Home / MAQOLALAR / HIKMATLARDA YASHIRIN DURDONALAR

HIKMATLARDA YASHIRIN DURDONALAR

Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega taʼlimot boʻlib, islom olamida VIII asrning oʻrtalarida paydo boʻlgan. Dastlab u zohidlik harakati koʻrinishida kurtak yoyadi. Gap shundaki, hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin musulmonlar orasida boʻlinish yuz beradi, ayniqsa, xalifa Usmon zamonida boylikka ruju qoʻyish, qarindosh-urugʻlar, yaqin doʻst-birodarlarni qimmatbaho tuhfalar bilan siylash rasm boʻladi. Ummaviylar xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, dabdabali bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina toʻplash avj oldi. Yaʼni, diniy mashgʻulotlar, toat-ibodat oʻrnini dunyoviy ishlar, dunyo moliga muhabbat egallay boshladi. Bu hol diniy amrlarni ado etishni har qanday dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qoʻygan eʼtiqodli kishilarning noroziligiga sabab boʻldi. Ular orasida hadis toʻplovchi muhaddislar, ilgaridan qashshoq boʻlib, uy-joy, mol-mulkka eʼtibor qilmagan sahobalar ham bor edi. Bu holat Xoja Ahmad Yassaviyning dunyoqarashini shakllantirgan maʼnaviy ildizlardan birini tashkil qiladi. Chunki, uning muhim va ibratli xususiyatlaridan biri oʻz-oʻziga tanqidiy qaray olishi, oʻziga murosasizligidir.

Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan tariqat va suluklarning umumiy va mushtarak xususiyati Alloh vasliga yetishga, islom diniga, Qurʼon va shariat qonun-qoidalariga amal qilishga daʼvat etishdir. Bahouddin Naqshbandning piri hazrat Mir Kulolning taʼkidlashicha: “Tariqat shariatni muhofaza etuvchi ilohiy amaldir”.

Ahmad Yassaviy oʻzining diniy-falsafiy qarashlarida Qurʼon va shariatga asoslangan. Taniqli olim I.Sulton Ahmad Yassaviy taʼlimotining asosiy jihatlari haqida: “Toʻrt mavzu, yana ham toʻgʻrirogʻi, toʻrt maqsad Yassaviy merosining asosini tashkil etadi. Bu mutafakkirning birinchi maqsadi –odamlarni Allohni tanishga, uning yaqini boʻlishga daʼvat etishdir. Ikkinchisi – dunyodagi gunohni, ayniqsa, adolatsizlikni qoralash, uchinchisi – adolatsizlik qurboni boʻlgan insonni himoya qilish va adolatga daʼvat etishdir. Toʻrtinchi maqsadi – bu dunyoning dogʻlarini insonga yuqtirmaslik uchun, uning gunohlaridan insonning tozaligini saqlash yoʻli yoki vositasi sifatida bu dunyodan nari turishga, yaʼni tarkidunyochilikka daʼvat etishdir. Yassaviy ijodining boshqa gʻoyalari ham shu toʻrt mavzu, maqsad doirasidan uzoqqa ketmaydi”, deb yozadi [1:6].

Ahmad Yassaviy nuqtai nazariga koʻra, ayyorlik, gunohlarni yashirish oʻzgalarga xiyonat hisoblanadi. Bu fikri bilan Xoja Ahmad Yassaviy rostgoʻylik, halollik, oʻz-oʻziga talabchanlikni targʻib qiladi. U: “Insonni eng ogʻir gunohlari uchun hatto togʻu toshlar ham laʼnatlaydi”, deydi. Bu esa gunoh qilishdan, noqonuniy ishlarni bajarishdan, jamiyat aʼzolarining nafratiga qolishdan saqlanishga daʼvatdir.

Shuning uchun xam Ahmad Yassaviy: “Ishq yoʻlida jon berganning armoni yoʻq”, der ekan [2:106], inson maʼnaviy-ruhiy tozalanish uchun mashaqqatlarga bardosh berishi, halollikka, poklikka intilishi lozimligini quyidagi hikmatlar orqali ifodalaydi:

Jafo chekmay oshiq, boʻlmas, tingla, gʻofil,
Jafo chekib sobir boʻlgʻil, boʻlma johil [2:94].

Bu bilan u, zahmat chekkan odam sabrli, bardoshli, irodali boʻladi, degan fikrni ilgari suradi. Hushyorlik shaxsni faol harakat qilishga undaydi. Xoja Ahmad Yassaviyning hikmatlari oʻquvchi shaxsini hushyorlikka, faol harakatlanishga, fitnalardan, fisqu fasod ishlardan oʻzini olib qochishga undaydi. Shuning uchun ham taʼlim-tarbiya jarayonida ulardan keng foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Chunonchi:

Xudovando, meni solgʻil oʻz yoʻlingga,
Nafs ilkida harib, ado boʻldim mano,
Fisqu fujur toʻlib-toshib, haddan oshti,
Gʻarqob boʻlib isyon ichra qoldim mano [2:39].

Yassaviy “Gʻarqob boʻlib isyon ichra qoldim mano” deganda insonni haqiqat yoʻlida “nafs”dan qutulishga, oʻz nafsining quli boʻlib qolmaslikka, atrofdagi yomon qarashlarning taʼsiriga berilmaslikka chaqiradi. Bu esa oʻquvchilar va talabalarni turli ekstremistik oqimlarning taʼsiridan saqlab qolishga daʼvat qiluvchi qimmatli hikmatdir.

U yomonlik, nodonlik, jaholat, molparastlik, mansabparastlik illatlariga qarshi tura olishga chaqiradi. Jamiyat aʼzolarining manfaatlarini pisand qilmay mol-dunyo toʻplashga, mansabga intilayotgan ayrim kishilar uchun bu hikmatlarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir.

Yassaviy oʻz sheʼrlariga hadislarni singdirib, ularni hikmatga aylantirdi. Yassaviya tariqati jahriya zikriga aylangan “Gʻiyosul lugʻot”da “Jahr – oshkor kardan va ovoz baland kardan dar xondan”, yaʼni oshkor qilmoq va baland tovush bilan oʻqimoqdir, deb aytilgan. Xuddi shu fikr “Devoni hikmat”da yozilgan:

Meni hikmatlarim xoʻblarga ayting,
Duo, takbir qilib rahmatga boting
Agar hikmat oʻqusa ayyuhannos,
Erur farzand menga ul tolibi xos [2:198].

Bu misralar jahriya zikriga ishoradir. Xoja Ahmad Yassaviy oʻzining butun hayotini hikmatlar yozish bilan bir qatorda, qoʻl mehnatiga ham bagʻishlagan. U chiviqdan suzgich toʻqish, yogʻochdan qoshiq va choʻmich yasab sotish bilan tirikchilik qilgan [3:34]. Shuningdek, oʻzining shogirdlariga ham ilm olish bilan birga, kasb-hunar egallab, hunarining orqasidan kun koʻrishi lozimligini uqtirgan.

Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” asari toʻrt bob: “Daryoi shariat”, “Rohi tariqat”, “Qulzumi haqiqat”, “Daryoi rahmat”dan iborat.

Shuni taʼkidlash joizki, Ahmad Yassaviyning dunyoqarashi borasida qizil imperiya davridagi islomshunoslar u bilan naqshbandiya tariqatini bir-biriga zid qoʻyib: “Yassaviyda tarkidunyochilik, goʻshanishinlik ustun boʻlib, naqshbandiyada esa qoʻl mehnat bilan, dil Alloh bilan band, yaʼni dunyoni tark etmay yashash”, deb talqin qilingan. Emishki, Yassaviyada tilanchilik qilish mumkin, Naqshbandiya esa bunga qarshi kurashgan. Bunday fikr notoʻgʻri. Yassaviya tariqatida ham mehnat qilish farz, tekinxoʻrlik gunoh sanalgan. Bu borada Xoja Ahmad Yassaviy bunday fikrni keltiradi: “Shayx uldurkim, niyoz olsa uni miskin, gʻarib, bechora, yetim-yesirlarga bergan. Agar bu narzu niyozni yesa, goʻyo murdor et yemishini tanovul qilgan boʻlur” [2:8]. Bugungi kunda yetim-yesirlarning haqqiga xiyonat qilayotganlar uchun bu hikmatlar katta ibratdir.

Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy va Mirzo Bedil ham boshqa Sharq mutafakkirlari kabi zulm va zolimlikning ildizi haqida koʻp oʻylagan, buning sabablari va bartaraf etish choralarini qidirgan. Ammo ularning birortasida tabaqani tabaqaga, sinfni sinfga qarama-qarshi qoʻyish boʻlmagan. Ular sinfiy kurashga chaqirish – bu zulmga qarshi zulmni qoʻllash boʻlishini yaxshi bilardi. Bir sinfni hukmronlikdan chetlashtirgan ikkinchi sinf oʻzi istasa-istamasa zulmkorga, yaʼni ekspluatatorga aylanadi. Qolaversa, chuqurroq olib qaraydigan boʻlsak, sinfiy kurash zamirida toʻliq maʼnodagi ijtimoiy adolat gʻoyasi yotmaydi. Bu aslida ijtimoiy guruhlarning nafs uchun talashishidir. Yaʼni, tabiatdagi mashhur, “kim zoʻr boʻlsa, oʻsha yashaydi” degan qonunga amal qilishdir. Tasavvuf bu qonunni rad etadi. Uni gʻayriinsoniy deb hisoblaydi. Chunki bu zoʻrlik ustiga zoʻrlik, qatl ustiga qatl, zulm ustiga zulm olib keladi. Odamlarda hasad, gʻazab va qasos kabi salbiy tuygʻularni rivojlantiradi. Natijada chin odamiylik hislari soʻnib boradi, insonning Alloh tomon harakati toʻxtaydi, kamolot susayadi.

Tabiat qonunlarini butunlay rad etib boʻlmaydi, ammo u bilan chegaralanish, uning domiga tushib qolish ham inson uchun xavfli. Insonning oʻz odamiylik qonunlari ham borki, u shunga koʻproq amal qilishi kerak. Bugungi kunda din nomidan ish koʻrayotgan aqidaparastlarni ham hirsu nafs girdobiga giriftor boʻlgan kishilar deb aytamiz. Zero, ular qilayotgan bedodliklar, zulmu sitam hech bir dinu diyonatga toʻgʻri kelmaydi. Mehru shafqat bu kimsalarning dilini mutlaqo tark etgan. Ular oʻz maqsadlari yoʻlida hatto qavmu qarindosh, ota-onasini nobud qilishgacha borib yetmoqda. Vaholanki, ulugʻ shayxlarimiz hatto chumoliga ham ozor berma, kofir boʻlsa ham rahm qil, deb taʼlim bergan. Xoja Ahmad Yassaviy yozadi:

Sunnat ermish kofir boʻlsa, berma ozor,
Koʻngli qattiq dilozordan Xudo bezor.

Ha, dilozordan Xudo bezor! U kim boʻlmasin, qanday mazhab yoki dinda boʻlmasin, agar zulm-sitam qilsa, odamlarning joniga qasd qilsa, unday kishi hargiz chin inson emas.

Hadislarni ravon sheʼriy tilga koʻchirib, turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlar orasiga yoyish Ahmad Yassaviyning buyuk xizmati hisoblanadi. Alloh taoloning taʼlimini, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning oʻgitlarini turkiy tilda yoyish Yassaviya tariqatining maqsadlaridan boʻlgan. Shunisi alohida diqqatga sazovorki, Naqshbandiya taʼlimoti fors-tojik tilida, Yassaviya taʼlimoti turkiy-oʻzbek tilida yaratilgan. Shuning uchun ham Yassaviya taʼlimotini oʻzida mujassamlashtirgan hikmatlarni oʻzbek oʻquvchisi toʻgʻridan-toʻgʻri anglab, ongiga singdira oladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. I.Sulton. Bahouddin Naqshband abadiyati. –T.: Fan, 1994.
  2. Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat. –T.: Gʻ.Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi, 1992.
  3. Z.F.Mirtursunov. Oʻzbek xalq pedogogikasi. –T.: 1973.

 

Maksuda XAJIYEVA,
Urganch davlat universiteti “Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi” kafedrasi mudiri,
falsafa fanlari doktori, professor

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …