Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish, bugun Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 28 yanvarda PF-60-sonli Farmon bilan tasdiqlangan «2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi»[1]ning 74-maqsadi ham aynan jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan.
Oʻrta asr Markaziy Osiyo mutafakkirlari maʼnaviy merosida xalqlararo doʻstlik, hamjihatlik, millatlararo totuvlik, murosasozlik kabi bagʻrikenglik gʻoyalari muhim mavzular hisoblanib, allomalar tomonidan bagʻrikenglik tamoyillari va mezonlari ishlab chiqilgan. Bu davr mutafakkirlari oʻzlarining bagʻrikenglikning nazariy-axloqiy, ijtimoiy-falsafiy nazariyalarini, fikr va qarashlarini bayon qilganlar. Doʻstona munosabatlar va murosasozlik haqidagi qarashlari oʻsha davrda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Xalqlar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlik munosabatlarini oʻrnatish, hamjihatlikda yashash gʻoyasini birinchilardan boʻlib izchil ishlab chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Nasr Forobiy(873-950)dir. Olimning maʼnaviy merosida inson, jamiyat, uning muhim xususiyatlari, insoniy qadriyatlarga oid insonparvarlik gʻoyalari diqqatga sazovordir.
Forobiy ilk oʻrta asrlarda insonparvarlikka asoslangan ijtimoiy tuzum va davlat boshqaruvi, insonlarni baxt-saodatga eltuvchi jamoa haqidagi taʼlimotni olgʻa surdi, barcha xalqlarning oʻzaro yordam va doʻstlik asosida yashashi xususida mulohaza yuritib, jamiyat va uning kelib chiqishi omillari, inson, uning maqsadi, vazifalari haqida izchil taʼlimot yaratdi. Bu taʼlimotda xalqlararo doʻstlik, hamjihatlik, milliy va diniy bagʻrikenglik, turli toifa va tabaqa kishilar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, ularning bir maqsad yoʻlida jamoa boʻlib birlashuvi, ideal jamiyatda insoning tutgan oʻrni, din va eʼtiqod, urush va doʻstlik kabilarni qamrab olgan. Mutafakkirning bu haqdagi qarashlari uning mashhur “Fozil odamlar shahri”, “Ixso al-ulum”, “Fazilat, baxt-saodat va kamolot haqida” kabi asarlarida batafsil bayon etib oʻtilgan.
Forobiy insonlar jamiyatda bir-birlarining yordamisiz, oʻzaro turli munosabatlarda aloqa qilmasdan yashay olmasligini, hamjihatlik va hamkorlikdagina inson jamoalarining vujudga kelishi taʼkidlab, jamiyat barqarorligi, osoyishtaligi va taraqqiyotining asosiy sababidir deb bilgan. Bu haqda mutafakkir shunday yozadi: “Inson oʻz tabiati jihatidan shunday tarkib topganki, oʻzining mavjudligi va oliy darajadagi kamolotga erishuvi uchun koʻp narsalarga muhtojdir. U bularning barchasiga bir oʻzi erisha olmaydi va ularga erishish uchun kishilarning qandaydir jamoasiga muhtoj. Bu jamoaning har bir aʼzosi u muhtoj boʻlgan narsalarning birortasi bilan uni taʼminlaydi.[2]. Olim yana aytadiki “Ana shu oʻzaro yordam tufayli ehtiyoj qondiriladi. Kishilar oʻrtasidagi oʻzaro yordam inson jamoasini keltirib chiqaradi”.[3] Demak, Farobiy fikricha kishilar baxtga erishi uchun birlashishi va bir-birilariga yordam berishlari kerak. Bu esa har bir inson va jamoani maʼnaviy kamolotga yetaklaydi deydi: “Kishilarning oʻzaro yordamlashuvi, birlashuvi orqali yetuklikka erishuvi mumkin”.[4] Shu bois ham kishilik jamiyatining paydo boʻlishi, ezgu maqsadlarga asoslangandir. Zero, bunday shahar (davlat)lar mutafakkir tomonidan kishilik birlashmalarining eng oliy shakli, deb eʼtirof qilinadi.
Shuning uchun ham Forobiy fozil shahar – davlatni sogʻlom inson tanasiga oʻxshatib, tananing barcha aʼzolari bir-biriga muhtoj va bogʻliqligi zaruriyat ekanligini taʼkidlaydi: «…tananing sogʻligini va kamolotini taʼminlash uchun bir-birlari bilan mustahkam aloqada boʻlganliklari va bir-birlariga yordam berganliklari kabi fozil shahar-davlatning fuqarolari ham bir-birlariga bogʻliqdirlar. Ularning har biri maʼlum mavqega ega va maʼlum vazifalarni amalga oshiradilar[5].
Demak, insonlarning jamiyat boʻlib kishilik jamoasiga birlashish sababini, ularning maʼlum bir irq, millat yoki dinga mansubligi bilan emas, balki ularning oʻzaro yordam, hamkorlik va hamjihatlikka muhtojligi bilan izohlash lozim. Zero, inson oʻz mohiyatiga koʻra ijtimoiy mavjudotdir.
Olim insonlarning oʻzaro hamjihatlikda va doʻstona munosabatda yashashi jamiyat farovonligini taʼminlasa, oʻzaro koʻmak, mehr-muruvvatning yoʻqligi, fitna, fisqu-fasod hukmronligi johil shaharning asosiy xususiyati, sababi sifatida qayd etadi. “Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi asos insoniylikdir, shuning uchun ham, odamlar insoniyat turkumiga birlashganliklari tufayli oʻzaro tinchlikda yashamoqlari lozim”[6] – degan fikrlari ham buyuk faylasufning ijtimoiy hamkorlikni jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi omillardan biri, deb hisoblaganini anglash imkonini beradi.
Tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-axloqiy, falsafiy sohalarda chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan Abu Rayxon Beruniy (973-1048) asarlarida ham bagʻrikenglik mavzusi alohida oʻringa ega. Xususan, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida xalqlar, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro urushlarga odamlarning turli millat, til, diniy eʼtiqodi va irqda boʻlishi sababchi emasligini taʼkidlaydi. Masalan, mutafakkir kishilarning turli irq, millat va elatlarga ajralishi tabiiy sharoit va ularning geografik joylashuvi sabab ekanligini tushuntiradi: “Chunki odamlar tuzilishlarining rang, surat, tabiat va axloqda turlicha boʻlishi faqatgina nasablarning turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning odam yashaydigan joylarning turlichaligidan hamdir. Tillarning turlicha boʻlishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli xohishlarni ifodalash uchun zarur boʻlgan soʻzlarga ehtiyoj tugʻilishidir”[7].
Beruniy ham ijtimoiy qarashlarida Farobiy izidan borib, jamiyatning paydo boʻlishi asosiga kishilarning moddiy va maʼnaviy ehtiyojini qoʻyadi yaʼni, odamlar oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun bir-birlari bilan birlashadilar, hamkorlik qiladilar, birgalikda oʻzlarini himoya qiladilar deb taʼkidlaydi: “Ehtiyojlar turli-tuman va son-sanoqsizdir. Faqat ularni bir qancha kishilar birgalikda taʼminlay olishlari mumkin”[8]. “Gap shundaki, odam ehtiyojining koʻpligi, himoya qilish quroliga ega boʻlmaganligi va dushmanning koʻpligi tufayli, bir-birini himoya qilish zarurligi, oʻzini va boshqalarni taʼmin etishga zarur boʻlgan biror ishni bajarish uchun oʻz qarindosh-urugʻi bilan jamiyatda birlashishga majbur boʻlgan”[9].
Demak, insonlar bir-birlariga muhtoj va yordam berishlar uchun jamiyatga uyushganlar. Alloma bu haqda “Mineralogiya” asarida shunday yozadi: “Inson ehtiyojlari shu darajada xilma-xilki, uning bir oʻzi ularni qondira olmaydi. Ehtiyojlar xilma-xil va juda koʻp. Faqat bir qancha odamlardan tashkil topgan jamoa bilangina ularni qondirish mumkin”[10].
Xalqlararo doʻstlik, hamjihatlik, diniy bagʻrikenglik kabi gʻoyalar “Shayx ur-rais”(olimlar boshligʻi) nomi bilan mashhur Abu Ali ibn Sino(980-1037) dunyoqarashida ham alohida oʻringa ega.
Ibn Sino ham insonni ijtimoiy hayvon deb talqin qiladi. Olim insonlarni jamiyatdagi tutgan oʻrni va vazifasiga qarab uch guruhga: davlat ishlarida xizmat qiluvchi, mahsulot ishlab chiqaruvchi va davlatni hujumlardan qoʻriqlovchilarga boʻlib, bular oʻzaro bir-birlariga bogʻliq va bir-birlarisiz yashay olmaydilar deb taʼkidlaydi: “Oʻzaro bogʻliqlik va almashuv jarayonida insonlar bir-birlarini qandaydir muhtojlikdan holi etadilar. Buning uchun insonlar oʻrtasida oʻzaro kelishuv zarur boʻlib, bu kelishuv tufayli adolat qoidalari va qonunlari oʻrnatiladi”[11].
Ibn Sino taʼlim-tarbiya, ilm olish, doʻstlik, ishonch, sadoqat kabi insoniy qadriyatlar jamiyat farovonligi, odamlar tinchligining muhim poydevoridir deydi. Bularning aksi boʻlgan ikkiyuzlamachilik, yolgʻonchilik, fitna, xoinlik, insonlar ustidan qilinadigan har qanday zoʻravonlik kabi gʻayriinsoniy, gʻayriaxloqiy illatlarni qoralaydi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning bagʻrikenglikga oid fikrlari hozirgi davrda yurtimiz va jahonda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼnaviy, milliy va diniy oʻzgarishlar jarayonida, xalqlar va diniy munosabatlarni mustahkamlashdi gʻoyaviy omil sifatida xizmat qilishi shubhasiz. Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganlaridek, “Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi”[12].