Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / SHAVQIY KATTAQOʻRGʻONIY

SHAVQIY KATTAQOʻRGʻONIY

Maʼlumki, zaminimizdan juda koʻplab allomalar, muhaddislar, faqihlar, shu bilan birga, yozuvchi va shoirlar yetishib chiqqan. Ana shunday adib va shoirlardan biri Shavqiy Kattaqoʻrgʻoniydir. U 1785 yili Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Alijon qishlogʻida tavallud topgan. Asl ismi – Abulqosim ibn Muhammad Sharif.

Alloma dastlabki taʼlimni oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻida oladi. 1815 yili Buxoroning Govkushon madrasasida oʻqiydi. Oʻqishni tugatganidan soʻng Kattaqoʻrgʻonga qaytib, umrining oxirigacha Alijon qishlogʻidagi maktabda ishlaydi.

Shavqiy nafaqat oʻzbekcha balki tojik, arab tillarida ham ijod qilgan. Lirik sheʼrlarining umumiy hajmi 3000 misraga yaqin boʻlib, asosiy qismini gʻazallar tashkil etadi. Shavqiy ijodida muxammas, musaddas, musabbaʼ, musamman, muashshar, masnaviy, ruboiy, fard, qitʼa, marsiya, chiston kabi janrlar ham uchraydi.

Shavqiy ayrim asarlarida Alisher Navoiy, Abdulqodir Bedil, Mavlono Fuzuliy kabi shoirlarning nomlarini keltirib oʻtgan.

Burnogʻi rasolari zamona

Goʻstardilar el aro nishona.

Bir necha kitob debon Navoiy,

Yetkazdilar hazinlara davoye.

Andin soʻng oʻtib raso Fuzuliy,

Ashʼori rasolaring qabuli.

Forsiy el aro rasosi choʻxdur,

Bedil kabi bir rasosi yoʻxdur.

Demak, bu misralarning muallifi ham, uning yaqin safdoshlari ham, adabiyotda Navoiy, Fuzuliy, Bedil izidan borib, yetuk asarlar yozish toʻgʻrisida oʻylagan. Shu tariqa oʻz zamonasining “hazinlari” dardiga davo axtarish muammolarini yechish toʻgʻrisida qaygʻurib, qalam tebratgan.

Shavqiy Kattaqoʻrgʻoniy Mirzo Abdulqodir Bedilni asarlarini juda yaxshi koʻrib oʻqiganini quyidagi misralar orqali bayon qilib, bunday deydi:

Bir necha kitob qoldi andin,

Har birisi oning totlu jondin.

Men Shavqiy aning soʻzin asiri

Bel bogʻlu muhiblarning biri…

Shavqiy islom dini qonun qoidalarining qisqa majmui — “Muxtasarul viqoya”ga “Mirʼotul muxtasar” nomli sharh yozgan. Taxminan 23 ming misradan iborat bu risola, 26 faslga boʻlinadi. Ular asar oxirida arabcha soʻz va istilohlarning maʼnolariga izoh beruvchi lugʻatni ilova qilgan.

Shuningdek, Shavqiy arab tili grammatikasiga oid “Risolai qofiya Yo mirʼotun nahv” asarini yozgan.

Shavqiy qalamiga mansub devonlarning nusxalari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida inv.№4634 raqam bilan, Tojikiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida inv.№1899 raqam bilan saqlanmoqda.

Shavqiy 1861 yili vafot etgan va Kattaqoʻrgʻon tumani Abulqosim qishlogʻidagi “Xoʻja Abdurahmon ota” qabristoniga dafn qilingan. Mustaqillik yillarida bu yerda masjid qurilgan. Mahalliy aholi uni muqaddas qadamjo sifatida ziyorat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Abdullayev V.A. Oʻzbek adabiyoti tarixi, ikkinchi kitob. – T.: Oʻqituvchi nashriyoti, 1967.
  2. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” 9-kitob. – T.: Davlat milliy nashriyoti, 2005.
Baxtiyor IBOTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SUGʻDLIK FAQIH – IMOM ALI SUGʻDIY

Islom fiqhiga oid kitoblarda Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan mashhur allomalardan biri Imom …