Home / MAQOLALAR / “KUTUBI SITTA” TOʻPLAMINING SHAKLLANISHIDA IMOM BUXORIYNING “AL-JOME AS-SAHIH” ASARINING OʻRNI

“KUTUBI SITTA” TOʻPLAMINING SHAKLLANISHIDA IMOM BUXORIYNING “AL-JOME AS-SAHIH” ASARINING OʻRNI

 “Kutubi sitta” tarkibidagi asarlarni VII/XIII asrdan boshlab islom olamidagi ilm ahlining katta qismi dinning ikkinchi muhim manbasi sifatida tasdiqlagan boʻlsa-da, biroq “Sahihayn”ni “Sunan”lardan yuqori darajada deb bilgan. Bu borada koʻpgina hadisga doir kitoblarda “Sahih”lar “Arbaʼa”lardan oldin kelib alohida ajratib koʻrsatilgan.

Bundan koʻrinib turibdiki, ulamolarning “Kutubi sitta” kitoblari toʻgʻrisidagi mutlaq ittifoqlarining sabablari va kulliyotning shakllanish jarayoniga doir omillarni tushunib olish muhim hisoblanadi. Abul Fazl ibn Tohir Maqdisiy (vaf. 507/1113) bu haqda:  “Buxoriy va Muslim hadislarning sahihlarini ajratib ularni kitoblariga kiritdi” [1:242], degan edi. Shunday qilib, “Sahihayn” ahli islom uchun turli masalalarga yechim topishda manba boʻldi. Ulardan keyin bugungi kungacha yashab oʻtgan ulamolar bu ikki kitobdagi hadislarni sharhlab, tarjimalarini qilish bilan band boʻldi. Chunki hadis ilmida Buxoriy va Muslimdan ortiq darajaga erishishning imkoni boʻlmagan [2:132]. Ibn Saloh Maqdisiyning yuqoridagi fikrini yanada kuchliroq ifodalagan, u hadislarni tasʼhih, tahsin va tazʼif qilish oʻzi yashagan davrdan boshlab mumkin boʻlmagani, avvalgi ulamolar bu ishlarda qilinishi kerak boʻlganlarini eng yaxshi tarzda bajargani va bu oʻrinda hadislarning sahihligi haqida yangicha ijtihod qilish toʻgʻri emasligi, Buxoriy va Muslim hadis manbalarining shakllanishida muhim taʼsir koʻrsatganini aytgan. Ibn Salohning qarashlari dastlab VII/XIII asrning boshida qabul qilinmagan boʻlsa-da, uning mulohazasi keyingi davrlarda maʼqul topilib, “Kutubi sitta” majmuasi va ularning mualliflariga buyuk nisbat berilishiga va shu orqali ularning asarlarining ahamiyati ortishiga sabab boʻldi [3:65].

“Kutubi sitta” kulliyotini yuzaga kelishidagi omillar toʻgrisida turli xil qarash va nazariyalar mavjud. Ulardan biri, “Kutubi sitta” toʻplamining ilk kitobi “Al-Jome as-sahih” asarining yaratilishi haqidagi qarashdir.

“Sihohi sitta” majmuasining yuzaga kelishi va jumhur ulamolar uni ishonchli kitoblar deb eʼtirof etishida Imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih” asari alohida ahamiyatga ega. Chunki, bu toʻplamning eng ishonchli asarlar deb taʼkidlanishida “Al-Jome as-sahih” kitobi ilk poydevor boʻlgan. Imom Buxoriyning “Sahih”ining yaratilishidagi sabablarni koʻrib chiqish orqali “Kutubi sitta” toʻplamini yuzaga keltirgan omillarning tahlilini chuqurroq anglash mumkin boʻladi. Quyidagi faktlar orqali “Al-Jome as-sahih” asarining jumhur ulamolar tomonidan “sahih” deb ittifoq qilinishi va mashhur boʻlish sabablarini bilib olish mumkin.

1) “Al-Jome as-sahih” asarining yakdil qabul qilingani va “sahih” deb topilgani. Imom Buxoriyning hadislarni qabul qilib olishdagi talablarining yuqoriligi va bu yoʻldagi mashaqqatlari, hadislarning sahihligi, eng koʻp hadislarni jamlangani bu kitobni ilmiy doirada olimlar yakdildan sahih kitob sifatida qabul qilishiga sabab boʻldi. Bu toʻgʻrida Imom Buxoriydan keyingi davrda yashagan olimlarning quyidagi fikr-mulohazalarini keltirib oʻtish mumkin:

– Islom olamining turli mintaqalaridagi muhaddislar, faqihlar, mufassirlar, aqida ilmi sohiblari va arab tilshunoslari kabi olimlarning aksariyati Imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih” asarini Qurʼondan  keyingi eng ishonchli kitob sifatida qabul qilgan. Ulamolar uni rad etmasdan qabul qildi va ahamiyati jihatidan unga yuksak daraja berdi [4:42]. Imom Buxoriyga nisbatan bu kabi eʼtibor Imom Navaviyning “Musulmon sharhi” kitobining soʻzboshisida: “Olimlar Qurʼoni karimdan keyin eng sahih kitoblar sifatida Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”ini eʼtirof etgan. Musulmonlar bu ikki kitobni soʻzsiz qabul qilgan. Bu ikkisining ichida Imom Buxoriyning “Sahih”i ilm va manfaat jihatidan eng foydalisi va daraja jihatidan yuqorirogʻidir” [5:14]. Darhaqiqat, Imom Buxoriy erishgan yuksak eʼtibor va eʼtirofga hech bir muhaddis erishmagan.

– Kamol Sandiqchi bu borada: “Imom Buxoriyning ijodiga berilgan sharaf bu bilan cheklanib qolmadi. U ilmiy doiralarda boshqa hech bir kitobga berilmagan izoh va tarjima asarlarining diqqat markaziga aylangan va baʼzi olimlar undagi maʼlumotlarni mutlaq haqiqat sifatida koʻrishga harakat qilib, bu nazariyada musulmonlarning ijmosi borligini alohida taʼkidlagan” [6:228], deydi. Imom Buxoriyning “Sahih”iga ulamolar koʻplab sharhlar yozgan va shu bilan birga bu kitobning boshqa tillarga tarjima qilingani asarning eng sahih ekaniga yana bir dalildir.

– Ibn Daqiq (vaf. 702/1302) Buxoriy yoki Muslim bir roviyni oʻz kitobida hadislarni rivoyat qilishda kiritgani boshqalar tomonidan roviyning siqa ekaniga dalil boʻlgan, deydi. Bu insoniyat tarixida biror ishda kimgadir suyanish kerak boʻlsa, eng yaxshi tazkiya hisoblangan. Sababi, koʻpchilik bu ikki kitobni sahih deb ittifoq qilgan. Bu haqda Maqdisiy oʻzining “Rivoyati sahihi Buxoriy” asarida “U, yaʼni roviy koʻprikdan oʻtdi” iborasini qoʻllagan [7:95]. “Al-Jome as-sahih” kitobining bu qadar shuhrat topishiga sabab boʻlgan eng katta omillardan biri – bu roviylarga qoʻyilgan talabning yuqoriligi boʻlgan. Chunki, hadislarning ichidan sahihlarini ajratib olishda roviyning tutgan oʻrni katta deb hisoblangan.

– Gʻarb sharqshunoslaridan biri Goldziher: “Vaqt oʻtishi bilan bu kabi maqtovlar shunchalik kuchaydiki, Buxoriy valiyulloh darajasiga koʻtarildi. Xalq orasida uni vasila qilib, hayotdagi har qanday qiyinchiliklarga qarshi yordam soʻrash uchun uning qabriga tashrif buyuruvchilar ham koʻpaydi. Ishonchli xabarlarga koʻra, uning qabridan bir necha kun davomida mushk kabi hushboʻy hid taralib turgan. Bunga yonma-yon tarzda uning “Sahih” asari moʻtabar manbaga aylangan” [1:245], deydi. Imom Buxoriyning ilm yoʻlida bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻli uni vafot etganidan keyin ham azizu mukarram qildi. Imom Buxoriyni dunyo miqyosida eʼtirof topishida kitoblaridagi mukammal metod va uslublari sababchi boʻlgan.

2) “Al-Jome as-sahih” sahih hadislarni toʻplagan ilk asardir. Hijriy asrning dastlabki yillarida hadislarni jamlashga va yozib olishga izn boʻlmagan. Bunga asosiy sabab Qurʼoni karim bilan hadisi shariflar aralashib ketmasligini oldini olish va Qurʼoni karimni asl holida saqlab qolishga intilish boʻlgan. III/IX asrga qadar ham hadis sohasiga oid ilk kitoblar yozilgan boʻlsa-da, ammo ularda jamlangan hadislar orasida zaif hadislarning borligi yoki kitoblarning tuzilishi jihatidan tartibli holatda berilmagani ularni islom dunyosida shuhrat topishiga monelik qilgan.

Imom Buxoriy sahih hadislarni toʻplab, ularni fiqh boblariga koʻra tasniflagan ilk muhaddislardan biridir. Keyingi davrdagi baʼzi olimlar ana shu omilga tayangan holda oʻzlari taʼlif etgan kitoblarining kirish soʻziga “Avvalu min alfin fis-sahih ul mujarradu huval-Buxoriy” (Sahih hadislarga doir birinchi boʻlib asar yozgan Imom al-Buxoriydir) lafzini keltirishni lozim topgan. Mujarrid sifatida sahih hadislarni tasniflagan olimlardan avvali Imom Buxoriy boʻlsa, ikkinchisi Imom Muslimdir. Bu ikki musannifning kitobi Qurʼondan keyin eng sahih kitob sifatida qabul qilingan [8:9].

Bu ikki asar mualliflari bir davrda yashagan, baʼzan islomning turli davra va doirasida biri ikkinchisidan ustun hisoblangan. Al-Buxoriy hadis qabul qilishdagi shartlari ogʻir boʻlgani uchun ustun deb koʻrilgan boʻlsa, Gʻarb olimlarining fikriga koʻra, Muslimning “Sahih”i mukammal tartibga solingani va uning kitobidan amalda foydalanish imkoniyati oson boʻlgani uchun ustun hisoblangan. Biroq, umumiy fikr al-Buxoriyning “Sahih”i martaba jihatidan ustun ekanidir [1:237].

3) Imom Buxoriyning ilmiy salohiyati va olimlarning eʼtirofi. Imom Buxoriy oʻzining “Sahih” asarini yozganidan soʻng u yashagan davrda olimlar uning ilmiy salohiyati haqida ijobiy fikrlar bildirganini koʻrish mumkin:

– Abu Musʼab Zuhriy (vaf. 242/857) Imom Buxoriyni Ahmad ibn Hanbaldan koʻra yaxshiroq faqih va muhaddis ekanini aytganida, oʻz haddidan ortiq fikr bildirgani yodiga tushadi, lekin Imom Buxoriyni hech boʻlmaganda Molikdek olim demasdan oʻzining mulohazalarini yakunlay olmaydi [9:420].

– Imom Buxoriyning ustozlaridan biri Qutayba ibn Said (240/855) Imom Buxoriy haqida: “Faqihlar, zohidlar va namozxonlar bilan birga oʻtirdim. Muhammad ibn Ismoilga oʻxshaganini koʻrmaganman. U oʻz davrida sahobalar davridagi Umar kabi edi. Agar u ilk hijriy yillarda yashaganida edi, u zot sahobalar ichida peshqadamlardan boʻlgan boʻlardi” [10:86].

– Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/855): “Xuroson Imom Buxoriyga oʻxshagan boshqa olim chiqara olmadi” [10:87], deydi.

– Yana bir ustozlaridan biri Ishoq ibn Rahuya (vaf. 238/853): “Agar u Hasan Basriy yashagan davrda boʻlganida edi, odamlar hadis oʻrganishda unga ehtiyoj sezishgan boʻlardi” [11:669], degan.

– Husayn ibn Huzaiy (vaf. 207/822): “Men Muhammad ibn Ismoilga oʻxshaganini koʻrmadim, goʻyoki u hadis uchun yaratilgandek” [10:88], deb madh etgan.

– Ibn Huzayma (vaf. 311/923): ““Sahih” asarining muallifi Muhammad ibn Ismoil Rasululloh (S.A.V.)ning hadislarini eng yaxshi biladigan va osmon gumbazi ostida eng yaxshi yod olgan kishidir” [11:667], deb aytgan.

– Abu Abdulloh al-Hakim (vaf. 405/1014) aytadi: “Bilingki, al-Buxoriyning hadis ilmidagi oʻz tengdoshlari va ulardan ustunligi oʻtmishda ham, kelajakda ham birdek ittifoq qilingan. Uni maqtab, rivoyatlarini targʻib qiluvchilarning koʻpligi uning fazilatini koʻrsatishga yetarli miqdordadir” [10:99]. Imom Buxoriyni oʻzi yashagan davr olimlari tomonidan tan olinishi va uning ilmiy salohiyati va hadislarni yod olish va saralab olishdagi qobiliyatining eʼtirof etilishi “Kutubi sitta” toʻplamining shakllanishidagi yana bir qadam boʻldi.

4) Imom Buxoriyning hifz kuchining mukammalligi. Imom Buxoriy yod olish tezligi, idrokining mustahkamligi va aqlining ravonligi jihatidan oʻz davrining nodir kishisi boʻlgan. Hadislarni roviy va sanadlari bilan birga yod olishda ham noyob shaxs sifatida eʼtirof etilgan.

Abu Bakr Marruziy (vaf. 275/888) Imom Buxoriyning ajoyib xotirasi borligi toʻgʻrisida quyidagi fikrni aytadi: “Men hech qachon Muhammad ibn Ismoilga oʻxshagan odamni koʻrmaganman. Ulamolarning kitoblarini oʻqib, mulohaza yuritar va barcha hadislarning turli rivoyatlarini bir martta oʻqishdayoq yod olar edi” [12:190].

– Muhammad ibn Yusuf Farobiy (vaf. 320/932) Buxoriyning shunday deganini rivoyat qiladi: “Bir hadisni oʻrganish uchun oʻtirganimda, hadislar orasidan uning sahihini ajratar edim. Men yeta olmagan hadislardan boshqa hech bir sahih hadisni tark etmadim va hammasini yozdim” [13:22].

– Ibn Odiy (vaf. 365/975) Buxoriy xotirasining mukammalligini koʻrsatadigan quyidagi gapni aytadi: “Yuz ming sahih hadis yodladim, ikki yuz ming nosahih hadisni yod oldim” [9:99].

– Bobonzoda Ahmad Naim (vaf. 1934/1353) Buxoriyning xotirasi haqida quyidagi voqeani hikoya qiladi: “Bir kuni Buxoriy sahoba Anas ibn Molikdan hadislar oldi, u roviylar haqida oʻylardi, oʻylar ekan, bir soat ichida uch yuz kishining ismini darhol esladi” [14:66].

Yuqorida zikr etilgan rivoyatlar Imom Buxoriyning hayotini tasvirlaydigan har bir ilmiy doira va tarix kitoblarida mavjud. Bugungi kunda Imom Buxoriyning hayoti va ijodi haqida yozilgan asarlarda uning qobiliyati, hadislardan foydalanishdagi ilmiy salohiyati nazardan qolib ketmagan. Hadis roviylari va imomlari yod olish jihatidan odamlar orasida kam uchraydi va ularning xotiralari barcha odamlarning xotirasidan boshqacha tarzda yaratilgan. Ular har bir soʻzni diqqat markazidan chetda qoldirmasdan, hech qanday harfni oʻzgartirmasdan, eshitganini tom maʼnoda xotirasiga yozib oladi. Shuningdek, manbalarda Ahmad ibn Hanbal Imom Buxoriyni yuz ming sahih va ikki yuz ming sahih boʻlmagan hadis bilganini, baʼzi mashhur hadis imomlari esa yuz minglab hadislarni yoddan bilishini qayd etgan [15:37].

5) Maʼnaviy-ruhiy omilning ahamiyati. Imom Buxoriyning hadis ilmida oʻz ijodining choʻqqisini zabt etishiga sabab maʼnaviy-ruhiy omildir. Buyuk muhaddis ijodining shakllanishida uning maʼnaviy va ruhiy olami muhim unsurlardan birini tashkil qilgan.

Paygʻambar (S.A.V.)ning sunnatlari Qurʼondan keyin islom dinini tushunishda, shariatga asosan hayot kechirishda alohida ahamiyatga ega. Quyida keltirilgan misollarda Imom Buxoriy ijodining oʻziga xos xususiyatlarining shakllanishida Muhammad (S.A.V.)ning taʼsirlarini koʻrish mumkin:

– Imom Buxoriy shunday rivoyat qiladi: “Bir kuni tushimda Paygʻambarimiz (S.A.V.)ni koʻrdim. Men u zotni yelpib turar edim. Men ushbu tushni taʼbirchilardan soʻraganimda, ular menga “Paygʻambarimiz (S.A.V.)ning hadislarini yolgʻonlardan saqlaysan”, dedi. “Al-Jome as-sahih”ni yozishimga ham mana shu voqea sabab boʻldi” [10:430].

– Abu Zayd Marvaziy (vaf. 371/983)ning tushida Paygʻambarimiz (S.A.V.) Imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih”ini oʻz kitobi sifatida taqdim etadilar. Marvaziy tushini shunday tasvirlaydi: “Ruku bilan maqom oʻrtasida uxlayotgan edim. Men Rasululloh (S.A.V.)ni tush koʻrdim. Ey Abu Zayd! Qachongacha Shofeiyning kitobini (yaʼni fiqhni) oʻqishda davom etasan, menikini oʻqimaysan? dedilar. Men: “Yo Rasululloh! kitobingiz nima?” deb aytdim. U zot: «Muhammad ibn Ismoilning “Jome”si deb javob berdilar” [10:432].

Darhaqiqat, Imom Buxoriy “Sahih”ini jamlashda unga berilgan ilhom va maʼnaviy-ruhiy omilning kuchliligi, Paygʻambar (S.A.V.)ning unga ishora berib turganlari, unga oʻz asarini taʼlif qilishda katta kuch boʻlgan.

Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriyning “Sahih” kitobi “Kutubi sitta” majmuasining yaratilishida alohida ahamiyatga ega boʻldi. Imom Buxoriyning saʼy-harakatlari, goʻzal axloqi, mustahkam taqvosi, ilmiy iqtidori va salohiyati kabi sabablar bilan “Al-Jome as-sahih” asari “Kutubi sitta” kulliyotining ibtidosi boʻla oldi. Shuningdek, olimlar “Al-Jome as-sahih” asarini yakdil qabul qilgani va ilk sahih kitob deb topgani asarning oʻziga xosligini va alohida oʻrnini koʻrsatib berdi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Goldziher. Muslim Studie. –London.: 1971.
  2. Komil Cakin. Buharining ortoritmesi kazanma soʻrechi. Hadis literature arastirmalari. 1999.
  3. Musa Bogʻchi. Hadis calishmalarinin gerileme donemlerinde hadiste ictihad kapisinin kapatilmasi sorturu. –: 2003.
  4. Muhammad Abdulqodir Abu Farts. Fiqhul imom al-Buxoriy. –: Darul Furqon. 1989.
  5. An-Navaviy. Sahihi Muslim bi sharhi Navaviy (Muqaddima). –: Darul Furqon, 1999.
  6. Kamol Sandiqchi. Sahihi buhari uzerine yapilan chalishmalar. –: Dip. Yay., 1991.
  7. Emin Ashikkutlu. Hadisda rical tanqidi. –: MUIF yay. 1997.
  8. Ibn as-Saloh. Muqaddima. –: Alamul kutub. 1988.
  9. Siyaru alamin nubalo. –Bayrut.: Muassasatur risola. 1993. XII.
  10. An-Navaviy. Tahzibul asma val-lugʻat. –: 1997. I.
  11. Ibn Hajar. Hadya as-sarf. –: Darul kutubi ilmiyya. 1997.
  12. Bustarul muhaddisin. –Anqara.: 1986.
  13. Abdulgʻani Abdulholiq. Imamul Buxoriy va Sahihi. –: Darul minara. 1985.
  14. Ahmad Naim. Tajridi sharh. –: 1997.
  15. Fuat Sezgin. Buxoriyning kaynaklari. Kitabiyat.: 2000.
Gulnoza ALIJONOVA,
OʻzXIA doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …