XIX asrda Naqshbandiya tasavvuf taʼlimotini dunyo boʻylab kirib borishiga sababchi boʻlgan, mashhur olim va mutasavvif “Silsilai sharif” “Oltin zanjirda” 32-halqada boʻlgan Ahmad Ziyovuddin al-Kumushxonaviy (1893y. vafot etgan.) hisoblanadi[1][1:28]. Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviyning maʼnaviy merosi juda katta ahamiyatga ega.
Tadqiqotlarimiz natijasida aniqladikki, Kumushxonaviyning maʼnaviy meroslari ikki qismdan iborat: 1. Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviy tasavvufdagi Naqshbandiya–xolidiya tarmogʻini rivojlantirib yangi kumushxonaviya yoʻnalishiga asoslagan; 2. Kumushxonaviy tasavvuf, hadis, fiqh, sarf, nahv kabi ilmlarga oid asarlar yozgan.
Kumushxonaviy besh yoshida oʻqishni boshlab, sakkiz yoshida Qurʼoni karimni yod olib, “Hofizi Qurʼon” boʻlgan, “Daloili xoyrot”, “Qasidai Burda” va “Hizbul Aʼzam” kabi kitoblarni qiroat qilishga ustozlardan ruxsat olgan[2][2:24-25].
Manbalarda qayd etilishicha, bolaligidan olgan taʼlim-tarbiyasi tufayli soʻfiylik hayotiga yaqin boʻlgan. Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy ilm olish davrida ham, Istanbuldagi oʻqituvchilik faoliyatida ham, tasavvufiy ilmni oʻzida kamligini doimo his etgan. Chunki u diniy ilmlar bilan shugʻullangan. Botiniy ilmlar toʻgʻrisida bilsa ham, mukammal boʻlishi uchun, komil ustoz kerakligini anglagan.
1845 yilda Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviy majlislarning birida Mavlono Xolid al-Bogʻdodiy (quddisa sirruhu)ning xalifalaridan biri muftiy “Trablusshama” nomi bilan mashhur boʻlgan Abdulfattoh Mavlononi koʻrib muridi boʻlish istagini bildirgan[3][ 3].
U zot: “Sizning tariqatdagi nasibingiz va taqdiringiz mening vositam bilan emas. Maʼno olamingizni nurlantirmoqqa vazifador boʻlgan boshqa bir zot bor. Vaqtu soati kelganda unga intisob qilasiz va fayzingizni undan olasiz. Kuting”,- dedilar[4][4:303].
Hazrat Kumushxonaviy intizorlikda ustoz bilan uchrashuv umidida yurdi.
Mavlono Xolidi-al Bagʻdodiy Kumushxonaviyning tasavvufda qanday mavqe va katta taʼsirga ega boʻlishini oldindan koʻra olgani uchun unga rahbarlik qilgan: oʻz xalifalaridan biriga “Ey doʻst Istanbulga bor va falon kishini irshod qil. Chunki u bizdan keyin sohibi zamon va rahbari tariqat boʻlgaydir.U gul hali ochilmagan gʻunchadir. Ul shaharga boshqa har qancha xalifalar joʻnatilgan boʻlsa-da, uning nasibi azaldan senga omonat topshirilgan. Borgil, hasrat olovida kuyib, piri murshid qidirayotgan oʻsha mushku anbar hidli valoyat gʻunchasining ochilmogʻiga xizmat qil. Bu xususda saodati kirom Hazratlarimizning ruhoniyatlari senga madadkor boʻlgay”, deb buyurdi[5][5:9].
Yana boshqa bir manbaga quyidagicha yozilgan: “Shu orada Mavlono Xolidi al-Bogʻdodiy hazrat Ahmad Sulaymon Arvodiyga : “Ey doʻst! Porlash Shimoliy Afrikani, Buxoroni, Misrni, Makkani, Madinani, Hindistonni va Uzoq Sharqni munavvar qiladigan inson. U bilan sizning ismingiz koʻproq eshitiladi va u bilan siz koʻproq eshitilasiz, tanish boʻlasiz. Chunki u bizdan keyin zamonning sohibi va tariqatning boshlovchisi boʻladi”, degan[6][6:104].
1845 yil vazifa buyurilgan shayx, Livan – Tripoli muftiysi Ahmad Sulaymon Arvodiy Istanbulga kelgan. Kumushxonaviy hazratlari piri murshidlarining kelishlaridan ilohiy ilhomlar, haqiqiy tushlar bilan xabardor boʻlgan. Ular shayx Adulfattoh hazratning kulbasida koʻrishgan. Kumushxonaviy hech qachon koʻrmagan bu odam, Kumushxonaviyga dedi: “Ey Ahmad! sizning qaysarligingiz va sizning rahbarligingiz azaldan menga ishonib topshirilgan va faqat siz uchun Damashqdan Anadoluga sayohat qilishga keldim”. Kumushxonaviy bu sirli notanish odamdan nomini eshitgan zahoti yuragi qizib ketgan, juda hayratda qolgan. Uning huzuriga qoʻl qovushtirib turgan. Abdulfattoh Kumushxonaviyga yuzlanib, “Bu sizning shayxingiz. Buni darhol hal qiling. Oramizda begona yoʻq, biz bir shayxdan ilhomlangan bir daraxtning ikki atirgulimiz”[7][7]. Kumushxonaviy shayxga intisob qilgan.
Kumushxonaviy shayxini Mahmud posho madrasasidagi hujrasiga olib borib, u yerda qirq kunlik rahmat va magʻfirat davrini oʻtgan. Shayx Kumushxonaviyga bir qancha tariqat, zikr va sayru suluk yoʻllarini taʼlim bergan. Shayx va shogird Mavlono va uning oʻrtasidagi irshod faoliyatida ham favqulodda hodisalar boʻlgan. Shams-i Tabriziy misolida boʻlgani kabi, tasavvufiy va favqulodda muhit sodir boʻlgan. Shayx Arvodiy ham xuddi Shams Mavlononi tark etganidek, Kumushxonaviyni birdan tark etgan.
1848 yil ustoz Arvodiy ikkinchi marta Kumushxonaviy bilan yolgʻizlikda qolib, unga naqshbandiya, qodiriya, suhravardiya, kubraviya, shoziliya, chashtiya, mavlaviya tariqatlariga ijozat bergan.
Tasavvuf yaʼni, tariqat yoʻllari juda nozik, bashar ahlini rostligu poklikka, kasb-hunar egallashga, maʼrifatga va Haq yoʻlga hidoyat qiladigan zotlar yoʻllidir.
Kumushxonaviy Istanbuldagi xolidiylarning eng buyuk shayxi Adulfattoh hazratning boʻlgani uchun “Eng katta xalifaga qattiq sodiqlik sababli, mustaqil harakatlardan oʻzini tiyib” oʻzini tariqat ishga toʻliq bagʻishlamagan.
Abdulfattoh (1864) vafotidan soʻng Kumushxonaviy naqshbandiya taʼlimotini xolidiya tarmogʻining bir novdasi boʻlgan kumushxonaviya tariqatini rivojlantirgan. Xolidiyaga aʼzo boʻlgan odamlar bilan kumushxonaviya tarmogʻi juda kengaygan.
Kumushxonaviy darveshgohining boshqa soʻfiy maskanlaridan muhim farqi shunda ediki, u hadis ilmi madrasasi sifatida faoliyat yuritgan. Bu fanda Xotimatul-Muhaddisin “34” laqabi bilan mashhur Kumushxonaviy har kuni oʻzining darvesh kulbasida “Ramuzul-ahodis” (Hadislar dengizi) nomli hadisi sharifini har hafta seshanba va juma kunlari kamida yetmish kishi oʻqigan.
Manbalarda yozilishicha Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviy oltmishga yaqin tasavvuf, hadis, fiqh, sarf, nahv va boshqa mavzularda arab tilida yozilgan ilmiy-qimmatli asarlari bilan mashhur boʻlgan[8] [1:29].
Ziyouddin Ahmad al-Kumushxonaviyning eng mashhur asarlaridan ayrimlarini nomi quyida keltirilgan[9] [4:308]:
- “Jomiʼul – usul Fiy – l – avliyoi va anvoihim”. Asar nomi chetiga: “As- sufiyyatu va favoidi soir” deb qayd etilgan. Hozir turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
- “Jomiʼ ul-mutun” fiy haqqi anvois-sifatil ilohiyya val-ʼaqoidil – Moturidiyya va alfozil kufri va tasdiqil-aʼmalil – ʼajibiyya”. (“Alloh taoloning anvoyi ism sifatlari. Moturidiya eʼtiqodi, kufr soʻzlar bayoni va amallarning durust bajarilmogʻi haqida matnlar toʻplami”). Turli nashrlari mavjud. Oʻzbekistonda 2000 yil Toshkent, “Movarounnahr” nashriyotidan Mirzo Kenjabek tarjimalari asosida chop etilgan.
- “Romuzul – ahodis ʼala tartibi xurufil xijo”,(“Hadislar dengizi”). Turli nashrlari mavjud. Oʻzbekistonda 2007 yil “Movarounnahr” nashriyotidan Bahriddin Umrzoq tarjimasi asosida chop etilgan.
- “Majmuatul ahzob”. (“Katta duo va zikr”). Oʻzi 2014 yili “Sharq” nashriyotidan bir guruh tarjimonlarimiz tomonlaridan, hazrat Ziyouddin Ahmad al-Kumushxonaviyning 2000 sahifalik kitoblaridan saralab olingan eng zaruriy duolar kitobi chop etdi.
Xulosa qilib quyidagilarni aytish mumkin:
- Shayx Ahmad Sulaymon Arvodiy tasavvufda Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviyga ustozlik qilgan. Shayx irshodi asosida tasavvuf yoʻlidagi naqshbandiya, qodiriya, suhravardiya, kubraviya, shoziliya, chashtiya, mavlaviya tariqatlarining murshidi sifatida faoliyat yuritishga ijozat olgan.
- 1864 yildan boshlab, Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviy tasavvuf tariqatining kumushxonaviya tarmogʻiga asos solgan.
- Ahmad Ziyouddin al-Kumushxonaviyni kumushxonaviya tariqatining boshqa yoʻnalishlardan farqi hadis ilmini oʻrganishga eʼtibor bergan. Kumushxonaviydan boy maʼnaviy meros qolgan : ularning toʻrttasi oʻzbek tilda tarjima qilingan, qolgan asarlarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilish maqsadga muvofiqdir.
- Kumushxonaviyning maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish xalqimizni islom maʼrifatini oʻrganishiga yordam beradi.
Mavjuda GULAMOVA,