Alloh taolo insonga ota-onasi bilan yaxshi munosabatda boʻlishni va doimo ularga muruvvat koʻrsatishni buyurgan. Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilish haqida bir nechta oyatlarni nozil qilgan:
﴿وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا﴾
“Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning biri yoki ikkovi ham keksalikka yetsa, bas, ularga “Uff”, dema, ularga zajr qilma va ularga karamli soʻz ayt!”[1].
﴿وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا﴾
“Ikkoviga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: “Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganidek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”[2].
﴿وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ وَفِصَالُهُ فِي عَامَيْنِ أَنِ اشْكُرْ لِي وَلِوَالِدَيْكَ إِلَيَّ الْمَصِيرُ﴾
“Insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan koʻtardi; uni sutdan ajratish ikki yildadir. Menga va ota-onangga shukr qilgin. Va qaytish faqat Mengadir”[3].
Bu oyatlar farzandga ota-ona oldidagi majburiyatlarni yuklaydi. Bular ota-onaga yaxshilik qilish, muruvvat koʻrsatish, ularga “oq” boʻlmaslik, aziyat berish va erkalik qilishni tark etish, tashvishga qoʻyishdan saqlanishdir. Zero, ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi boʻlib, tarbiyasi, taʼlimi, toʻgʻri yoʻlni tanlashida katta xizmati bor. Ota-ona farzandi uchun bor imkoniyatni sarflaydi. Bu mashaqqat homila davridan boshlanib, tugʻilish, yoshlik, oʻspirinlik davrlarini qamrab oladi.
Farzand ulgʻayib, ota-onasiga yaxshilik qilgani uchun quyidagilar bilan mukofotlanadi:
Farzand boshiga tushgan kulfat yiroqlashtiriladi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisning bir qismi bunga dalildir: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch nafar kishi ketib borishardi. Yomgʻirda qolishib, togʻdagi bir gʻorga kirib oldi. Shu payt togʻdan bir qoya tosh ular yashiringan gʻor ogʻziga qulab tushib, chiqish joyini bekitib qoʻydi. Shunda ular bir-biriga: “Alloh uchun qilgan solih amallaringizni oʻylab koʻringizlar, oʻshalarni vosita qilib Allohga duo qilingizlar, shoyad Alloh sizlardan buni aritsa”, dedi.
Ulardan biri bunday dedi: “Ey Allohim, mening yoshlari ulgʻaygan keksa ota-onam, ayolim hamda yosh bolalarim bor edi. Choʻponlik qilib ularga ozuqa keltirar edim. Qachon mollarni yaylovdan qaytarib kelsam, sut sogʻib, bolalarimdan oldin ota-onamga sut berar edim. Bir kuni uzoqdagi yaylovga ketib qolibman. Uyga kech qaytdim. Kelganimda ota-onam uxlab qolgan ekan. Odatdagidek sut sogʻib oldim. Sut idishni olib kelib, ularning boshida turdim. Ularni uyqusidan uygʻotishni xohlamadim, ulardan oldin bolalarimga sut berishni ham istamadim. Bolalarim oyoqlarim oldida yigʻlab turardi. Men ham, ular ham shu holatda to tong otguncha ota-onamning uyqudan uygʻonishini kutdik. Agar oʻsha ishimni Sening roziligingni istab qilganimni bilsang, bundan bizga bir teshik ochgin, undan samoni koʻraylik”. Alloh undan bir teshik ochdi, ular oʻsha teshikdan samoni koʻrdi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Ota-onaga yaxshilik qilish farzand gunohlariga kafforat boʻladi. Ibn Abbos roziyallohu anhuning yoniga bir kishi kelib: “Men bir ayolga sovchi qoʻydim. U men bilan nikohlanishdan bosh tortdi. Boshqa bir kishi sovchi qoʻygan edi, u bilan nikohlanishni maʼqul koʻrdi. Rashkim kelib, oʻsha ayolni oʻldirib qoʻydim. Menga biror tavba qilish (imkoni) bormi, dedi. Shunda u kishi: “Onang hayotmi?” dedi. U: “Yoʻq”, dedi. U zot: “Alloh azza va jallaga tavba qil va Unga yaqin boʻl”, dedi. U kishi ketdi. Ato aytadi: “Ibn Abbosdan uning onasi haqida nima uchun surishtirganini soʻradim”. U zot: “Men onaga yaxshilik qilishdan koʻra, Allohga yaqinroq biror amalni bilmayman”, deb javob berdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ota-onaga yaxshilik qilish farzandning rizqi keng va umri uzoq boʻlishiga sabab boʻladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Alloh taolo umrini uzoq, rizqini ziyoda qilishini xohlasa, ota onasiga yaxshilik qilsin, qarindoshlik aloqalarini bogʻlasin”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ota-ona duosini olgan farzand dunyo va oxiratda baxtli boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uchta duo mustajobdir. Ular(ning ijobat boʻlishi)da biror shak yoʻqdir. Ota-ona duosi, musofirning duosi va mazlumning duosi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, ota-onaga yaxshilik qilish, farzandning solih amallari qabul boʻlishiga, gunohi kechirilishiga va jannatga kirishiga sabab boʻlar ekan. Bu farzand uchun ulkan baxt-saodatdir. Alloh taolo bizni ham, farzandlarimizni ham ota-onaga yaxshilik qilish baxtiga muyassar qilsin.