Bir hadis sharhi
Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” toʻplamida kelgan hadislar hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Shulardan biri odamlar orasida salomni yoyish haqidagi hadisdir. Ulamolar ushbu hadisi sharifni qanday sharhlaganini va unda bayon etilgan ijtimoiy masalalarni oʻrganamiz.
عن البراء بن عازب رضى الله عنهما قال: أمرنا النبى صلى الله عليه وسلم بسبع: بعيادة المريض واتِّباع الجنائز وتشميت العاطس ونصر الضعيف وعون المظلوم وإفشاء السلام وإبرار المقسم
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizni yetti narsaga buyurdilar. Ular: kasalni ziyorat qilish, janozaga qatnashish, aksa uruvchiga “sogʻ boʻling” deb javob qaytarish, zaifga yordam berish, mazlumga koʻmakchi boʻlish, salomni yoyish va qasamining ustidan chiqish”.
Odamlar orasida salomni yoyish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biridir.
Imom Navaviy bunday deydi: “Boshqalarga eshittirib salom beriladi. Agar eshittirmasdan salom bersa, sunnat bajarilmaydi. Boshqalar eshitadigan darajada ovozini koʻtarib salom berish mustahab. Agar eshitishidan shubha qilsa, baland ovozda salom beradi. Agar baʼzilari uygʻoq va baʼzilari uxlagan joyga kirsa, baland ovozda salom berishga hojat yoʻq. “Sahihi Muslim”da Miqdod roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis buning sunnat ekanini isbotlaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kechasi (biror joyga) kelsalar uxlaganni uygʻotmaydigan va uygʻoq odamga eshittiradigan qilib salom berardilar”.
Yana Imom Navaviy bunday rivoyat qiladi: “Bir jamoaning oldiga borganda baʼzilarini xoslab salom berish makruh. Chunki salomning joriy etilishidan maqsad doʻstlikni hosil qilishdir. Aynan bir kishini xoslab salom berish boshqalarning nafratini qoʻzgʻaydi”. Salomni yoyishning foydalaridan biri odamlar orasida muhabbatni paydo qilishdir.
Ovoz chiqarmasdan salom berish mumkin emas. Balki ovoz chiqarib salom berish lozim. Qoʻl va boshqa aʼzolar bilan ishora qilib qoʻyish kifoya qilmaydi.
Salomni eshittirolmaydigan darajada uzoq boʻlgan kishiga ishora bilan salom berish mumkin. Shunda ham salomni talaffuz qiladi.
Savdo-sotiq va boshqa ishlar bilan mashgʻul boʻlgan kishiga salom beriladi. Odatda odamlar hamisha biror ish bilan mashgʻul boʻladi.
Hammomdagi odamga salom berilmaydi. Chunki u yer salom beradigan joy emas.
Juma namozining xutbasi oʻqilayotganda salom berilmaydi. Chunki xutbani eshitishga buyurilgan. Agar kimdir salom bersa, alik olish vojib emas.
Qurʼon qiroat qilayotgan kishiga salom bermasa ham boʻladi. Agar salom bersa, ishora bilan javob qaytarish kifoya qiladi.
Baʼzi hanafiy ulamolari bunday deydi: “Qiroat qilish, tasbeh aytish uchun yoki namozni kutib masjidda oʻtirgan kishiga salom berilmaydi. Agar salom bersa ham alik olish vojib emas”. Shuningdek, ayblanuvchi qoziga salom bersa ham alik olishi vojib emas.
Biror kishi boʻlmagan uyga kirgan odamning salom berishi ham salomni yoyish hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga salomni aytingiz (yaʼni “Assalomu alaykum” deng!)”(Nur surasi, 61-oyat), degan.
Biror kishi boʻlmagan uyga kirganda: “Bizga va Allohning solih bandalariga tinchlik boʻlsin!”, deb aytish mustahab boʻladi.
Zero, salom berish sunnat, unga alik olish esa vojibdir. Salomga alik olmaydigan kishiga yumshoqlik bilan: “Salomga alik olish vojibdir. Zimmangdagi farzni ado qilish uchun salomga alik olishing kerak”, deb tushuntiriladi. Vaholanki, odamlar orasida salomni yoyish dinimiz koʻrsatmalaridan va xalqimiz qadriyatlaridan biri hisoblanadi.