MUNOSABAT
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yurtimiz musulmonlari uchun muhim ahamiyatga ega voqea boʻldi. Sababi, Islom dinining markazi boʻlgan, Allohning uyi – muqaddas Baytulloh, ikki muborak shahar – Makkai mukarrama va Madinai munavvara joylashgan ushbu diyorga Oʻzbekiston rahbariyatining 30 yildan keyingi ilk tashrifidir.
Davlatimiz rahbari tashrifni islom olamining eng muqaddas shaharlaridan boʻlmish Madinadan, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish bilan boshlagani oʻziga xos ramziy ahamiyat kasb etdi. Madina islom tarixidagi eng muhim shaharlardan biri. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasalam 622 yilda bu yerga koʻchib kelganlar. Qurʼoni karimning eng katta suralari shu yerda nozil boʻlgan.
Bu yerda Shavkat Mirziyoyevni muqaddas shaharda ziyoratda boʻlib turgan oʻzbekistonliklar xursandchilik bilan kutib olishgani barchamizni toʻlqinlantirdi. Yurt rahbariga vatandoshlarimizning bu darajada samimiy munosabatiga boshqalar ham havas qilgan boʻlishsa kerak. Ziyorat asnosida Prezidentimiz Vatanimiz tinchligi, obodligi, farovonligi, yurtdoshlarimizning goʻzal hayotini Allohdan soʻrab duo qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga millionlab xalqimizning salomini yetkazdi.
Allohning inoyati, muborak ziyoratning fazilati sabab ikki tomonlama manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi qator hujjatlar imzolandi.
Xususan, Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari oʻrtasida hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi. Inshoolloh, ushbu saʼy-harakatlar samarasi sifatida mamlakatlarimiz hamkorligi ravnaq topib, xalqlarimiz uchun har jihatdan manfaatli boʻlishiga ishonch hosil boʻldi.
Prezidentimiz davlat tashrifi davomida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashib, koʻplab masalalarni muhokama qilishdi. Bilamizki, Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. Oʻzbekiston IHTga 1996 yilda aʼzo boʻlganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Husayn Ibrohim Toha Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida oʻrin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini qayd etar ekan, IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilingani bilan tabrikladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi. Uchrashuv mazkur bankning Toshkentdagi toʻlaqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish masalasi tilga olingani quvonarli boʻldi.
Albatta, safar chogʻida Saudiya Arabistoni podshohining mamlakatimiz rahbariga yuksak ehtirom koʻrsatgani Oʻzbekistonga, xalqimizga nisbatan ulkan hurmatning inʼikosi boʻldi. Oʻz navbatida, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni mamlakatimizning yuksak mukofoti – “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotladi. Maʼlumki, bu orden yaqinda Oʻzbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi qonuniga muvofiq taʼsis etildi. U bilan ilm-maʼrifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini oʻrganish va keng targʻib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari mukofotlanadi. Salmon bin Abdulaziz ushbu mukofotga sazovor boʻlgan birinchi inson boʻldi.
Safar davomidagi muhim voqealardan yana biri – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chogʻida muqaddas Makka shahrida ham boʻlib, umra amallarini bajarganidir. Davlatimiz rahbari dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz oʻqidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.
Maʼlumki, Kaʼbatullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulugʻ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar boʻlib, Kaʼbatullohning ichida namoz oʻqidi. Soʻng, Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita saʼy qilindi. Ulugʻ ibodatni amalga oshirish chogʻida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga salomatlik va farovonlik tilab duolar oʻqildi.
Shu maʼnoda mazkur tashrif Oʻzbekiston va koʻp asrlik aloqalarga ega boʻlgan Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan nafaqat siyosiy yoki savdo-iqtisodiy ahamiyatga ega, balki islom ziyoratgohlariga tashrif bilan bogʻliq maʼnaviy voqea ham boʻldi. Chunki ziyorat chogʻida Islom diniga eʼtiqod qiluvchi xalqimizning qalb toʻridagi duolari, tilaklari yangradi. Barcha yurtdoshlarimizga ushbu muborak ibodatni bajarish nasib etishi soʻraldi. Zotan, soʻnggi davrda, xususan, bu yil yurtimizdan Umra va Haj ziyoratini ado etgan insonlar soni bir necha marta oshgani dilimizda ulkan shukronalik paydo qildi. Nasib etsa, kelgusi yillarda ziyoratchilarimiz bundan ham koʻpayishiga shubha yoʻq.