Home / YANGILIKLAR / QOHIRA ANJUMANI: OʻZBЕKISTON TAJRIBASI ISLOM ULAMOLARI EʼTIROFIDA

QOHIRA ANJUMANI: OʻZBЕKISTON TAJRIBASI ISLOM ULAMOLARI EʼTIROFIDA

Misr koʻhna diyor, buyuk tarix va gʻoyalar orasidagi kurashlarga shohid eng qadimiy ibrat sahnasidir. Ushbu zamin haqida Qurʼoni karimda ham besh oyatda ishora kelgan. Ilm va hikmat gulshani boʻlgan bu yurtda ming yildan ziyod tarixga ega Azhari sharif dorulfununi musulmon dunyosiga yirik ulamolarni yetishtirib berishi bilan maʼlumu mashhur. Ayni damda ham Al-Azhar musulmon olamidagi eng obroʻli taʼlim dargohlaridan biridir.

Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi doʻstona hamkorlik koʻp asrlik boy tarixga ega. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulugʻ bobokalonlarimizning noyob ilmiy-maʼrifiy merosi butun musulmon olami bebaho boyligi hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz Ahmad Fargʻoniy Misrda yashab, koʻplab kashfiyotlar qilgan. Jumladan, alloma bunyod etgan, Nil daryosi suvini oʻlchaydigan “Miqyosi Nil” inshooti Misr xalqi farovon hayoti va davlat taraqqiyotiga xizmat qilayotgani eʼtiborlidir.

Nil boʻyida Ahmad Fargʻoniy sharafiga oʻrnatilgan majmua xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlikning yorqin ramziga aylangan. Mana shu hamkorlikning uzviy davomi sifatida 2022 yil 6-10 iyun kunlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Misrda oʻtkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni yengish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjumanda qatnashdi.

Tadbirda yirik ulamolar, AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklarining taniqli olimlari, Bolgariya, Nigeriya, Indoneziya, Belgiya, Bahrayn, Iroq, Iordaniya, Livan, Singapur, Qozogʻiston singari davlatlar muftiylari, islomshunoslar, ekspertlar va soha xodimlari kabi jami yuzdan ziyod nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Anjuman yuqori darajada tashkil etilib, ekstremizmga qarshi kurash yoʻnalishidagi koʻrgazmalar, elektron kitoblar namoyishi, audio-videomaʼruzalar, infografikalar va tarqatma materiallar taqdim qilindi. Anjuman ishini 50 dan ziyod markaziy ommaviy axborot vositasi yoritib bordi.

Anjumanni Misr muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom ochib, zamonaviy tahdidlarning oldini olish, xususan, adashgan toifalar gʻoyalariga qarshi kurashishda ulamolarning ittifoqi muhim ekanini taʼkidladi.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ham soʻzga chiqib, bugungi davrda yurtimiz allomalari merosining amaliy ahamiyati, ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida sof holda targʻib etish, yot gʻoyalarga qarshi kurashda birlashish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni yagona maqsad sari yoʻnaltirish zarurligi toʻgʻrisida takliflar berdi.

Bu anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi va ehtirom bilan qabul qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz vakilining chiqishini Al-Azhar ulamolari kengashi aʼzosi, doktor Shayx Ali Juma, Bosniya va Gersogovina sobiq muftiysi Shayx Mustafo Ibrohim kabilar alohida eʼtirof etdi.

Tashkilotchilarning iltimosiga binoan, N.Xoliqnazarov anjumanning ikkinchi kunida yana bir bor maʼruza qilib, islom maʼrifatini insonlarga toʻgʻri tushuntirish va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi turish borasida Oʻzbekiston tajribasini bayon etdi.

Maʼruzada soʻnggi yillarda yurtimizda diniy ekstremizmga qarshi kurash yoʻnalishidagi islohotlar mazmun-mohiyati, xususan, minglab fuqarolarning maxsus roʻyxatdan chiqarilishi, qilmishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtganlarni afv etish amaliyoti hamda mojaroli hududlardan ayollar va bolalarni yurtimizga qaytarish borasidagi “Mehr” operatsiyalari maqsad va samaralari bayon qilindi. Bunday oʻziga xos tajriba tadbirning barcha ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida Prezidentimiz tomonidan ekstremizm gʻoyalari taʼsiridan aholini himoya qilishda sof islom aqidasini keng yoyishga eʼtibor qaratilayotgani, bunday shaxslarga nisbatan kechirimlilik siyosati yuritilayotgani va uning samaralari, yoshlar turli yot oqimlarga berilib ketmasligi uchun tegishli choralar koʻrilayotgani taʼkidlandi. Xalq eʼtiqodi sofligini saqlash ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotganiga barchaning eʼtibori qaratildi. 

Qurʼoni karimni oʻrganishga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida Oʻzbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarning qiziqishini uygʻotdi.

Xalqaro anjuman doirasida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda Misr muftiysi Shavqiy Allom oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. 

Unda Misrdagi Dorul Ifto va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, diniy soha mutaxassislari malakasini oshirish, oʻzaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi.

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Misrda tahsil olayotgan bir guruh vatandosh-talabalar bilan uchrashdi. Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu muloqotda yurtimizda kechayotgan islohotlar xususida oʻrtoqlashildi.

Qalbdagi Vatanga muhabbat har bir insonni doimo yurtiga talpinib yashashga chorlashi hamda tugʻilgan goʻshasi, ota-onasi va farzandu yaqinlarini sogʻinishga undashi taʼkidlandi. Rasul alayhissalom, sahobai kiromlar va ulugʻ zotlar ham ona yurtga oʻzgacha munosabatda boʻlganlari tarixiy misollar orqali bayon etildi.

Din sohasidagi ulkan xayrli ishlar, xususan, moʻmin-musulmonlarning sharʼiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan saʼy-harakatlar eʼtirof etildi. Ishtirokchilar oʻzlari yashab turgan mamlakat qonunlariga qatʼiy amal qilishga chaqirildi.

Muloqot davomida Misrdagi yurtdoshlarimiz ham soʻzga chiqib, davlatimizda din sohasidagi oʻzgarishlardan juda mamnun ekanini bildirib, bunday xayrli ishlar bardavom boʻlishini tiladilar.

Talabalar mazmunli uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, fayzli suhbat Vatanni sogʻingan qalblarga taskin boʻlgani, ayniqsa, shu kabi tashriflar foydali boʻlishi, kelgusida ilm oʻrganib, tajriba hosil qilgach, albatta, yurtga qaytib, xalqimizning diniy-maʼrifiy saviyasini oshirish yoʻlida faoliyat yuritishini maʼlum qilishdi. 

Buyuk vatandoshimiz, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy kabi ulugʻ zotlar maʼrifat izlab dunyoning turli oʻlkalarida boʻlgan esalarda, alal-oqibat, vatanga qaytganlar, uning tuprogʻini koʻzlariga toʻtiyo qilganlar. Xalq xizmatida sobitqadam turganlar. 

Inson qayerda va qaysi maqomda boʻlmasin, doimo Vatanga muhabbatli, ota-onasi, farzandlariga sadoqatli boʻlmogʻi lozim.

Buyuk ajdodlarga munosiblik – shu!
Eng oliy vatanparvarlik – shu!
Silayi rahmning oliy namunasi – shu!

Yangi Oʻzbekistonda gʻoyaviy tahdidlarga qarshi kurash yoʻnalishida erishilgan, erishilayotgan ulkan natijalar va toʻplangan tajribalarning xalqaro darajada eʼtirof etilishi ham tanlangan yoʻlning naqadar toʻgʻri va sobitqadam ekaniga dalolat qiladi.

Bashorat YUNUSOVA,
Yangi Oʻzbekiston muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 14 iyun, 117(639) son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …