Home / FOTO LAVHALAR / Markaz faoliyati jonli efirda tahlil etildi

Markaz faoliyati jonli efirda tahlil etildi

 Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023-yilgi faoliyat yakunlari va joriy yildagi rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati hamda respublika OAV xodimlari ishtirok etdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov Markazning 2023-yilda xalqaro aloqalar va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasidagi ishlari yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan 2023-yil davomida xalqaro miqyosda aloqalarni rivojlantirishga oid anjuman, seminar, davra suhbati, Markaz kitoblarining xorijdagi taqdimotlari, hamkorlikka oid memorandumlar imzolanishi, xorijga tashrif va ilmiy safarlar kabi jami 100 dan ortiq amaliy tadbirlar tashkil etildi. Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning 5 nafar xorijlik sovrindori Markazda malaka oshirdi. Markaz ilmiy xodimlarining Pokiston, Misr Arab Respublikasi, Qozogʻiston, AQSH, Turkiya va Oʻmon davlatlariga ilmiy safarlari uyushtirilib, turdosh markaz va nufuzli universitetlar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan yilda aholidan 9 ta qoʻlyozma va 20 ta toshbosma asar hadya sifatida qabul qilib olindi.

Imom Buxoriyning 41 ta mamlakatdagi 256 ta kutubxona fondida saqlanayotgan 21 nomdagi asarlariga oid 3301 ta qoʻlyozma nusxasining davlatlar kesimida reyestri tuzildi.

Imom Buxoriy “Jomiʼ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 100 ta qoʻlyozma nusxalarining elektron nusxalari jamlandi.

“Sahihul Buxoriy” asarining 200 ta qoʻlyozma nusxasi annotatsiyasi tayyorlanib, faksimile nusxasini yaratish maqsadida uning fihristi tayyorlandi.

Markaz fondida saqlanayotgan 300 ta qoʻlyozma asarning annotatsiyasi tayyorlandi va ulardan 115 tasi Markaz saytiga joylashtirildi.

Turkiya, Yaponiya va Germaniya kutubxona fondlaridagi 2155 ta qoʻlyozma asar nomi, muallifi, turi, saqlanayotgan kutubxonalar aniqlandi va maʼlumotlar asosida roʻyxati shakllantirildi.

Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 62 ta kitob (101 ta asar, jami 10317 varaq)ning elektron nusxasi tayyorlandi.

Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev Markazdagi ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tahlilini keltirdi. Unga koʻra ulugʻ mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 22 ta asar tarjima va tahrir qilinib, nashrga tayyorlandi. Ilmiy xodimlar tomonidan 300 dan ziyod ilmiy maqola chop etildi. 4 nafar ilmiy xodim maqolasi Scopus nomli xalqaro retsenziyali ilmiy adabiyotlarning yagona bibliografik va referativ bazasiga kiritildi.

Xodimlar 300 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda maʼruza qilib, turli ruknlarda 100 ga yaqin videodars olib bordi. Hadislarning notoʻgʻri talqin qilinishini oldini olib, asl mazmunini jamoatchilikka yetkazish borasida jamoa tomonidan jami 243 ta, dolzarb mavzularda raddiya shaklida 161 ta, Oʻzbekistonda faoliyati taqiqlangan diniy oqim vakillarining turli diniy maʼruzalariga qarshi 381 ta material eʼlon qilindi.

Markazning yangi nashrlari faoliyat yutuqlarining asosiy mezoni sifatida tilga olindi. Imom Buxoriyning yaqinda ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan “At-Tarixu-s-sagʻir” va “Birrul volidayn” asarlarining bugungi kundagi nodir ilmiy qiymati hamda yuksak tarbiyaviy ahamiyati taʼkidlanib, ayni paytda tadqiq etilayotgan asarlar xususida ham maʼlumot berildi.

Markaz boʻlim boshligʻi Barot Amonov Markazning joriy yil ikkinchi yarmidagi istiqbolli reja va yirik loyihalarini tavsiflab berdi.

Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va uning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Bu bilan internet foydalanuvchilari  ham tadbirda onlayn ishtirok etish imkoniga ega boʻldi.

Anjuman davomida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …