Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummat uchun vafot etgan kishini dafn qilish tartibi borasida buyuk bir namunani sunnat qilib qoldirdilar. Bu anʼana hozirgacha oʻzgarmasdan davom etib kelmoqda. Bunga koʻra, mayyit (vafot etgan kishi) janoza oʻqish uchun keltirilganda imom: “Dunyodan oʻtgan marhum holi hayotda bilib-bilmay birortamizning koʻnglimizni ogʻritgan boʻlsa, hamma rozimi?” deb soʻraydi. Qarz maʼnaviy va moddiy boʻladi. Maʼnaviy qarz birovning koʻngliga ozor berib yoki gʻiybat qilib, undan kechirim soʻrashni ortga surish kabilardan iborat. Moddiy qarz esa birovdan biror narsani olib, qaytarib berolmaslikda namoyon boʻladi. Taʼziyaga kelgan jamoatning roziligidan soʻng: “Marhumning moddiy qarzi boʻlsa, daʼvogar soʻrab kelganda kafillikka oluvchi kimsa bormi?” deb soʻraladi. Marhumning yaqinlaridan biri buni oʻz zimmasiga olganidan soʻng, unga janoza oʻqiladi. Eʼtibor qilinsa, inson zotiga nisbatan hurmat bajo keltirilmoqda. Bu yuksak ehtirom oʻz shaklini 14 asrdan buyon oʻzgartirmasdan, asl holida saqlanib qolmoqda.
2295- حَدَّثَنَا أَبُو عَاصِمٍ عَنْ يَزِيدَ بْنِ أَبِي عُبَيْدٍ عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أُتِيَ بِجَنَازَةٍ لِيُصَلِّيَ عَلَيْهَا فَقَالَ هَلْ عَلَيْهِ مِنْ دَيْنٍ قَالُوا لَا فَصَلَّى عَلَيْهِ ثُمَّ أُتِيَ بِجَنَازَةٍ أُخْرَى فَقَالَ هَلْ عَلَيْهِ مِنْ دَيْنٍ قَالُوا نَعَمْ قَالَ صَلُّوا عَلَى صَاحِبِكُمْ قَالَ أَبُو قَتَادَةَ عَلَيَّ دَيْنُهُ يَا رَسُولَ اللَّهِ فَصَلَّى عَلَيْهِ
Salama ibn Akva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bir mayyitga janoza oʻqish uchun olib kelindilar va: “U (janozasi oʻqiladigan mayyit)ning zimmasida qarzi bormi?” deb soʻradilar. Sahobalar: “Yoʻq”, deb javob berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning janozasini oʻqidilar. Keyin boshqa bir mayyitni keltirishdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Uning zimmasida qarzi bormi?” deb soʻradilar. Sahobalar: “Ha”, deb javob berdi. Rasululloh: “Birodaringizga oʻzingiz janoza oʻqing,” dedilar. Abu Qatoda: “Uning qarzini oʻz zimmamga olaman, ey Rasululloh!” dedi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam unga janoza oʻqidilar.” [1]
Hadisning umumiy maʼnosi:
Bu yerda marhumning qarzdor yo qarzdor emasligi soʻralmoqda. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyodan oʻtgan kishining qilgan amallaridan, savobli ishlaridan biror narsa soʻramadilar, faqat boshqa bir insondan qarzi bor-yoʻqligidan soʻrash bilan kifoyalandilar. Zero, Alloh bilan bandasining oʻrtasidagi muomalot, ibodatlardagi qarzlarni Alloh xohlasa Oʻzi kechib yuboradi. Ammo bandasining boshqa biror kimsadan qarzi boʻlsa, qarz bergan kishi kechmaguncha, Alloh taolo ham kechmaydi.
Risolat sohibining “Ummatimdan vafot etgan kishining mulki, merosi uning vorislariga, qarzi esa mening zimmamgadir” mazmunidagi hadislari ham mavjudligini eʼtiborga olsak, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mazkur hadisdagi “Birodaringizga oʻzingiz janozasi oʻqing,” degan soʻzlari marhumga janoza oʻqimaslik uchun emas, balki dunyodan oʻtgan kishi ortida qarz qoldirishi durust emasligini ummatga uqtirish uchun aytilgani maʼlum boʻladi. Rasulullohning bu soʻzlaridan qarzni tezroq uzishga harakat qilish kerakligi anglashiladi. Maʼlumki, qarz egasi Qiyomatgacha qabrida kishanlangan, zanjirband holatda boʻladi. Ummatiga rafiq va mehribon boʻlgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyodan oʻtgan bir musulmonning Qiyomatgacha kishanlangan holda qolishini istamagan va sahobalariga tahdid uchun Birodaringizga oʻzingiz janoza oʻqing,” degan boʻlishlari mumkin.
“Abu Qatoda: “Uning qarzini oʻz zimmamga olaman, ey Rasululloh!” dedi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam unga janoza oʻqidilar.”
Ushbu hadisda bayon qilingan voqeaga koʻra, dunyodan oʻtgan kishining qarzi boʻlsa, ortida qolgan yaqinlaridan biri uni zimmasiga olishi mumkinligi ayon boʻladi. Ammo marhumning qarzini zimmasiga olmoqchi boʻlgan kishi oʻzining iqtisodiy holatini ham hisobga olish kerak. Chunki, Imom Buxoriy mazkur hadisni “Kim biror mayyitning qarzini oʻz boʻyniga olgan boʻlsa, undan qayta olmas!” bobida keltirib, marhum qarzini kafillikka olgan kishi janozadan soʻng bu soʻzidan qayta olmasligiga, marhumning qarzini toʻlashi shart boʻlib qolishiga ham ishora qilmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, musulmon kishi zimmasidagi qarzni hayotligida ado etishi lozim ekan. Buning iloji boʻlmagan taqdirda marhumning yaqinlari uning qarzini oʻz zimmasiga olishi mumkin.