Insoniyat globallashgan, axborotlashtirilgan va kompyuterlashtirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy tuzilmalardan iborat postindustrial sivilizatsiya dunyosiga kirib keldi. Bu sivilizatsiya oʻtgan asrda jamlangan barcha kreativ potensiallarni ishga solib, maʼlum jihatdan inqilobiy boʻlgan postnoklassik madaniyatni, fan va texnologiyaga asoslangan innovatsion olamni bunyod etmoqda. Ontologik qarashlar informatsion va ilmiy-texnik inqilob taʼsirida postnoklassik falsafa doirasida yangi siymoga ega boʻlmoqda. Bu siymoga oid chizgilar virtuallik, virtual reallik, nochiziqli xarakterga ega boʻlib, bu borliqqa, universumga yangicha nazar tashlashda namoyon boʻladi.
Xoʻsh virtuallik oʻzi nima? Virtuallik tushunchasi lotinchadan olingan boʻlib, “virtus” – “faraziy”, “xayoliy” degan maʼnolarni anglatadi. Gʻarbiy Rim madaniyatida “virtus” soʻzini toʻrt maʼnoda tushunishgan: Birinchidan, bu axloqiy qadriyat, yaxshilik, (masalan, ingliz tilida “virtus” – yaxshi fazilat degani); ikkinchidan, bu qandaydir aktual, mavjud va taʼsir etuvchi reallik; uchinchidan, qandaydir artefakt; toʻrtinchidan, virtuallik koʻproq xayoliy, faraziy, potensiallik, noreallik kabilarga sinonim [1:156].
Virtuallik postnoklassik fanining muhim muammosi. Bu muammo boʻyicha alohida bir yoʻnalish – virtualistika shakllanib, rivojlanib kelmoqda. Virtualistika falsafiy yoʻnalish sifatida 1980-1990 yillardan boshlab shakllanmoqda. Yanada konkretlashtiradigan boʻlsak virtualistikaning vujudga kelgan sanasi 1986 yil deb hisoblanadi. Chunki shu yili Rossiyalik muhandis olim O.I.Genisaretskiy oʻzining “Operator – inson faoliyatida virtual holat” (Virtualnыy sostayaniye v deyatelnosti cheloveka – operatora) nomli maqolasining kirish qismida virtual hodisa haqidagi tushuncha yangi tipdagi gʻoya ekanini taʼkidlaydi. Hozirgi kunga kelib virtualistika oʻzida falsafiy ilmiy va amaliy qismlarni qamrab oladi.
Rossiya maktabining virtualistlari virtual reallikning qaysi sohada qoʻllanishidan qatʼiy nazar uning toʻrt asosiy xususiyatini ajratib koʻrsatadi:
- Oqibatlilik (virtual reallikning qanday boʻlsa ham boshqa faol reallikka aylanishi).
- Aktuallik (virtual reallik faqat aktual mavjud, u oʻz fazo va vaqtiga ega).
- Interaktivlik (virtual reallik boshqa hamma realliklar bilan birgalikda harakat qiladi. Shu jumladan, ular bir-biridan mustaqil ravishda oqibatga ega).
- Mustaqilligi (virtual reallikning oʻzining qonun-qoidalariga ega ekani) [1:15].
Mana shu xislatlari bilan virtual reallik boshqa realliklardan ajralib turadi. Bu toʻrt xususiyat virtual reallikning ajralmas xususiyati hisoblanadi.
Virtual reallik tushunchasiga olimlar turlicha taʼrif bergan. Xususan, N.A.Nosovning fikriga koʻra, virtual reallik mustaqil mavjud boʻlgan substansional atribut emas. “Virtuallik obyekti mavjud, lekin substansional tarzda emas…”, deb yozadi u [1:153]. Virtual reallik tushunchasining maʼnosini olim virtual obyekt va keltirib chiqaruvchi (tugʻdiruvchi) reallik tushunchalari orqali ochib berishga harakat qiladi. Bunday yondashuvga koʻra, tugʻdiruvchi yaʼni (konstant) reallikdan kelib chiqadigan virtual obyektlar majmuasi virtual reallikni hosil qiladi [1:157]. R.A.Nurillinning fikricha, virtual reallik noborliqdagi matritsa koʻrinishini olgan virtual fazo boʻlib, bu fazo borliqning asosini tashkil qiladi. Borliqning asosida noborliq (oraliq) yotadi. Noborliqda ”nol-nuqtalar”dan iborat axborot nuqtalari mavjud, ular borliqni vujudga keltiradigan imkoniyatdir. Axborot nuqtalarining majmuasi virtual fazoni tashkil qiladi. Axborotli virtual fazoda boʻladigan jarayonlar noborliqni borliqqa aylantiradi [2:8-14]. P.Ye.Solopov virtuallikni inʼikos xossasi bilan bogʻlab, “virtual reallik – bu inʼikosning inʼikosi”, degan gʻoyani ilgari surmoqda. Gʻoya muallifi metodologik va epistemologik koʻrsatma sifatida axborotning 46ta atributivistik talqiniga asoslanadi [3:99].
Virtual reallikni semiotik yondashuv asosida talqin qilish ham mavjud. V.M.Rozin bu konsepsiyaning muallifi hisoblanadi. Uning fikriga koʻra, virtuallik belgilar orqali namoyon boʻladi va tabiatan simvolik xarakterga ega [4:43]. Virtual reallikning mohiyati haqidagi bunday xilma-xil yondashuv va taʼriflarning koʻpligi uni murakkab kategoriya sifatida namoyon etadi. Bu taʼriflar virtual reallikning koʻp jihatlarini ochib bergan lekin, mohiyatini toʻliq qamrab olmagan. Yuqoridagi yondashuvlarga asoslangan holda virtual reallikni quyidagicha taʼriflash mumkin: Virtual reallik – bu reallikning bir turi boʻlib, real hodisalar, jarayonlar va voqealar asosida hosil boʻlgan yoki vujudga keltirilgan, noborliqdan borliqqa oʻtishni belgilaydigan, moyillik, oraliq holat, potensiallik, imkoniyat, model kabi xossalarda namoyon boʻladigan, oldingi va keyingi konstant realliklarni bogʻlovchi holatni bildiradi. Bu taʼrifda virtual reallikka oid faktlar, ishlab chiqilgan tasavvurlar, virtualistika fanining asosiy gʻoyalari umumlashtirilgan va uni ishchi gipoteza sifatida ishlatish mumkin.
Virtual reallik borliqda oʻziga xos mohiyatga ega. Borliq deganda mavjudlikning barcha (moddiy va maʼnaviy) shakllarini, (real va noreal) turlarini va (oʻtmishdagi, hozirgi va kelajakdagi) koʻrinishlarini oʻziga qamrab oluvchi eng umumiy va universal falsafiy kategoriya [5:15] tushuniladi. Borliqning oʻziga xos mavjudlik shakllari bor. Ular quyidagilar: Fazo, vaqt va harakat. Biz asosan fazo, vaqt va ularning postnoklassik muammolaridan biri virtuallik bilan aloqadorligini tahlil qilamiz.
Fazo va vaqt – borliqning umumiy yashash shakli boʻlib, fazo dunyoni tashkil etuvchi obyektlar va ularning tarkibiy nuqtalarining oʻzaro joylashish tartibi, koʻlami va miqyosini ifoda etadi, vaqt esa dunyoda sodir boʻluvchi hodisa va jarayonlarning roʻy berish ketma-ketligi va davomiyligini ifodalaydi. Fazo va vaqtning metrik xususiyatlari (koʻlami, birjinsligi, izotropligi, egilgani, vaqtning birjinsligi, birxilligi, davomiyligi, anizotropligi va boshqalar) va topologik xususiyatlari (fazoning topologik xususiyatlariga uzluksizligi yoki diskretligi, oʻlchamliligi, tartiblangani, kompaktligi, bogʻlangani, vaqtnikiga uzluksizligi, bir oʻlchovligi, orqaga qaytmasligi, chiziqli bogʻlangani va boshqalar) [6:16] mavjud boʻlib, virtuallik bu xususiyatlarga yangicha maʼno va mazmun bagʻishlaydi.
Fazoda turli xil virtul jarayonlar boʻlishi bilan birga, bu virtuallar fazoning oʻziga ham yangicha mazmun berib boradi. Fazo cheksiz boʻlishi bilan birga virtualsferaga ega. Virtualsfera umumilmiy mohiyatga ega va u oʻzida biosfera, litosfera, noosfera kabi bir qancha sferalarni mujassamlashtiradi. Virtualsferaning mavjudligini taʼminlab turuvchi asosiy jihatlaridan biri – bu virtual zarralardir. Virtual zarralar sferalar oʻrtasida oʻzaro taʼsir, bogʻlanish, axborot almashinuvini taʼminlab turuvchi asosiy vosita hisoblanadi. Virtualsfera mikro obyektlardan tortib mega olamgacha mavjud. Bunday sferalarga misol qilib oʻsimlik, hayvon va insonlardagi bioaura, yerning biosferasi, galaktikalarning maʼlum sferada harakatlanishi va boshqa shu kabilarni keltirish mumkin. Virtual sferaning ichida oʻziga xos virtual kuch mavjud. Bu kuch juda katta qudratga ega hisoblanadi. Bunday kuchni tabiatda momaqaldiroq, chaqmoq tarzida, insonlarda esa ultrabinafsha auraga ega kishilarda koʻrishimiz mumkin (insonning insonga hayrotomuz qarashi natijasida kasal boʻlishi, koʻz tegishi).
Informatsion va ilmiy-texnik inqilobning taʼsiri natijasida virtual fazo va vaqt tushunchalari shakllanmoqda. Virtual fazo va vaqtning denotati (obyektiv sohasi) real fazo va vaqtning oʻzi hisoblanadi. Real fazo va vaqtda narsa va hodisalar tabiiy, sababiy, zaruriy va ehtimolli jarayonlarni oʻz ichiga qamrab olsa, virtual fazo va vaqtni vujudga keltiruvchilari kompyuter va kompyuter texnologiyalari hisoblanib sunʼiy, dasturiy, modelli jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Kompyuter texnologiyalari asosida yaratilgan fazoda aks ettirish jarayonlari multimedia rejimida sodir boʻladi, real fazoda esa hodisalar tabiiy tarzda roʻy beradi. Virtual fazo real fazodan farqli ravishda sunʼiylik, modellashganlik, irreallik kabi xususiyatlarga ega. Virtual fazoning sunʼiyligi uning insonning aqli va qoʻli bilan yaratilganidir. Modellashganlikka kompyuter texnologiyasi asosida yaratilgan turli modellarni, irreallikka esa xayoliy obyektlar bilan ishlash imkoniyatining mavjudligini keltirish mumkin. Virtual vaqtning oʻziga xos xususiyati shundaki, u tegishlicha orqaga qaytarilishi, toʻxtatilishi, kelajakka qarab borishi mumkin. Virtual fazo va vaqtda narsa va hodisalarni toʻxtatish, sekinlatish, tezlatish, oldinga oʻtkazish, orqaga qaytarish, tanaffus qildirish va xohlagancha oʻzgartirish kiritish mumkin. Harakat esa mutlaq oʻzgaruvchanlik maqomiga ega boʻlmaydi. Rivojlanish tegishlicha inversion boʻlishi, yaʼni orqaga qaytarilishi mumkin. Oʻzaro taʼsirlarning rang-barangligi biz koʻnikkan dunyoviy sababiyat sharoitida nomaʼlum sirli xossalarni namoyon etishi mumkin.
Real fazodagi singari virtual fazo ham koʻp oʻlchovlilik xususiyatiga ega hisoblanadi. Virtual fazoning koʻp oʻlchovligiga misol qilib 5D, 7D formatdagi kinofilmlarni koʻrsatish mumkin.
Real fazo va vaqtning oʻzida ham virtual jarayonlar mavjud. Masalan, gravitatsion maydon intensiv boʻlgan singulyar nuqtalarda (virtual nuqtalarda H.Muhammadiyev) fazoning tabiati mutlaqo oʻzgarib ketadi, oqibatda uning xususiyatlari ham shunga muvofiq keskin oʻzgaradi. Singulyar nuqtalar nima? Singulyarlik – bu fazoning muayyan kichik bir virtual nuqtasida oʻta katta massaning zichlashgan holda toʻplanishi. Bunday nuqtalarda fazoning oʻlchamlari kompaktlashib bir nuqtaga oʻralib qolishi roʻy beradi, natijada vaqt bilan fazoning oʻlchamlari bir biriga almashib qoladi. Fazo bir oʻlchamli va orqaga qaytmas tabiatga ega boʻlib qoladi, vaqt esa kvantlashib, koʻp oʻlchovli, koʻp yoʻnalishli, koʻp tarmoqli reallikka aylanadi. Bunday nuqtada fazoning har qanday oʻlchovi faqat markazga intiluvchi va orqaga qaytmas xususiyatga ega boʻlib, vaqtning oʻtishi har bir nuqtada alohida yoʻnalishlarga ega boʻlgan xususiy vaqt kvantlariga parchalanib ketadi [6:53]. Real fazoda virtuallikning namoyon boʻlishini virtual zarralarda yoki narsa va hodisalarning imkoniyatdan reallikka aylanishida koʻrishimiz mumkin. Bu yerda imkoniyat qaysidir maʼnoda virtuallik xislatini namoyon etadi, lekin imkoniyat deganda virtuallikni tushunmaslik lozim.
Imkoniyatning reallikka aylanishi ehtimolli xarakterga ega hisoblanadi. Imkoniyatning ehtimolli darajasi qanchalik kam boʻlsa uning reallikka aylanishi shunchalik konkretlashadi. “Imkoniyatning roʻyobga chiqishida ikki yoʻl bor: Birinchisi, moyillik kurtak holatidagi jarayonning reallikka aylanishi uchun yetarli shart-sharoit boʻlishi; ikkinchisi, imkoniyatning oʻzini tabiat va jamiyatda mavjud obyektiv shart-sharoitlarga, qonuniyatlarga zid kelmasligi” [7:43-44]. Shunday ekan imkoniyat obyektning paydo boʻlishi uchun shart-sharoit borligini yoki hech boʻlmaganda obyektning paydo boʻlishi uchun bunday shart-sharoit yoʻqligini ifodalaydi. Ayni paytda imkoniyatni imkoniyatsizlikdan farqlash lozim. Ularning oʻrtasidagi asosiy farq reallikka aylanish ehtimoli bilan bogʻliq. Imkoniyatning real va abstrakt turlarining orasidagi asosiy farq ham ehtimollik miqdorining darajasiga bogʻliq hisoblanadi. Har qanday imkoniyat reallikka aylanar ekan, maʼlum bir shakl va mazmunga ega boʻladi.
Imkoniyat va virtuallik tushunchalari mazmunan bir-biriga yaqin tushunchalar hisoblanadi va bir-biri bilan oʻzaro munosabatda boʻladi. Bu ikki tushunchaning oʻrtasidagi munosabat, qisman moslik munosabatida boʻladi. Ularning oʻrtasidagi qisman moslik munosabati qoʻyidagilarda koʻrinadi: Birinchidan, virtuallik maʼlum bir maʼnoda imkoniyatdagi reallik hisoblanadi, chunki virtual reallik hali toʻla vujudga kelmagan voqea, toʻla yaratilmagan borliqdir; ikkinchidan, bu ikki tushuncha oʻz mohiyatini reallik kategoriyasi orqali namoyon etadi. Shu bilan birga imkoniyat ham virtuallik singari potensial holatda mavjud boʻladi. Buni quyidagi sxemada ifodalash mumkin:
Bu yerda virtuallik tushunchasining shakllanishi imkoniyat tushunchasining rivojlanishiga olib keladi. Virtuallik imkoniyatga yangicha maʼno va mazmun beradi. U oʻz mohiyatini imkoniyat va reallik tushunchasi orqali ochib beradi.
Imkoniyat va virtuallik tushunchasi bir-biri bilan oʻxshash boʻlishi bilan birgalikda ularning oʻrtasida maʼlum farqli tomonlar ham mavjud. Ammo bularning oʻrtasidagi farqni konkret chegara qoʻyish bilan aniqlab boʻlmaydi, chunki bu ikki tushuncha bir-biriga juda yaqin va oʻzaro bogʻlangan. Virtuallik va imkoniyat oʻrtasidagi farq qoʻyidagilardan iborat: Birinchidan, imkoniyat ehtimolli, yaʼni uning reallikka aylanish yoki aylanmasligi ehtimollik xarakteriga ega. Virtual obyekt real holda mavjud va u hamisha aktualdir; ikkinchidan, virtual reallik doimo qandaydir ilk (konstant) reallikdan yaratiladi va virtual reallik keyingi darajadagi boshqa virtual reallikni keltirib chiqarishi mumkin va bu jarayon cheksizdir. Imkoniyatning reallikka aylanishi esa yangi narsa yoki hodisaning vujudga kelishini anglatadi; uchinchidan, imkoniyat reallikka aylanishi bilan maʼlum shaklga ega boʻladi. Virtuallik esa mavjud boʻlish holatini bildiradi.
Hozirgi paytda borliqdagi virtual fazo va vaqtda hodisa va holatlarni oʻzgartirish orqali narsa va hodisalarning yangidan-yangi koʻrinishlari oʻrganilib, tahlil qilinmoqda. Postnoklassik ilmiy izlanishlarning oldingi safida boʻlgan va fundamental natijalarni namoyon etgan sinergetik, globalistik, ekologik, virtualistik tasavvurlar va yondashuvlar XXI asr falsafasi va ontologiyasining yangi modelini ishlab chiqishda muhim rol oʻynamoqda.
-
N.A.Nosov. Virtualnaya realnost // Voprosы filosofii. 1999. – № 10.
-
R.A.Nurullin. Virtualnost kak osnovaniye bыtiya. Monografiya. –Kazan: KazGU,
-
P.Ye.Solopov. Virtualnaya realnost kak otrajeniye otrajeniya // Trudы laboratorii virtualistiki. Vыp.4. Virtualnыye realnosti. –M., 1998.
-
V.M.Rozin. Suщyestvovaniye, realnost, virtualnaya realnost // Konsepsiya virtualnыx mirov i nauchnoye poznaniye. –SPb, 2000.
-
B.O.Toʻrayev. Hozirgi zamon tabiatshunosligi konsepsiyalari. –T.: Tafakkur, 2009.
-
B.O.Turayev. Borliq: mohiyati, shakllari, xususiyati. (Borliq falsafasi) Tafakkur. Toshkent –
-
Sh.S.Qoʻshoqov. Dialektika. Rivojlanish konsepsiyasi. Samarqand – 1996.
-
A.P.Koxanovskiy. Filosofiya i metodologiya nauki. –Rostov n/D.: Feniks, 1999.