Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, “Hilol nashr” matbaa nashriyoti bilan hamkorlikda Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy” asarining oʻzbek tilidagi sharhi kitobi taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimotda markaz xodimlari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, nufuzli ulamolar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari talaba yoshlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Oʻsh Davlat universiteti ilohiyot fakulteti dekani, diniy ilmlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) Zaylobiddin Ajimamatov hamda IRCICA Bosh direktori maslahatchisi Ashirbek Moʻminov soʻzga chiqib, Imom Buxoriy merosini oʻrganishning ahamiyati, alloma asarlarining bugungi kundagi ilmiy qiymati, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samaralari haqida batafsil toʻxtaldi.
Marosimning asosiy maʼruzachilari buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan buyuk muhaddis allomalarning hadis ilmi borasidagi boy ilmiy-maʼnaviy tajribasi Movarounnahr hududida islom sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdi.
Darhaqiqat, bu borada qator sharafli nomlar bilan eʼzozlangan Imom Buxoriy ilmiy merosi alohida eʼtiborga molik.
Muhaddislar sultoni, buyuk vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rahmatullohi alayhi tomonidan bitilgan, “Sahihi Buxoriy” nomi bilan shuhrat qozongan, ulugʻ asar – “al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) kitobi musulmonlarning koʻpchiligi, ahli sunnat va jamoat ulamolarning ittifoqi bilan “Qurʼon”dan keyingi eng sahih kitob sifatida eʼtirof qilingan.
Mazkur asarni oʻrganishga va butun dunyoga namoyon qilishga eng haqli avlod, shak-shubhasiz, u zotning vatandoshlari hisoblanadi. Bu ulugʻ zotning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifatli islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkentda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Oʻzbekistonda “Sahihi Buxoriy” oʻzbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan. Ularda hadislarning sharh va izohlari qariyb yoʻq darajada, faqat ayrim oʻrinlardagina juda kam va qisqa shakldagi izohlar mavjud. Shuni eʼtiborga olib, taqdimoti oʻtkazilgan nashrda “Sahihi Buxoriy”ni toʻliq va mufassal izohlashga eʼtibor berildi. Ayrim hadislar sharhi yuz sahifa hajmiga yetdi.
Mazkur sharh muhaddislar sultonining hayoti va ijodini hamda uning eng sahih hadislar toʻplamini har tomonlama, puxta oʻqib-oʻrganishga, u haqda toʻliq va keng qamrovi bilan mufassal tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Zotan, sharhni yaratishda yuzlab qoʻlyozma, toshbosma va zamonaviy manbalar jalb qilingan. Hadislar izohi hanafiylik mazhabi boʻyicha asosli va eʼtiborli dalil va hujjatlar bilan koʻrib chiqilgan. Aqidaga oid hadisi shariflar esa moturidiylik taʼlimotiga uygʻun ravishda bayon etilgan.
“Sahihi Buxoriy”dagi hadislarni toʻgʻri tushunish uchun ayrim soʻz va iboralarning arab tilidagi grammatik qoidalarining ham tahlili berib borildi. Bundan esa madrasa toliblariga qoidalarni toʻliq tushunib olishda va eski sharhlarni oʻqib-anglashda qoʻl keladi, degan maqsad koʻzlandi.
Taqdimot ishtirokchilari mazkur kitobni yirik ilmiy natija sifatida baholab, har bir hadisni sharh va izohlar orqali toʻgʻri tushunish imkoni yaratilganidan mamnunlik tuyishdi.
Imon-eʼtiqodli xalqimizga oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur nashr hadis ilmi borasidagi bilimlarni yanada mustahkamlash hamda Imom Buxoriy bobomizning boy maʼnaviy merosini toʻlaroq anglashga asos boʻlib xizmat qiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
matbuot xizmati