Home / ALLOMALAR / XALIFA IBN XAYYOT ILMIY FAOLIYATI VA UNING “TARIX” ASARI HAQIDA

XALIFA IBN XAYYOT ILMIY FAOLIYATI VA UNING “TARIX” ASARI HAQIDA

Basralik arab tarixchisi Xalifa ibn Xayyot milodiy 777-855 (hijriy 160-240) yillarda yashab ijod qilgan. Uning toʻliq ismi manbalarda Abu Amr Xalifa ibn Xayyot ibn Abu Xubayr al-Axboriy ash-Shayboniy al-Usfuriy al-Basriy deb keltiriladi. U haqida “Tabaqot” kitoblaridan Ibn Xallukonning “Vafayotul ayon” kitobida, Ibn Ammod Hanbaliyning “Shazarotuz zahab” asarida, Zarkaliyning “Al-aʼlom” asarida, Imom Zahabiyning “Siyar aʼlom an-nubalo” asarida, Ibn Hajar Asqaloniyning “Tahzibut tahzib” asarida, Imom Zahabiyning “Tazkirotul huffoz” asarida maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Uning al-Usfuriy deb yuritilishi yoshlik chogʻlarida chumchuqfurushlik bilan shugʻullangani uchun shunday nisbat berilgan. Manbalarda Ibn Xayyotning oilasi Iroqdagi Basra shahridan boʻlganligi haqida maʼlumotlar uchraydi. U yoshligidayoq ilmining yuksakligi, ilmda juda ham ziyrak va hushyorligi bilan tanilgan edi. Manbalarda Xalifa ibn Xayyot islom tarixini yaxshi biladigan fazli keng hofiz boʻlganligi haqida maʼlumotlar uchraydi. Bobosi mashhur muhaddis sifatida tilga olinadi. Xalifa ibn Xayyotning oʻzi ham tarixchi boʻlibgina qolmay,buyuk muhaddis sifatida ham nom qozongan.

“Xalifa ibn Xayyot Basrada yashagan boʻlib, ilm talabida boshqa shaharlarga bormagan.Oʻsha davrda ilm markazlaridan biri boʻlgan Bagʻdod shahriga kelmaganligini Xatib Bagʻdodiyning “Tarix” kitobidagi maʼlumotlar tasdiqlaydi”[1].

Imom Zahabiyning qayd etishicha, Imom al-Buxoriy oʻzining “Al-Jome as-Sahih” kitobida Xalifa ibn Xayyotni ishonchli roviylar qatorida eʼtirof etgan. Xalifa ibn Xayyot oʻzining ilm talabidagi izlanishlari bilan mashhur boʻlgan. U Ifriqiya (Tunis)da shayxlik qilgan kezlari 284 kishiga ustozlik qilib, ularga fiqh ilmidan dars bergan.Uning oʻzi esa solih mujtahid darajasiga erishgan. Xalifa ibn Xayyotdan uning oʻgʻli Ayyub, Ahmad ibn Abdulloh al-Umaviy, Aslam ibn Abdulaziz, Muhammad ibn Zubayr, Muhammad ibn Umar al-Lubbaba, Xasan ibn Saʼd al-Kinoniy, Abdulloh ibn Yunus Murodiy al-Quburiy, Abdulvohid ibn Hamdun, Hishom ibn Valid Gʻofiqiy va boshqalar hadis rivoyat qilishgan. Imom Buxoriy oʻzining “At-tarix al-kabir” kitobida uni ishonchli roviylardan sanagan.

Xalifa ibn Xayyotning vafoti haqida turli ixtiloflar boʻlgan. Jumladan Ibn Tugʻro Bardiy oʻzining “Fiy nujumiz-zahiro” asrida muallifni hijriy 240/855 yilda vafot etgan degan maʼlumotni keltiriladi. Bundan tashqari Imom Zirikliy oʻzining “Al-aʼlom” asarida, Ibn Kasir “Al-bidoya van-nihoya ” asarida, Ibn Ammod Hanbaliy “Shazarot uz-zahab” asarida ham Xalifa ibn Xayyotni hijriy 240/855 yilda vafot etganini keltiradi. Lekin Ahmad Ibn Muhammad Abu Bakr Ibn Xallukon oʻzining “Vafoyotul ayon” asarida muallifni ramazon oyida hijriy 230/845 yilda vafot etgan degan maʼlumotni keltirgan.

Imom Zahabiy “Siyar aʼlom an-nubalo” asarida u haqida shunday degan: “Xalifa ibn Xayyot imom, hofiz, alloma boʻlgan, uning ismi Abu Amr Usfuriy Basriy boʻlib, “Shabob” laqabini olgan, u “Tarix” va “Tabaqot” kitobi sohibidir”[2].

Baqiy ibn Maxlad Ibn Xayyotning “Tarix” asari haqida shunday degan: “U haqida Ibn Bishkavol: “Islom haqida u kabi asar yozilmagan” – deydi[3]. Uning hadisga doir asari ham mavjud boʻlib, unda sahobalarning ismlarini tartiblagan, yana uning “Fatovo as-sahoba vat-tobeiyn va man duvnahum” (Sahoba, tobeiyn va ulardan boshqalarning fatvolari) haqidagi kitobi ham mavjud”.

Tarixchi ibn Nadimning keltirishicha, Xalifa ibn Xayyotdan bizga “Tarix”, “Tabaqot”, “Tabaqot al-Quro”, “Tarix az-zamaniy val arjan val mardo val umyan”, “Ajzaul-Qurʼan va aʼsharuhu va asbauhu va ayatuhu” nomli kitoblari yetib kelgan. Ismoil al-Bagʻdodiyning maʼlumotlariga qaraganda Xalifa ibn Xayyotni “Musnad” kitob yozgani haqida ham xabarlar mavjud. Olim hadis rivoyat qilish, fiqh va boshqa sohalardan tashqari olimlar haqida qimmatli maʼlumotlarni oʻz kitoblarida yozib qoldirgan.

Muallifning shoh asari boʻlmish Tarix asari oʻz sohasida yozilgan asarlar ichida maʼlumotlarining tartibliligi, maʼlumotlarning ishonchli kishilardan keltirilganligi, ixcham va aniqligi bilan ajralib turadi.

Bu kitob haqida muallifning oʻzi shunday deydi: “Bu “Tarix” kitobi odamlar oʻz hajlari, roʻzalari va qarzlari muddatini biladigan tarixdir”.

Asarda islom tarixi, yaʼni:

  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tugʻilishlaridan vafotlariga qadar;
  • paygʻambar boʻlishlari Makka va Madinadagi faoliyatlari;
  • Badr va Uhud janglari;
  • katta va kichik gʻazot va sariyalar;
  • xulafoi roshidun davrida sodir boʻlgan maʼlum va mashhur voqealar;
  • ular davrida fath etilgan shahar davlatlar;
  • fath etilgan davlatlarda yashovchi xalqlarning munosabati;
  • keyingi xalifalarning amalga oshirgan ishlari;
  • umaviy va abbosiylar davri ;
  • oʻsha paytda umaviy va abbosiy xalifalarning amalga oshirgan ishlari va boshqa maʼlumotlar dalili va oʻziga xos uslubda keltirilgan. Muallif oʻz kitobida tarixning birinchi yilini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkadan chiqishlari bilan belgilagan. Har bir yil alohida nom bilan belgilanib 232 yilgacha boʻlgan voqealar keltirilgan.Shunda birinchi yil milodiy 622 yil yaʼni hijratning boshlanishiga va oxirgi 232 yil 755 yilga toʻgʻri keladi. Muallif oʻz kitobidagi maʼlumotlarni yaʼni 622-755 yillar oraligʻidagi voqealarni 348 ta sarlavha ostida bayon qilib bergan.

Tarixni yoritishda maʼlumotlarni xronologik tarzda keltirish uning aniqligini koʻrsatib beradi hamda ularni solishtirishni osonlashtiradi. Shu nuqtai nazardan Xalifa ibn Xayyot oʻzining “Tarix” asarida oʻquvchi va tadqiqotchilar uchun maʼlumotlarni ishonchli boʻlishini taʼminlab har bir yilda sodir boʻlgan Islom tarixiga oid maʼlumotlarni xronologik tarzda keltirgan. Uning ushbu asarini er-xotin doktor Mustafo Najib Favvoz va Hikmat Keshliy Favvozlar qayta ishlab oʻrgangan. Asar Livan davlati poytaxti Bayrut shahridagi Dorul kutubul ilmiyya kutubxonasida 1995 yil hozirgi zamonaviy koʻrinishda nashr etilgan.

Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, tarixda Xalifa ibn Xayyotning ilmiy-maʼnaviy merosi va hayoti bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni yetarli darajada oʻrganilmagan. Alloma Xalifa ibn Xayyot va uning boy ilmiy-maʼnaviy merosi juda oz oʻrganilgan boʻlib, hali qilinadigan ishlar, mutafakkirning oʻrganilmagan asarlari oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi.

[1]Mustafo Najib Favvoz, Hikmat Keshli Favvoz. Tarixu Xalifa ibn Xayyot. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya. 1995. – B. 5.
[2]Mustafo Najib Favvoz, Hikmat Keshli Favvoz. Tarixu Xalifa ibn Xayyot. -Bayrut: -Dorul kutubil ilmiyya, 1995. – B. 8.
[3]Ibn Bishkavol. As-sila. -Bayrut: — Dorul kutubil ilmiyya. – B.121.
Mirfozil MADALIYEV,
DIQ “Dinshunoslik” ekspertizasi boʻlimi
bosh mutaxassisi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …