Home / MAQOLALAR / TOSHKЕNT QOZISI SHARIFXOʻJA PODSHOHXOʻJA OʻGʻLINING KUTUBXONASI

TOSHKЕNT QOZISI SHARIFXOʻJA PODSHOHXOʻJA OʻGʻLINING KUTUBXONASI

Bugungi kunda Samarqand, Buxoro, Xiva va Qoʻqon shahridagi shaxsiy kutubxonalar va madrasa-masjidlarning vaqf kutubxonalari haqida ayrim tadqiqotlar eʼlon qilingan. Lekin Toshkentdagi bu kabi kutubxonalarga bagʻishlangan tadqiqotlar ancha kam. Hozircha bizga Toshkentdagi Isaxoʻja qozi, Beklarbegi, Eshonquli dodxoh, Boʻrixoʻja madrasalari, Yunusxon maqbarasidagi vaqf kitoblar maʼlum xolos [1:3-7; 10:288-294]. Shaxsiy kutubxonalar haqida esa koʻp narsa bilmaymiz. Toshkentdagi koʻzga koʻringan shaxsiy kutubxonalardan biri Shayxontohur dahasining qozisi Sharifxoʻja eshon Podshohxoʻjaga tegishli edi. Bu maqolada mazkur kutubxonaga tegishli kitoblar haqida soʻz yuritmoqchimiz.

Avvalo kutubxona asoschisi Sharifxoʻja qozining shaxsiyati haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Sharifxoʻja qozi mashhur mutasavvif Shayx Xovand Tahur avlodiga mansub oiladan boʻlgan. Xonadon vakillarining orasida tarqalgan ogʻzaki xotiralarga qaraganda, XVIII asrning ikkinchi yarmida yashagan Oʻzbekxoʻja eshonning Qalandarxoʻja, Podshohxoʻja va Kichkinaxoʻja ismli uch oʻgʻli boʻlgan. Podshohxoʻja eshonning toʻqqiz oʻgʻli – Otaxoʻja, Tursunxoʻja, Muhammadxoʻja, Nuriddinxoʻja, Sharifxoʻja, Jalolxoʻja va toʻrt qiz farzandi boʻlgan [2:4-5]. Bulardan Sharifxoʻja qozi oʻz davrining ulamolaridan edi. Uning Turkiston oʻlkasi maʼmurlaridan P.V.Blagoveщyenskiy (1866-1936) bilan suhbati davomida bergan maʼlumotiga qaraganda, Sharifxoʻja qozi ellik yilga yaqin Buxoro va Toshkentda muftiy, aʼlam, rais va qozilik mansabida xizmat qilgan. Shu bilan birga Toshkentdagi Eshonquli dodxoh va Xoja Ahror madrasasida mudarris va mutavalli vazifasini ham bajargan. XIX asrning 70-90-yillarida qisqa tanaffuslar bilan Toshkentning Shayxontohur dahasining qozisi va maʼlum bir yillarda Toshkent shahar qozilar syezdining raisi (sadrneshin) boʻlib turgan. Sharifxoʻja qozi 1904 yilda Toshkentda vafot etgan. Sharifxoʻja qozining farzandlari va nabiralarining koʻpi XX asrning boshida Turkiston oʻlkasida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida tanilgan.

Sharifxoʻja qozi zamonasining maʼrifatparvari edi. U Furqat, Sobirbek Ulfat kabi shoirlar bilan iliq aloqada, Turkiston tarixiga qiziquvchi oʻlka maʼmurlari bilan doimiy muloqotda boʻlgan. Sharifxoʻja qozi kitobsevar va oʻz davrida kattagina kutubxonaning egasi ham boʻlgan. Hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida Sharifxoʻja qozining shaxsiy kutubxonasiga tegishli qirqdan ortiq qoʻlyozma asarlar saqlanadi. Bu qoʻlyozmalarga bosilgan muhr izlariga qaraganda, Sharifxoʻja qozining kutubxonasiga tegishli kitoblar XIX asrning 40-80 yillari davomida jamlab borilgan. Kutubxonaga taalluqli qoʻlyozmalarga bosilgan ilk sana 1262/1845 yil koʻrsatilgan. 2×1,5 sm. oʻlchamdagi sakkiz burchakli muhrda “Muhammad Sharifxoʻja Umariy, 1262” bitigi yozilgan [12:92a, 114a, 333a]. Shuningdek, qoʻlyozmalarda 4,5 sm. oʻlchamdagi “Domulla Muhammad Sharifxoʻja aʼlam bin Podshohxoʻja Umariy Tahuriy” [14:1a], 3,7 sm. oʻlchamdagi “Qozi Sharifxoʻja rais bin Podshohxoʻja Umariy, 1278/1861-1862” [13:1a], 4,5 sm. oʻlchamdagi “Muhammad Sharifxoʻja qozi sadrneshin bin Podshohxoʻja Umariy Shayx Xovand Tahuriy, 1300” [12:1a] bitikli va 4,4 sm. oʻlchamdagi “Qozi Muhammad Sharifxoʻja ibn Podshohxoʻja Umariy, 1300” [11:1a, 85b; 15:1a] bitikli katta dumaloq muhrlar bosilgan.

Ayrim qadimiy qoʻlyozmalarda avvalgi sohiblarining ham muhrlari saqlangan boʻlib, ular keyinchalik Sharifxoʻja qozining kutubxonasiga kelib tushgan. Masalan, 967/1559-1560 yilda koʻchirilgan 3312-tartib raqamli qoʻlyozmaning oʻzida 2,5×1,8 cm. oʻlchamdagi ovalsimon muhrda “Muhammad Komil bin Sayyid Abulfayz, 1086/1675-1676” va 3 sm. oʻlchamdagi dumaloq muhrda “Qozi Nizomiddin ibn Imomberdi, 1103/1691-1692” yozuvlari shundan darak beradi [12:1a, 117a]. Bunday qoʻlyozmalarning taqdiriga kelgusi izlanishlarda aniqlik kiritishga harakat qilamiz. Bu maqolada esa Sharifxoʻja qozining kutubxonasiga tegishli asosiy qoʻlyozmalarning koʻlami haqida dastlabki maʼlumotlarni yoritish asosiy maqsad qilib olindi. Asarlarning muallifi va nomini aniqlashtirishda Sharq qoʻlyozmalari tavsifining 11 jildlik nashri va Gerda Xenkel fondi homiyligida tayyorlangan Sharqshunoslik institutining asosiy fondidagi qoʻlyozmalarning elektron katalogidan foydalanildi [3:16].

Sharifxoʻja qozining kutubxonasidagi kitoblarning orasida avvalo XVIII asrgacha boʻlganlari eʼtiborni tortadi. Masalan, 8745/I tartib raqamli qoʻlyozmada Yaʼqub Charxiy (vaf. 1447) qalamiga mansub “Tafsiri Yaʼqub Charxiy” asari oʻrin olgan. Bu qoʻlyozma Shayx Muhammad ibn Shayx Mahmud al-Buxoriy tarafidan 932 yil 2 safar/18 nobyar 1525 yilda koʻchirilgan. Jami 181 varaqdan iborat [14; 7:435-436, №6642]. Shuningdek, kutubxonada Abu Tohir Majididdin Muhammad ibn Yaʼqub ash-Sheroziy al-Firuzobodiy (1329-1415) qalamiga mansub “Safar as-saodat” asarining 28 safar 1027/24 fevral 1618 yilda (Inv. №1755, hadis va fiqh. 85 v.) [8:376, №3346] va mashhur “Al-Qomus al-Muhit” asarining 1090/1679-1680 yilda (Inv. №9144, lugʻatshunoslik. 505 v.) koʻchirilgan nusxalari mavjud. Bu zot Sherozda tugʻilgan boʻlsa-da, uzoq yillar Makka va Taiz (Yaman) shahrida yashab ijod qilgan. XIV asrning 90-yillarida bir muddat Bagʻdod va Sherozda kelgan vaqti Sohibqiron Amir Temur qabulida ham boʻlgan. Kutubxonadagi qadimgi qoʻlyozmalar orasida Abdulqodir ibn Yusuf Naqibzodaning (vaf. 1695) “Voqeot al-muftiyn” asari ham boʻlib, u 1082/1671-1672 yilda (Inv. №7069, fiqh. 308 v.) koʻchirilgan.

Kutubxonadagi qoʻlyozmalar orasida oʻzida bir necha risolalarni jamlagan majmualar ham mavjud. Masalan, 1356 tartib raqamli majmuada asosan tibbiyot va dorishunoslikka oid risolalar va lugʻatlar oʻrin olgan 22ta risola jamlangan. Mir Muhammad Zamoni Tenkabuniy ad-Daylamiyning (XVII asr) “Tuhfat al-moʻminiyn” (XIX asrda koʻchirilgan, 3 v.) [4:286,№647], Sayyid Amir Baxsh al-Hasaniy al-Husayniy al-Makkiyning (XVIII asr) “Intixobi latif” (1240/1825 y., koʻch., 92 v.) [4:289, №655], Muhammad Taqiyning (XVII asr) “Mujarraboti Muhammad Taqiy” (XIX asrda koʻch., 11 v.) [4:270-271, №608], Yusuf ibn Muhammad al-Hiraviyning (vaf. 1544) “Tibbi Yusufiy” nomi bilan mashhur boʻlgan “Jomeʼ al-favoid” (XIX asrda koʻch., 69 v.) va “Qasida dar asmaʼ ajnosi adviya” (XIX asrda koʻch., 3 v.) asarlari shular jumlasidan.

4146 tartib raqamli qoʻlyozmada esa 1220-1232/1805-1817 yillar oraligʻida koʻchirilgan oʻndan ortiq asar oʻrin olgan. Xususan, majmuada Burhon al-Qurayshiy al-Abbosiyning “Tuhfat al-mutakallimin” (ilohiyot va mantiq, 45 v.), Abu Muʼin al-Nasafiyning (vaf. 1114) “Tabsirat al-adilla” (fiqh, ilohiyot, 20 v.), Abulmunataha Ismatulloh ibn Muhammad al-Magʻnisaviyning (XVI asr) “Sharhi Fiqhi akbar” (fiqh, 16 v.), Nizomiddin ash-Shoshiyning (vaf. 936) “Al-Muxtasar fi ilm al-usul” (usul al-fiqh, 138 v.), Lutfulloh Nasafiy Kaydoniyning (vaf. 1349) “Fiqhi Kaydoniy” asariga bitilgan sharhning toʻrtta nusxasi, Mullo Muhammad Amin Zohidning fiqhga oid “Tuhfat al-axyor” asarining ikkita nusxasi mavjud. Bundan tashqari, majmuada muallifi koʻrsatilmagan risolalar ham bor.

8825 tartib raqamli majmuadan oʻnga yaqin asar oʻrin olgan. Ularning orasida Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) “Risola sharoiti zikr”, “Sharhi ruboiyot” va “Takmila fi al-madhi sohib li-nafahot” nomli asarlari ham qayd qilingan. Ularni Muhammad Rizo valadi Allohquli Xonaqohiy 1183/1769-1770 yilda koʻchirgan [9:478, №6718]. 4126-tartib raqamli qoʻlyozmada asosan aqidaga oid asarlar jamlangan. Undan Ahmad ibn Umar al-Jandiyning “Hoshiyat ala sharh aqoid an-Nasafiya” (51 v.), muallifi koʻrsatilmagan, “Taʼliqa li-sharh aqoid an-Nasafiya” (20 v.) va Muhammad Qosim ibn Muhammad Solih al-Buxoriy al-Fathobodiyning “Hoshiya ala hoshiyat al-Xayoliy” (237 v.) asarlari oʻrin olgan [5:344, №3294].

Sharifxoʻja qozi kutubxonasiga tegishli ayrim qoʻlyozmalarning qisqa tavsifi quyidagicha:

Inv. №1349. Muhammad ibn Qavom ibn Rustam ibn Ahmad ibn Mahmud qalamiga mansub “Bahr al-fazoil fi manofeʼ al-afzal” nomli lugʻat va odob-axloqqa oid “Pandnomai Hazrat Luqmoni Hakim” nomli kichik hikoya.
Inv. №8388. Muhammad Sodiq ibn Abdulboqiy ibn Iziddin al-Fargʻoniy (XVI asr). “Hadoyiq al-axbor”. 32 hadiqadan tasavvufga oid asar. Matnda “Riyoz al-abror” nomi bilan ham tilga olingan. XIX asrda koʻchirilgan, 200 varaq [6:423-424, №5979].
Inv. №1968. Mir Sayyid Roqim (XVII-XVIII asrlar). “Tarixi Roqimiy. XIX asrda koʻchirilgan, 178 varaq [4:70, №165].
Inv. №3312. Imom Nosir ibn Abdusaid al-Mutarriziy (1144-1214). “Al-Misboh fi an-nahv”. XIX asrda koʻchirilgan, 11 varaq [9:147, №7153].
Inv. №3438. Ubaydulloh ibn Masʼud Sadr ash-Sharia (vaf. 1346). “Tanqih al-usul”. 1254/1838-1839 yilda koʻchirilgan, 225 varaq.
Inv. №4021. Yaʼqub ibn Sayyid Ali. “Mafotih al-jinon va masobih al-jinon”. 1277/1860-1861 yillarda koʻchirilgan, 367 varaq.
Inv. №11944/I. Jaloliddin Davvoniy (1426-1502). “Sharhi Muxtasari Viqoya”. 1247 yil 7 rabiʼ al-avvalda/16 avgust 1831 yilda koʻchirilgan, 596 varaq.
Inv. №4024. “Sharh Muxtasar al-Viqoya”, 368 varaq.
Inv. №4138. “Sharh al-Viqoya”, 259 varaq.
Inv. №4027. Ismoil Kalanbavi (?). “Hoshiya ba sharh al-Aqoid al-Azudiya”. Muhammad Odil ibn Qurbon Ali al-Osiy 1230/1814-1815 yillarda koʻchirgan, 263 varaq [5:370, №3335].
Inv. №4028. Qoʻlyozmada muallifi koʻrsatilmagan ikkita asar oʻrin olgan. Birinchisi falsafa va mantiqqa oid “Sharh as-Sullam al-ulum” asari, 125 varaq. Ikkinchisi ilohiyotga oid “Sharh Risolat at-tasavvur at-tasdiq” asari, 34 varaq. Ikkalasi ham 1234/1818-1819 yillarda koʻchirilgan.
Inv. №4066. “Hoshiya li-sharh Hikmat al-ayn”. 1230/1815 yilda koʻchirilgan, 134 varaq.
Inv. №4089. Fiqhga oid “Zaxirat al-uqbo fi sharh Sadr ash-Sharia al-Uzmo” nomli asar. 1282 yil jumod ul-avval/ sentyabr-oktyabr 1865 yilda koʻchirilgan, 454 varaq.
Inv. №4118. Majmuada tibbiyotga oid “Risola dar tayini Kaʼb” va Nosiriddin Tusiyning “Tajrid al-kalom” asarining sharhi boʻlmish “Sharh Tajrid” (218 v.) nomli asar oʻrin olgan.
Inv. №4140. Inoyatuloh Buxoriy. “Hoshiya ala Sharh aqoid an-Nasafiya”. XIX asrning birinchi yarmida Buxoroda koʻchirilgan, 357 varaq [8:369, №3333].
Inv. №4143. Yusuf al-Qorabogʻiy (vaf. 1624). “Tatimmat al-havoshi fi izolat al-gʻavoshiy”. 1225/1810 yilda Buxoroda koʻchirilgan, 244 varaq [8:365, №3324].
Inv. №7562. Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892). “Shamoil an-Nabiy”, 125 varaq.
Inv. №9116. Muʼin ibn Safo. “Jomeʼ al-bayyon fi tafsir al-Qurʼon”, 652 varaq.
Inv. №11488. Shayx Nizomiddin Burhonpuriy rahnamoligida Hind ulamolari jamlagan “Fatavoyi Olamgiriy” asarining avvalgi jildi, 95 varaq.
Inv. №12978/I. Abdurahmon Jomiy. “Sharhi Mullo Jomiy bar Kofiya”, 8 varaq.
Inv. №12787. Qoʻlyozmada Jaloliddin Davvoniyning “Sharhi Aqoidi Azudiya” (87 v.) va muallifi koʻrsatilmagan “Hoshiya ala sharh Aqoid al-Azudiya” (165 v.) asari oʻrin olgan. Ikkalasi ham 1205 yil 11 safar/21 sentyabr 1790 yil koʻchirilgan.
Inv. №13217. Qoʻlyozmada Jomiyning “Nafahot al-uns” (368 v.) va uning shogirdi Abdulgʻafur Loriyning (vaf. 1506) “Takmila” (13 v.) asari oʻrin olgan.

Umuman olganda, Sharqshunoslik institutining fondida Sharifxoʻja qozining ukasi Muhammadxoʻja aʼlam, oʻgʻli Sadriddinxon muftiyga tegishli kitoblar ham boʻlib, ular oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda. Xulosa qilib aytganda, Sharifxoʻja qozining shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarning sohasi ancha keng. Kutubxonada fiqh, tafsir, aqida, hadis islom ilmlaridan tashqari mantiq, falsafa, tasavvuf, lugʻatshunoslik, tibbiyot va dorishunoslikka oid asarlar ham mavjud. Bu kutubxonada xorijiy va oʻlkamiz hududida nashr etilgan toshbosma kitoblarning ham boʻlgani shubhasiz. Kelgusida bu kutubxonaga tegishli qoʻlyozma va toshbosma asarlarni keng koʻlamda tadqiq etish XIX asr va XX asrning boshida yashab oʻtgan yurtimiz ulamolarining dunyoqarashi va ilmiy salohiyatini yanada chuqurroq ochib berishga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Sh.Ziyodov, Oʻ.Sultonov. Toshkent madrasalarining vaqf kitoblari masalasiga doir // Imom Buxoriy saboqlari. – Toshkent, 2015. № 2.
  2. T.Iskandarov. Mening xoʻja ajdodlarim va avlodlarim. – Toshkent, 2004.
  3. Sobraniye vostochnыx rukopisey instituta vostokovedeniye AN UzSSR (SVR). T. I-XI. – Tashkent: Fan, 1952-1987.
  4. SVR. T. I. – Tashkent: Fan, 1952.
  5. SVR. T. IV. – Tashkent: Fan, 1957.
  6. SVR. T. VIII. – Tashkent: Fan, 1967.
  7. SVR. T. IX. – Tashkent: Fan, 1971.
  8. SVR. T. X. – Tashkent: Fan, 1975.
  9. SVR. T. XI. – Tashkent: Fan, 1987.
  10. Oʻ.Sultonov. Toshkent vaqf mulkchiligi tarixi: Tarixiy hujjatlar tadqiqi va talqini (1507-1917). – Toshkent: Fan, 2021. – 368 b.
  11. OʻzRFASHI fondi, qoʻlyozma №1755.
  12. OʻzRFASHI fondi, qoʻlyozma №3312.
  13. OʻzRFASHI fondi, qoʻlyozma №
  14. OʻzRFASHI fondi, qoʻlyozma №
  15. OʻzRFASHI fondi, qoʻlyozma №11944.
  16. http://beruni.uz/en-ca/
 Shovosil ZIYODOV,
Tarix fanlari doktori, dotsent
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
 Oʻktam SULTONOV,
Tarix fanlari doktori
OʻzRFASHI yetakchi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …