Home / MAQOLALAR / SULOSIYOTUL BUXORIY

SULOSIYOTUL BUXORIY

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy “Amirul muminin fil hadis” “(Hadis ilmida muminlarning amiri)” “Imomul muhaddisin” (Muhaddislar imomi), “Imomud dunyo” “(Dunyo imomi)” va “Shayxulislom”[1] rutbalariga sazovor boʻlgan. Allomaning hayoti va boy maʼnaviy merosini keng tadqiq etish yuzasidan nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Manbalarda Imom Buxoriy qirq yil mobaynida koʻplab mamlakatlarda ilmiy safarda boʻlib, yigirma toʻrtta asar yozgani qayd etilgan. Allomaning shoh asari – “Al-Jomiʼ as-sahih” hadislar toʻplami boʻlib, unda 7563 hadis jamlangan. Hadislar sanadi (roviylar silsilasi)dagi roviylarning soni uchtadan to toʻqqiz nafargachani tashkil etadi. Jumladan, 7135-tartib raqami bilan kelgan birgina hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Imom Buxoriygacha toʻqqiz nafar roviy orqali yetib kelgan. Qolgan hadislarning aksari 5-6 roviylik hadislar hisoblanadi.

Uch roviy orqali yetib kelgan hadislar esa 22 tani tashkil etadi. Yaʼni, muallif bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻrtasidagi roviylarning soni uch kishidan iborat. Masalan, Imom Buxoriy hadisni tabaʼ tobeindan, u tobeindan, u sahobadan va sahoba esa shaxsan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlaridan eshitgan. Bu turdagi uch roviyli – oliy sanadli hadislarni oʻz ichiga olgan asarlar “Sulosiyot” deb nomlangan.

Bunday kitoblar talaygina boʻlib, ular orasida “Sulosiyotul Buxoriy” ancha mashhurdir. Imom Dorimiyning (797-869 y.) sulosiyotida oʻn yettita, Ibn Mojaning (824-887 y.) sulosiyotida beshta, Imom Abu Iso Termiziyning (824-892 y.) sulosiyotida bitta, Imom Tabariy (873-971 y.) tomonidan bitilgan hadis toʻplamlarida uchta va Imom Ahmadning (780-855) “Musnad” asarida 332 ta hadis uch roviylidir.

Bu turdagi hadislar olti sahih hadis toʻplamiga kiruvchi barcha kitoblarda ham uchramaydi. Jumladan, Imom Muslim (820-875), Imom Abu Dovud (817-889) va Imom Nasoiy (830-915)ning toʻplamlarida uch roviylik hadislar kelmagan[2].

Hozirgi kunda “Sulosiyotul Buxoriy”ning nodir qoʻlyozma nusxalari dunyoning barcha mintaqalaridagi kutubxona va arxivlarida saqlanmoqda.

Jumladan:

  • Germaniya Federativ Respublikasidagi Berlin davlat kutubxonasida inv. № 1620 (Koʻchirilgan sana: 949/1542 y. hajmi: 1-4 varaq) va inv. № 1621 (Koʻchirilgan sana: 1150/1737 y. hajmi: 37-41 varaq);
  • Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar kutubxonasida inv. №125 (hajmi: 1b – 17varaq);
  • Pokiston Islom Respublikasidagi Qosimiya kutubxonasida inv. № 20 (hajmi: 15 varaq);
  • Rossiya Federatsiyasidagi Sankt-Peterburg kutubxonasida inv. № B 2283 (hajmi: 28b-33b varaq.), inv. № B 3004 (Koʻchirilgan sana: 1313/1896 y. hajmi: 50b-68b varaq) va inv. № B 4250 (Koʻchirilgan sana: 1016/11607 y. hajmi: 246b-251b varaq);
  • Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi “Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar va islomshunoslik markazi kutubxonasi” kutubxonasida inv. №-1884, فك-1885,ف -3-1148 (Xattot: Muhammad ibn Abdurahmon ibn Ahmad Juʼfiy. Koʻchirilgan sana: 1285/1842 y. hajmi: 8 varaq);
  • Tunis Respublikasining Tunis Milliy kutubxonasida inv. № 139. № A-MSS-6809;
  • Turkiyadagi Anqara milliy kutubxonasida inv. № 139 (Koʻchirilgan sana: 934/1527 y. hajmi: 57b-61a varaq), inv. № № 543/6 (hajmi: 84b-88a varaq), Konya oʻlka yozma asarlar kutubxonasida inv. № 374/4 (hajmi: 30b-38a varaq.), Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasining Asad Afandi kolleksiyasida inv. № 3547 (hajmi: 1-4 varaq), Ayasofiya kolleksiyasida inv. № 000882 (hajmi: 120-122 varaq), Laleli kolleksiyasida inv. № 000255-006 (hajmi: 81-83 varaq), Raisul kuttab kolleksiyasida inv. № 001190 (Koʻchirilgan sana: 949/1542 y. hajmi: 24-26 varaq), Shahid Ali Posho kolleksiyasida inv. № 000333 (Xattot: Qosim ibn Muhammad. hajmi: 56-61 varaq), Hamidiya kolleksiyasida inv. № 001456 (Koʻchirilgan sana: 879/1474 y. hajmi: 235-240 varaq);
  • Oʻzbekiston Respublikasidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida inv. № 428/IV (Koʻchirilgan sana: 994/1585-86 y. hajmi: 188a-192varaq) va Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida inv. № 4079 (hajmi: 111b-116b varaq), inv. № 4079/II (Koʻchirilgan sana: 998/1590 y. hajmi: 111a-116b varaq), inv. № 4876 (hajmi: 116b-123b varaq), inv. № 6591 (hajmi: 59b-63a varaq), inv. № 6767 (hajmi: 145b-149b varaq) va inv. № 7131 (hajmi: 225a-226b varaq);
  • Hindiston Respublikasining Mavlono Abu Kalom Ozod arab va fors tadqiqotlar instituti kutubxonasida inv. № T/1987/5 (Koʻchirilgan davr: XIII/XIX asr. hajmi: 2 varaq), inv. № T/1987/6 (Koʻchirilgan davr: XIII/XIX asr. hajmi: 2 varaq) raqamlar ostida saqlanmoqda.

Mazkur nusxalar turli zamonlarda, har xil joylarda, boshqa-boshqa xattotlar tomonidan koʻchirilgani bois ularning yozilishi va hajmi bir-biridan biroz farq qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida № 428 raqam bilan saqlanayotgan qoʻlyozma majmua boʻlib, unda Shamsiddin Muhammad Jazariyning (1350-1429 y.) “Al-Hisnul hasin”, Abu Iso Muhammad Termiziyning (824-892 y.) “Ash-Shamoyilul Muhammadiya”, Muhiddin Navaviyning (1233-1277 y.) “Arbain”, Jaloliddin Suyutiyning “Lubobul hadis” va “Sulosiyotul Buxoriy” kabi risolalar jamlangan.

Mazkur “Sulosiyotul Buxoriy” № 428/IV raqam ostida boʻlib, uning umumiy hajmi 269 varaqni, oʻlchami esa 15×9 sm.ni, tashkil etadi. “Sulosiyotul Buxoriy” majmuaning 188a-192a varaqlaridan oʻrin olgan boʻlib, 5 varaqdan iborat. Asardagi matn oʻlchami 6×3.5 sm.ni tashkil etadi. Uning 188a varagʻida matn satrlari 6 qatorni, 188b varagʻida 12 qatorni, 189a – 191b varaqlarida 13 qatorni va 192varagʻida esa 10 qatorni tashkil etadi. Asar Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nasx xatida koʻchirilgan. Matn ichidagi hadislarning tartib raqami va zaruriy deb topilgan ayrim qaydlar qizil siyohda yozilgan. Uning hoshiyasida izoh va qaydlar ham mavjud. Asar nomi 188a va 188b varaqlarda “الْأَحَادِيثُ الثلاثِيَاتُ” (“Al-Ahodisus sulosiyot”)[3] shaklida qayd etilgan. Asarning koʻchirilgan sanasi va xattot nomi koʻrsatilmagan. Lekin undan oldingi “Al-Hisnul hasin” asarining kolofon qismida 821/1418 yili jumodus soniy oyi koʻchirilgani qayd etilgan[4]. Mazkur asarlar bir majmuada jamlangani va husnixati, xat turi, yozish uslubi, qogʻoz turining bir xilligidan kelib chiqib, “Sulosiyotul Buxoriy”ni ham shu sanada koʻchirilgan deb xulosa qilish mumkin. Kitob yaxshi saqlangan, muqovasi va tayakisi charmdan ishlangan boʻlib, chetlari biroz yemirilgan. Orqa muqovasi joyidan ajralgani bois taʼmirlangan. Davomi bor…

[1] Said Azim Muhammad Ali. Imom Buxoriy taʼrifi. –T.: Choʻlpon nashriyoti. 1996. –B. 11-12.
[2] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sulosiyyot al-Buxoriy. (Tadqiqot, tarjima va sharh muallifi: Hamidulla Aminov) –T.: Irfonnashr. 2021. –B. 7-8.
[3] Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, №428/IV. –V.188a-b.
[4] Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi, №428/I. –V.87b.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Ixtiyor QUSHSHAQOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …