XII-XV asrlarda Movarounnahr mintaqasida fiqh ilmi misli koʻrilmagan tarzda rivojlandi. Ijtimoiy va sharʼiy kodekslarni oʻzida mujassam etgan fiqhga doir koʻplab asarlar dunyoga keldiki, ular hozirga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Hatto aholisi boshqa dinga eʼtiqod qiluvchi mamlakatlar ham oʻz davlatchilik qonunlarini shakllantirishda ana shu fiqhiy asarlardan andazalar oldi.
Kichik yoki Ikkinchi Sadrush sharia laqabi bilan mashhur boʻlgan Ubaydullo ibn Masʼud bu mashhur sulolaning faxri va hanafiylar fiqhining porloq yulduzi hisoblanadi. U bobosi Tojush sharia tarbiyasida kamol topib, Sharq hikmati (falsafasi), kalom ilmi va fiqhga oid fanlarni oʻzlashtirdi, hanafiy mazhabining atoqli va sermahsul olimlaridan biri boʻlib ijod qilib, fiqh ilmida buyuk faqih sifatida tanildi.
U ajdodlaridan qolgan ilmiy asarlarni jamlab, nafis yodgorliklarni toʻplash bilan shugʻullanib, bobosi yozgan “Viqoyatur-rivoya”ga arab tilida sharh yozib, uni “Sharhul Viqoya” deb atadi. Bu kitob eng yaxshi va mukammal sharh hisoblanadi. Ammo, alloma ilmi toliblarning bu asarni oʻzlashtirishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida uning muxtasar shaklini ham tuzib chiqadi. “Muxtasarul Viqoya” deb atalgan bu asar “Viqoya”da keltirilgan kerakli masalalarni oʻz ichiga olgan.
Abdulhay Laknaviy Sadrush sharia ikkinchini “Barcha tomonidan qabul qilingan imom, shariat qonunlarining soqchisi, asliy va farʼiy (juzʼiy) muammolar ustodi va qisqartiruvchisi, aqliy va naqliy (sharʼiy) fanlar olimi, faqih (huquqshunos), fiqh usullari (asoslari)ning bilimdoni, mantiqiy, muhaddis, mufassir, tilshunos, adib, mutakallim, buyuk qadru manzilat va yuksak maqom sohibi, ilmu adab bilan toʻlib toshgan, ulugʻlikni ota-bobolaridan meros qilib olgan zot edi,” deb taʼriflaydi.
Hajman “Muxtasarul Viqoya” asari “Hidoya”ning oʻn biridan bir (11:1) qismiga toʻgʻri keladi. Lekin shunga qaramay, uni diqqat bilan oʻqigan malakali kishi islom huquqining asosiy masalalarini toʻkis oʻzlashtirib olishga erishadi. Shu sababli mashhur huquqshunos olimlar tomonidan arab, turk va fors tillarida unga bagʻishlab koʻp sharhlar va hoshiyalar yozilgan. Bu asar uzoq muddat davomida islomiy dorulfununlar dasturlaridan oʻrin olib kelgan.
Taʼkidlaganimizdek, mazkur asar Islom olami qonunchiligida gʻoyat katta ahamiyatga ega boʻlganligi sababidan unga bir necha sharh va izohlar yozilgan. “Kashfuz zunun” muallifi Hoji Xalifa “Muxtasar”ni arab tilida sharhlaganlardan quyidagilarni zikr etadi:
- Ahmad ibn Muhammad Shamaniy. 2. Ibn Ayniy Hanafiy. 3. Abdulvohid ibn Muhammad. 4. Alouddin Ali ibn Muhammad. 5. Ibn Qutlub Hanafiy. 6. Shamsuddin Muhammad Koʻhistoniy. 7. Aliyunil Qoriy. 8. Abu Makorim ibn Abdulloh ibn Muhammad. 9. Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy. 10. Mahmud ibn Ilyos Rumiy.
Ushbu sharhlar orasida eng mashhurlaridan biri Mahmud ibn Ilyos Rumiy tomonidan yozilgan “Sharhu niqoyati Muxtasarul Viqoya” asari boʻlib, kitob “Sharhu Ilyos” nomi bilan shuhrat qozongan.
Islom olamida keng foydalaniladigan mazkur asar muallifi Mahmud ibn Ilyos Hanafiy Rumiy Muhyiddin haqida manbalarda 1380-1447 yillarda yashab ijod qilganligi aytiladi. Alloma oʻz zamonasining yetuk allomalaridan taʼlim olgan boʻlib, ilm talabida Misr, Madina va Damashq va Bagʻdodga safar qilib, u yerdagi ulamolardan tahsil oladi. Fiqh va tafsir ilmi sohasida zamonasining yetuk allomalaridan biri sifatida namoyon boʻladi. Mahmud ibn Ilyos oʻz ilmiy faoliyati davomida fiqh ilmiga juda katta eʼtibor bergan. U ibodatli, taqvodor inson boʻlib, hofizul Qurʼon – Qurʼonni yod bilgan, fiqh ilmida haq bilan botil orasini ajratib beruvchi, fiqh va usulul fiqh masalalarida ulkan ilmga ega, hanafiya mazhabining davomchisi sifatida tanilgan faqih boʻlgan.
“Sharhu Ilyos” asari musulmonlar orasida, ayniqsa ilmiy sohada oʻziga xos ahamiyatga egadir. Mazkur asarning arab tilida yozilgan ikki juzdan iborat toshbosma nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Qoʻlyozmalar xazinasida B-025, B-028 raqami bilan saqlanmoqda. Nusxaning muqovalari qogʻozdan, takyasi teridan ishlangan. Asar yaxshi saqlangan boʻlib, har bir sahifa raqamlangan, varaqlari esa Sharq qogʻozidan. Kitob yuqorida aytib oʻtganimizdek, umumiy hajmda ikki jild, toʻrt mujalladdan iborat boʻlib, hijriy 1325 (m.1907) yili Hindistonning Lohur shahrida peshovarlik savdogar Fazl Ahad ibn Hoji Muhammad buyurtmasiga binoan chop etilgan.
Asarning yozilish uslubi, ilmiyligi va uning ahamiyati haqida toʻxtalar ekanmiz, har bir mujalladining avvali turli hoshiyalar bilan boyitilgan hamda birinchi va ikkinchi mujalladlarning oxirida boblar mundarijasi keltirilganligini guvohi boʻlamiz. Asardagi har bir kitobning boshlanishida muallif tomonidan sharʼiy masalalar sharhi bilan bayon etilib, soʻngra fasllarga tegishli boʻlgan masalalar yoritiladi. Har bir masalaning sharhlariga kitobning hoshiyalarida qoʻshimcha izohlar (snoska) raqamlangan holatida berilgan.
Birinchi jildning birinchi sahifasi turli naqshlar bilan bezatilgan va yuqori xattotlik mahorati asosida asarning nomi “Sharhu Ilyos. Rubʼu avval (Birinchi chorak)” iborasi hamda sahifaning yuqori qismida “Va inna Ilyosa laminal mursaliyn (Va albatta, Ilyos paygʻambarlardandir)” oyati yozilgan[1]. Asar hamdu sanodan iborat “Muqaddima” va “Tahorat kitobi”dan boshlanib, “Haj kitobi”ning “Ehromli kishining hajdan toʻsilib qolishi” haqidagi fasl bilan tugallangan. Birinchi jildning avvalida mazkur kitob ikki savdogar Fazl Ahad va Abdurahim buyurtmasiga binoan yozilganligi koʻrsatilgan boʻlsa, oxirida mazkur jildning chop etilishiga sababchi boʻlgan shaxslarning biri Muhammad Abdurashid Vazirobodiyning tarixi fors tilida qasida usulida bayon etilgan. Sahifaning pastki qismida asar Lohurda chop etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar fors tilida yozilgan. Birinchi jild 359 sahifadan iborat boʻlib, kitoblar va fasllar mundarijasi bilan tugallangan.
Ikkinchi juzning birinchi sahifasi ham naqshli hoshiyalar bilan bezatilgan. Sahifaning yuqori qismida arab tilida “Nahmadu Alloh allaziy huval Xoliqur Roziqu linnasi (Insonlarning yaratuvchisi va rizqini beruvchisi boʻlgan Allohga hamd aytamiz)” iborasi hamda “Sharhu Ilyos Rubʼu soniy (Ikkinchi chorak). Sana h.1329 (m.1911)” jumlasi xattotlik uslubi bilan yozilgan. Bu asar Fazl Ahad va Abdurahim buyurtmasiga koʻra chop etilgani qayd etilgan. Sahifaning pastki qismida fors tilida asar Lohurda, Nival Kishvari bosmaxonasida chop etilgani yozilgan. Ikkinchi juz “Nikoh kitobi”dan boshlanib, “Qasam” kitobining “Soʻzlamaslikka qasam ichish” fasli bilan tugallangan boʻlib, 264 sahifadan iborat. Ikkinchi juz oxirida foydalanilgan asarlar hamda amirul muʼminiyn, din va millat ziyosi sulton Abdurahmonxonga bagʻishlangan qasida va marsiya fors tilida yozilgan.
Asarning ikkinchi jildi uchinchi juzning birinchi sahifasi ham naqshli hoshiyalar bilan bezatilganiga koʻzimiz tushadi. Sahifaning yuqori qismida “Va inna Ilyosa laminal mursaliyn” oyati yozilgan. 1325 yil (1908y)” hijriy sanasi koʻrsatilgan. Asarning bu juzi “Savdo kitobi”dan boshlanib “Topib olingan narsalar kitobi”ning “Yoʻqolgan narsalar” faslida tugaydi.
Asarning toʻrtinchi juzining birinchi sahifasida “Mashaʼ Alloh lo quvvata illo billah (Allohning xohlagani boʻladi. Kuch-qudrat faqat Alloh taoloning xohishi bilan paydo boʻladi)”[2] oyati bitilgan. Undan quyiroqda asar Dehlidagi “Nizomiy” bosmaxonasida chop etilgani fors tilida yozilgan. Asarning toʻrtinchi juzi “Qazo – Hukmlar kitobi”dan boshlanib, “Xunasa” kitobining “Turli masalalar fasli” bilan yakunlangan va 256 sahifadan iboratdir. Asarning oxirgi varagʻining birinchi sahifasida uchinchi va toʻrtinchi juzlarning mundarijasi keltirilgan. Mazkur juzning oxirgi sahifasida kitobning xotimasi va 1325 hijriy (m.1907) sanada yozib tugatilganligi fors tilida sheʼriy uslubda keltirilgan.
Birinchi juzning asosiy qismi 6 kitobdan tashkil topgan boʻlib, islom dinining ruknlaridan boʻlmish toat va ibodatga bagʻishlangan. Unda tahorat, namoz, roʻza, zakotni, haj, shuningdek, shariat hukmlariga doir koʻp muhim masalalar sharhlangan.
Ikkinchi juz esa huquqiy jihatdan katta ahamiyatga ega boʻlib, u nikoh va oila huquqiga doir ajrim masalalari, ota-onaning farzand oldidagi burchlari, ijtimoiy huquqiy masalalar batafsil yoritilgan.
Uchinchi juz ijtimoiy moliyaviy munosabatlarga oid boʻlib, 26 kitobdan tashkil topgan. Ularda savdo, taqsimot, mulkni ijaraga berish, omonatga topshirish, garovga qoʻyish, mulkiy sheriklik qilish va bulardan boshqa turli sharʼiy ijtimoiy masalalar yoritilgan.
Asarning toʻrtinchi juzi 14 kitobdan iborat. Ularda inson va jamiyat amaliy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan qator masalalar, xususan, sotish, sotib olish, ijara, gʻasb (birovning mulkini tortib olish), vakolat, muzoraa (yerni sheriklikka ekishga berish), qurbonlik, ov, sud va sud jarayoni, jinoyat kodeksi, daʼvo, shirkat, tijorat, vaqf, ichimliklar, shuningdek, sulh, vasiyatlar, jinoyat va muomalot huquqining koʻplab qirralari va boshqa koʻp muhim sharʼiy masalalar sharhlari bilan yoritiladi.
Jahon ijtimoiy huquqiy madaniyati xazinasiga ulkan hissa qoʻshgan faqihlarning islom diniga eʼtiqod qiluvchi xalqlarning davlatchilik asosi, shariatimiz qomusi boʻlgan fiqhiy asarlari oʻz ahamiyatini yoʻqotmay bugungi kunimizgacha yetib keldi. Ular orasida “Muxtasarul viqoya”ning sharhi boʻlgan “Sharhu Ilyos” asari ham hozirgi zamon huquqshunoslariga va oʻtmishimizga qiziquvchi barcha ilmi toliblar uchun fiqh ilmi sohasidagi bilimlarini boyitishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Oʻquvchi asarni mutolaa qilish asnosida turli sharʼiy hukmlarni keng va atroflicha sharhlashga oʻzida koʻnikma hosil qilib boraveradi, fikrini charxlab, bilimlarini mustahkamlaydi va dunyoqarashini kengaytirib boraveradi.