Jamiyatdagi illatlarni bartaraf etishning yoʻllaridan biri musulmonlar jamoasi yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish ishlarida hamohang boʻlishlari lozim.
Alloh taolo:
[وَلْتَكُنْ مِنْكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ]
“Sizlardan yaxshilikka daʼvat etadigan, amri maʼruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat boʻlsin! Aynan ular (oxiratda) najot topuvchilardir”[1], deydi.
Imom Bagʻaviy bu oyat tafsirida: “Sizlar hammangiz mazkur ishlarni qiladigan ummat boʻlingiz”, degan. Hanafiy mazhabi ulamolari shu tafsirga binoan, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish ishlari bilan shugʻullanishni farzi ayn, yaʼni har bir musulmon zimmasidagi farzdir, deb bilgan.
Jumladan, Abu Mansur Moturidiy “Taʼvilotul Qurʼon”da Oli Imron surasining 110-oyati, “Moida” surasining 79-oyati va bir necha hadisi shariflardan dalil keltirib, amri maʼruf, nahyi munkar ishlarini qilish har bir musulmonga farzi ayn qilingan, deb taʼkidlangan.
Agar gunoh amallar qilinsayu, uni koʻrgan yo bilgan kishilar indamasa yoki befarq boʻlsa, oqibati juda yomon boʻlib, insonlar odamiylikdan chiqib ketishadi. Buzuq ishlar keng yoyilaveradi.
Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizdan kim bir munkar ishni koʻrsa, qoʻli bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, dili bilan qaytarsin, ana oʻsha eng zaif iymondir”, dedilar” (Imom Ahmad, Musnad).
“Munkar ish” deganda din, shariat tomonidan inkor qilingan yomon ish tushuniladi. Musulmon kishi jamiyatda boʻlayotgan munkar ishni koʻrib-bilib turib, befarq boʻlmasligi lozim. Yomon ishni toʻxtatishi, uni qaytarish uchun harakat qilishi, agar qoʻli bilan qaytarishga qodir boʻlmasa, munkar ishning yomonligini tushuntirishi, uni qilmaslikka chaqirishi kerak. Bu ish har bir imkoni bor moʻminga vojibdir. Lekin baʼzida tili bilan gapirgan moʻminga zarar yetishi, uning joniga, shaxsiga va boshqa tomonlariga tahdid solinishi mumkin. Bunday noiloj holda qolgan odam munkar ishni dili bilan rad etishi kerak ekan.
Musulmon kishi jamiyatda sodir boʻlayotgan voqealarga beparvo boʻlishiga haqqi yoʻq. Agar biror yaxshi ishga eʼtiborsizlik boʻlayotganini bilsa, kishilarni unga chorlashi lozim. Agar biror yomonlik sodir etilayotganini koʻrsa, qoʻldan kelganicha uni toʻxtatishga harakat qilishi, iloji boʻlsa, kuchi bilan, boʻlmasa, soʻzi bilan uni bartaraf etish payida boʻlishi darkor. Hech boʻlmasa, qalbidan oʻsha ishga norozi boʻlib turishi moʻminlik burchi hisoblanadi. Toʻxtatishning imkoni boʻla turib, “Menga nima, gunohi oʻziga-da”, deb beparvo ketish yoki unga qalbdan rozi boʻlib turish imonning ziddidagi sifatlardan sanalishini unutmaslik kerak.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom: “Nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, albatta, amri maʼruf qilasizlar, albatta, nahyi munkar qilasizlar. Boʻlmasa, Alloh sizga Oʻz huzuridan iqob yuboradi. Soʻngra duo qilsangiz, qabul boʻlmaydi”, dedilar.
Darhaqiqat, yaxshilikka chaqirib turuvchi jamoa boʻlmasa, dunyoda ezgulik qolmaydi. Maʼrufga, yaʼni fazilat, haqiqat, yaxshilik va adolatga buyurib, munkardan, yaʼni razolat, botillik, zulm va yomonlikdan qaytarib turadigan jamoa boʻlmasa, hech bir qavm, hech bir ummat najot topa olmaydi. Amri maʼruf va nahyi munkar ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan jamiyatdagina yaxshilik yomonlikdan ustun boʻladi.
Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish faqat maʼlum kishilarning ishi emas, balki barcha kishilarning vazifasi hisoblanadi. Lekin chegaradan chiqmay, qoʻpollik qilmasdan, yumshoqlik bilan ish tutsak, Paygʻambarimizning sunnatlariga muvofiq yoʻl tutgan boʻlamiz.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi