Home / XALQARO YANGILIKLAR / HAR BIR TALQIN ILMIY ASOSGA EGA BOʻLISHI KЕRAK

HAR BIR TALQIN ILMIY ASOSGA EGA BOʻLISHI KЕRAK

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misrdagi Al-Azhar universiteti hamkorligida “Hadislar notoʻgʻri talqin qilinishining oldini olishda Al-Azhar ulamolari yondashuvi” mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, ikki mamlakat oliy taʼlim va ilmiy muassasalari tadqiqotchilari, olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Al-Azhar universiteti professori dr. Hasan Al-Qasabiy maʼruza qildi.

Olim “Nabaviy sunnat” tushunchasining ilmiy taʼrifini keltirib, sunnatning Alloh taoloning oxirgi va mukammal dinini oʻz hayotlarida toʻliq tatbiq qilib koʻrsatgan Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamning gaplari, ishlari, maʼqullashlari, insoniy, xulqiy sifatlari va tarjimai hollari majmuasidan iborat ekanini taʼkidladi. Hadislarni jamlash va yozib borish tarixiga batafsil toʻxtalib, sunnat-hadis Rasululloh alayhissalom davrlaridan bugungacha asl holicha, oʻzgarmasdan yetib kelishida movarounnahrlik muhaddislarning ulkan hissasi borligini eʼtirof etdi.

– Bugun ayrimlar sunnat-hadisda nuqsonlar mavjudligini daʼvo qilib, faqat Qurʼonga suyanib ish tutishini aytadi. Vaholanki, bu manbalarning asosi yagona Allohga borib taqaladi. Shunday ekan, oʻsha adashgan kimsalar, avvalo, sunnat-hadis ilmiga oid istilohlar, sanadlar, roviylar tarixini mukammal oʻrganib, soʻng mulohaza qilsa, asl haqiqatni anglab yetgan boʻlardi. Bu borada ziyraklik bilan emas, ongsizlik bilan ish tutish yanglish fikrlar paydo boʻlishiga olib keladi, – dedi Qasabiy.

Professor ilmsizlikni turlarga ajrata turib, olimlikka daʼvo qilayotganlarning hadis ilmida yetarlicha bilimga ega boʻlmagani holda odamlarni nimalargadir daʼvat etib chalgʻitishini, oʻzini xato va kamchilik topgandek tutishini keskin qoraladi.

Darhaqiqat, ilm-fanning oʻziga yarasha qoida va asoslari bor. Oʻz ixtisosidan boshqa narsani gapirganning fikri asossiz boʻlganidek, sunnat-hadis toʻgʻrisida bu sohada mohir boʻlmaganlar soʻzlasa, ularning aytgani inobatga olinmaydi.

Hadis ilmi mutaxassislarining asosiy vazifasi, avvalo, sunnat-hadisga doir ilmlarni mukammal oʻrganib, amal qilib, mutaxassis boʻlmagan shaxslar tomonidan bildirilayotgan asossiz va nooʻrin talqinlarga toʻgʻri va oqilona javob qaytarishdan iborat.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …