Home / MAQOLALAR / Imom Muslimning “Sahihi Muslim” asarida kelgan ijtimoiy himoyaga oid hadislar

Imom Muslimning “Sahihi Muslim” asarida kelgan ijtimoiy himoyaga oid hadislar

Jamiyat qatlamlari orasida ham maʼnaviy, ham moddiy jihatdan koʻproq eʼtibor berish zarur hisoblangan qismi alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Bunday yordamga muhtoj insonlarga koʻmak berish ilmiy tilda “ijtimoiy himoya” deb ataladi. Ijtimoiy himoya tushunchasi milliy va diniy qadriyatlarimiz, xususan islom huquqida ham oʻziga xos oʻringa ega. Shuni aytib oʻtish joizki, Islom dinida ijtimoiy himoya faqat moddiylik bilan cheklanib qolmasdan, balki   ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni ham koʻzda tutadi.  

Islom huquqiga koʻra, boylik va kambagʻallik xavfli, fojiali holat emas, balki boylikni notoʻgʻri sarflanishi, kambagʻallarning haqlarini berilmasligi sabab zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, bularning barchasini islomning birlamchi manbalari hisoblangan oyatlar va hadislarda taʼkidlanganidek, butun umr davomida xavf va xatarga duch kelishi mumkin boʻlgan, himoya qilinishi kerak boʻlgan zaruriyati xamsa, yaʼni beshta umuminsoniy manfaatlarni butun umr davomida zarar yetishidan panoh tilashlari kerak[1].        

Ijtimoiy himoya jamiyatning iqtisodiy nochor, yordamga muhtoj va boquvchisini yoʻqotgan qatlamlari ehtiyojlarini qondirish hamda ijtimoiy adolatni oʻrnatish maqsadida hukumat darajasida amalga oshiriladigan ish hisoblanadi. Tarixdan maʼlumki, ilk islom davridan bu masalaga katta eʼtibor qaratib kelinganiga guvoh boʻlish mumkin. Islom huquqida jamiyatda  ijtimoiy tenglikni taʼminlash uchta institut orqali amalga oshiriladi. Birinchisi – oilada, ikkinchisi – zakot instituti orqali; uchinchisi – davlat tomonidan[2].

Xalqimiz ming yilliklar davomida ijtimoiy soha borasida islom dini taʼlimotlari asosida diniy va milliy qadriyatlarga tayangan holda katta tajriba toʻplagan. Ushbu buyuk merosni izchil oʻrganib borib, barcha xalqlarda umuminsoniy qadriyatlar mavjudligini, shu jumladan ijtimoiy munosabatlarning hozirgi davrda aholini ijtimoiy himoya qilish nomini olgan jabhasida ham mavjud boʻlgan muayyan maʼlumotlarni jamlab oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Islom olamida mashhur boʻlgan olimlarni beqiyos asarlarini oʻrganish xususan, yetuk muhaddis, hadis ilmining bilimdoni Imom Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy an-Nisoburiy hazratlarining “Sahihi Muslim” asari muhim ahamiyatga ega. Bu asarda nafaqat ibodatga oid hadislar, balki muomalotga oid, musulmonlarni oʻzaro ijtimoiy munosabatlari haqidagi hadislarni ham oʻz ichiga olgan.             

Oʻrganish natijasida shu narsa aniqlandiki, ijtimoiy himoya mavzusiga doir hadislar asarning asosan 2 juzi 12 boʻlimi “Zakot” kitobida keltirilgan. Ushbu qism 56 bob, 2135 dan 2366 gacha boʻlgan  jami 231 ta hadislarni oʻz ichiga oladi. Ular quyidagi moliyaviy mavzularni oʻz ichiga oladi: zakot, ushr, fitr, sadaqa, nafaqa kabi mavzularni ahamiyati, unga targʻib qilish, foydalari, ular bajarilmasligining oqibatlari hamda zararlari haqida soʻz yuritilgan.

Quyida ana shu boblar mavzulari keltiriladi.

 Zakot kitobida kelgan ijtimoiy himoyaga oid boblar:

1.      

1-bob

Ushr va ushrning yarmi beriladigan narsalar haqida

2.      

3-bob

Zakotni oldindan berish va uni bermaslik haqida

3.      

4-bob

Musulmonlarning zimmasidagi fitr zakotining xurmo va arpadan berilishi haqida

4.      

6-bob

Zakot bermaganning gunohi haqida

5.      

7-bob

Zakot yigʻuvchilarni rozi qilish haqida

6.      

9-bob

Sadaqaga targʻib

7.      

11-bob

Infoqqa targʻib, infoq qilganga evazning xushxabari berilgani haqida

8.      

12-bob

Ahli ayol va mamluklarga nafaqa qilishning fazli, ularni zoye qilgan yoki ularga nafaqa qilmagan kishining gunohi haqida

9.      

13-bob

Nafaqani oʻzidan boshlash, keyin ahliga, soʻng qarindoshlarga ekani haqida

10.  

14-bob

Qarindoshlarga, zavjasiga, bolalarga va mushrik boʻlsa ham ota-onaga infoq qilishning fazli haqida

11.  

15-bob

Sadaqaning savobi mayyitga yetishi haqida

12.  

16-bob

“Sadaqa” degan nom maʼruf ishlarning barcha turiga toʻgʻri kelaverishi bayonida

13.  

17-bob

Infoq qiluvchi va mumsik haqida

14.  

18-bob

Sadaqani qabul qiladigan odam topilmay qolmasidan oldin berishga targʻib

15.  

19-bob

Halol-pok kasbdan topilgan sadaqaninggina qabul qilinishi va uning oʻstirilishi haqida

16.  

20-bob

Yarimta xurmo yoki birgina shirin soʻz bilan boʻlsa ham sadaqa qilishga qiziqtirish va buning doʻzaxdan parda ekani haqida

17.  

22-bob

Manihaning fazli haqida

18.  

23-bob

Infoq qiluvchi bilan baxilning misoli haqida

19.  

25-bob

Omonatdor xazinabonning ajri hamda erining uyidan ziyon keltirmagan holda, uning ochiq ruxsati bilan yoki urfga koʻra sadaqa qilgan ayolning ajri haqida

20.  

27-bob

Sadaqa va ezgu amallarni jamlash haqida

21.  

28-bob

Infoq qilishga qiziqtirish va uni sanab borishning makruhligi haqida

22.  

29-bob

Ozgina narsani boʻlsa ham sadaqa qilishga qiziqtirish va arzimas deb, oz narsa (berish)dan oʻzini tortmaslik haqida

23.  

30-bob

Sadaqani yashirib berishning fazli haqida

24.  

31-bob

Sadaqaning afzali xasisning sogʻ paytidagi sadaqasidir

25.  

55-bob

Zakotni olib kelgan kishining haqqiga duo qilish haqida

 

Islom taʼlimotida ijtimoiy himoyaga targʻib etuvchi yana boshqa tamoyillarda ham  ular sadaqalar koʻrinishida namoyon boʻladi. Xususan, 9-bob Sadaqaga targʻib haqida boʻlib, Abu Zarr r.a. dan rivoyat qilinadi: “Mana shu Uhuddek oltinim boʻlib, undan qarz uchun olib qoʻyadiganimdan boshqa biror dinorning huzurimda uch kun turib qolishini xohlamasdim, uni Allohning bandalari orasida mana bunday, mana bunday, mana bunday – old, oʻng, chap tomonlariga hovuchladilar – qilib yuborardim”, dedi[3]. Bu hadis insonlarni sadaqa qilishga ragʻbatlarini yanada ziyoda qiladi va ular oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi.

Eʼtibor qilinishi kerak boʻlgan jihatlardan biri shundaki, qilinadigan ehsonlarning barchasi halol yoʻl bilan topilishi shart qilinadi. Bu esa toʻplamning “Halol-pok kasbdan topilgan sadaqanggina qabul qilinishi va uning oʻstirilishi” 19-bobidagi 2214-hadisda keltiriladi. Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Biror kishi halol-pok narsadan sadaqa qilsa, zotan, Alloh faqat halol-pok narsanigina qabul qiladi – Rahmon uni oʻngi bilan oladi, agar u bir dona boʻlsa ham. Keyin u Rahmonning kaftida xuddi biringiz toychogʻini yoki boʻtalogʻini oʻstirganidek oʻsadi, hatto togʻdan ham katta boʻlib ketadi”[4].

Imom Muslim Sahihida sadaqaga juda keng targʻibotni koʻrish mumkin yaʼni nabaviy hadislari musulmonlarni sadaqa qilishga chaqiradi va unga boʻlgan ragʻbatni shu qadar oshiradiki, hatto 20-bobda “Yarimta xurmo yoki birgina shirin soʻz bilan boʻlsa ham sadaqa qilishga qiziqtirish va buning doʻzaxdan parda ekani” haqida keltirilgan. 2219-hadisda Adiy ibn Xotim r.a.dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v.)ning “Sizlardan kim yarimta xurmo bilan boʻlsa ham doʻzaxdan oʻzini toʻsa olsa, shuni qilsin”.

Imom Muslimdan shu mavzuda quyidagi hadis rivoyat qilinadi: Abu saʼd Xudriy (r.a) rivoyat qiladi:  “Kimning ortiqcha tuyasi boʻlsa, tuyasi yoʻqlarga yordam qilsin. Kimning ortiqcha oziq-ovqati boʻlsa, oziq-ovqati yoʻqqa yordam qilsin”[5]. Muhaddis yana bir hadisni rivoyat qiladi: Jobir r.a. dan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v. bir kishiga: “Oʻzingdan boshla, oʻzingga sadaqa qil. Agar biror narsa ortib qolsa, oʻz ahlingga (sadaqa) qil. Agar ahlingdan ham biror narsa ortib qolsa, qarindoshlaringga (sadaqa) qil. Agar qarindoshlaringdan ham biror narsa ortib qolsa, bunday qil (oldingdagi, oʻng chap yoningdagi boshqa kishilarga sadaqa qil)”, dedilar[6]. Ushbu hadisda sadaqa qilishning tartibi, bosqichlari aniq qilib bayon etilgan. Sadaqaning ushbu tartibga muvofiq qilinishi uni yanada goʻzal holatda, oʻz oʻrnida ado etilishini taʼminlaydi.

Bugungi kunda ham har bir davrdagi kabi musulmon jamiyatlari rivoji insonlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar asosiga qurilgan boʻladi. Zero  insonlarning oʻzaro birdamlik aloqalari jamiyat birligi va osoyishtaligiga, taraqqiy etishiga muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bu borada ijtimoiy himoya masalalarini fiqhiy jihatdan oʻrganish dolzarb hisoblanadi. Xususan, Imom Muslimning “Sahihi Muslim”  toʻplami ijtimoiy himoya masalalarini oʻrganish, unga oid muammolarni yechimini topishda muhim oʻrin tutadi.

[1] Erol A. Social protection in Islamic law. Theoretical perspectiva. Peterleng. 2018. –B 29.
[2] Yusupova N. Islom huquqida oila va jamiyat barqarorligini taʼminlashda  ijtimoiy himoyaning mohiyati. Ijtimoiy fikr. 2020. № 4. –B 71.
[3] Oltin Silsila. Sahihi Muslim. 2 juz. “Hilol-nashr”, –T. 2020. –B 525.
[4] Oltin Silsila. Sahihi Muslim. 2 juz. “Hilol-nashr”, –T. 2020. –B 547.
[5] Islom Yo. Islomda boylik va kambagʻallikka munosabat. Qaqnus-media. –T.: 2019. –B 137.
[6] Islom odoblari ensiklopediyasi. I kitob. Hilol-nashr –T.: 2019. –B 279.
Husanboy QIRGʻIZOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassisi,
Maxfuzaxon JALOLDINOVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …