida inson shaxsining shakllanish omillari va eʼtiqod tarbiyasi oʻrganilgan. K.Qilichevaning izlanishlarida [8:139] esa talabalar maʼnaviyatini oshirishda tasavvuf taʼlimoti namoyandalari merosidan unumli foydalanish hamda Naqshbandiya tariqatining pedagogik jihatdan ahamiyatini yoritish masalalariga eʼtibor qaratilgan. Tadqiqotchi G.Zaripovaning “Naqshbandiya tariqatida taʼlim-tarbiyaning oʻziga xos pedagogik texnologiyasi” mavzusidagi tadqiqotida Naqshbandiya tariqatida shaxsning zohiriy va botiniy jihatlarini tarbiyalashda zikr va suhbat usuli oʻziga xos uslub ekani alohida bayon etilgan.

Fan sohasidagi tadqiqotlarda filologiya yoʻnalishida amalga oshirilgan ilmiy ishlar ham tasavvuf taʼlimotini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Jumladan, K.Mullaxoʻjayeva oʻz tadqiqotida [12:268] Navoiy gʻazallarida tabiat tasviri va soʻfiyona qarashlar ifodasidagi uygʻunlikni ochib berdi. Tasavvuf taʼlimotini oʻrganishda tarix fani eng asosiy tarmoqlardan biridir. Fan yordamida tasavvuf taʼlimotining shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari oʻrganiladi. Shu bilan birga tasavvuf maktablari faoliyatiga taʼsir qiluvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarni, mashhur shaxslar va tarixiy manbalarning qiyosiy tahlilini oʻrganadi. Bu tadqiqotlar tasavvuf taʼlimotini oʻrganishni istovchi tadqiqotchilar uchun dastlabki maʼlumotlarni beradi.

Masalan, N.Xidirovaning “Xoja Muhammad Porso Xojagon – Naqshbandiya tariqatining rivojlanishida tutgan oʻrni va roli (XIV asr oxiri – XV asr boshlari)” va X.Yuldashxodjayevning “Musoxon Dahbediyning naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XVIII asr)” mavzusidagi hamda boshqa ilmiy tadqiqot natijalarini [5:157; 10:154; 18:126; 27:285; 30:150; 33:159; 39-151] alohida taʼkidlash lozim.

Tasavvuf sohasi tarixshunosligi boʻyicha olib borgan izlanishlarimiz xulosasiga koʻra, tasavvuf taʼlimotini mustaqillik yillarida yurtimizda eng koʻp tadqiq etgan fan falsafa hisoblanadi. Bu holatni falsafa fanining obyekti va predmetining koʻlami juda kengligi bilan izohlashimiz mumkin. Ushbu fan nuqtayi nazaridan tasavvuf taʼlimotidagi irratsional gʻoya va nazariyalarni oʻrganish katta imkoniyat beradi. Bu jihatlar oʻz navbatida faylasuflarning tasavvuf taʼlimoti boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borish imkoniyatini oshiradi.

Masalan, G.Navroʻzovaning “Naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va barkamol inson tarbiyasi” va S.Ismoilovning “Naqshbandiya tariqatining tasavvuf taraqqiyotidagi oʻrni” nomli tadqiqotlarida uning obyekti hisoblangan inson kamolotidagi ruhiy, axloqiy, tasavvufiy gʻoyalar va nazariyalar falsafiy tadqiq etilgan [2:157; 6:138; 16:133; 19:154; 22:148; 24:172; 25:135; 38:160].

Uchinchi davr – 2017-2022-yillarda tasavvuf manbalarini tadqiq etgan olimlardan K.Rahimovning “Xojagon-naqshbandiya taʼlimotining ildizlari va shakllanish manbalari (IX–XIV asrlar)” nomli falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi va “Mustamliy Buxoriyning “Sharh at-taʼarruf” asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga taʼsiri” mavzusidagi tarix fanlari doktori (DSc) darajasini olish uchun yozgan ilmiy tadqiqot ishlarini aytib oʻtish mumkin. Shuningdek, A.Qandaharovning tasavvuf tariqatlarining XVI asr ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotdagi oʻrnini ochib berishga bagʻishlangan “XVI asrda Karmana shayxlarining ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotda tutgan oʻrni” mavzusidagi ilmiy izlanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, falsafa sohasi tadqiqotchilari tasavvuf taʼlimotini yurtimizda eng koʻp tadqiq etgan fan sohasi vakillari hisoblanadi. Toʻgʻri, 1991-2000-yillarda bu soha vakillari tomonidan himoya qilingan dissertatsiyalar ulushi katta boʻlmagan. Bu holatni mustabid tuzumdan endigina ozod boʻlgan falsafa fanida xudosizlik gʻoyasiga asoslangan kommunistik mafkura asoratlarining mavjudligi bilan asoslashimiz mumkin [29:403]. Ammo keyingi ikki davr 2001-2016 va 2017-2022-yillarda tasavvuf taʼlimotini oʻrganishda faylasuflarning eng koʻp ilmiy tadqiqot olib borganini koʻrishimiz mumkin [3:256; 11:217; 14:129; 15:230; 17:142; 21:298; 23:125; 34:244; 36:271].

Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, mamlakatimizda tasavvuf taʼlimotini samarali tadqiq etishda quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
– Tasavvuf sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga islomshunoslik mutaxassislarini koʻproq jalb etish;
– Yurtimizda tasavvuf taʼlimoti boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar tasnifini ishlab chiqish;
– Tadqiqot ishlariga xorijdagi nufuzli ilmiy maslahatchilarni biriktirish;
– Yurtimizdagi tasavvuf manbalarining alohida katalogini nashr etish;
– Tasavvuf taʼlimoti boʻyicha mahalliy grant loyihalari miqdorini oshirish;
– Tasavvuf taʼlimotiga oid xorijiy grant loyihalarida mahalliy olim va tadqiqotchilar ishtirokini qoʻllab-quvvatlash.

Soʻnggi yillarda yurtimizda olib borilgan islohotlar natijasida islomshunoslik fanlari yoʻnalishida ham tasavvuf taʼlimotini oʻrganish imkoniyati kengayib bormoqda. Axborot oqimi jadallashgan bu davrda muqaddas islom dini zamirida vujudga kelib, taraqqiy etgan tasavvuf taʼlimotini oʻrganish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Insoniyat axloqiy tanazzulini bartaraf etishda eng samarali yoʻllardan biri tasavvuf taʼlimoti boʻlib, asrlar davomida sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib kelmoqda. Shu jihatdan, bunday maʼnaviy merosimizni yosh avlodga yetkazish tadqiqotchi olimlar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Babadjanov B. “Politicheskiy deyatelnost shayxov Nakshbandiya v Maverannaxre (I polovina XVI v.)”. Tarix.f.n.diss. – T.: 1996.
  2. Zaynobidinova N. “Jaloliddin Rumiy tasavvufiy taʼlimotida inson maʼnaviy kamoloti masalasi”. Falsafa.f.n.diss. – T.: 2011.
  3. Isaqova Z. “Irfon va uning sharq falsafiy tafakkuri rivojidagi oʻrni (X-XIII asrlar)”. Falsafa.f.d. (DSc) diss. – Samarqand: 2022.
  4. Islom: spravochnik. M.A.Usmonov tahriri ostida. – T.: Matbuot, 1989.
  5. Ismoilov M. “Shayx Xudoydod “Bahr al-ulum” asari Markaziy Osiyoda tasavvuf tarixiga oid muhim manba (XVIII asrning ikkinchi yarmi)”. Tarix.f.n.diss. – T.: 2006.
  6. Isomiddinov F. “Shayx Sanʼon haqidagi qissalarning qiyosiy tahlili (Farididdin Attor va Alisher Navoiy asarlari asosida)”. Filologiya.f.d.diss. – T.: 2001.
  7. Karimov E. “Sufiyskiye tarikatы v Sentralnoy Azii XII-XV vv.”. Tarix.f.d.diss. – T.: 1998.
  8. Qilicheva K. “Oliy taʼlim tizimida tasavvuf taʼlimoti vositasida talabalar maʼnaviyatini shakllantirish”. Pedagogika.fan.nomz. – T.: 2005.
  9. Qutiboyev Z. “Xoja Ubaydulloh Ahror va uning Movarounnahrni XV asrdagi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni”. Tarix.f.d.diss. – T.: 1998.
  10. Mallaboyev B. “Chorizmning Turkistonda vaqf mulkchilik siyosati (Xoja Ahror avlodlari vaqf mulklari misolida)”. Tarix.f.n.diss. – Namangan: 2004.
  11. Mamatov M. “Tasavvuf taʼlimotining tarixiy-falsafiy mohiyati”. Falsafa.f.d. (DSc) diss. – T.: 2018.
  12. Mullaxoʻjayeva K. “Alisher Navoiy gʻazaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy sanʼatlar uygʻunligi (“Badoeʼ ul-bidoya” devoni asosida)”. Filologiya.f.d.diss. – T.: 2009.
  13. Nazarov B. “Islom agiografiyasi tizimida maqomatning oʻrni va uning badiiy-uslubiy xususiyatlari (Bahouddin Naqshband maqomatlari misolida)”. Filologiya.f.d.diss. – T.: 2000.
  14. Namozov B. “Abu Bakr Kalobodiy tasavvufiy qarash­larining falsafiy asoslari”. Falsafa.f.n.diss. – T.: 2011.
  15. Namozov B. “Muhammad Porso tasavvufiy taʼlimotining falsafiy asoslari”. Falsafa.f.d. (DSc) diss. – Samarqand: 2021.
  16. Neʼmatova J. “Yassaviylik va uning ijtimoiy-falsafiy fikr rivojidagi oʻrni”. Falsafa.f.n.diss.  – T.: 2001. 
  17. Norova M. “Sayfiddin Boxarziyning tasavvuf tarixidagi oʻrni”. Falsafa.f.d. (PhD) diss – Buxoro: 2021.
  18. Razzoqova M. “Yaʼqub Charxiy ilmiy merosi va uning Naqshbandiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XIV-XV asrlar)”. Tarix.f.n.diss. – T.: 2001.
  19. Raxmatova X. “Xoja Ahror Valiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari”. Falsafa.f.n.diss. – T.: 2012.
  20. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: taʼlimotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VII-XI asrlar) – T.: Akademnashr, 2020.
  21. Roʻzmatzoda Q. “Xojamnazar Huvaydo tasavvufiy qarashlarida ontologik va gnoseologik konsepsiya”. Falsafa.f.d. (DSc) diss. – T.: 2019.
  22. Samadov A. “Axloqiy idealning ijtimoiy-falsafiy mohiyati va uning barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyati”. Falsafa.f.n.diss. – Samarqand: 2011.
  23. Samatov X. “Maxdumi Aʼzam Kosoniyning maʼnaviy merosi va uning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni”. Falsafa.f.d. (PhD) diss. – Samarqand: 2018.
  24. Safarboyev O. “Najmiddin Kubroning tasavvufiy taʼlimotida insonparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalari”. Falsafa.f.n.diss. – T.: 2011.
  25. Safarova N. “Xojagon tasavvufiy taʼlimotida maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar masalasi”. Filologiya.f.n.diss. – T.: 2002.
  26. Tillabayev R. “Sredneaziatskiye agiograficheskiye sochineniya XV-XVI vv. Kak istoricheskiy istochnik (Jitiya sheyxov tarikata Nakshbandiya)”. tarix.f.d.diss. – T.: 1994.
  27. Toʻrayev H. “Buxoro xonligining XVI-XVII asrlar ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-madaniy hayotida Joʻybor xojalarining tutgan oʻrni”. Tarix.f.d.diss. – T.: 2007.
  28. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Byulleteni. – T.: 2022. №1. – B. 82,166, 170, 175, 282, 311. №2. – B. 198. №3. – B. 91, 162, 213, 229.
  29. Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. – T.: Sharq, 2000.
  30. Usmonov I. “Al-Hakim at-Termizining “Navodir al-usul” asari hadis va tasavvuf ilmiga oid muhim manba”. Tarix.f.n.diss. – T.: 2005.
  31. Xatamov T. Mustaqillik yillarida tasavvufga oid ilmiy-maʼrifiy merosning tadqiq etilishi // Islom tafakkuri jurnali. – T.: 2022. №2.
  32. Xatamov T. Oʻzbekistonning eng yangi tarixi. – T.: Tafakkur, 2022.
  33. Xidirova N. “Xoja Muhammad Porsoning Xojagon-Naqshbandiya tariqati rivojlanishida tutgan oʻrni va roli (XIV asr oxiri – XV asr boshlari)”. Tarix.f.n.diss. – T.: 2006.
  34. Xolmoʻminov J. “Vahdatul vujud falsafasi va uning naqshbandiya taʼlimotiga taʼsiri (Ibn-al-Arabiy, Muhammad Porso va Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida)”. Falsafa.f.d. (DSc) diss. – T.: 2020.
  35. Haqqulov I. Oʻzbek tasavvuf sheʼriyatining shakllanishi va taraqqiyoti (gʻoyaviylik, izdoshlik, obrazlar olami). Filologiya.f.d.diss. – T.: 1995.
  36. Hasanov N.D. “Yassaviylikka doir manbalar va «Devoni hikmat”. Filologiya.f.d.diss. – T.: 2017.
  37. Hasanov N.D. “Sulton Ahmad Haziniyning “Javohirul abror min amvojil bihor” asari va uning yassaviyshunoslikdagi ilmiy-tarixiy qimmati”. Filo­logiya.f.n.diss. – T.: 1999.
  38. Sharipova O. “Xoʻja Abduxoliq Gʻijduvoniy tasavvufiy taʼlimotida axloqiy qarashlar”. Falsafa.f.n.diss. – T.: 2002.
  39. Yuldashxodjayev X. “Musoxon Dahbediyning naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XVIII asr)”. Tarix.f.n.diss. – T.: 2008.
  40. www.diss.natlib.uz – Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasining “Dissertatsiya va avtoreferatlarning ilmiy elektron kutubxonasi” boʻyicha rasmiy sayti.
TOHIR XATAMOV,
OʻzXIA dotsenti, tarix fanlari nomzodi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …