Ahsikat shahri Buyuk Ipak yoʻli rivojida muhim oʻrin tutgan. U sanʼat, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, hunarmandchilik sohasi qadim zamonlardayoq rivojlangan markazlardan biri boʻlgan. Miloddan avvalgi II-I asrlarga oid Xitoy yozma manbalari va arab sayyohlari Maqdisiy va Istahriylarning (VIII-IX asr) maʼlumotlarida: “Axsikat uch qism Shahriston, Rabot, Arki aʼlo podshoh qarorgohidan iborat. Shaharning janubiy qismidan asosiy savdo hamda Buyuk Ipak yoʻli tarmogʻi oʻtgan”– deb taʼrif keltirilgan[1]. Ahsikat shahri maʼnaviy, madaniy hayot va islom olamidagi yirik olimlarni jamlagan markazlardan biri boʻlgan.
XI asr oʻrtalarida yashagan alloma Abu Abdulloh Ahsikasiy Movarounnahr Hanafiy faqih ulamolari orasida fiqhiy asarlari bilan tanilgan mashhur olimlardan sanalgan. Allomaning toʻliq ismi Abu Abdulloh Hisomiddin Muhammad ibn Muhammad ibn Umar Ahsikasiy boʻlib, u haqdagi maʼlumotlar manbalarda yetarli emas. Shogirdlari Muhammad ibn Muhammad Idiy Buxoriy hamda Muhammad ibn Umar Navjaboziy oʻz asarlarida Ahsikasiydan fiqh ilmi boʻyicha tahsil olgani toʻgʻrisidagi maʼlumotnigina keltirgan. Vafot etgan yili (644/1246) va u haqdagi qisman maʼlumotlar esa Husayn Sigʻnoqiyning “Vafi”, Abdulaziz Buxoriyning “Gʻayyatut tahqiq” asarlarida uchraydi.
Ahsikasiy “Muntahab fi usuli lil mazhab” asari tufayli “Muntahabul Husomiy” laqabi bilan faqihlar orasida mashhur boʻlgan. Mazkur asar xattotlar tomonidan koʻchirilib, koʻplab nashr qilingan kitoblardan sanaladi. Jumladan, faqih Mavloviy Muhammad Ibrohimning “Muntahab fi usuli lil mazhab” hoshiyasi 1900 yil, Abduxoliq Dehlaviyning “an-Namiʼ” sharhi 1908 yil (Laknavda), Nizomiddin Qurayshiyning “Sharhi Nizomiy” sharhi 1907 yil (Dehlida) nashr qilingan.