Bugungi kunda inson qalbi va ongi uchun kurashning yangidan yangi usul va vositalari koʻpayib bormoqda. Ayniqsa, bu borada dindan niqob sifatida foydalanishga urinishlar rivojlanib borayotgani tashvishlanarli hol. Xususan, diniy eʼtiqodiy tushunchalarni notoʻgʻri talqin etish orqali dunyoning turli mintaqalarida bosqinchilik, qoʻporuvchilik va terrorchilik harakatlarini sodir etish holatlari avj olib bormoqda. Bu esa millatlararo va dinlararo adovat, millatchilik hamda diniy ayirmachilik kayfiyatining shakllanishiga zamin yaratmoqda. Natijada uzoq yillar davomida tinch-osuda rivojlanish yoʻlida boʻlgan jamiyatlar parokanda boʻlib, aholi urushlar girdobida qolib ketmoqda.
Hozirda dunyo hamjamiyatini katta tashvishga solayotgan muammolardan biri bu turli distruktiv oqimlarga qoʻshilib, soʻngra bu yoʻldan qaytayotgan insonlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida kuchli mexanizm ishlab chiqish boʻlib qolmoqda. Sababi, bugungi kunga kelib dunyoning qizgʻin urush ketayotgan oʻchoqlarida ayrim ekstremistik va terroristik oqimlarning faoliyatiga chek qoʻyildi. Lekin shunga qaramasdan bu hududlarda qoʻporuvchilik harakatlari davom etmoqda. Mazkur teraktlarga sabab sifatida mutaxassislar distruktiv oqimlardan qolgan va turli hududlarga tarqalib ketgan qoldiqlar, yaʼni oʻz yoʻlini topa olmayotgan jangarilar hamda ularning oila-aʼzolari ekanini taʼkidlamoqdalar. Shuning uchun ham mazkur holatlarni bartaraf etishda reabilitatsion dasturlarning ahamiyati va amaliyotga tatbiq etilishi bugungi kunda dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Shu bilan birga jahon xalqaro tashkilot hamda ilmiy tadqiqot markazlari ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish dasturlariga eʼtibor qaratganda birinchilardan boʻlib, radikallashuvga olib kelgan omillarni oldini olish va deradikalizatsiyani kuchaytirish kerakligini alohida taʼkidlab oʻtilgan. Sababi ekstremistlarga aylangan shaxslarda olib borilgan tahlillar shuni koʻrsatadiki, ularning jamiyatdagi turli masalalarda yechimini topmagan qarashlari va ijtimoiy muammolari natijasida odamlar nisbatan radikal qarash hamda munosabatda boʻlish shakllangan. Shu kabi fikrlovchilarning insonlar orasida koʻpayib borishi esa ularning distruktiv faoliyat olib borishiga turtki boʻlgan.
Shuning uchun ham shaxsni jamiyatga qayta moslashtirishda deradikalizitsiyaning ahamiyati juda muhim hisoblanadi. Bundan tashqari xalqaro miqyosdagi tashkilot va ekspertlarning fikricha, deradikalizatsion mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etishdan oldin radikallashuvga olib keladigan omillarini oʻrganib ularni bartaraf etish talab etilishini taʼkidlamoqdalar. Negaki radikal qarashdan qaytib jamiyatga qoʻshilib ketgan shaxsda radikallashishiga sabab boʻlgan holatlar oʻsha muhitida yana paydo boʻlsa yoki takrorlansa, deradikalizatsiyaning samaradorligi pasayib ketadi.
Reabilitatsion jarayonlar bilan bogʻliq boʻlgan holat haqida soʻz yuritishdan avval, radikallashuv nima ekanligi va uning bugungi kundagi oqibatlari xususida mutaxassisilar va xalqaro tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga toʻxtalib oʻtish oʻrinlidir.
Radikalizm (lot. radicalis — ildiz) – mavjud davlat tuzumini tanqid ostiga olib, radikal oʻzgarishlar va islohotlar oʻtkazishni talab etuvchi siyosiy harakat hisoblanadi[1]. Mazkur siyosiy tushunchaga diniy tus berish natijasida, mutaassib xarakter bilan dinga amal qiluvchi shaxslar vujudga kelishi kuzatiladi.
Deradikalizatsiya – jamiyatda radikallashgan shaxslarni birlashtirishga qaratilgan va radikallashuvini oldini olishga boʻlgan amaliy harakat hisoblanadi[2]. Qisqacha radikallashuvni oldini olish desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugungi tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan zamonda aholi orasida radikallashuvning kuchayishi, ekstremizm xavfining ortishi hamda terrorizmning oʻta vahshiylashib borayotgani jahon hamjamiyatini tashvishlantirmoqda. Bunday salbiy holatning shakllanishiga qanday omillar sabab boʻlayotgani borasida bir qator xalqaro tadqiqot institutlari tomonidan izlanishlar olib borilmoqda.
Masalan, “Search for Common Ground” xalqaro nodavlat va notijorat tashkiloti tomonidan “Axborot oqimlari va Markaziy Osiyoda ekstremizmga olib boruvchi radikallashuv” (Information flows and Radicalization leading to violent extremism in Central Asia) deb nomlangan tadqiqot ishining taqdimoti oʻtkazildi[3].
Mazkur tadqiqot Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalarida oʻtkazilgan boʻlib, unda radikalizmga xayrixohlikni keltirib chiqaruvchi axborot oqimlari va ishonchli axborot manbalarini aniqlash va tahlil qilish maqsadida uchta tarkibiy qismda amal oshirilgan.
Birinchi qismda, 2013-2018 yillarda Markaziy Osiyodagi OAVlarida chop etilgan materiallar oʻrganilgan va tahlil qilingan.
Tahlil xulosalariga koʻra, radikalizm va ekstremizmni vujudga kelishiga quyidagi omillar sabab, jamiyatdagi tengsizlik, mafkuraviy boʻshliq, ishsizlik, ayollar huquqining cheklanishi, diniy va dunyoviy bilimlarni bir-biridan uzoqlashishi, axborot xuruji muammo sifatida koʻrsatiladi.
Ikkinchi qismda, 201 nafar respondentlar (46 nafar mutaxassis
va bevosita ekstremizmga aloqador boʻlgan shaxslar, ularning oila aʼzolari hamda 155 nafar yoshlar, ayollar va ishchi migrantlar) bilan oʻtkazilgan suhbatlar boʻlib, unda respondentlarning axborot manbalari, ulardan foydalanishi, jamiyat, siyosat, davlatga oid qarashlari hamda din va radikalizm borasidagi tushunchalari qiyosiy oʻrganilgan.
Tadqiqot natijalari har bir davlat hududida yashovchi fuqarolarning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda turlicha boʻlgan. Jumladan, Qozogʻistonlik respondentlarning aksariyati (dindor va dindor boʻlmagan) jamiyatda dinning tutgan oʻrni borasida berilgan savollarga ijobiy qarashini bildirgan boʻlsa, radikallashuvga olib boruvchi vositalar deb soxta salafiylarni koʻrsatgan.
Qirgʻizistonlik respondentlar jamiyatda radikalizmning rivojlanishida, yoshlarning turli terroristik guruhlar tarkibiga qoʻshilib qolishi, davlat idoralariga aholining ishonchsizligi va etnik diskriminatsiyani sabab sifatida koʻrsatganlar.
Tojikistonlik respondentlar esa, aholida diniy bilimlarning yetishmasligi va mehnat muhojirlarining koʻpayishi radikallashuvga olib boruvchi asosiy omil sifatida baholaganlar.
Uchinchi qismda, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalarining har biridan 600 nafar respondentlar bilan OAVlarida tarqatilayotgan axborot isteʼmoli va ishonchlilik darajasi tahlil qilingan.
Unga koʻra, uchala davlatning barchasida rasmiy telekanallar ommabop ekanligi va undagi berilayotgan maʼlumotlar ishonchli axborot manbasi hisoblanishi taʼkidlangan. Shuningdek, radikallashuv va ekstremizmni oldini olishda bu vositalardan unumli foydalanishi aytib oʻtilgan[4].
Bundan tashqari Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevro Osiyo tadqiqotlari institutining Markaziy Osiyo dasturi tadqiqotchisi Noy Takkerning (Noah Tucker) “Terrorism without a God: Reconsidering Radicalization and Counter-Radicalization Models in Central Asia” (“Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta koʻrib chiqish”) deb nomlangan tadqiqoti ham diqqatga sazovor. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari misolida radikallashuvning sabablari tahlil qilingan va deradikalizatsiya boʻyicha xulosalar berilgan.
2016 va 2018 yillarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlarida N.Takkerning oʻtkazgan tadqiqoti xulosalariga koʻra, “islomning radikallashuvi” borasidagi qarashdan koʻra, “radikallashuvning islomlashgani” toʻgʻrisida taʼkidlash oʻrinli ekani qayd etgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, radikalizm vujudga kelishiga sabab sifatida etnik, iqtisodiy, diniy yoki ularning qorishmasidan yuzaga keladigan muammolar ekanligi qayd etilgan. Mazkur holatlarni oldini olishda muloqot va toʻgʻri tushuntirish mexanizmlarida kamchiliklar borligi taʼkidlanadi.
Shundan kelib chiqib tadqiqot doirasida norozi kayfiyatdagi kishilar din omillardan emas, balki ijtimoiy, siyosiy yoki shaxsiy holatlar sabab radikallashgani alohida misollar orqali aytib oʻtilgan.
Tadqiqot muallifi fikricha, radikal va zoʻravon qarashlarni targʻib qiluvchi guruhlarning xulq-atvorini, dunyoqarashini tushunib olishda teologik yondashuvlardan tashqariga chiqish lozim. ISHID vakillari qanchalik “sof islom” nomidan gapirmasin, oʻz manfaatidan kelib chiqib ish yuritgan.
Masalan, muqaddas manbalardagi oyatlarni notoʻgʻri talqin qilishdi. Shu bilan birga, “adolat/adolatsizlik” tushunchalaridan kelib chiquvchi ijtimoiy eʼtirozlarni xalifalik qurish orqali hal etish mexanizmlarini taklif qiladi hamda shu narsalar bilan insonlarni kelajakka ishontiradi.
Tadqiqot ishida Markaziy Osiyo mamlakatlarida din omili bilan bogʻliq radikallashuvdan koʻra, milliy, etnik masalalarda keskinlik va kelishmoqchiliklar mavjudligi alohida qayd etilgan.
Shuningdek, tadqiqotchi jamiyat orasida radikallashuvga sabab boʻluvchi bir qator omillarni ham sanab oʻtadi. Jumladan, 1) jamiyat orasida ijtimoiy masalalarda eʼtirozlarning koʻpayishi, 2) ishsizlik va migratsiya, 3) bilimsizlik, 4) iqtisodiy omillar, 5) ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi axborot oqimi, 6) diniy masalalarda kamsitilishning vujudga kelishi[5].
Jorj Vashington universiteti tadqiqotchisining izlanishlari bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotgan muammolarni oʻrganilganligi va ijtimoiylashuv borasida oʻziga xos takliflar berganligi bilan ahamiyatlidir.
Bundan tashqari Qirgʻizistonlik tadqiqotchi, olim hamda “Inson huquqi va jinoyatchilik siyosati” boʻyicha mutaxassis Q.Rahimberdin olib borgan izlanishlariga koʻra, radikallashuvga sabab boʻlgan omillarni oʻrganish va uni bartaraf etish asosida reabilitatsion mexanizmlarni amaliyotga joriy etish samarali ekani qayd etilgan. Uning fikricha, radikallashuvning ortishiga va zoʻravon ekstremizmning yuzaga kelishiga beshta sabab turtki berishi mumkin:
– aholida ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar darajasining pasayishi va yoʻqolishi;
– ayrim ijtimoiy qatlam vakillarining jamiyat orasida ajralib qolishi va kamsitilishi;
– inson huquqi va qonun ustuvorligining buzilishi;
– ijtimoiy muammolarning koʻpayib ketishi va toʻxtatib boʻlmaydigan mojarolarning avj olishi;
– qamoqxonalardagi mahbuslarning radikallashuvi[6].
Ushbu zoʻravonlikka yetaklaydigan potensial yoʻllarning hech birini alohida-alohida olib qaralmasligi kerak, chunki ushbu jarayonda holatlar bir-biriga bogʻliq boʻlishi mumkin.
Shu oʻrinda “zoʻravon ekstremizm” nima ekanligi borasida toʻxtalib oʻtish oʻrinlidir. Ushbu atamaning barcha tan olgan umumiy taʼrifi mavjud emas. Uning milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda ishlab chiqilgan bir qancha taʼriflar mavjud.
Masalan, Avstraliya qonunchiligida zoʻravon ekstremizmiga “mafkuraviy, diniy, siyosiy maqsadlarga erishish yoʻlida amalga oshirilgan keskin xatti-harakat va unga undovchi omillarni qoʻllab-kuvvatlash” deya taʼriflangan. Bundan tashqari, AQSHda “Federal tergov byurosi” zoʻravon ekstremizmiga “siyosiy, mafkuraviy, diniy, ijtimoiy yoki iqtisodiy maqsadlarga erishish yoʻlida keskin harakatini amalga oshirishni ragʻbatlantirish, unga yoʻl qoʻyib berish, oqlash yoki qoʻllab-quvvatlash” deb taʼrif beradi[7].
Demak deradikalizatsiyaning ahamiyati masalasida soʻz yuritganda avvalo radikallashuv sabablari oʻrganiladi. Bunday radikallik holatlari ijtimoiy muhitda asosan diniy boʻlmagan holatlar taʼsirida vujudga kelishi mumkin ekan. Bu borada Janubiy-sharqiy Osiyo tadqiqot markazlarida ham ishlar olib borilgan.
Masalan, Singapurdagi “Siyosiy zoʻravonlik va terrorizmni tadqiq etish xalqaro markazi” tahlilchisi Abdul Bositning taʼkidlashicha, yoshlarni radikallashtirish va jangari guruhlarga yollashda ekstremist “diniy arboblar”ning vositachilik rolini katta boʻlgani hamda aynan ular inson psixologiyasi, diniy qarashlari va ularning qalbidagi eng qadrli tuygʻularning oʻzgarishiga sabab boʻlgan holda, turli ekstremist guruhlarga yollab bergan[8].
Yuqorida sanab oʻtilgan bir qancha omillar bevosita insonning qalbi va ongiga taʼsir koʻrsatish orqali ularni radikal fikrlashiga, turli ekstremistik oqim va guruhlarga qoʻshilib qolishiga xayrixohlik bildirishga sabab boʻlgan holatlar hisoblanadi.
Shaxsni jamiyatga qayta moslashtirishda yuqoridagi masalalarga eʼtibor qaratganda avvalo siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy muammolar sababli aholi ayniqsa, yoshlar orasida radikalizmga xayrixohlik bildirish holatlarini oldini olish eng asosiy omil sifatida baholanadi. Sababi shaxsning radikal gʻoyalar taʼsiriga berilmasligi uning deradikalizatsiya qilinishiga imkon qoldirmaydi. Mazkur holatlarda kuzatilishi mumkin boʻlgan masalalarni barcha tashkilotlar bir yoqadan bosh chiqargan holda bartaraf etishi davlatning tinchlik va osoyishtaligini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
va ogʻir. Buning uchun mahbuslarni radikallashuvdan qaytarish boʻyicha maxsus ijtimoiy dasturlar joriy etish zarur boʻladi. Shuning uchun asosiy maqsad radikallashuvning oldini olish va ogohlantirishga qaratilgan targʻibot ishlari ijtimoiy qatlamlar orasida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ish bilan bolalar bogʻchasidan boshlab, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida shugʻullanish zarur. Davlat idoralari bunday muammolarni hal etishga kompleks tarzda yondashuvi talab etiladi.