Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishida, shubhasiz buyuk mutakallim Abu Mansur Moturidiyning (vaf. 333/944 y.) oʻrni nihoyatda katta boʻlgan. U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) islom dinida paydo boʻla boshlagan turli guruh va firqalarning soni koʻpayib ketgan edi. Bu hol imon-eʼtiqod masalalarida koʻplab ixtiloflarni keltirib chiqardi. Shunday guruhlardan biri moʻtaziliylar boʻlib, ular aqidaviy masalalarni sharhlashda naqliy dalillardan (Qurʼon va hadis) aqliy dalillarni ustun qoʻyar edilar. Natijada salaf hamda ahli hadis ulamolari orasida kalom ilmiga nisbatan tanqidiy fikrlar paydo boʻla boshladi. Mana shunday murakkab sharoitda ulugʻ mutakallim Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va vujudga kelgan muammoli vaziyatni ilmiy asosda bartaraf etishda oʻzining katta hissasini qoʻshdi. Shu tariqa Moturidiy hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanafaning (699-767 y.) taʼlimotiga suyangan holda oʻziga xos kalom maktabini yaratdi. Lekin Moturidiy vafotidan keyin Movarounnahrda mazkur maktabning mavqei maʼlum darajada susaya boshladi. Shuning uchun Moturidiydan keyin Movarounnahrda uning taʼlimotini toʻgʻri talqin qilib keng targʻib qiladigan hamda asossiz fikr va tanqidlardan uni himoya qila oladigan bir guruh olimlarga zarurat sezila boshlagan edi.
Manbalarda yozilishicha, Abu Mansur Moturidiy asli Samarqandning Moturid (Moturit) qishlogʻida tugʻilgan, toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. U Abu Bakr Juzjoniydan hanafiy fiqhini, anʼanaviy islom mezonlari va uni atroflicha qamrab olish, izchil tahlil qilish, aqlan fikr yuritib, ilohiyot borasida munozaralar olib borishni esa Abu Nasr Iyodiydan oʻrganadi.
Yevropa va Turkiya olimlari [1; 5; 6; 14; 18; 20; 25] tomonidan kalom ilmi tarixiga oid koʻplab tadqiqotlar amalga oshirilgan boʻlsada, Markaziy Osiyo hududida ushbu soha boʻyicha hali yetarli ishlar amalga oshirilgani yoʻq edi. Birinchidan 2000 yilda Ulrix Rudolfning Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqoti rus va oʻzbek tiliga tarjima qilingani [19] ushbu sohada oʻzbekistonlik tadqiqotchilarning faoliyati rivojiga turtki boʻlgan boʻlsa, ikkinchidan 2000 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlanishi unga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi. Unga qadar Oʻzbekistonda madrasa mudarisslari, madrasalarda tahsil olgan katta ulamolar, hatto masjid imomlari Moturidiy shaxsi haqida biron bir maʼlumotga ega emas ekanliklari bilinib qoldi. Lekin shuni alohida taʼkidlab oʻtish darkorki, ular Moturidiylik eʼtiqodini “Imom Aʼzam eʼtiqodi” yoki “Ahli sunna val jamoa eʼtiqodi” sifatida bilar edilar.
Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda ilohiyot ilmi rivojining keyingi davriga toʻgʻri keladi. Bu paytda shaharda bir necha eʼtiborli mutakallimlar guruhi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular orasida donishmandlar (hukamo) guruhiga mansub Abulqosim Hakim Samarqandiy ijodiga qiziqish katta edi. Ikkinchi guruhda Abu Bakr Juzjoniy maktabi namoyandalari – Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abulhasan Rustufagʻniy, Abu Salama Samarqandiylar bor edi. Uchinchi guruhni esa iyodiylar sulolasi vakillari – Abu Nasr Iyodiy, uning farzandlari Abu Ahmad va Abu Bakr Iyodiylar tashkil etardi. Bu guruhlar oʻrtasidagi bahslar turli koʻrinishlarda namoyon boʻldi va bu kalom ilmi rivojiga ijobiy taʼsir etdi.
Maʼlumki, kalom ilmida mutakallimlar mavqeini belgilashda ularning ijtimoiy- siyosiy masalalardagi qarashlari muhim oʻrin tutgan. Hakimlar davlat bilan hamkorlikni rad etmay, uning vakillari bilan birga faoliyat koʻrsatganlar. Masalan, Abulqosim Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-aʼzam” asari somoniylar taklifi asosida yozilgan va bu kitobdan oʻsha davrda Movarounnahrda asosiy qoʻllanma sifatida foydalanilgan.
Gap shundaki, islomga yangi oʻtgan mintaqa- larda yaʼni Movarounnahrda ilohiyot borasida turli masalalar vujudga keldiki, bu juda keskin tus oldi. Chunki mazkur hududdagi turk yoki sugʻd uchun islom ahkomlari va talablariga javob berishga tayyor emas edi. Bu esa oxir oqibatda bir qator isyonlarga ham olib keldi. Bularning barchasi Movarounnahrda kelgusida mustaqil ilohiyot anʼanalari vujudga kelishi uchun yetarli zamin tayyorladiki, natijada nisbatan koʻp sonli diniy muhit yuzaga keldi.
Mana shunday sharoitda uning taʼlimoti bilan batafsil tanishib, bu taʼlimotning mazmun-mohiyatini teran anglagan izdoshlari, nasafiylar sulolasidan va boshqa sulolalardan yetishib chiqqan yirik mutakallim Abu-l-Yusur Pazdaviy (vaf. 1099 y.), Abu-l-Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134 y.), Abu Xafs Najimiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.), Ali ibn Usmon Oʻshiy (vaf. 1173 y.), Sabuniy Buxoriy (vaf. 1184 y.), Umar Hanafiy (vaf. 1200 y.)lar Imom Moturidiy taʼlimotini davom ettirib, uni yanada rivojlantirishdi.
Movarounnahr kalom maktabini shakllanishida va taraqqiy ettirishda Samarqand ilmiy muhitini ham alohida oʻrni bor. Ushbu kalom maktabining taraqqiyotini uch davrga boʻlib oʻrganish mumkin.
1) Moturidiygacha boʻlgan davri (IX).
2) Moturidiy va uning safdoshlari davri (X).
3) Qayta tiklanish davri (XI-XII).
Birinchi davrda yuksak martabali va nufuzli hanafiya olimlarining xizmatlari katta boʻldi. Dastlabkilaridan, hanafiylar orasida mashhur boʻlgan “Kitob al-alim va-l-mutaallim” (“Ustoz va shogird kitobi”) asarining muallifi Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 823 y.) nomi tilga olinadi. Uning asari hanafiya anʼanasi yoʻlidagi kalom ilmining eng dastlabki qadamlarini kuzatish imkonini beradi. Chunki u ustoz qarashlarini aniq yetkazish va tushuntirib berishga intilgan. Ushbu asar oʻquvchi (muallifni oʻzi) va ustoz (Abu Hanifa) oʻrtasidagi savol-javob tariqasida tuzilgan.
Movarounnahr kalom maktabiga zamin tayyorlashda Abu Bakr Muhammad ibn Yamon Samarqandiyning (vaf. 881-82 y.) ham alohida oʻrni bor. Uning hayoti Samarqand shahrida kechgan. Movarounnahrlik mutakallimlardan olimning hayoti tafsilotlariga nisbatan, asarlari bizgacha yetib kelganligi bilan farqlanib turadi. Abu Bakr qalamiga mansub “Kitob al-anvor” (“Ziyo kitobi”), “Kitob al-iʼtisom” (“Oʻzaro bogʻlanish kitobi”), “Kitob maolim ad-din” (“Dinni bildiruvchi asar”) kabi asarlarni koʻrsatib oʻtish mumkin. Olimning yana bir asari “Kitob ar-radd ala-l- karromiya” (“Karromiylarga raddiya kitobi”) deb atalgan boʻlib, bu asar ham ilohiyot masalalariga oiddir. Bu asarni Muhammad Samarqandiy yashagan davrda shaharda maʼlum mavqega ega boʻlgan karromiylar taʼlimotiga qarshi yozilgan raddiya asarlari qatoriga kiritsa boʻladi.
Ushbu maktab rivoji uchun oʻz hissasini qoʻshgan yana bir sermahsul olim Abu Muti Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930 y.) dir. Oʻqimishli oila vakili boʻlgan olim zakovatli olimlar sulolasi asoschisi edi. Mazkur sulola uch avlod vakillari moturidiyarivojiga katta hissa qoʻshdilar. Ulardan Abu-l Muin Nasafiy oʻzini eslab oʻtish kifoyadir. Makhul an-Nasafiy oʻz davri ilohiyotida asosiy oʻrinlardan birini egallagan boʻlsa-da, lekin manbalarda uning hayoti haqidagi maʼlumotlar deyarli uchramaydi. U “Kitob ash-shuoʻ” (“Nur kitobi”), “Kitob al-luʼluyot” (“Durdonalar haqidagi kitob”), “al-Radd ala ahl al-bidʼa” (“Bidat ahliga radiya”) nomli asarlarning muallifidir. Uning uchinchi asari “ar-Radd ala ahl al-bidʼa” (“Bidʼatchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”) bevosita ilohiyot sohasiga aloqador boʻlib, muallif zamondoshlari orasida keng tarqalgan [15]. Undagi maʼlumotlar mazmundorligi va nihoyatda aniqligi bilan ushbu fan sohasidagi birinchi darajali manba sifatida diqqatimizni oʻziga jalb qiladi.
Ikkinchi davr Hakim Samarqandiy (vaf. 953 y.) Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojida muhim oʻrin tutadi [20: 606]. U kalom bilan bir qatorda boshqa diniy ilmlar bilimdoni sifatida eʼtirof etilganligi uning mamlakat qozisi lavozimini egallaganligidan koʻrinadi. U Moturidiy bilan birgalikda Samarqandda Abu Nasr Iyodiydan taʼlim olgan. Uning hanafiylar orasida mashhur “Kitob as-savod al-aʼzam” (“Kitob aksariyat halq”) asari Movarounnahr ilohiyot tarixida asosiy oʻrinlardan birini egallaydi. Asar 902 yil amir Ismoil ibn Ahmad Somoniy (892-907) buyrugʻiga muvofiq yozib tugatilgan. Ushbu asar Nux ibn Mansur (976-997) davriga kelib fors tiliga ham tarjima qilingan.
Abul Muin an-Nasafiy Moturidiy vafotidan soʻng uning qabri ustiga quyidagi maqtov soʻzlarini yozdirishga buyruq berganini rivoyat qilgan: “Ushbu qabr ilmlarni oʻz nafaslarigacha qamrab olgan, uni tarqatishda koʻp zahmatlar chekkan, u qoldirgan meros koʻp madh qilingan va oʻzining umr daraxtidan koʻplab mevalar tera olgan ulugʻ zotning qabridir”[2].
Movarounnahr kalom maktabi faoliyati borasida toʻliqroq tasavvurga ega boʻlish uchun bevosita Moturidiy va uning shogirdlari va ularning ilohiyot borasidagi yutuqlariga ham murojaat etish lozim.
XI-XII asrlar hanafiy mutakallimlari moturidiya taʼlimotini qayta tiklash jarayonida uning ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi fikrlarini eʼtibordan chetda qoldirishadi. Keyinchalik Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib, oʻz bilimini yuksaltiradi. Bu jarayonda koʻplab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqot va munozarada boʻladi, shu sohaga oid asarlar yozadi.
Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning (vaf. 990/1582 y.) “Katoib ul-aʼlom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazhab an-Nuʼmon” (“Nuʼmon mazhabiga mansub boʻlgan taniqli alloma fakihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida Abu Mansur Moturidiyning, qayerda va qachon vafot etgani hamda uning asarlari haqida maʼlumot beradi. Muallif imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” (“Allohning yakkayu yagonaligi borasidagi kitob”), “Kitob al-maqomat”, “Kitob rad avomil lil adila lil Kaʼbiy” (“Kaʼbiy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bagʻishlangan kitob”), “Kitob bayon va hum ul-muʼtazila” (“Muʼtazila gʻavgʻolari va undan qoʻrqmaslik haqidagi kitob bayoni”), “Taʼvilot al-Qurʼon” (“Qurʼon taʼvili”) kabi asarlarini sanab oʻtadi. “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 2 ta nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida № 5126 va №5127 raqamlari ostida saqlanadi.
Toshkent fondidagi № 5126 raqami ostidagi nusxasi asarning ikkinchi jildidir. Qoʻlyozma asarning bir qismi LXII-CXIV suralar taʼvilini oʻz ichiga oladi. Qoʻlyozmaning 171a sahifasida bu asar Xoja Muhammad Porso kutubxonasida saqlanganligi toʻgʻrisida belgi bor. Unda jumladan shunday deyiladi: “Ushbu kitob Buxoro shahrining Kuyi Dixqon manzilidagi kutubxonaga Alloh bandasi Muhammad al-Xofizi al-Buxoriy tomonidan vaqf qilingan”.
Eʼtiborli jihati – yuqorida tilga olingan bu qoʻlyozma “Kitob at-taʼvilot”ning hozirgi kunga qadar dunyodagi eng qadimiy nusxasi boʻlib turibdi. Mazkur nusxaning tavsifi SVR [22]ga kiritilmagan edi va u ilk bor maqola muallifi (Sh.Z) tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi [11: 66-73] .
Bu qoʻlyozma 529/1134-35 yilda koʻchirilgan. Buxoro jomeʼ masjidida qabul qilinib, tahrir etilgan (Qubila va suhhiha fi masjidi jaʻmi al-Buxara).
“Kitob at-taʼvilot” asarining yana bir nusxasi 5127 inv. raqami ostida saqlanadi. Bu nusxa asarning oxirgi jildidir. Nasx yozuvida koʻchirilgan bu nusxa 294 varaqdan iborat. Muqovaning yuzida bir boʻlak qadimiy qogʻozga “Kitob at-taʼvilot” soʻzlari yozilgan boʻlib, yozuv yillar davomida eskirib, koʻz ilgʻamaydigan darajaga kelib qolgan. Qoʻlyozmaning boshlangʻich varagʻidagi (1a) yuqori satrda “Tafsiri shayx Abu Mansur al-Moturidiy” deb yozilgan. Shu sahifaning quyirogʻida shunday yozuvlar bor: “Bu oxirgi daftar buyuk imom, zohid, hidoyat yoʻli imomi, ahli sunna va jamoa raisi shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiydan naql qilingan”. Varaqning chap tarafiga “Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al- Hofiz al-Buxoriy mulki” deb yozib qoʻyilgan.
Ikki nusxa ham mashhur Xoja Muhammad Porsoning kutubxonasiga tegishli boʻlgan [21: 17-41].
Shu fondning oʻzida “Kitob at-taʼvilot” asarining mashhur hanafiy fiqh olimi Alouddin Samarqandiy [5: 640] tomonidan yozilgan sharhi ham mavjud boʻlib, uning nusxalari № 3249 va № 3155 raqamlari ostida saqlanadi. Bularning ham har ikkisi Xoja Muhammad Porso kutubxonasidandir. Bu nusxalarning biri (№ 3249), ayniqsa, qimmatlidir. Uning eng diqqatga sazovor joyi – uning sarvaragʻidir (1a).
Qoʻlyozmaning sarvaragʻi shunday iboralar bilan boshlanadi: “Ahl as-sunna raisi Abu Mansur al- Moturidiy – Alloh undan rozi boʻlsin – hidoyat ilmi peshvosidan ash-shayx al-imom Hofiz ad-din Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Buxoriyga asarlar quyidagi isnod bilan yetib keldi: ash- shayx al-imom ar-Rabboniy, usul va furuʼ sohibi Shams ad-din Muhammad ibn Abd as-Sattor ibn Muhammad al-Imodiy al-Kardariy xabar qildi (Alloh uni rahmatiga va rizosiga yoʻllasin), unga oʻz navbatida ash-Shayx al-Imom Najm ad- din Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy aytdi, ash-Shayx al-Imom al-qozi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn ibn Abd al-Karim an-Nasafiy, u – otasidan, u – bobosidan, u esa – otasi ʻAbd al-Karimdan, u esa – ash-shayx, hidoyat yoʻliga boshlovchi, ahl as-sunnaning raisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as- Samarqandiydan – Alloh uni rahmati va rizosi bilan qoʻllasin – aytadi”, degan soʻzlar bilan birinchi isnod matni tugaydi. Ikkinchi isnod “Sharh Taʼvilot” dan bu birinchi daftarni shayx imom ar-rohib ahl as-sunna va jamoaning raisi Abu Mansur al-Moturidiydan – Alloh uning tavbasini qabul etib rahmati va rizosi bilan qoʻllasin – ibn Ahmad as-Samarqandiy sharhlagan” degan jumla bilan tugaydi.
Yuqoridagi izohda Moturidiy taʼlimoti, asarlari oʻz zamonasida keyingi davrlardagidek mashhur boʻlmaganiga ishora bor. Bu asar dastlab Abdulkarim Pazdaviy (vaf. 999 y.) oilasi aʼzolari orasida naql etiladi. XII asrdan boshlab esa ulamolar orasida keng tarqala boshlaydi. Yana shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Moturidiya taʼlimoti Samarqanddan Buxoroga yoyilishi tafsilotlarini ham shu manba asosida oʻrganish mumkin.
Manbalarga tayanib ish koʻrilsa, Moturidiyning shogirdlari haqida maʼlumotlar talaygina. Lekin ularning barchasiga ham toʻgʻridan-toʻgʻri ishonish qiyin. Chunki bu maʼlumotlarning mualliflari yashagan davrda Moturidiy shuhrat pogʻonasiga koʻtarilib boʻlgan edi, shu bois nafaqat haqiqiy, balki soxta shogirdlar haqida ham maʼlumotlar uchraydi. Bu esa oʻz navbatida shogirdlar doira- sining kengayishiga olib keladi.
Mazkur tadqiqot doirasida ilk bor samarqandlik 5 mutakallim olimning asari tahlil etildi. Ularning birinchisi Imom Moturidiyning bevosita shogirdi Abu-l-Hasan Ali ibn Said Rustufagʻniy (vaf. tax. 961 y.)ga tegishlidir. Uning “al-Favoʼid” (“Foydali narsalar”) nomli asari Kashshiyning “Majmuʼ al-havodis va-n-navozil (“Yangi va eski fatvolar majmuasi”) asari ichida saqlanib, bizgacha yetib kelgan [4]. Shu vaqtgacha tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolib kelgan bu asar 70 varaq hajmni egallaydi.
Ikkinchi nodir manba Moturidiy zamondoshi Abu Bakr Iyodiy (X asr) qalamiga mansub. “Ashr al-masoil al-Iyodiya min asl ad-din” (“ʻIyodiylar din asoslari xususida oʻnta masala”) deb nomlanuvchi bu asar al-Xasiriyning (vaf. 1107 y.) “al-Xovi fi-l-fatovo” (“Eng maqbul fatvolar”) asari ichida saqlangan [17].
Uchinchisi – “Bayan asl mazhab ahl as-sunna va-l-jamoʻa” (“Ahl as-sunna va-l-jamoʻa mazhabi asillarini bayoni”). Uning muallifi nomaʼlum (anonim) boʻlib qolmoqda. Bu kichik hajmli asar Moturidiy zamonida kalom ilmining rivoji yoʻnalishlarini tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toʻrtinchi manba sifatida Ibn Yahyo (X asr) ning “Sharh jumal usul ad-din” (“Usul ilmining yigʻindisi sharhi”) asarining yagona qoʻlyozma nusxasi Istanbulda saqlanadi [12]. Bu asar Abu Salama Samarqandiyning “Jumal usul ad-din” (“Usul ilmining yigʻindisi”) kitobiga sharh tarzida yozilgan [3]. Ibn Yahyo Samarqandda kalom masalalari rivojlanishi bilan bir qatorda, ushbu shaharlik mutakallimlar hayoti tafsilotlari, ijtimoiy hayotda tutgan mavqelari haqida aniq maʼlumotlar beradi. Ayniqsa, uning Moturidiy hayoti davrida Samarqandda ikki kalomiy maktab – Juzjoniya va Iyodiya mavjudligi haqidagi xabari tadqiqotimiz uchun gʻoyat muhim maʼlumotdir.
Beshinchi manba: ilmiy izlanishlar natijasida al-Kosoniyning kam maʼlum boʻlgan bir asari “al-eʼtiqod lil-Kosoniy” الإعتقاد للكاسانى(al-Kosoniy eʼtiqodiga oid risola) yoki yana bir nomi “al- Muʼtamad fi-l-muʼtaqod”ni topishga muyassar boʻldik. Ushbu asar Parij milliy kutubxonasida № 825/3 inventar raqami ostida saqlanadi. Umumiy hajmi 4 varaqdan iborat (322a-325b). Asar hajm jihatidan kichik boʻlsada, al-Moturidiy kalom maktabi borasida qimmatli maʼlumot beradi [26]. Muallif asarda asosan kalom masalalariga toʻxtalib, uni oʻz izohlari bilan boyitadi. Kosoniy har bir kalom masalasiga Moturidiy qanday yondashganligini koʻrsatib, soʻngra esa oʻz izohini keltiradi. Lekin ushbu asar muallif koʻchib oʻtgan Suriyada keng tarqaldi. Alouddin Kosoniy qoldirgan ilmiy merosini tadqiq qilish alloma yashagan davrdagi Movarounnahr kalom tarixi, hanafiy mazhabining mavqei va ilmiy muhit haqida yanada chuqurroq maʼlumot olish imkonini beradi[13].
Uchinchi davr Samarqand kalom maktabi tarixi boʻyicha qoʻshimcha manba sifatida yaqin yillarda kashf etilib, nashr qilingan Abu Hafs Nasafiyning “Kitob al-qand fi zikri ulamo Samarqand” (Samarqand ulamolari haqida qand kitobi) asarini eslatish mumkin. Unda kalom ilmi sohasida oʻz qarashlariga ega boʻlgan bir necha guruh, jumladan, muhaddislar fikrlari keltiriladi. Bu manbaning maʼlumotlari shu davrgacha Samarqand ilohiyoti tarixini oʻrganishda inobatga olinmay kelganligini taʼkidlash joiz.
IX asr ikkinchi yarmida Samarqand kalom maktabi tarixida yangi bir tendensiya paydo boʻladi. U Abu Sulaymon al-Juzjoniy shogirdi Abu Bakr al-Juzjoniy va uning hanafiy oʻquvchilari nomi bilan bogʻliqdir. Ularning kalom sohasidagi asarlari bizgacha yetib kelmaganligi bois, mazkur fan rivojiga qoʻshgan hissalari haqida biror fikr bildirish qiyin. Lekin mazkur maktab vakillari – Abu Mansur Moturidiy va Hakim Samarqandiy ijodlari bilvosita ustozlarning bilim doiralari ancha keng va salmoqli boʻlganligidan darak beradi.
Sharq biograf olimlar birinchi navbatda X-XI asrlarda Samarqandda yashab oʻtgan barcha ulamolarga oʻz nazarlarini qaratganlar. Kim boʻlishidan qatʼi nazar oʻsha davrda mazkur shaharda yashagan boʻlsa, (albatta allomalardan) ilohiyot mavzusiga ozmi-koʻpmi qiziqish koʻrsatgan boʻlsa va u Moturidiyning shogirdlari qatoridan joy olgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Koʻp hollarda mashhur allomalarni Moturidiy bilan bogʻlash ham uchraydi, lekin izchil oʻrganilganda bunga hech qanday tarixiy asos yoʻqligini koʻrish mumkin. Misol tariqasida “Kitob as savod al-aʼzam” asari muallifi Hakim Samarqandiyning bir muncha keyin yozilgan manbalarda uni Imom Moturidiyning shogirdi qatoriga qoʻyadilar. Ammo ilk davr manbalarida Hakim Samarqandiy Imom Moturidiyning shogirdi ekani tasdiqlanmaydi. Xuddi shunday holatni mashhur alloma Abu Lays Samarqandiyda ham kuzatish mumkin. Hakim Samarqandiyning fiqh va kalom ilmlariga bagʻishlangan toʻplamlari X asrda Samarqandda yozilgan asarlarning aksariyatini tashkil etar edi. Shu bois ham uni ilk moturidiylar qatoriga kiritilgan, deb xulosa chiqarish mumkin. Biroq manbalarda Hakim Samarqandiy Samarqandning bosh qozisi lavozimini egallab turgan vaqtida Imom Moturidiy qabri ustiga tosh qoʻydirishni buyurtirganligi haqida maʼlumotlar bor[2]. Unda shunday soʻzlar bitilgan: “Bu (qabr) oʻz aql-zakovati va tafakkuri bilan koʻplab ilmlarning yuksak choʻqqisini zabt etgan, u (ilm)larning dunyo boʻylab tarqalishida butun kuch quvvati va salohiyatini ayamay sarflagan, dinu diyonat sohasidagi asarlari unga mislsiz shonu-shavkat keltirgan, umri boʻyi insonlarga ilmning lazzatli mevasini ulashgan allomaning qabridir”. Darhaqiqat Moturidiy vafotidan soʻng, Samarqandda joylashgan mashhur Chokardiza qabristoniga dafn etiladi. Oʻsha davrdagi taomulga koʻra bu qabristonga shahar ahli orasida eʼtiborga molik taniqli olimlar, ulamolar dafn etilardi.
Shu oʻrinda yana bir muhim yozma manbalar turkimiga kiruvchi, yaʼni yuqorida zikr etilgan Chokardiza qabristonidagi qayroqtoshdagi bitiklarni ham atab oʻtshimiz lozim. Bu qayroqtoshdagi bitiklar moturidiyya kalom maktabi vakillari haqida muhim maʼlumotlar berishi bilan ahamyatlidir. Moturidiyning koʻplab safdoshlari va shogirdlari ham shu joyga dafn etilganlar [9].
Uzoq yillar davomida Oʻrta Osiyoning koʻplab hududlarida qayroq toshlar qabrtosh sifatida ishlatilib kelingan. Chunki mazkur hududlarda u koʻp uchraydi va u alohida ishlov berishga muhtoj emas. Ammo ularni aksariyati Samarqand hududida uchraydi va ulardagi bitiklar ulkan mahorat bilan amalga oshirilgan. Bu borada tadqiqotlar koʻp boʻlmasa-da, ularda turlicha yondashuvlar bor. Ayrimlari qayroq toshlardagi bitiklarni oʻqib faqat shu bilan cheklangan boʻlsa, ayrimlar toshlardagi bitiklarni oʻqishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlar. Tojikistonlik olima Dodxudoyeva L.N. oʻzining “Epigraficheskiye pamyatniki Samarkanda XI-XIV vv” nomli kitobda 130 qayroq toshlarni chop etgan [7], Xashimov M. A. esa “Religioznыye i duxovnыye pamyatniki Sentralnoy Azii (kniga-atlas)” [23] kitobida 100 ta qayroq toshlarni yuqorida koʻrsatilgan manba asosida kiritgan. Imom Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida koʻplab faqih va ulamolarga mansub qabrtoshlar (qayroq toshlar) topilgani eʼtiborga molikdir. Ularning aksariyati qoraxoniylar davriga oid boʻlib, koʻplab yangi maʼlumotlar berishi tabiiy. Hozirda maqbara hududida, OʻzFA arxeologiya instituti hamda Samarqand va Toshkent muzeylaridagi qayroq toshlarni islomshunos olimlar B.Bobojonov, A.Moʻminov, U.Rudolf tomonidan oʻrganilib, alohida yirik tadqiqot sifatida chop etildi [24]. Chokardiza qabristonidan topilgan baʼzi epigrafik yodgorliklarni oʻrganish jarayonida X asr ulamolari qabrtoshlaridan bir qismi bizgacha yetib kelganligi aniqlanmoqda. Ular orasida moturidiya kalom maktabi vakillari Abul- Hasan Rustugʻfaniy, Abu Salama Samarqandiy kabi yirik olimlarga oidlari ham aniqlandi [16: 457-463].
2000 yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Abu Mansur Moturidiy tavalludiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanalar arafasida Samarqandda Chokardiza qabristoni oʻrnida 3,5 gektarlik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur al-Moturidiy maqbarasi bunyod etildi. Moturidiy oʻz taʼlimoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qoʻshdi. Shuningdek, hanafiya taʼlimotining Oʻrta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bogʻliq ekanini oʻz qarashlari orqali koʻrsatib berdi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Imom Moturidiy asos solgan diniy taʼlimot – moturidiylik maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan gʻoyalar islom dinining mohiyatini toʻgʻrilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki moʻmin-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.
Manba: moturidiy.uz