Home / MAQOLALAR / SULOSIYOTUL BUXORIY (2-qism)

SULOSIYOTUL BUXORIY (2-qism)

Mazkur “Sulosiyotul Buxoriy”ning muqaddimasi Ibn Hajar Asqaloniyning (1372/1449 y.) muqaddimasidagi jumlalar bilan boshlangan. Ibn Hajar Asqaloniy “Al-Jomiʼ as-sahih”ning eng mashhur sharhlaridan biri “Fathul Boriy”ning muallifidir. U zot qohiralik boʻlib, xalq orasida shofeiy mazhabining taniqli olimi, muhaddis va muarrix sifatida tanilgan. Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”dan tashqari “Ad-Durarul komina”, “Lisonul mezon”, “Al-Isoba fi tamyizis sahoba”, “Tahzibut Tahzib”, “Bulugʻul marom”, “Subulus salom” va “Nuzxatun nazar” kabi yuzga yaqin asarlar muallifidir[1]. U zot “Sulosiyotul Buxoriy”ni alohida ajratib olib, tartib bergan. Uning muqaddimasida kelgan quyidagi jumlalarni “Sulosiyotul Buxoriy”ning boshqa olimlar tomonidan tartiblangan baʼzi nusxalari va unga yozilgan ayrim sharhlarning muqaddimalarida ham keltirilganini koʻrish mumkin.

Jumladan:

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida 428/IV raqam bilan raqamlangan nusxada ham keltirilgan.

بسم الله الرّحْمَنِ الرَّحِيمِ الْحَمْدُ لِلهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ وَ الصَّلوةُ وَالسَّلامُ عَلَى خَيْرٍ خَلْفِهِ مُحَمَّدٍ وَ آلِهِ أَجْمَعِينَ وَ بَعْدُ فَهَذِهِ الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَاتُ الَّتِي أَخْرَجَهَا الْإِمَامُ الْهُمَامُ أَحَدُ سَلَاطِينِ الإِسْلامِ أَبُو عَبْدِ اللهِ مُحَمَّدُ بْنُ إِسْمَاعِيلَ الْبُخَارِيُّ رَحِمَهُ اللهُ فِي جَامِعِهِ إِنْتَخَبْتُهَا مِنْهُ تَذْكِرَهُ لِبَعْضِ الْإِخْوَانِ وَ مِنَ اللهِ الْإِسْتِعَانَهُ وَ عَلَيْهِ التَّكَلانُ[2]

“Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Olamlar Rabbi Allohga hamdlar boʻlsin. U yaratgan xalqning eng yaxshisi Muhammad alayhissalomga va ahli oilalariga salavot va salomlar boʻlsin. Amma baʼd, ushbu Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislarni buyuk imom, islom (ilmlari) sultonlarining biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahullohning oʻz toʻplamidan chiqargan (yozgan)lari boʻlib, men ularni ayrim doʻstlarga yodgorlik boʻlishi uchun ajratib oldim. Yordam Allohdandir! Zotan, U yordam soʻralguvchi Zotdir, suyanch Ungadir!”

Undan soʻng asar basmala, asar nomi va muallifning ismini qayd qilish bilan boshlangan:

بسم اللّهِ الرَّحمنِ الرَّحِيمِ

الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَة للامام أَبي عَبْد الله مُحَمَّد بن إِسْمَاعِيل الْبُخَارِيُّ رَحِمَهُ اللهُ

  Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahullohning Al-Ahodisus sulosiyoti – uch roviylik hadislari.

الحديث الاوّلُ حدّثنا المَكيُّ بْن إبرَاهيم قال: حدَّثنَا يزيدُ بْن اَبي عُبَيْدٍ عَنْ سَلَمَةَ بن الاَكْوعَ رَضَىَأللَّه عنْهُ قال: سَمعتُ النَّبِي صَلى اللهُ عليْهِ وَ سَلم يَقُولُ: “مَنْ يَقُلْ عَليَّ ما لَمْ أَقُلْ فَلْيَتبوّءْ مَقْعَدَه مِنَ النَّارِ” اَخرجه فى كتاب العلم فىِ باب اِثم مَنْ كَذَبَ عَلَى النَّبِىَّ صَلى اللهُ عليْهِ وَ سَلم[3].

Birinchi hadis:

Bizga Makkiy ibn Ibrohim hadis aytdi. U: “Bizga Yazid ibn Abu Ubayd, Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhudan hadis aytdi”, dedi. Salama: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki men aytmagan narsani mening nomimdan aytsa, (oxiratda) oʻziga doʻzaxdan joy hozirlayversin,” deb aytayotganlarini eshitdim”, dedi”[4]Imom Buxoriy ushbu hadisni “Ilm kitobi”ning “Nabiy sollallohu alayhi vasallam nomidan yolgʻon aytgan kishining gunohi toʻgʻrisida”gi bobida keltirgan.

Ibn Hajar Asqaloniy: “Imom Buxoriy rivoyat qilgan sulosiy hadislar orasida sahihlik darajasiga koʻra bu hadisga teng keladigani yoʻq”, deb bu hadisning sahihlik darajasi yuqori ekanini eʼtirof etgan.

Shu oʻrinda mazkur hadisning sanadidagi roviylar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishni lozim topdik.    

Makkiy ibn Ibrohim – tabaʼ tobeinToʻliq ismi – Abu Sakan Makkiy ibn Ibrohim ibn Bashir ibn Firqad Tamimiy Hanzaliy Barjamiy (743-830 y.). U zot 17 yoshidan hadis ilmi bilan mashgʻul boʻlgan. Makkiy ibn Ibrohim Imom Buxoriyning ustozlari orasida eng yoshi ulugʻlaridan biri boʻlib, 17 tobeindan hadis tinglagan[5]. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan 11 tasi u zot tomonidan rivoyat qilingan[6].

Yazid ibn Abu Ubayd – tobein. Toʻliq ismi – Abu Xolid Yazid ibn Abu Ubayd Hijoziy Aslamiy (vaf. 147/764 y.). Salama roziyallohu anhuning qoʻlida tarbiya topib, u kishidan koʻplab hadislar rivoyat qilgan. Yazid ibn Abu Ubayd tobeinlarning oʻrta tabaqasidan boʻlgan. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan 17 tasi u zot tomonidan rivoyat qilingan.

Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhu – sahobiy. Toʻliq ismi – Salama ibn Akvaʼ Aslamiy (613-693). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotni: “Mardlarimizning yaxshisi!” deb taʼriflaganlar. Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhu 77 ta hadis rivoyat qilgan. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamida kelgan Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislardan 10 tasi u zot tomonidan rivoyat qilingan[7].

  Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamida kelgan barcha hadislar orasida Al-Ahodisus sulosiyot – uch roviylik hadislar sahihlik darajasiga koʻra eng oliy – ishonchli hadislar ekanini koʻrish mumkin. Mazkur asar doirasida dunyoning turli mintaqalarida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Ularni oʻrganish, tadqiq etish va turli tillarga tarjima qilish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

[1] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sulosiyotul Buxoriy. –T.: “Irfonnashr”, 2021. –B.13.
[2] Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, №428/IV. –V.188a.
[3] Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, №428/IV. –V.188b.; Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Riyod. 1429/2008. 3-Ilm kitobi, 38-bob. 109-hadis. –S.12.
[4] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihul Buxoriy, – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” DIN. 2008. Ilm kitobi, 39-bob. 109-hadis. – B 28.
[5] Ali ibn Hijoziy ibn Muhammad Bayyumiy. “Sahihul Buxoriy”dagi uch roviyli oliy sanadli hadislar. Tarjima va izohlar mualliflari. Shukurillo Umarov, Nodir Qobilov. –T.: 2022. –B. 22.
[6] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sulosiyyot al-Buxoriy. (Tadqiqot, tarjima va sharh muallifi: Hamidulla Aminov) –T.: Irfonnashr. 2021. –B. 56.
[7] Qarang: Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sulosiyyot al-Buxoriy. (Tadqiqot, tarjima va sharh muallifi: Hamidulla Aminov) –T.: Irfonnashr. 2021. –B. 54.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Ixtiyor QUSHSHAQOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari

Check Also

ISLOM MUTAASSIBLIKKA QARSHI

Islom dini inson hayotining har bir jabhasini oʻzida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan …