Home / MAQOLALAR / ABDULHAY LAKNAVIYNING ILMIY FAOLIYATI

ABDULHAY LAKNAVIYNING ILMIY FAOLIYATI

Har bir olimning qadri asosan uning ilmiy merosi bilan baholanadi. Ulamolar butun umrini bagʻishlagan bu qadrlilik dovoni ikki qirrada namoyon boʻladi. Ular mashaqqat va qadr-qiymatda biri ikkinchisidan oz emas. Birinchisi insonlar asrlar osha foydalanishi uchun yozilgan asarlar boʻlsa, ikkinchisi islom odoblari bilan tarbiyalangan, ilm puxta oʻrgatilgan, olimning shaxsiy hayotida chuqur iz qoldirgan va merosini avlodlarga yetkazishda koʻp xizmatlar qilgan shogirdlardir.

Abdulhay Laknaviyning fikr va gʻoyalari oʻz zamonasida qanday qabul qilingan, asarlari va teran maʼno-mazmunli tadqiqotlaridan qanchalar manfaat olingan boʻlsa, bu goʻzal anʼanani hozirgi kunda ham barcha ahli ilm va fazilat sohiblari shunday davom ettirmoqda. Muhammad Abdulboqiy aytadi: “Alloh taolo allomani yaxshi qabul boʻlish bilan siyladi va mahorat bilan bajargan tadqiqotlarini manfaatli qildi. Uning asarlari tufayli shogirdlari dinimizning iqtidorli xizmatchilariga aylandi. Alloma ilmiy munozara qilgan paytlar muhaqqiq olimlar sukut saqlar edi. Fatvo soʻrovchilar boshqalardan bexojat boʻlardi. Qisqasi, alloma mutaaxxir ulamolar orasidan Allohning belgilaridan bir belgi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning moʻjizalaridan bir moʻjiza boʻlib yuzaga chiqdi. Shoyadki, Abdulhay Laknaviy hijriy oʻn uchinchi yuz yillikning boshidagi mujaddid boʻlishini duo qilgan boʻlsa-yu Alloh uni ijobat aylagan boʻlsa”[1].

Alloma taʼlimga gʻoyat ahamiyatli ezgu ish sifatida qaragan va kitob yozishga juda qattiq eʼtibor bergan. Turli ilmlarga oid asarlari oʻz davrida katta shuhrat qozonib, islom dinini gʻuborlardan tozalashga xizmat qilgan. Laknaviyning yuksak ijod namunalari bugungi kunda ham oʻz ahamiyati va dolzarbligini saqlab kelmoqda.

Abdufattoh Abu Gʻudda aytadi: “Imom Laknaviy gʻayrioddiy, ajoyib, oʻta noyob inson boʻlib, unga hayotligida ham, vafot etganidan keyin ham yozgan asarlari qabul boʻlish neʼmati ato etilgan edi. Kimki kitoblaridan birini oʻqisa yo hikmatli soʻzlari bilan tanishsa, albatta, katta foyda oladi. Alloma zamonasining yolgʻiz tadqiq qiluvchisi, puxta va toʻkis yetkazuvchisi boʻlib, odilligi va kamtarligi bilan boshqalardan yaqqol farqlanar edi”[2].

Alloh taolo mana shunday qabul neʼmati va sharafini berib qoʻygani bois alloma taʼlif etgan asarlar mashriqu magʻrib boʻylab keng yoyildi. Birgina “Sharhul viqoya” kitobiga gʻoshiya qilib yozilgan “Umdatur rioya ala Sharhil viqoya” asarini misol qilib oladigan boʻlsak, uni juda koʻp faqihlar, muhaddislar, aqoid ulamolari va qoziyul quzzotlar istifoda etgan va undan hozir ham keng foydalaniladi. Bundan tashqari, “Favoidul bahiyya fi tarojumil hanafiyya”, “Tuhfatul axyor fi ihyai sunnati sayyidil abror”, “Osorul marfuʼa fi axboril mavzuʼa” kabi asarlari ham islom ilmlarini oʻrganish uchun muhim manba hisoblanadi.

Odamlar Imom Laknaviyning kitoblarini oʻqib-oʻrganishga qattiq ishtiyoqmand boʻlgan va ularni yoʻqolib ketishdan saqlagan. Allomaning oʻzi aytadi: “Ey Allohim! Meni haq va botilni farqlovchi ulamolardan va sharafli fozillardan qilib qoʻyganing uchun qaysi tilim bilan Senga hamd aytay, qaysi qalbim bilan Senga shukr qilay?! Yozgan asarlarimni olamda mashhur qilding va ulamolar huzurida shuhratimni yuksaltirding. Meni ochiq haqiqatni yuzaga chiqarishga tayin etding. Shubhali, botil narsalarni ketkazuvchi maqomiga koʻtarding. Jamiyatdagi xatolarni bartaraf etib, toʻgʻrisini koʻrsatishga muvaffaq qilding. Sharqu gʻarbda taniqli boʻlgan fatvolarim hamma yerda qabul qilindi. Risola va nasihatlarimni uzoq-uzoq shaharlarga yetkazding”[3].

Abdulhay Laknaviy umrini ilmga bagʻishlagan alloma boʻlib, ijodining asosiy yoʻnalishi hanafiy mazhabiga mansubdir. Shu sababli uning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganib, mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

[1] Tuhfatul axyor. – B. 37.
[2] Iqomatul hujjat. – B. 7.
[3] Tazkirotur roshid. – B. 2.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

SALAVOT AYTISHNING FAZILATI

Paygʻambarlarga imon keltirish imonning asoslaridan biridir. Aqida kitoblarida har bir musulmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi …