Abu Zayd Dabusiy Oʻrta Osiyo faqihlari orasida oʻziga xos yangi ilmiy asoslari va teran falsafiy tafakkuri bilan shuhrat qozongan alloma. U asarlari orqali fanning usulul fiqh, ilmul xilof (qiyosiy huquqshunoslik), furuʼul fiqh va boshqa ilm sohalarida katta yangiliklar yaratdi.
Imom Dabusiyning “Taqvimul adilla” kitobi usulul fiqhga doir boʻlib, hanafiy ulamolarining yoʻnalishida yozilgan asarlar orasida mashhurdir. Ulamolar bu asarlarni zoʻr qiziqish bilan oʻrganib, kundalik faoliyatlarida undan foydalanganlar va unga sharhlar yozganlar.
Olim ushbu asarining boshida ilm-maʼrifatga chiroyli taʼrif bergan boʻlib, bu maʼlumotlarni bilish har bir zamon uchun ahamiyatlidir.
“Alloh taoloning tavfiqi bilan shunday deymiz: Alloh taolo insonda musibatni anglash uchun ruh va aql, havo va nafsni jamlab yaratdi. Nafs havo bilan birga johillik maydoniga chorlaydi. Ruh aql bilan ilmning natijasiga chorlaydi. Shunga koʻra insonlar toʻrt tabaqaga ajraladi:
- Nafsining aslini bilmasdan, havosiga aldanuvchi.
- Albatta ish oʻz oʻrnida shunday, degan gumon bilan nafsiga aldanuvchi.
- Shariat dalillari bilan quvvatlangan narsalarni aqliy dalillarga binoan hidoyat qilingan kishi.
- Sharʼiy va aqliy nurlardagi “ruhul–quds” bilan hidoyat qilingan kishi.
Bu toʻrtinchi tabaqadagi ularning rahnamolaridir. Ruhning nuri asliydir. Aqlning nuri farʼiydir. Biz bularni “Umdul–aqso” va “Xizanatul–hidoya ” kitoblarida bayon qilganmiz”. Darhaqiqat, inson bilganini nima ekanligini aniqlashtirib olishi juda zarur.
Muallif usulul fiqhga uzoqdan kirib kelishi, keyin bayon qilinadigan maʼlumotlarni toʻgʻri tushunishga yordam beradi. Bu “kim nafsini tanisa, Robbisini taniydi”, degan hikmatga muvofiq keladi.
Har bir insonda nafs va havo, ruh va aql boʻlib, shunga koʻra inson nafsining havosiga yoki nafsining gumoniga ergashuvchi yoxud sharʼiy va aqliy dalillarga suyanuvchi boʻladi.
“Keyin bu toʻrtta tabaqa yana toʻrtta guruhga ajratiladi:
- Qurʼon, sunnat, fiqh va hikmat tafsirini bilmasdan Robbisini tanish. Shoyadki u bidʼat va fasoddan salomat boʻlsa.
- Qurʼon va sunnatning tafsirini bilib, lekin fiqhni oʻrganmay va qalbni tayyorlamasdan Robbisini tanish. Shoyadki u zalolat va shubhalanishdan salomat boʻlsa. Hodisalar uzoqdan–uzoq choʻzilgani va hujjatlar koʻpligi uchun, u ilmda yetib bormagan narsalarda shubhaga tushidan yoki adashib ketishidan omonda boʻlmaydi.
- Shariatning hujjatlaridagi fiqh yoʻllarini emas, balki qalbining maxfiy raʼyini tushunuvchi boʻlib, Robbisini tanish. Shoyadki, nafsu havosi va oʻzidan ajablanishi sabab halok boʻlishdan salomat qolsa. Aqlning yolgʻiz oʻzi hidoyat chegaralariga olib boruvchi emas. Aqldan keyingi narsa shariat boʻlmaydi, illo havo boʻladi.
- Shariat hujjatlarini tafsirdan taʼviligacha, shariat usullaridagi fiqh yoʻllarini illatlarigacha biluvchi kishining Robbisini tanishi. Bu kishi ularning peshvosidir. Lekin u fisqdan salomat boʻlishi lozim” .
Bu oʻrinda muallif yuqorida kelgan toʻrtta tabaqalarning holatini bayon qilmoqda. Har qaysi tabaqa omonda boʻlmaydigan vaziyatlarni koʻrsatib oʻtgan. Birinchi tabaqa aqliy va sharʼiy dalillarni bilmaydigan kishi boʻlib, u nafsining havosiga berilib, adashadi. Albatta, bidʼat va fasodga duchor boʻladi. “Shoyadki” soʻzi taʼkid maʼnosida kelgan. “Havo” soʻziga na aqlga toʻgʻri keladigan va na shariatga mos keladigan narsa, deb taʼrif bergan.
Mazkur ikkinchi tabaqa, bizning hozirgi kunimizdagi Qurʼon va hadislarni yoki ularning tarjimasini zohirini ushlab, uni fiqhini oʻrganmay va qalbini unga tayyorlamay turib, olimlikni daʼvo qiluvchilar toifasidir, desak ham boʻladi. Bular “nafsining gumoniga ergashuvchilar”, deb nomlandi. Ularga ergashib boʻlmaydi. Chunki ular oʻzlarini ham zalolat va shubhayu gumonlardan saqlab qola olmaydilar.
Uchinchi tabaqadagilar fiqhni qoʻyib, aqlni yoki oʻzlaridagi ilhomni ustun koʻruvchilar boʻlib, ojiz aqllari va qalbiy ilhomlarini sharʼiy dalillardan ustun koʻrishadi. Bular shariatni qatʼiy hukmlarini oʻz aqllariga moslovchi kishilar va baʼzi tariqatni oʻziga nisbat beruvchilardir. Bu toifadagi insonlar ham ergashishlikka munosib emas.
Toʻrtinchi tabaqadagi kishilar aqlan yetuk, shariat ilmlarini toʻliq egallagan, tariqat yoʻllarida barqaror olim insonlardir. Faqat shu toifadagilarga ergashish mumkin. Muallif ham shuni aytib oʻtgan.
“Ilm dunyo va oxirat kasblarini, Alloh va odamlarni talablarini isloh qiluvchidir. Lekin u buyruq bilan qaytarilgan ishlardan najot bermaydi. Faqat amallar va hollarning qismlarida maxfiy narsaga nazar solish bilan boʻladi. Bular ham toʻrtta qismdir:
Yengil sanovchi ham ikki qismdir:
- Ilmni dunyoga erishish uchun oladi.
- Kerak boʻlguncha miqdordagi ilm bilan kifoyalanish.
Bu ikki qism adashishdir. Ilm unga amal qilish bilandir. Amal dunyoni hozirgi mukofotga ishora qiluvchi havoyu nafsga qarshi boʻlgan holda oxirat uchun tark qilishdi.
Amal qiluvchi ham ikki qismdir:
- Bir joyda turmaslik va yolgʻiz amal qiluvchi.
- Bir joyda turib va boshqalarni ham daʼvat qilib amal qiluvchi” .
Ushbu maʼlumotlar bundan oʻn asr oldin yozilgan boʻlsa-da, muallif hozirgi kunimizda ham uchratish mumkin boʻlgan holatlarni aytib oʻtgan. Insonlar orasida bu ikki holat ham uchrab turadi. Birinchi guruh ilm boʻlsa boʻldi, amal shart emas. Ilmni fazilati juda ham ulugʻ. Ushbu fazilatning oʻzi yetarli, deydi. Oʻzlarini foydasiga maʼlum aqliy va sharʼiy dalillarni keltirishadi. Ilmini dunyoning oʻzigagina ishlatadi yoki kerak boʻlguncha miqdordagi ilm bilan kifoyalanadi. Bu birinchi guruhdagilarning belgisidir. Ikkinchi guruhdagilar ilmni amal uchun oʻrganadilar. Ammo bu ham ikki qismga boʻlinadi. Bir qism kishilar yolgʻiz oʻzi va bir joyda muqim turmasdan amal qilsa, ikkinchisi ilmini koʻpchilikka yetkazib, bir joyda qaror topib amal qilishadi. Muallif bularni “albatta bu ularning peshvosidir”, yaʼni shularga ergashish kerak, deb taʼriflagan.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan boʻlsak, Abu Zayd Dabusiyga koʻra, “shariat hujjatlarini tafsirdan taʼviligacha, shariat usullaridagi fiqh yoʻllarini illatlarigacha biluvchi va bu bilan oʻzini gunohdan saqlagan, bir joyda muqim turib, boshqalarni ham daʼvat qilib, ilmiga amal qiluvchi kishi” insonlarning peshvosidir.
“Alloh taologa daʼvat qilishdagi bandaning eng yuqori martabasi Paygʻambar alayhissalomlar martabasidir. Ular bu martabani olimlarga meros qilib qoldirdilar. Chunki Alloh taolo oyatlari bilan haqqa chaqiruvchidir. Banda uning amri bilan unga amal qiluvchidir” .
-
Abu Zayd Dabusiy. Taqvim al–adilla // Shayx Xalil Muhyiddin al–Miys tahqiqi asosida /. Dor al–kutub al–ilmiya, 2001.
-
Abu Zayd Dabusiy. (Adnon Aliy tahqiqi asosida) “Taqvim al–adilla fi usul al–fiqh”. – Bayrut:Maktabat al–asriyya, 2006.
-
Abduraxmon ibn Muhammad ibn Xaldun. Muqaddamtu ibn Xaldun. Dimashq.”Dar yuʼrab”.2003.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Fiqhiy yoʻnalishlar va kitoblar. -T: “Sharq”,2011.
-
https://azon.uz/content/views/buyuk–mutafakkirlarimiz–abu–zayd–dabusiy