Home / ALLOMALAR / MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Tabib Hiraviy. Otasi hirotlik mashhur tabib Muhammad ibn Yusuf boʻlib, ismiga Tabib, Hiraviy, Xurosoniy, Mahalliy nisbalari qoʻshib aytilgan.

Mavlono Yusuf dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Keyin hirotlik olimlar qoʻlida oʻqigan. Otasidan tabobatni oʻrgangan alloma tibbiyotga oid bir qancha asarlar yozgan. Shuningdek, sheʼriyat, lugʻatshunoslik, tabobatga ishtiyoqi baland boʻlib, hind-islom adabiyotida fors, turk, arab tillarida ijod qilgan. Tibbiyot, sheʼriyat, mantiq ilmiga oid yigirmadan ortiq asar yozgan. Manbalarda “Yusufiy” taxallusi bilan ijod qilgani va uchta devoni tuzgani haqida maʼlumot boʻlsa-da, devonlar bizgacha yetib kelmagan.

Mavlono Yusuf 1526 yili Zahiriddin Muhammad Boburning taklifi bilan Hindistonga koʻchib oʻtgan. Boburshohning xos tabibi, Humoyun Mirzoning vaziri boʻlgan.

Allomaning “Javohirul lugʻat” tibga oid qomusiy asari uch qismdan iborat. Birinchisida – tana aʼzolari, ikkinchisida – oddiy va murakkab dorilar, uchinchisida – ichki va tashqi kasallik nomlari va ularni davolash uslublari keltirilgan. Bu asarning bir nechta nusxalari mavjud boʻlib, 1493 yili muallifning oʻz qoʻli bilan yozgan nusxasi londonlik kolleksioner Genri Velkom (1835-1936)[1] ning kutubxonasida Mss. Arab, №143 raqam va yana bir nusxasi Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasi Bagʻdodli Vahbiy Afandi fondida №1411 raqam bilan saqlanmoqda.

Alifbo tartibidagi qomusiy tibbiyot lugʻati hisoblangan “Bahrul javohir fi tahqiqil mustalahottit tarbiya” asari 1518 yili yozilgan. Alloma uning muqaddimasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Firuzobodiyning “Qomusul muhit” kabi lugʻati asari va tibbiyotga oid boshqa manbalardan foydalanganini aytib oʻtgan. Shuningdek, kitobda dorilarning tarkibi, mashhur tabiblarning tarixi, kasalliklar va muolajalar bayonini keltirgan. Ayrim xastalik yoki masalalarni yoritishda oʻz davrining mashhur tabiblari bilan maslahatlashgani, ularning tajribasidan foydalanganini ham eʼtirof etgan. Bu asarning nusxalari Turkiyadagi Toʻpqopi saroy muzeyi va Millat kutubxonasida saqlanmoqda. “Bahrul javohir fi tahqiqil mustalahottit tarbiya” 1830 yili Kalkuttada, 1871 yili Tehronda nashr etilgan.

“Badoyiul insho” asari 1533-1534 yillarda yozilgan. Oʻgʻli Rofeuddin Husayn va shogirdlariga atab yozilgan. Mazkur kitob binolarni qurish, tarhini chizish sanʼatiga bagʻishlangan. Hindiston etnografiyasiga oid muhim manba ham hisoblanadi. 1843 yili Dehlida toshbosmasi nashr qilingan. Bugungi Hindiston, Buyuk Britaniya, Turkiya hududida yashagan xalqlar Mavlono Yusufning tibbiyotga doir asarlaridan keng foydalangan. “Jomeul favoid fit tib” asari “Yusufiy” taxallusi bilan yozilgan tibga oid ruboiylar jamlanmasi boʻlib, “Tibbi Yusufiy” deb ham ataladi. Asar 1852 yili Laknav, 1853 yili Dehli va Lohur, 1868 yili Tehronda nashr qilingan. Shuningdek, alloma turli kasalliklar va ularni davolashning tartib, va usullari haqida kichik risolalar ham yozgan.

Iroda DAURBЕKOVA, Dildora HALIMOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfining “Islom ensiklopediyasi” dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

[1] https://en.wikipedia.org/wiki/Wellcome_Library

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …