Badriddin Ayniy – buyuk imomlarning imomi, oʻz asrining huffoz shayxi, faqih. Taqvodor, qoziyul quzzot, shayxulislom Badriddin Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud Halabiy asli Aynatobiyda[1] 762 hijriy sana ramazon oyining 17 kunida[2] tavallud topgan va oʻsha yerda ulgʻaygan. Soʻng Qohiraga koʻchib borgan va shu shaharda vafot etgan. Al-Badr Al-Ayniy nomi bilan tanilgan. Naqliy va aqliy bilimlarda oʻz asrining peshvosi, furuʼ va usul masalalarida zamonasining yagonasi boʻlgan. Ilmiy bahslarda afzal tomonlari bilan buyuk olimlar orasida ajralib turgan. Hadis, fiqh, tarix, arab grammatikasi va boshqa mavzularga oid kitoblari bilan bu olamning ilm xazinasini toʻldirgan.
Alloma yaqin doʻsti Ibn Hajarning vafotidan uch yil oʻtib, 855 hijriy sana zulhijja oyining toʻrtinchi kuni, chorshanba kechasi 93 yoshida vafot etgan. Tongda Qohiradagi “Jomeul Azhar” masjidida janozasi oʻqilganidan soʻng oʻzi dars bergan madrasa hovlisiga dafn etilgan. Bir yildan keyin uning yoniga “Sharhu Qastoloniy” muallifi – alloma Shahob Qastaloniy dafn qilingan[3].
Badriddin Ayniyning asarlari juda koʻp boʻlib, quyida ularning durdonalarini keltirib oʻtamiz:
- “Umdatul qoriy fi sharhi “al-Jomiʼ as-sahih” lil Buxoriy” (21 jilddan iborat);
- “Kahbul afkor fi tanqiyhi mabanil axbor”;
- “Sharh Sunani Abi Dovud” (2 jilddan iborat);
- “Takmilul atrof”;
- “Al-binoyatu fi sharhil Hidoya” (10 jilddan iborat);
- “Sharhu marol arvoh” (Badriddin Ayniyning birinchi kitobi boʻlib, 19 yoshida yozib tugatgan);
- “Sharhul avomilil Jurjoniy”;
- “Tazkiratun nahviyya”;
- “Iqdul jaman fi taʼriyxiz zaman” (25 jilddan iborat);
- “Sharh Muxtasarul viqoya”;
- “Zaynul majolis va shorihus sudur” (8 jilddan iborat);
- “Tabaqotul hanafiyya”;
- “Sharhul manor fil usul”;
- “Tabaqotush shuaro”;
- “Al-Havoshiy ala sharhil alfiya”2.
Badriddin Ayniyning kitoblari shu darajada koʻp ediki, oʻz zamonasida Hofiz Ibn Hajardan boshqa hech kim unga teng kela olmagan. Shubhasiz, kitoblarining eng sarasi “Umdatul qoriy fi sharhil Jomiis sahih lil Buxoriy”dir. 21 jilddan iborat bu asar “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan eng keng, mukammal sharh sanaladi. Badriddin Ayniy uni 821 yilda boshlab, 847 yili, yaʼni 26 yil deganda tamomlagan. Ibn Hajar va uning shogirdlari bu asar dunyo yuzini koʻrganda sarosimaga tushib qoldi[4].
Alloma Ibn Haldun bunday degan edi: “Albatta, “Sahihul Buxoriy”ga sharh yozish ummat zimmasidagi qarzdir, lekin uni ado etish hech bir olimga nasib etmadi”. Alloma Ibn Hajar va Badriddin Ayniyning sharhlari bitgunga qadar yashaganida, shubhasiz, ularni qarzning ado etilishi, deb hukm qilgan boʻlardi.
“Kashfuz zunun” muallifi Hoji Xalifa Badriddin Ayniy va Ibn Hajarning sharhlarini darajada teng deb hukm qilgan boʻlsa, Imom Sahoviy bu borada ustoziga (Ibn Hajarga) yon bosgan. Ammo ravshani shuki, insof nazari bilan qaragan olimlar nazdida bu borada Badriddin Ayniyning nasibasi koʻproq.
Ilm Alloh taoloning bandalariga bergan eng ulugʻ, fazilat jihatidan cheki yoʻq neʼmatlaridan boʻlib, Badriddin Ayniyning sharhi buning goʻzal, ulkan namunasidir. Muallifni ushbu sharhni yozishga undagan sabablar:
- Badridin Ayniy aytadi: “Alloh menga bergan fazilatni berkitmasdan oshkor qilish va ato etilgan ilm neʼmatining ziyoda boʻlishi uchun bu sharh yozildi. Chunki Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, shubhasiz, (bu neʼmatlarimni) sizlar uchun (yanada) ziyoda qilaman”[5]. Shukrning belgisi ilmni oshkor qilishda, deb bildim”.
- Alloma bunday deydi: “Bu sharh yozilishining eng asosiy omillaridan biri doʻstlarimning koʻpdan-koʻp duolaridir. Ushbu kitobning sanadi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhga ikki yoʻl bilan – ikki buyuk muhaddis olim orqali yetib boradi”.
Badriddin Ayniy ishora qilgan bu ikki olimning biri shayxulislom, Misr va Shom hofizi Zayniddin Abdurahim ibn Abu Mahosin Iroqiydir (vaf. 860 y). Ibn Abu Mahosin Imom Buxoriyning toʻplamini Abu Abbos Ahmad ibn Ali ibn Yusuf Damashqiydan, u esa Abu Amr Usmon ibn Abdurahmon ibn Roshiq Rubaiydan rivoyat qilgan. Shu taxlit bir necha roviy orqali rivoyatlar sanadi Imom Buxoriyga yetib boradi.
Ikkinchi olim – shayx, muhaddisul kabiyr Taqiyuddin Muhammad ibn Muiniddin Muhammad ibn Zayniddin Abdurahmon ibn Haydar ibn Zayniddin Dujaviy Misriy. U “Sahihul Buxoriy”ni ibn Taqiy Molikiy nomi bilan mashhur boʻlgan shayxulimom Qoziy Shahobiddin Ahmad ibn Muhammaddan, u esa Zayniddin Abu Qosim Abdurahmon ibn shayx Abu Hasan Ali ibn Muhammad ibn Horun Saʼlabiydan rivoyat qilgan.
Badriddin Ayniy kamtarlik bilan inson xatolardan xoli emas, deydi va asarlarini oʻqigan tolibi ilmlardan avvaldan uzr soʻrab, bir bayt keltiradi:
Agar aybni topsangiz nuqsonini berkiting,
Zero, aybsiz faqat ulugʻ va oliy boʻlgan Zotdir.
“Umdatul qoriy” asari ulomalar nazdida
Abu Maoliy muallif haqida bunday deydi: “Badriddin Ayniy ulamolar peshqadami, quvvayi hofizasi noyob, mukammal ilm egallagan, oʻz asrining shayxlaridan, zamonasining muhaddisi, haqqa qarshi chiquvchilarga qarshi Alloh taoloning hujjati, bidʼatchilar zarariga Rabbimizning buyuk dalili edi. Hazrat Imom Buxoriyning “Sahih”ini shu darajada sharhladiki, biror sharh noziklik, uslubining chiroyliligi va foydasi jihatidan bu asarga teng kelmaydi[6].
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Manbalar xazinasida “Umdatul qoriy”ning toshbosma nusxasi saqlanmoqda.
Endi mazkur sharhning oʻziga xos jihatlarini ochib berishga harakat qilamiz.
Asarning asosiy gʻoyasi umumbashariy odob-axloqni goʻzal tarzda namoyon etish, toʻrt mazhabga taalluqli, xususan, hanafiy yoʻnalishidagi masalalarni aniq hujjat va dalillar bilan ravshanlashtirib berishdan iboratdir.
Toshbosma nusxaga kelsak, uning birinchi jildi – muqaddima. Ikkinchi juzda umumbashariy axloq-odob bayon etilgan, toʻrt mazhabga tegishli masalalar nass (hujjat, aniq dalil) bilan oydinlashtirilgan.
804 sahifadan iborat 20×28 oʻlchamli ushbu nusxa 847 hijriy sanada Misrdagi “Omiriy” nashriyotida bosmadan chiqqan. U kitoblarga, kitoblar boblarga ajratilgan. Boblarda hadislar asl matndagi tartib bilan ketma-ketlikda sharhlangan.
Muallif kitobni yozishda oʻziga xos uslub qoʻllagani bois oʻquvchi matn va sharhni hech adashmasdan, bir qarashda farqlay olgan. Asosiy matn “Sod” (ص) harfi bilan keltirilgan boʻlsa, sharh “Shin” (ش) bilan bayon etilgan. Kitobning qattiq muqovasidan keyin ikki varaq boʻsh. Bu oʻziga xos muhofaza uslublaridan. Uchinchi varaqning ikkinchi betida mundarija keladi. U “Gʻusl” kitobidan boshlanib, 19-betda “Tungi namoz” bobi bilan tugaydi. 19-betda shu juzda kelgan ismlar, kunyalar, lafzlar arab alifbosiga koʻra tartiblangan. Bu Ibn Asir oʻz kitoblarida sahobalarning ismlarini tartib bilan keltirganiga oʻxshaydi. Shuningdek, qaysi sharh qaysi sahifada kelganini bildirish uchun oʻsha sahifaning raqami, agar ikki bor kelgan boʻlsa, ikki betning raqami keltirilgan. Alifdan misol keltiramiz:
- Aflah ibn Hamid;
- Ummuhoniy;
- Ibrohim ibn Muso ibn Zayd.
“Be” harfiga misol:
- Bishr ibn Holid Askoriy;
- Bishr ibn Mufazzal Burayra;
- Abu Bakr Usmon.
“Te” harfiga misol:
- At-Tannur;
- Abu at-Tiyoh.
Nomaʼlum sabablarga koʻra kitobning birinchi varagʻi yoʻq. Ushbu nusxa uchinchi betdan, aytilganidek, “Gʻusldan oldin tahorat olish bobi” bilan boshlangan. Bu bobda Imom Buxoriy ikkita hadis rivoyat qilgan. Asardagi tartib boʻyicha keltirilgan hadislar raqami – 248, 249. Jildning soʻnggidagi “Tunda namoz oʻqish” bobida ham ikkita hadis bor. Matn boʻyicha tartib raqamlari – 730, 731. Demak, “Umdatul qoriy”ning ikkinchi juzida jami 483 hadis sharhlangan. Shu bilan birga, bitta hadisni necha kishi rivoyat qilgan boʻlsa, barchasi nomma-nom sanab oʻtilgan. Hadislar sonining sahifalarga nisbati 1,66 foizni tashkil qiladi.
Badriddin Ayniy hanafiy olim sifatida toʻrt mazhab orasidagi masalalarni ham yoritib oʻtgan. Shunday masalalardan biri – “Quyosh botishidan oldin asr namozining bir rakaatiga ulgurgan kishi haqida”gi bobning birinchi hadisini olib koʻramiz. Matn: Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizdan biringiz asr namozining sajdasiga quyosh botishidan oldin ulgursa, namozining qolganini oʻqib tugatsin va kimki bobdod namozidan bir sajdaga quyosh chiqishidan oldin ulgursa, namozini oʻqib tugatsin”. Bu oʻrinda sajdadan murod rakatdir.
Demak, asr namozining bir rakatiga ulgurgan kishi namozini oʻqib tugatib qoʻyadi. Hadis u namoz boʻlishidan dalolat bermoqda. Xuddi shunday, quyosh chiqquncha bomdod namozining bir rakatini oʻqishga ulgursa, u holda ham oʻqib tugatib qoʻyadi. Bu ham namoz boʻladi. Mazkur hadisi sharifdan olingan aniq va ravshan dalil shudir. Endi tafsilotga keladigan boʻlsak, asr namozi masalasi toʻrt mazhab olimlari tomonidan ittifoq qilingan, ammo bomdod xususida Imom Shofeiy, Imom Molik va Imom Ahmad nazdida shunday, yaʼni matnda kelgan fiqhiy hukm singaridir. Ammo Abu Hanifa mazhabida bomdod namozi quyosh chiqishi bilan botil boʻladi. Chunki bomdod namozidagi alohida eʼtibor berish lozim boʻlgan fiqhiy masala Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh chiqayotganda namoz oʻqishdan qaytarganlaridir.
Muallif aytadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyosh chiqayotganda namoz oʻqishdan qaytarganlari haqida mutavotir hadislar bisyor, lekin ayni shu vaqtda namoz oʻqish mubohligi (ruxsat etilgani) toʻgʻrisidagi hadislar sahih boʻlsa-da, ular mutavotir emas. Bundan kelib chiqadiki, bir oʻrinda qaytarilgan va muboh hukmlar bir-biriga muqobil kelsa va qaytarilgan hukm koʻpdan-koʻp mutavotir hadislarda rivoyat qilingan boʻlsa, mubohligi mutavotir boʻlmagan hukm mansuhga (hukmi toʻxtagan, bekor qilinganga) aylanadi. Abu Hanifa hujjat qilib keltirgan hadislardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqti oʻtib ketgan bomdod namozini quyosh nayza boʻyi koʻtarilgan paytga qadar kechiktirganlari va quyosh koʻtarilishidan oldin u namozni oʻqimaganlaridir.
Shunday qilib, ushbu hadisi muborak umumiy holda farz, nafl va xos nafl namozlariga oid dalildir. Hadis “Sizdan biringiz” deya yakka shaxsga murojaat sifatida aytilgan. Hanafiylar uchun dalil boʻlgan hadisi sharif esa ommaga (ellik kishidan ziyod kishiga), sahobalarga qarata aytilyapti. Bu esa hukm jihatidan mazkur rivoyatning avvalgisidan kuchliroq ekanini anglatadi.
Islom dini asrlar davomida barqaror saqlanib kelganining oʻziyoq u insonlar tabiatida chuqur ildiz otganidan, oʻziga xos bir qancha vazifalarni ado etishidan dalolat beradi. Eng avvalo, jamiyat, guruh, alohida shaxs maʼnaviy hayotining muayyan sohasi boʻlgan din umuminsoniy axloq meʼyorlarini oʻziga toʻliq singdirib olgan, ularni jonlantirgan, hamma uchun majburiy xulq-atvor qoidalariga aylantirgan. Madaniyat tadriji va rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan. Shaxs jamiyatning boshqa aʼzolari bilan bahamjihat yashashiga koʻmaklashgan va koʻmaklashmoqda.
Xususan, “Umdatul qoriy”ning “Kitobul mazolim” bobida hozirgi paytda islom dinini niqob qilib, ekstremistik, terroristik guruhlarga qoʻshilib olgan, jamiyatimiz taraqqiyoti va xalqimizning tinch-osuda hayotiga tahdid solayotgan, adashib mutaassib boʻlib qolganlarning tutgan yoʻli notoʻgʻri ekaniga doir koʻplab hadislar bayon qilingani va sharhlanganini koʻrish mumkin. Masalan, “Musulmon kishi musulmon kishining ogʻa-inisidir, unga zulm qilmaydi” hadisining sharhida Badriddin Ayniy bunday deydi: “Musulmonning musulmonga zulm qilishi haromdir. Chunki haqiqiy musulmon hech qachon oʻz musulmon doʻstini halokatga yetaklamaydi”.
Bu hadis va sharhlardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, turli zararli va yot oqimlarga qoʻshilib, xalqimizning osoyishta turmushi va tinch-osuda hayotiga tahdid solayotgan kimsalar chin musulmon emas. Shuning uchun musulmonligi ishonchli boʻlmay qolgan, toʻgʻri yoʻldan toygan kimsalarni sof diyonat, insof va adolat yoʻliga qaytarish zarurati hozir har qachongidan muhimdir.
Taʼkidlash kerakki, islom dini tom maʼnoda hayot falsafasidir. U jamiyat aʼzolarini eng yuksak insoniy fazilatlar egasi qilib tarbiyalaydi, insonparvarlik, xalqparvarlik, adolat, halollik, boshqa dinlarga ehtirom, olijanoblik, odob-axloqni targʻib etadi. Buni chuqur anglab yetmoq, islom tarixidan xabardor boʻlib, zaminimizdan chiqqan ulamolarning islom ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissasini bilmoq har birimiz uchun gʻoyat katta ahamiyatga ega.