Hadis ilmi tarixi va uning tadrijiy bosqichlarini oʻrganish, sunnat va hadisga nisbatan noxolis bildirilgan fikrlarga qarshi munosib javob berish zaruriy talablardan biridir. Zero, hadis ilmi Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning muborak soʻzlari Qurʼoni karimdan keyingi asl manbadir. Islom shariatiga muvofiq ish tutgan olimlar va barcha musulmonlar bu manbaning haqligi va sahihligini tasdiqlagan. Sunnat va hadisning maqomi musulmonlar hayotida muhim boʻlib, Qurʼoni karimni tushunish, uning maʼnolari va daqiq masalalar hukmini hadislarsiz anglash mushkuldir.
Hadislarga nisbatan tanqidiy fikr bildirilishi va sekin-astalik bilan musulmonlar ongiga singdirilishiga boʻlgan harakatlar bu mavzuni yanada kengroq oʻrganishga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, bu tanqidlar “Sahihul Buxoriy” asari atrofida boʻlayotgani har bir shaxsni yanada hushyor boʻlishga undashi kerak. “Sahihul Buxoriy” va undagi hadislarga nisbatan musulmon ummatida shubha uygʻota olsa, boshqa hadislar boʻyicha tasnif etilgan kitoblarga ishonchni yoʻqotish yanada oson kechadi. “Sahihul Buxoriy” sahihligi jihatdan Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida eʼtirof etilgan. Shuning uchun bu taʼna va tanqidlar butun hadis ilmiga, Paygʻambarimiz (s.a.v.) sunnatiga qaratilgani maʼlum. Alloh taolo Qurʼoni karimda Paygʻambar (s.a.v.) keltirganni olish va qaytarganlardan qaytishga buyurgan.
وَمَآ ءَاتَىٰكُمُ ٱلرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَىٰكُمْ عَنْهُ فَٱنتَهُوا۟ وَٱتَّقُوا۟ٱللَّهَ إِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلْعِقَابِ
Paygʻambar sizga nimani bersa, oʻshani olinglar va nimadan qaytarsa, oʻshandan qaytinglar. Allohdan qoʻrqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir.[1]
Mazkur mavzu doirasida hadislarga nisbatan tanqidiy, taʼna va shubhaga asos boʻlayotgan sabablarni keltirib oʻtamiz. Musulmonlar orasida sunnat va hadisga shubha uygʻotish, bu orqali muqaddas dinimizdan uzoqlashtirish, islom shariatini ikkinchi manbasiga shubha paydo qilishdan boshqa narsa emas. Zamonamiz olimlaridan Mustafo Zuhayli bu haqda shunday degan: “Kim shariatni hadissiz oʻrganishni daʼvo qilsa, u shariatni nuqsonga buribdi. Agar u shariatni Qurʼonsiz oʻrganishni daʼvo qiladigan boʻlsa, shariatni tomirini kesibdi”.[2]
Bu kabi toifalarning tarixi va kelib chiqishiga nazar tashlasak, barchasini maqsadi bir boʻlib, asl manbadan uzoqlashtirish, uni tan olmaslik, oʻz gʻoya va mafkurasi, aqliy tafakkuriga toʻgʻri kelmagan shariat manbalariga amal qilmaslik boʻyicha targʻibotlarni koʻrishimiz mumkin. Hadislarga tanqidiy yondashuv nafaqat tarixda, balki hozirgi kunda ham baʼzi musulmon va gʻarb olimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Musulmon olimlarining maqsadi sunnat va hadisni toʻqima, yolgʻon va isnodi zaif hadislardan himoya qilish boʻlsa, baʼzi toifalar va gʻarblik olimlarning maqsadi esa sunnat hamda hadisni manba sifatida rad etish ekanini koʻrish mumkin.
Quyida tarixiy va zamonaviy toifalarning hadis-sunnatga tanqidiy, shubha va taʼnaga yoʻgʻrilgan fikrlari bilan tanishamiz:
Birinchi guruh xavorijlar[3] boʻlib, ular oʻzlarining botil eʼtiqodi uchun sunnatni tark etgan, sahobiylarni laʼnatlab, ularga ergashmagan islom tarixidagi ilk toifa edi. Sahobiylarga ergashish ham sunnat ekanini ular ochiq inkor etadi. Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning: “Mening sahobiylarim xuddi yulduz kabidir. Ularning qay biriga ergashsangiz hidoyat topasiz”[4], degan soʻzlariga amal qilmaganlar ham ushbu xorijiylardir. Muoviya ibn Sufyon va Ali ibn Tolib oʻrtasidagi tahkim[5] voqeasiga rozi boʻlgan va bu ikki sahobaga ergashgan barcha sahobiylarni ham dinsizlikda va fisqda ayblaganlar ham aynan xorijiylardir.
Shundan soʻng xorijiylar sahobiylar tomonidan rivoyat qilingan hadislarni rad qildi va natijada ular oʻzlarining mafkurasiga mos hadislarni olib, qolganini inkor etdi. Bular Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning hadis va sunnatlaridan yuz oʻgirgan birinchi toifa sifatida tarixda qoldi.
Ikkinchi toifa moʻtaziliylar[6] boʻlib, ular ahli sunna eʼtiqodi yoʻnalishiga koʻp ixtilof qilgan. Ular sahobiylardan koʻpini inkor etib, ular aytgan hadislarni ham rad etgan va oʻzlarining qarashi va eʼtiqodiga xilof hadislarni inkor etgan. Shafoat, qabr azobi, qadar, Allohni qiyomatda koʻrish va Uning sifatlari toʻgʻrisidagi hadislar moʻtaziliylar tomonidan rad etilgan. Sababi ularning eʼtiqodida aynan oʻsha masalalar inkor etiladi va uning asosi boʻlgan hadislar ham rad etiladi.
Hadis va sunnatni rad etuvchi uchinchi toifa rofiziylar[7]dir. Ular ham bu borada eng haddan oshgan guruh boʻlib, Paygʻambar (s.a.v.)ning asʼhoblarini haqoratlash, haqqiga nomaqbul soʻzlarni aytish, adolatsizlik va hatto, baʼzilarini dinsizlikda ayblash kabi holatlar ularning sunnatda koʻrsatilgan hukmlarga amal qilmasligini bildiradi. Ular qaysi sahobiyni ayblagan boʻlsa, uning tomonidan rivoyat qilingan hadislarni ham rad etgan. Hatto, rofiziylardan boʻlgan Kayloniy Abu Jaʼfarga isnodi bilan quyidagi yolgʻon rivoyatni keltiradi: “Paygʻambar (s.a.v.) vafotidan soʻng Miqdom, Salmon va Abu Zarrdan boshqa barcha insonlar murtad boʻldi”, dedi[8]. Bu rivoyat ham tamoman sahobiylarni haqorat qilishdan boshqa narsa emas.
Toʻrtinchi toifa zindiqiylar[9] boʻlib, ular ham oʻz qarashlarini himoya qilish maqsadida islom dini manbalarini rad etib kelgan. Ularning asosiy maqsadi islomni zaiflashtirish, hadis va sunnatni haybatini kamaytirish va musulmonlarni chalgʻitishdan iborat edi[10]. Davomi bor…