Home / MAQOLALAR / OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri Bayzoviyning umumiy tarix yoʻnalishida yozilgan “Tarixlar tizmasi” (نظام التواریخ) asaridir.

Asar muallifining toʻliq oti Nosiriddin Abu Saʼid (yoki Abulxayr) Abdulloh ibn Abu Qosim Umar ibn Muhammad ibn Abu Hasan Ali Bayzoviy Sheroziy Shofeʼiy boʻlib, Sheroz yaqinidagi Bayzo[1] shahrida tugʻilgan. Shu sabab Bayzoviy va Sheroziy taxalluslari bilan tanilib ketgan [20:67]. Koʻrinib turganidek, u shofeʼiy mazhabida edi.

Yurtimizda hukm surgan sulolalar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri tarixini atroflicha oʻrganish birlamchi manbalar bilan bir qatorda, yondosh manbalarni tadqiq etishni taqozo etadi. Xususan, qoʻlyozma manbalarga asoslangan holda ilmiy tadqiqotlarni olib borish jahon standartlariga mosdir. Ushbu maqolada tarixiylik, xolislik tamoyillari kabi tarixiy tadqiqot usullaridan foydalanildi.

Nosiriddin Bayzoviy va uning tarixiy asari bir qancha olimlar tomonidan oʻrganilgan. Xususan, olimning oʻlgan yilini 1286, 1292, 1293, 1309, 1311-yillar yoxud 1316-yil deb koʻrsatiladi. R.Sellhaym[13:289-91] va Van Ess[3:261-70] keyingi sanalarni tasdiqlovchi ishonchli dalillar keltirgan. Xususan, Van Ess vazir Rashididdin Fazlullohning oʻgʻli Amir Aliga yozgan maktubini keltirgan boʻlib, unda Bayzoviy sovgʻa-salomlar taqdim etilishi lozim boʻlgan 51 ta mashhur olimlar orasida tilga olgan. Van Essning fikricha, maktub 1303-yilgacha yozilmagan, balki 1313-yilning oxirida yozilgan. “Encyclopaedia Iranica”da Bayzoviyga bagʻishlangan maqola muallifi Iytan Koʻlberg ham Bayzoviy 1310-yildan keyin vafot etgan, degan xulosaga kelgan[9]. Mana shunday chalkashliklarga qaramay, allomaning soʻnggi manzili maʼlum boʻlib, u Tabrizdagi Chorandab qabristonidir [8]. Qabrning aniq yeri Eronda Safaviylar hokimiyat tepasiga kelguniga qadar maʼlum boʻlgan [1].

Fiqh[2], tafsir[3] va tarix yoʻnalishlarida qalam tebratgan olimning eng mashhur asari, shubhasiz, “Bayzoviy tafsiri” (البيضاوي تفصير) deb ham yuritiladigan “Qurʼon nurlari va sharh sirlari” kitobi sanaladi. Shu bilan birga, uning “Tarixlar tizmasi” asari ham oʻziga yarasha ilmiy qiymatga ega.

“Nizom at-tavorix” asari Odam alayhissalomdan to 1276-yilgacha boʻlgan dunyo tarixini, yaʼni asar bitilgan sanagacha boʻlgan davr voqeliklarini oʻz ichiga oladi. U muallif yashagan davrgacha boʻlgan voqealarning tasvirlangani bilan qimmatlidir. Bizgacha yetib kelgan koʻplab qoʻlyozma manbalarni oʻrganish “Nizom at-tavorix” asarining mashhur boʻlganini va oʻquvchilarining geografik qamrovi keng ekanini koʻrsatadi. Edvard Braun[4] ikkala asar ham bir vaqtning oʻzida yaratilganini hisobga olib, uni تأریخ بناکتي “Tarixi Banokatiy” (“Banokatiy tarixi”) bilan qiyoslagan. “Nizom at-tavorix”ning bosma nashrlari orasida Bahman Karimiy tahriri ostidagi nashrni (Tehron, 1934) alohida qayd etish joiz [1].

Bayzoviyning bobosi va otasi Sherozning bosh qozilari boʻlgan. Oʻzining aytishicha, otasining bobosi Imom Gʻazzoliyning shogirdlaridan edi. Tabiiyki, bu omillar uning yaxshi taʼlim olishi, amaldorlar va saroy aʼyonlari bilan tanishishiga xizmat qilgan[4]. Shu sababli u oʻz asarlarini yozishda, shubhasiz, boy manbaga ega boʻlgani va zamondosh olimlar fikrlaridan oʻrinli foydalangani ehtimoli yuqori.

Bayzoviyning birinchi ustozi otasi Imomiddin Umar ibn Muhammad boʻlib, unga fiqh ilmidan dars bergan. Otasi salgʻuriylar[5] hukmdori Abu Bakr ibn Saʼd[6] (1226–1260) davrida Forsning qozisi (qoziul mamolik) lavozimini egallagan. Keyinchalik unga Sharofiddin Umar Zakiy Bushqoniy[9], Shihobiddin Suhravardiy[7] va Nosiriddin Tusiy[8] kabi olimlar ham ustozlik qilgan[8]. Bayzoviyning shogirdlaridan esa Kamoliddin Umar Marogʻiy[9], Ahmad ibn Hasan Jarburdiy (Chahorburtiy boʻlishi mumkin[8]) hamda Abdurahmon Isfahoniy[10] nomlarini tilga olish mumkin[8].

Bayzoviy nomi tarixiy manbalarda birinchi marta Sunjak (Suqunjak) noʻyonning[11] 1271-yilda mintaqaning moliyaviy hisobotlarini oʻrganish uchun Forsga kelishi munosabati bilan tilga olinadi.  Taxminan 1279-yilda u elxon Aba­qaxon[12] tomonidan Forsga qoziul mamolik (mamlakat qozisi) etib tayinlangan. Abaqaxon 1281-yilda vafot etgach, Sheroz qozisi lavozimini egalladi[9]. Moʻgʻul hukmdori, aftidan, uni ota-bobolari kasb-koridan kelib chiqqan holda shu lavozimga maʼqul koʻrgan boʻlishi mumkin. Vassofning xabar berishicha, u bu vazifani Rukniddin ibn Ismoil[13] bilan birga olib borgan[19:120]. Shunday qilib, 1270-yillarga kelib Bayzoviy oʻzi tugʻilib oʻsgan yerni tashlab, Sherozga koʻchib oʻtgan.

Bilimi va adolati bilan mashhur Bayzoviy Sheroz qozisi lavozimini saqlab qolish maqsadida Tabrizga borgani, mahalliy soʻfiy va zohid Shayx Muhammad Kujujoniydan[14] yordam soʻragani, shayx esa uning iltimosini Sunjak noʻyonga yetkazib, Bayzoviyni oʻz lavozimida qolishiga koʻndirgani maʼlum. Shu tufayli shayxning moʻgʻullar oldidagi botirligi va oʻzini tutishi Bayzoviyda shunchalik chuqur taassurot qoldirganki, u birmuncha vaqt qozi boʻlish maqsadini bir chetga surib, shayx Xoja Muhammad Kajujoniydan bilim olishni afzal koʻrgan [1].

Bayzoviy vazir Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyga Qurʼon tafsiri boʻlmish “Qurʼon nurlari va sharh sirlari” (أنوار التنزيل وأسرار التأويل) asari nusxasini inʼom qilish uchun 1299-yilda Tabrizga koʻchib oʻtadi. Biroq u yerda qanday rasmiy lavozimda ishlagani aniq emas[1].

Ushbu manbaning ahamiyati toʻgʻrisida manbashunos olimlar oʻrtasida ikki xil qarash mavjud. Xususan, ingliz eron­shunosi Edvard Braun hamda eronlik olim Abdul­husayn Navoiy bu manba “chop etishga arzimasligini” taʼkid­lab oʻtgan. Yana bir eronlik adib Malik Shuʼaro Bahor esa manbani ijobiy baholab, muallifni “pokizanavis” deb eʼtirof etgan. Charlz Melvill, shuningdek, Mirhoshim Muhaddis ushbu kitobga yozgan kirish soʻzlarida Bayzoviydan keyin yashagan tarixchilar – Xondamir, Mirxond, Hamdulloh Mustafo va “Forsnomayi Nosiriy” asari muallifi Mirzo Husayn Fasoiy ham ushbu manbaga murojaat etganlarini aytib oʻtgan. Hakim Shamsulloh Qodiriy[10], Bahman Karimiy, Kolberg, Hoji Manuchehriy, Robson, turk tadqiqotchilaridan Yusuf Shavqiy Yovuz[6] va Ali Ertugʻrullar[11] Bayzoviy hayoti va ijodini oʻrgangan.

Asar kirish va toʻrt boʻlimdan iborat. Birinchi qismda Odam Atodan Nuh paygʻambargacha, 2500-yil davomida 10 ta paygʻambar hukmronlik qilgani bayoni keltirilgan. Ikkinchi qismda 4281-yil hukmronlik qilgan Nuhdan keyingi 73 ta shohning (Peshdodiylar[15]dan Sosoniylargacha) tavsifi. Uchinchi qismda Islom xalifalari (Muhammad (S.A.V.)dan xalifalargacha) tarjimai holi boʻlib, unda 654 yil davomidagi 54 xalifaning faoliyati qisqacha bayon etilgan. Beshinchi qismda esa turli qabilalardan boʻlgan Eron podshohlarining Abbosiylar bilan munosabatlarini yoritadi. Shuningdek, 420 yil hukmronlik qilgan 84 ta podshohning (Safforiylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Gʻuriylar, Daylamitlar[16], Saljuqiylar, Salgʻuriylar, Ismoiliylar (malohidalar[17]), Xorazmshohlar va moʻgʻullar) tarixi qisqacha tilga olinadi [5].

Aynan shu toʻrtinchi qismda Oʻzbek davlatchiligi tarixida oʻchmas iz qoldirgan Somoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar haqida qisqacha maʼlumotlar berilgani bilan ahamiyatlidir.

Xususan, Somoniylar davlatining joylashuvi toʻgʻrisida shunday jumlalar bor:

ایشان ده نفرند و ملک ایشان از دیار ترک تا حدود هند وفارس و عراق بود مدت ملک ایشان از دیار ترک صد و چهار سال

[14:48a]

Eshon dah nafarand va mulki eshon az diyori Turk to hududi Hind-u Fors va Iroq bud. Muddati mulki eshon az dayyori Turk sad-u chahor sol [ast].

Ularda oʻnta podshoh [oʻtdi]. Davlatining [chegarasi] Turonzamindan Hind-u Fors va Iroqqa qadar [choʻzilgan] edi. Somoniylar Turk davridan [boshlab] bir yuzu toʻrt yil davomida  [hukmdorlik qildi].

 Yuqoridagi jumladan soʻng Somoniylar davlati hukmdorlarining ismlari va necha yil hukmronlik qilgani qisqacha zikr etilgan. Bundan tashqari, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar hamda Xorazmshohlar haqidagi maʼlumotlar ham shu zaylda berilgan.

Ushbu manbada Sulton Jaloliddin ibn Muhammadga toʻxtab oʻtilgan. Uning qoʻshinlari moʻgʻullardan magʻlub boʻlgach, Hind tomonga chekingani, moʻgʻullar taʼqibni toʻxtatganidan xabar topgandan soʻng Forsga borib, hudud otabegi Saʼd bilan uchrashgani haqidagi maʼlumotlar bayon etilgan. Bundan tashqari, ushbu voqealardan soʻng, Xorazmshoh Jaloliddin Bagʻdodga borgani va u yerda toʻrt oy qolib, Tabriz orqali Tiflisga (Tbilisi) oʻtgani, shuningdek, Kavkazdagi hayoti qisqacha keltirilgan.

Manbaning har xil nusxalari qismlarida koʻrsatilgan sulolalar soni turlichadir. Ayniqsa, 4‑qismda oʻzgarishlar koʻp boʻlib, u yangi maʼlumotlar bilan boyitilgani yoki ayrim qismlari qisqartirilgani bilan ajralib turadi. Xususan, asarning Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida (OʻzR FA SHI) 2856–IV-tartib raqami ostida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasining birinchi qismi toʻliq emas. Uning oxirida nuqsoni boʻlib, manba qora va qizil siyohlar bilan mahalliy qogʻozga buxorocha nastaʼliq xatida Abdulxoliq (عبدالخالق) tomonidan taxminan 1829-yilda koʻchirilgan [18:61].

Asarning OʻzR FA Sharqshunoslik institutida 9720-tartib raqami ostida saqlanayotgan 1820-yilda koʻchirilgan nusxasi muqovasi 1808-yilda Ismatulloh sahhof (عصمت‌الله صحاف) tomonidan qizil hoshiyalar bilan bezatilgan qora rangda, loklangan kartondan ishlangan. Yozuvi Buxoro nastaʼliq xatida boʻlib, har bir varaq rangli va zarhal chiziqlar bilan hoshiyalangan. Mahalliy sargʻish rangdagi Qoʻqon qogʻozi (“vergeures”)dan istifoda etilgan va 88 varaqdan iborat[17:12-13]. Bu nusxada elxoniy Abaqaxonning (1234 – 01.04.1282) islom dinini qabul qilgani, bir qancha vayron boʻlgan yerlarni obod qilgani va raiyat uchun amalga oshirgan barcha yaxshiliklari haqida soʻz borgan [88a]. Kitob حاتم انوشیروان نسخ کرد “Hotam Anushervon nusax kard (Hotam Anushervon koʻchirib oldi)” jumlasi bilan yakun topadi [88b]. 

Tojikiston Fanlar akademiyasining Qoʻlyozmalar merosi markazida  (Dushanbe) № 135-raqam ostida saqlanayotgan nusxa XIX asrda koʻchirilgan boʻlib, unda Xorazmshohlar hukmronligigacha boʻlgan davr yoritilgan. Moʻgʻul hukmdorlari haqidagi maʼlumotlar esa tushirib qoldirilgan [15:137].

Asarning Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari institutida (Sankt-Peterburg) mavjud 4458 [№ 218; В 234–2] tartib raqamli nusxasi Ryo tomonidan taʼriflangan Britaniya muzeyidagi nusxasi [Add. 16,703] bilan bir xil boʻlib, elxon Gʻozonxonning 1295-yilda Tabrizda taxtga oʻtirishi bilan yakunlangan. Ushbu nusxa 1853-yilda Oʻrta Osiyo hududida mahalliy qogʻozda, sarlavhalari qizil rangda, nastaʼliq xatida bitilgan. Muqovasi charm qoplangan sharqona (turon) usulda ishlangan, 80 varaqdan iborat [16:40].

Ushbu institutda shu manbaning yana bir nusxasi boʻlib, birinchi qismi V 234-2 bilan solishtirganda ancha qisqartirilgani ayon boʻladi [16:41]. Erondagi moʻgʻul hukmdorlariga bagʻishlangan IV qismning soʻnggi qismida tarixiy voqealar Toshkentdagi 9720-nusxadan farqli oʻlaroq Abaqaxon davrigacha yoritiladi. Unda Abaqaxon haqida juda qisqa va goʻyo u allaqachon vafot etgandek soʻz yuritiladi. Ushbu nusxa XIX–XX asrlarga tegishli Yevropa qogʻoziga, matnlari qora, sarlavhalari esa qizil rangda koʻchirilgan. Koʻchirilgan joyi katta ehtimol bilan Oʻrta Osiyo hududi boʻlishi mumkin. Muqovasi yevropacha boʻlib, charmdan ishlangan va 65 varaqdan iborat[16:41].

Bundan tashqari, asarning Tehron universiteti (Eron) kutubxonasida 2748(1)‑raqamli nusxasi ham mavjud. U yuqorida aytilgan nusxalardan ham qisqaroq boʻlib, Salgʻuridlargacha boʻlgan maʼlumotlar berilgan va XVII asrda koʻchirilgan. Eronning mashhur Kitobxonai Majlis kutubxonasidagi 75/IR9556‑nusxasi xuddi  Rossiyadagi 9720-nusxasi kabi Abaqaxon haqidagi qisqacha maʼlumotdan soʻng nihoyalangan [7].

Turkiyaning Fotih kutubxonasi (Anqara)dagi 4213-nusxasi, yuqorida sanab oʻtilgan nusxalardan farqli oʻlaroq, XVII asrda koʻchirilgan Eron hulokuiylari elxoni Oʻljoytuxon (24.03.1282–17.12.1316) davrigacha yoritilgani bilan ajralib turadi. Turkiyaning boshqa (Ayo Sofiya kutubxonasi, Nuri Usmoniya kutubxonasi, Rizoposhsho kutubxonasi va Istanbul universiteti kutubxonasi) kutubxonalarida ham “Nizom at-tavorix”ning nusxalari saqlanmoqda.

Shuni aytib oʻtish joizki, Turkiyada “Nizom at-tavorix”ni tarjima qilish usmoniylar davrida boshlangan. Xususan, Sulton Muhammad III topshirigʻiga koʻra Mustafo bin Shayx Abdurahmon ushbu asarni أنيس الملوك “Anis al-muluk” (“Podshohlarga hamdam”) nomi bilan tarjima qilgan. Ushbu tarjima hozirgi kunda Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Hamidiya (890-tartib raqami ostida) va Toʻpqopi kutubxonasining Qoratoy fond (526-tartib raqami ostida)larida saqlanmoqda. “Nizom at-tavorix”ning ushbu turkcha tarjimalari ham til va hajm jihatdan bir-biridan farq qiladi. Sulaymoniya nusxasi 25 qatorli 85 varaqdan, Istanbul universiteti nusxasi esa 15 qatorli 58 varaqdan iborat. Istanbul universiteti kutubxonasidagi qoʻlyozmaning tili soddaroq boʻlsa, Sulaymoniyada saqlanayotgan manba esa murakkabroq tilda yozilgan[2:269]. Asl forscha matnni Sulaymoniya kutubxonasidagi tarjima bilan solishtirganda, ushbu nusxaga tarjimon tomonidan koʻplab qoʻshimchalar kiritilgani maʼlum boʻladi. Masalan, dunyo va joʻgʻrofiy mintaqalarning yaratilishi fors tilidagi matnda uzundan-uzoq tilga olinmasa-da, tarjima manbada batafsil maʼlumotlar bilan boyitilgan[12:269]. Universitet kutubxonasidagi forscha matnli nusxa Abaqaxon ibn Huloku hukmronligi davrigacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan. Sulaymoniya kutubxonasidagi nusxada esa Fotimiylar, Ayyubiylar va Mamluklar davrlari haqida ham maʼlumotlar berilgan. Tarjima asari Usmonlilar taxtiga Mehmed III koʻtarilishi bilan yakunlanadi.

Xulosa qilib shuni aytish lozimki, ushbu tarixiy manba umumiy tarix yoʻnalishida yozilgan boʻlib, unda paygʻambarlar va koʻplab sulola hukmdorlari toʻgʻrisida qisqa maʼlumotlar berilgan. Maqola boshida aytilganidek, tili birmuncha gʻalizroq forsiyda boʻlsa-da, asarning tarixiy manba sifatidagi ahamiyati uning bu kemtigini yopadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Umuman, Nosiriddin Abu Saʼid Abdulloh ibn Umar qozi Bayzoviy qalamiga mansub “Nizom at-tavorix” asari oʻzining qadimiyligi, qimmatli maʼlumotlari, oʻzbek davlatchiligi tarixining muhim davrlariga oid maʼlumotlar talqin etilgani, shuningdek, uzoq asrlar davomida dunyo olimlarining eʼtiborini tortgani bilan ahamiyatlidir.

Oʻrganilgan tadqiqotdan quyidagi takliflarni berish joiz:

− Nosiriddin Bayzoviyning “Nizom at-tavorix” asarini manbaviy asosdan tadqiq etish;

− asarning Oʻzbek davlatchiligiga oid qismlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:
al-Bayḍāwī // Encyclopaedia Islamica. 2014.
Başar Fahameddin. Kadı Beyzavîʼnin Tarihe Dair Eseri Nizamüʼt-Tevarihʼin Türkçe Tercümesi Hakkında. Tarih Dergisi 0 / 35 (Temmuz 2011). – S. 269.
Biobibliographische Notizen zur islamischen Theologie,” Welt des Orients 9. 1978.
E.G. Browne. A Literary History of Persia. Vol. 3. – Cambridge: 1976.
https://fa.wikifeqh.ir/نظام_التواریخ_(کتاب) , 26.3.2023.
https://islamansiklopedisi.org.tr/beyzavi, soʻngi murojaat: 23.3.2022.
https://ketabpedia.com, soʻnggi murojaat: 26.3.2023.
https://ru.quranacademy.org/encyclopedia/article/al-Baydhawi#cite-ref-31, 23.3.2022
https://www.iranicaonline.org/articles/bayzawi-naser-al-din-abul-kayr-or-abu-said-abd-allah-b, 23.3.2022
https://www.rekhta.org/ebooks/nizaam-ut-tawarikh-unknown-author-ebooks, 23.3.2022.
İslâm ilim ve düşünce geleneğinde Kādî Beyzâvî / ed. Mustakim Arıcı. 1. bs. Ankara. 2017. // Bir tarihçi olarak Kādî Beyzâvî ve  Nizâmüʼt-tevârîh adli eseri. ISBN 978-975-389-966-6.
Kadı Beyzavîʼnin tarihe dair eseri Nizamüʼt-Tevarihʼin türkçe tercümesi hakkinda. – S. 269.
Materialien zur arabischen Literaturgeschichte, Verzeichnis der orientalichen Handschriften in Deutschland XVII A1. Wiesbaden. 1976. P. 289-91.
OʻzR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti. Qoʻlyozmalar jamgʻarrmasi. 9720-qoʼlyozma nusxasi. 48a-bet.
Каталог восточных рукописей Академии наук Таджикской ССР Текст / АН ТаджССР. Отд. востоковедения и письм. наследия; Под ред. и при участии профессоров А.М.Мирзоева и А.М.Болдырева. Том I. – Душанбе: 1974. – С. 137.
Описание таджикских и персидских рукописей Института востоковедения. – С. 40, 41.
СВР. VIII. – С. 12-13.
Собрание восточных рукописей академии наук Узбекиской ССР (СВР). Под ред. и при участии проф., А.А.Семенова. Том V. – Т.: АН УзССР. – С. 61.
حضرت وصاف۔ تاریخ وصاف۔ تهران۔ ۱۳۴۶۔ ص۔ ۱۲۰۔
الغاية القصوى في دراية الفتوى۔ ناصر الدين أبو سعيد عبد الله بن عمر بن محمد الشيرازي البيضاوي (المتوفى: 685 هـ)۔ المحقق: د.علي محي الدين القره داغي۔ دار البشائر الإسلامية: لبنان۔ بیروت۔ ۲۰۰۸۔ ص۔ ۶۷۔
 
[1] Bayzo — hozirgi Eronning Fors viloyati markazi Sheroz shahridan 30 km shimoli-sharqda joylashgan shahar.
[2] Fiqh — arab tilida bilish, tushunish kabi maʼnolarni anglatib, musulmon huquqshunosligi, shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi islom taʼlimotining bir sohasi sanaladi.
[3] Tafsir — arabchadan tushuntirish, ochib berish maʼnosida kelib, islom anʼanasida asosan Qurʼon oyatlarini sharhlash, tushuntirib berishni oʻz ichiga oladi.
[4] Mosallayi-pour, Abbas; Waley, M.I. al-Bayḍāwī // Encyclopaedia Islamica / Editors-in-Chief: Wilferd Madelung and, Farhad Daftary. Brill Online. 2014.
[5] Salgʻuriylar — 1148–1270-yillarda poytaxti Sheroz boʻlgan Fors (Eron)da hukmronlik qilgan salgʻur (yoki salur) qabilasidan boʻlgan turkman sulolasi. Salgʻuriylarning ajdodi Salgʻar XI asr oʻrtalarida koʻchib kelgan salgʻur deb atalgan turkman qabilasi boshligʻi boʻlgan. Ular Xurosonga borib, saljuqiylar sultoni Toʻgʻrul I ga qoʻshilgan. Uning merosxoʻrlari Kichik Osiyoda Rum sultonligini barpo etishda faol qatnashgan.
[6] Abu Bakr ibn Saʼd — Muzaffariddin Qutlugʻxon oti bilan ham tanilgan. 1226–1260-yillarda Forsning Salgʻuriy otabegi (hukmdori) boʻlgan. U Saʼd I ning oʻgʻli va vorisi edi.
[7] Shihobiddin Suhravardiy — (1155-1191) fors faylasufi va tasavvufchisi, soʻfiylik yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ishroqiy (yorugʻlik) falsafasining asoschisi. Shu tufayli u Shayxul Ishroq (yorugʻlik ustasi) nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Suhravardiy qadimgi fors hikmatlari anʼanasini qayta tiklagan degan qarash ham mavjud.
[8] Nosiriddin Tusiy — (1201-yil 18-fevral – 1274-yil 26-iyun) XIII asrning fors matematigi, muhandisi va astronomi. Nihoyatda serqirra olim, falsafa, geografiya, musiqa, optika, tibbiyot, mineralogiyaga oid asarlar muallifi. U yunon fanining bilimdoni boʻlgan Yevklid, Arximed, Avtolik, Feodosiy, Menelay, Apolloniy, Aristarx, Gipsikl, Ptolemey asarlariga sharh yozgan.
[9] Kamoliddin Umar Marogʻiy – tabrizlik qozi, olim. U Marogʻa (Eronning shimoli-gʻarbida, Sharqiy Ozarbayjon oʻstonidagi qadimgi shahar. Tabrizdan 80 km janubda joylashgan.) shahriga qozi etib tayinlangan. Shuningdek, al-Otabekiya madrasasida ham mudarris boʻlgan va shuning uchun “al-Mudarris” laqabini olgan. U Ozarbayjon otabeklari va sultonlar orasida juda hurmat va ehtiromga sazovor shaxs edi. Sulton Jaloliddin Xorazmshoh huzuriga kelganida, sulton uni izzat-ikrom bilan qarshi olgan.
[10] Abdurahmon Isfahoniy – (1276-yil 5-fevral  – 1349-yil fevral oyi) Isfahonda tugʻilgan. Yoshligini Tabriz va Isfahonda oʻtkazgan. 1324-yilda Haj ziyoratiga borgan. Qaytishda Quddusda toʻxtab, mintaqaning mashhur ulamolari bilan uchrashish uchun Shomga boradi. U yerda maʼruzalar oʻqib, turli asarlar ham yozgan.
[11] Sunjak noʻyon – moʻgʻul amirlaridan biri, 1259-yilning 12 sentyabrida moʻgʻullarning Yaqin Sharqqa yurishlarida Hulokuxon qoʻshinining soʻl qanotiga boshchilik qilgan. Bagʻdod va Fors yerlarini boshqarish unga topshirilgan.
[12] Abaqaxon – (1234 –1282-yil 1-aprel) Hulokuiylar davlatining 1265–1282-yillardagi ikkinchi elxoni. U 1256-yilda moʻgʻullarning Kichik Osiyoni bosib olishida boshchilik qilgan otasi Huloku bilan birga Forsga kelgan. Otasi oʻlimidan soʻng oila aʼzolari tomonidan hukmdor etib saylanadi. Biroq u buyuk Xon Xubilay tomonidan besh yildan soʻngina hukmdor sifatida tayinlanadi.
[13] Rukniddin ibn Ismoil – (?–1262) Iroqning shimolida joylashgan 1259–1262-yillarda Mosul va Sinjor shaharlarini boshqargan malik. U Mosul hukmdori Lulular sulolasining asoschisi Badriddinning (1160–1259) oʻgʻli. Otasi 1245-yilda moʻgʻullar hukmronligini tan oladi. Shu bois Rukniddin moʻgʻullar xizmatiga oʻtadi.  Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining qizi Turkon xotunga uylangan.
[14] Shayx Muhammad Kujujoniy – soʻfiylik namoyandasi hisoblanib, sunniy boʻlgan. 1279-yilda Tabriz yaqinida hayotgan koʻz yumgan va tasavvuf ulamolari dafn etilgan tarixiy Kujujon qabristoniga qoʻyilgan. Abaqaxonning zamondoshi.
[15] Peshdodiylar – Qadimgi Erondagi afsonaviy shohlar sulolasi. “Shohnoma”ga koʻra peshdodiylar sulolasi 2441-yil hukm surgan. Uning asoschisi Kayumars boʻlgan.
[16] Daylamitlar – Eronning shimoli-gʻarbiy qismida yashagan jangovar xalq nomi. 932–1055-yillarda aka-ukalar Ahmad, Hasan va Ali Gʻarbiy Eron va Iroqda oʻz davlatini barpo etgan. Ularning otasi sosoniy Bahrom Goʻr naslidan Buvayh boʻlgan, shuning uchun ular qurgan davlat nomi Buvayhiylar yoxud Oli Buya deb atalgan.
[17] Malohidalar – Islomning shialik yoʻnalishi ichida vujudga kelgan asosiy firqalardan biri tarafdorlaridan boʻlmish ismoiliylarning yana bir nomi. X – XI asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharqda keng tarqalgan.
ZAFAR SHAMSIDDINOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …