Maʼlumki, Movarounnahr mintaqasidan arab tili va uning grammatikasini chuqur tadqiq qilgan va dunyoga mashhur asarlar yaratgan koʻplab olimlar yetishib chiqqan. Mazkur olimlarning ilmiy merosini oʻrganish, sarf va nahv boʻyicha davrimizga qadar yetib kelgan asarlarini tadqiq etish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Shunday olimlardan biri Muhammad ibn Abi al-Qosim al-Muʼizziy boʻlib, uning “Tasrif ul-afʻol” asarini ushbu maqola doirasida tadqiq qilish maqsad qilindi.
Olimning tarjimai holi, uning boshqa asarlari haqida maʼlumot deyarli uchramaydi. Uning ismi, asarining nomi, qanday soʻzlar bilan boshlanishi haqida Xoja Xalifaning “Kashf al-Zunnun”[1] asrida qisqa maʼlumot berilgan.
Muhammad al-Muʼizziyning hayotiga oid maʼlumotlar kam bulsa-da, uning bizgacha yetib kelgan mashhur “كتاب التصريف المعزي” asari xalq orasida “المعزي في تصريف” , “ “المعزي yoki “تصريف المعزي” nomlari bilan tanilgan.
Toshkentda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ushbu asarning 7 qoʻlyozma nusxasi saqlanib kelmoqda. ( 10455; 12018; 10461; 12214, 12147; 11743; 10326).
Bu asarning OʻzR FASHI qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasi Sulton Abdulahadxon davrida yaratilgan majmua kitobidan joy olgan boʻlib, bu majmua kitoblar savdo-sotigʻi boʻyicha tijorat qiluvchi Mulla Sulton ibn Mulla Sobir al-Buxoriy talabiga binoan 1324 hijriy yilda Buxoroi Sharifda “Dorul Sulton” da koʻchirilgan. Ushbu majmua kitob sahifalarining markaziga asar matnlari yozilgan boʻlib, soʻng mazkur matnlarga al-Mavlo Asomiddinning fors tilidagi sharhi koʻchirilgan. Sharhning tevaragiga Tavla Hasan iz-Zibariyning hoshiya (yaʼni suprokomentariy)si koʻchirilgan.
Eron kutubxonalari fondlarida risolaning koʻplab nusxalari mavjud boʻlib, aksariyati “تصريف الأفعال” nomi bilan yoki nomaʼlum nom bilan koʻrsatilgan. Bundan tashqari, mazkur risolaning ikki nusxasi “المعزي في تصريف” nomi bilan Shamsiddin Muhammad ibn Abu al-Qosim Muiʼzziga nisbat qilib keltirilgan. Mazkur risola aynan shu soʻz boshi va taxminan shu xususiyatlar bilan Kashf Az-Zununda aynan shu muallif qalamiga mansub ekanligi koʻrsatilgan. Oʻrganishlardan soʻng maʼlum boʻlishicha Eron milliy kutubxonasiga risolaning “تصريف الأفعال” nomi bilan 19 ta nusxasi mamlakat ichkarisida qabul qilingan va shuningdek 10 ta xorijiy nusxasi mavjud. Bulardan bir nechta nusxa Milliy kutubxonada mavjud. Bu kitobni Muhammad Mir Muqallad “Sharxul abvobu risolatul tuvfiq” nomi bilan forsiy sharhini berib, bir nusxasi Fiziyeda va bir nusʼhasi tashqi ishlar vazirligi kutubxonasida mavjud. “Kashful Zunun”ning taʼrifi mazkur risola Muiʼzziy tegishli ekanligini anglatadi. Matnda muallifga ishora boʻlmaganligi uchun koʻproq kitobning boshidagi iborani ishlatgan. Unga “Tasrif al-afal” deb nom bergan va bu bir necha bor takrorlangan.[2]
Birlashgan Arab Amirliklarining “Juma al-Majid” madaniy meros markazining elektron portalida risolaning “المعزي في التصريف” nomi bilan turli fondlardagi 137 nusxasi keltirib oʻtilgan. Koʻrsatilgan nusxalar Saudiya Arabistoning Podshoh Saud universiteti kutubxonasida, Madina masjidi kutubxonasida, Hindistonning al-Nosiriya kutubxonasida va shaxsiy kutubxonalarda ham saqlanayotganligi koʻrsatilgan[3].
Saqlanayotgan qoʻlyozmalarning eng qadimiysi hijriy 1067/ milodiy 1657 yilda xattot Malik Ahmad ibn Malik Pirmuhammad al-Faruqi tomonidan yozilgan, eng yangisi hijriy 1315/ milodiy 1897 yilda yozilgan. Asarning turli fondlarda saqlanayotgan nusxalari 3 betdan 30 betgacha hajmda koʻrsatilgan. Bundan barcha qoʻlyozmalar ham toʻliq holda saqlanib qolmagan yoki xattotlar turli xat turlari bilan yozganlar degan xulosaga kelish mumkin.
Juma al-Majid” madaniy meros markazining elektron portalida koʻrsatilishicha Hindistonning an-Nosiriya kutubxonasida saqlanayotgan Shamsiddin Muhammad ibn Abu al-Qosim Muiʼzzining tegishli boʻlgan risola “الرسالة البرهانية المعزي في التصريف” nomi bilan saqlanmoqda.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida tatarlar tomonidan bu kitob koʻp marta tosh bosma shaklda chop etilgan. Jami 1500 dan 6000 gacha boʻlgan adadda 22 marotaba nashr qilingani maʼlum. Bu mazkur risola Tatariston madrasalarida oʻquv qoʻllanma sifatida keng isteʼmolda boʻlganligidan dalolat beradi.
XX asr boshlariga kelib asarning shuhrati bir muncha kamayadi va 1913 yilga kelib “Qozon, Ufa, Sasara, Vyat, Orenburg va Simbirsk guberniyalaridagi musulmon konfessionan maktablarida qabul qilingan oʻquv darsliklari roʻyxati” da kam qoʻllaniladigan kitoblar roʻyxatiga taniqli boʻlmagan fors mualliflari Abdulloh va Muʼizzi kiritilgan. Lekin risolaning 1913 yilda ham “Sentralnaya”, 1915 yilda “Karimiya” bosmaxonalarida chop etilganligi unga boʻlgan ehtiyoj hali hanuz mavjud boʻlganligidan dalolat beradi.[4]
Maʼlumki, qadimda asarlar koʻpincha xattotlar tomonidan oʻz sohasiga, yunalishiga koʻra bir-biriga yaqin boʻlgan bir qancha olimlarning asarlarini oʻz ichiga jamlagan majmua sifatida koʻchirilgan. Muhammad al-Muʼizziyning Tasrif al-afʼal asari ham koʻp xollarda mana shunday toʻplamlar tarkibida koʻchirilgan.
Muhammad al-Muʼizziyning Tasrif al-afʼal asari Buxoro madrasalarida boshlangʻich maktablardagi arab tili darslarini takrorlash sifatida ikkinchi yili darslik sifatida oʻqitilgan[5].
Sadriddin Ayniy oʻzining esdaliklarida Buxorodagi madrasalar dars programmasi va oʻquv kitoblari haqida gapirib, madrasalarda talaba arab sarfiga oid boʻlib, arab tilida yozilgan “Muizziy” va “Zanjoniy” degan kitoblarni, soʻngra arab tili nahviga oid boʻlib, arab tilida yozilgan “Avomil” nomli kitobchani oʻqir va bu kitobchalardagi arabcha soʻzlarni jumlama-jumla tojikcha tarjimasi bilan yodlab olardi[6], deb keltirgan. Bu yerda “Muizziy” deyilganda Muhammad al-Muʼizziyning Tasrif al-afʼal asari, “Zanjoniy” esa Abdul Vahhob ibn Ibrohim az-Zanjoniy ash-Shofeʼiyning “al-Izzi fi ilmi -s- sarf ” asari nazarda tutilgan.
Baʼzi tadqiqotchilar bu ikki muallifni yaʼni “Muʼizzi” va “Izzi”ni bitta muallif deb hisoblaydilar. Arab tilining tatar tiliga taʼsirini oʻrgangan Rossiyalik tadqiqodchilardan A.M.Salaxov ”Tasrif al-Afʼal” risolasini “Sarf Muʼizzi” nomi bilan tilga olib, uni feʼllarning tuslanishiga bagʻishlangan oʻquv risolasi deb ataydi[7], R.R.Safiulina التصريف المعزي nomaʼlum muallifga tegishli risola boʻlib, uni Izzuddin Zanjoniyga tegishli deyiladi deb keltirgan[8]. A.Fattaxova Izzuddin az-Zanjaniyning تصريف العزي asari haqida bergan maʼlumotida asar bir necha nomlar bilan tarqalganligini aytib, “Sarf al-Muʼizzi” ham uning nomlanishlaridan biri deydi[9].
Muʼizziyning “Tasrif al-Afʼal” risolasi Izzuddin az-Zanjaniyning “Tasrif al-Izzi” asarining nomlaridan biri degan fikr yanglish fikr ekanligini bir necha jihatdan oʻz isbotini topadi:
birinchidan: Tasrif al-Afʼal asari “الحمد لله على نعمائه والصلاة على رسوله” jumlasi bilan boshlanadi. Izzuddin az-Zanjaniyning “Tasrif al-Izzi” asari esa الحمد لله رب العالمين والصلاة والسلام على سيدنا محمد وآله أجمعين soʻzlari bilan boshlanadi.
ikkinchidan: “Tasrif al-Afʼal” asari faqatgina arab tilidagi feʼllarni, feʼllarning yasalishi, ulardagi oʻzgarishlar, ularga qoʻshiladigan qoʻshimchalar haqidagi qoida va misollardan iborat oʻquv risolasi boʻlib, Izzuddin az-Zanjaniyning “Tasrif al-Izzi” asari esa arab tilidagi sarf ilmi boʻyicha yozilgan fundamental asarlardan biri hisoblanadi.
uchinchidan: “Tasrif al-Izzi” asari hijriy 655, milodiy 1257 yilda yozilgan, “Tasrif al-Afʼal” asarining yozilgan sanasi nomaʼlum boʻlsa-da, u asosan XIX va XX asr boshlarida istefodada boʻlgan. Agar “Tasrif al-Afʼal” risolasi ham Izzuddin az-Zanjaniyning qalamiga mansub boʻlganda, u haqidagi maʼlumotlar XIX asrga qadar boʻlgan davrdagi manbalarda tilga olingan boʻlar edi.
toʻrtinchidan: XIX va XX asr boshlarida Oʻrta Osiyo madrasalarida tahsil olgan talabalar xotiralarida madrasa taʼlim tizimida “Muʼizziy” va “Zanjoniy” kitoblari alohida kitob sifatida tilga olingan.[10]
Bundan tashqari “Tasrif al-Afʼal” va “Tasrif al-Izzi” asarlaridagi mavzuning berilishi, feʼllarning tasniflanishi bir biridan keskin farq qiladi. Bu holatlar mazkur ikki asarlar bitta asarning ikki xil nomlanishi emasligi va bir muallifning ikki turli asari emasligini isbotlaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, Muhammad al-Muʼizziyning “Tasrif al-afʼal” asari arab tilidagi feʼllar tasnifi boʻyicha yaratilgan mustaqil risola boʻlib, hozirgi kunda ham arab tili grammatikasining asosi boʻlmish nahv va sarf ilmlarini oʻrganuvchilar va tadqiqotchilar uchun muhim manba hisoblanadi.