Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, yurtimiz va xorijdagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya, Avstriyadan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti Arxeologiya kafedrasi dotsenti Bobir Aminovning “Oʻzbekiston hududidagi epigrafik yodgorliklar: tarixiy tadqiqot va muzeylashtirish muammolari” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.
Olim yurtimizda keyingi paytlarda madaniy merosga aloqador turli yodgorliklar, tarixiy ashyolarni asrab-avaylash, ularni muzeylar, fondlar kabi yopiq binolarda saqlashga eʼtibor qaratila boshlagani, arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish, arxiv materiallarini izlab topish, yigʻish va oʻrganish uchun keng imkoniyat yaratilayotganini eʼtirof etdi.
B.Aminov ayni paytda epigrafik yodgorliklarni oʻrganish borasida uchrayotgan muammolar va soha oldida turgan vazifalarga keng oʻrin ajratdi. Jumladan, ayrim binolarning arxeologik qazishmalar natijasida topilgan bitiklarini tiklash jarayonida soʻz va jumlalar oʻrni almashib qolish holati uchrab turishini qayd etdi. Masalan, Buxorodagi Chashmai Ayub, Shahrisabzdagi Koʻk Gumbaz masjidlari devorlaridagi mozaik bitiklar matnlari shu tariqa buzilgan. Buxorodagi Sayfiddin Boxarziy majmuasi hududidagi Buyonqulixon maqbarasi peshtoqidagi tabiat taʼsirlari natijasida nurab ketgan tarixiy bitik esa tiklanmay qolmoqda. Tiklash ishlarini eski fotosuratlar asosida mohir restavratorlar ishtirokida amalga oshirish mumkin.
Tadqiqotchi epigrafikada muhim oʻringa ega qabrtosh bitiklariga ham alohida toʻxtaldi. Chunki qabrtoshlar meʼmoriy binolarga nisbatan mustahkam boʻlib, ularda yozuvlar yaxshiroq saqlanadi va tarixiy qiymati ancha yuqori boʻladi.
– Toshbitiklarni asrashga eʼtibor qaratilsa ham yaxshi boʻlardi. Ularda manbalarda ismlari har doim ham uchramaydigan tarixiy shaxslar, ularning epitetlari, kunyasi, nisbasi, laqabi, tavallud va vafot sanalari haqida qimmatli maʼlumotlarni topish mumkin, – dedi olim.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston hududidagi turli tarixiy majmualar, qabristonlar, umuman, ziyorat obyektlarida meʼmoriy inshootlar va qabrtoshlarda saqlanib kelayotgan bitiklar tarixiy manba sifatida oʻtmishimizning bizga nomaʼlum jihatlarini ochib berib, tarix fanining epigrafika, manbashunoslik, onomastika, xronologiya, islomshunoslik kabi tarmoqlari uchun muhim materiallar taqdim etadi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.