Samarqand XIV-XV asrlarda nafaqat diniy-dunyoviy bilimlar rivojlangan markaz, balki oʻziga xos adabiy muhitga ega maskan boʻlgan. Temuriylar davrida Isomiy, Bisotiy, Kamol Xoʻjandiy, Xoja Ismat Buxoriy, Barandaq Xoʻjandiy kabi shoirlar Samarqandda yashagan va ijod qilgan. Ular nazm, nasr, hajv janrlari rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan. Ushbu maqolada oʻsha ajdodlarimizdan biri – Xalil Sulton va Mirzo Ulugʻbek davrlarida yashagan, qasida, ruboiy va gʻazallari bilan mashhur boʻlgan mutasavvif, shoir Xoja Ismat Buxoriy hayoti va ilmiy merosi haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Ijodkor alloma 1365 yili Buxoroda tavallud topgan. Nasabi Jaʼfar ibn Abu Tolib avlodidan boʻlgan. Toʻliq ismi Xoja Faxriddin Ismatulloh ibn Xoja Masʼud Buxoriydir. Allomani Ismatulloh, Xoja Ismat va Xoja Faxriddin Ismatulloh nomlari bilan atashgan. U dastlabki taʼlimni otasi Xoja Masʼud va shahardagi olimlardan olgan.
U katta ilm sohibi boʻlsa-da, asosan sheʼriyat bilan mashgʻul boʻlgan. Amir Temurning vafoti (1405) dan keyin Samarqand taxtiga oʻtirgan Mirzo Nosiruddin Xalil Sulton (Temurning nabirasi, Mironshohning oʻgʻli, 1405-1409 yillari Samarqandda hukmronlik qilgan)[1] ning daʼvati bilan Xoja Ismat Buxoriy saroyga kelgan. Hukmdor huzurida olimu fozillar, sanʼatkor va shoirlar ijod qilar, oʻzi ham sheʼriyat bilan shugʻullanar edi. Xoja Ismat Buxoriy 1409 yil Xalil Sulton fitna va xiyonat tufayli ishonchli amirlar tomonidan asir olinganidan tashvishlanib, Samarqandni tark etgan.
Shu yili Xalil Sulton amakisi Shohruh Mirzoning farmoni bilan Ray shahriga hokim etib tayinlangach, alloma qayta sultonning xizmatiga qirgan. Keyinchalik, Mirzo Ulugʻbek davrida uning taklifi bilan Ismat Buxoriy yana Samarqandga kelgan. Saroyda uni shoir, olim, fazilatli inson sifatida eʼzozlashgan. Bu yerda bir muddat yashaganidan soʻng, uzlatda hayot kechirishni afzal topib, Buxoroga qaytib ketgan.
Alisher Navoiy “Majolisun nafois” asarining yettinchi majlisida Xalil Sulton va Xoja Ismat Buxoriyga alohida maqolat bagʻishlab, ikkisi sohibi devon boʻlganini qayd qilgan. “Xoja Ismat Buxoriy Movarounnahr buzurgzodalaridandur. Zohir ilmin takmil qilgʻondur. Gʻoyat xushtabʼligʻidan oʻzin sheʼrgʻa mansub qilib devoni mashhur boʻldi”[2], deb taʼrif bergan. Shuningdek, Davlatshoh Samarqandiy “Tazkiratush shuaro”, Xondamir “Habibus siyar” va boshqa shoirlarning asarlarida Ismat Buxoriy hayotiga oid maʼlumotlar keltirilgan.
Alloma nazmda Amir Husrav Dehlaviyning sheʼr uslubini davom ettirgan boʻlib, arab, fors, turk tillarda ijod qilgan. U koʻproq qasida gʻazal, masnaviy va ruboiy janrlarida asarlar yaratgan. Buxoroda birinchi boʻlib, zullisonaynlik (ikki til sohibi, odatda ikki tilda asarlar yozgan ijodkorlar shunday atalgan) anʼanasini boshlab bergan va hajv janri rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Alloma oʻz davrining mashhur shoirlari Xayoliy Buxoriy, Bisotiy Samarqandiy, Rustami Huriyoniy Buxoriylarga ustozlik qilgan.
Xoja Ismat Buxoriy 1436 yil vafot etgan. Uning qabri bugungi kunda ziyorat maskanga aylangan.
Allomaning sheʼrlari tilining ravonligi, taʼsirchanligi, falsafiy fikrlar va tasviriy vositalarga boyligi bilan shuhrat qozongan.[3] Xoja Ismat Buxoriyning sakkiz ming baytli devoni va turkiyda yozilgan 1035 baytli “Ibrohim Adham” asari bizning davrimizgacha yetib kelgan.
Shoir devonining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari Toshkent, Buxoro, Dushanba, Filadelfiya, London, Kalkutta, Toʻpqopi saroy-muzeyi va Istanbul universiteti kutubxonalarida saqlanmoqda. Xoja Ismat Buxoriyning devoni 1946 yili tehronlik adabiyotshunos olim Ahmad Karimiy tomonidan ilk bor tadqiq qilinib, Tehronda nashr qilingan.