Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida: “Inson qalbining quvonchi qaygʻusini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuygʻusi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik koʻp bahramand etsak, milliy madaniyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli maʼrifiy qurolga ega boʻlamiz” [1:48] deydi.
Albatta, biz yoshlar Navoiyning asarlarini chuqurroq tushunish uchun uning asarlaridagi komil inson gʻoyalariga asoslangan tushunchalarni anglashimiz, koʻproq maʼlumotga ega boʻlishimiz lozim boʻladi.
Alisher Navoiy davrida turkiy til bilan birga yana ikki tilda ijod qilish anʼana hisoblangan. Hazrat arab va fors tilidan ham foydalanib, asarlarining jozibali, oʻquvchini oʻziga sehrlay oladigan darajada boʻlishiga erishgan. Shu bois Navoiy asarlari nafaqat badiiy, balki mislsiz maʼnaviy, lisoniy boylik hamdir. Bu boylik tarkibiy qismida ish qurollariga oid soʻzlar ham mavjud.
Hazratning asarlarini tushunish uchun arab va fors tillarini mukammal bilish talab etiladi. Soʻnggi yillarda Alisher Navoiy asarlarini matniy, falsafiy, lisoniy va badiiy jihatdan oʻrganish boʻyicha bir qancha ishlar qilingan boʻlsa-da, shoir ijodining uslubiy oʻziga xosligini koʻrsatuvchi lingvistik omillarni tadqiq etish endi boshlandi. Chunonchi, Navoiy asarlaridagi orttirma darajadagi sifatlarning qoʻllanishini bevosita badiiy uslub bilan bogʻliq holda oʻrganish navoiyshunoslikning dolzarb vazifalaridan biri boʻlib, bu Hazratning soʻz qoʻllash sanʼatini teran tadqiq etishning keng imkoniyatlarini ochadi.
Maʼlumki, arab tilida sifatning qiyosiy va orttirma darajalari I bob feʼllaridan أفْعَلُ “afʼalu” (muannas jinsda ”fuʼla” فُعْلَى ) qolipida hosil qilinadi [14:665].
Navoiy arabcha sifatning orttirma darajalarini mohirona qoʻllaganini uning asarlaridagi koʻplab misollarda kuzatishimiz mumkin.
Kitobing oʻzga kutubdin ki bordurur ablagʻ,
Balogʻatinggʻa munosib Haq aylamish iblogʻ [4:294].
Baytdagi – ابلغ ablagʻ soʻzi balogʻatliroq, yetukroq, eng ravshan ifodali, eng yetuk, eng balogʻatli maʼnosini bildiradi. Bunda sifatning orttirma darajasi qoʻllangan.
Andin aʼlodur janob ul shohgʻa,
Andaq avsaʼ fusʼhat ul dargohgʻa [11:40].
Baytdagi – اوسع avsaʼ soʻzi kengroq, koʻlamdorroq, اعلی – eng oliy, eng yuqori maʼnosida qoʻllangan.
Taxti ostida farshi u adno,
Toji ustida durrimo avho.
Bu baytda افوی – avho soʻzi eng vafoli, jonga yaqin sifatining orttirma darajasida qoʻllangan. ادنی – adno soʻzi eng pastda maʼnosida qoʻllangan.
Borgahi torami azhar kibi,
Xayli bu toram aro axtar kibi [6:204].
Baytda اظهر – azhar soʻzi oʻta zohir, eng ravshan, eng porloq sifatining orttirma darajasida qoʻllangan.
Qatl hukmi aylasa oʻlturuban ushshoqini,
Ishq aro chun kim men akmalmen taqaddum aylaram [3:335].
Bu baytda اکمل – akmal soʻzi eng komil, eng yetuk, barkamol maʼnosida kelib, orttirma darajadagi sifat ishlatilgan.
Hayrat abror koʻrub zotini,
“Hayrutul abror” dedim otini [6:200].
Baytda ابرار – abror soʻzi yaxshi xulqlilarning eng yaxshisi, sofdillarning eng sofdili maʼnosida kelgan.
Har varaq bir nomayi ishratdurur fahm aylagil,
Tong yelidin abtar oʻlmastin burun gul daftari [3:157].
Baytdagi ابطر – abtar soʻzining eng kichikina xat, eng kam yozilgan xat, eng qisqa kabi maʼnolari bor.
Koʻngli zaʼf boʻldi mustavlo
Dedi: “Yo Rab, ne qilgʻonim avlo? [7:141]
Baytdagi اولی – avlo soʻzi eng yaxshi, sazovorroq, afzalroq kabi maʼnolarni ifodalaydi.
Aʼlolaridur nedinki dersen aʼlo,
Adnolari ham barcha adnodin adno [12:21].
Bu yerda ادنی – adno soʻzi eng past, eng quyi, tuban maʼnosida qoʻllangan.
Qoshinggʻa qoba qavsayn oyatidin yoʻq nima alyaq,
Sochinggʻa yoʻq savodi laylatul – meʼrojdin ashbah [2:668].
Baytdagi الیق – alyaq soʻzi – eng loyiq, eng munosib, loyiqroq, oʻxshashroq kabi maʼnolarni beradi. اشبه – ashbax soʻzi esa oʻxshashroq, qiyosi yoʻq kabi maʼnolarda qoʻllangan.
Zihi tiling ana afsah takullumida fasih,
Sen amlah oʻldung agar dilrabolar oʻldi malih [3:119].
Baytda kelgan املاح – amlah soʻzi eng malohatli, eng goʻzal, eng shirin maʼnosida, orttirma darajadagi sifat shaklida kelgan boʻlsa, ملیح – malih shakli oddiy darajadagi sifat shaklidir.
Eshak savti kalomullohda keldi “ankarul – asvot”,
Oning savtigʻa taqribu taloshi istamak boʻlmas [11:698].
Baytda eshakning xunuk ovozi أَنكَر – ankor – juda yoqimsiz, xunuk, yoqimsizroq maʼnosida qoʻllangan. Bu sifatni oʻqib, shu oʻrinda aytish lozimki, Hazrat Navoiy Qurʼoni karimdan iqtibos keltirganini uning asarlaridan bilib olishimiz mumkin. Yaʼni, quyidagi إِنَّ أَنكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ “Luqmon” surasining 19 oyatini [15] (Ovozlarning ichida eng yoqimsizi, bu eshakning ovozidur) iqtibos qilib keltiradi.
Hoyil dema bu jahoni sugʻro,
Sugʻro emas, ul hoʻjasta tugʻro [10:655].
Baytda صغری – sugʻro soʻzi eng kichik maʼnosida ishlatilgan.
Bu shorii om bu Neʼmatobod jonibidin kelib, koʻprak yoʻl Injil arigʻi yoqasi bila Mahdi ulyo va Bilqisi uzmo [9:172].
عظمی – uzmo – eng buyuk, eng ulugʻ maʼnolarini ifodalaydi.
Ul biri rahmat maloyikidin ashraf va bu biri saodat sipehridin arfaʼ koʻrundi [9:133].
Jumladagi ارفع – arfaʼ soʻzi eng yuqori, eng yuksak; yuksakroq, balanroq kabi maʼnolarda. اشرف – ashraf soʻzi esa eng sharafli va hurmatli maʼnosida qoʻllangan.
Yetmagay adnodin aʼlogʻa shikast,
Boʻlmagʻay ashraf axas ollinda past [11:75].
Baytdagi اخص – axass soʻzi oʻta xasis, past xoru zor kishilar maʼnosida qoʻllangan.
Podshoh davlati maslahatin borcha ishda muqaddam tutmoq vojibdur. Tengri amrini andin ham aqdam koʻrmak farz [9:120].
Jumlada اقدم – aqdam soʻzi eng yuqori, eng ilgari, hammadan oldinroq kabi maʼnoda qoʻllangan.
Vazir vizrdin mushtaqdur va bu feʼl aning zotigʻa ahaq va alyaqdur [12:14].
Jumlada احق – ahaq soʻzi eng haqli, munosib, haqliroq kabi maʼnoda keladi.
Xulosa shuki, Alisher Navoiy asarlarida oddiy daraja sifatlar bilan birga arabcha orttirma daraja sifatlarning qoʻllanishiga amin boʻlamiz. Yaʼni, Navoiy oʻz asarlarida “ajmal”, “ashbah”, “azhar”, “akbar”, “aksar”, “alazz”, “axass”, “aqdam”, “amlah” kabi turli sifatlarning orttirma darajalarini qoʻllanganini, uning asarlarini shu darajada “akmal” ekanini taʼriflashga til “ajz” qoladi va asarlari mangulikka “alyaq” va “ahaq” ekanidan dalolat beradi.
- Islom Karimov. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. –T.: 2008.
- Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 2-tom. Navodir un-nihoya. Toshkent – 1987.
- Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 3-tom. Xazoyin ul-maoniy. Gʻaroyib us-sigʻar. –T.: Fan , 1988.
- Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 4-tom. Xazoyin ul-maoniy. Navodir ush-shabob. –T.: Fan , 1989.
- 5. Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 6-tom. Xazoyin ul-maoniy. Favoyid ul-kibar. –T.: Fan ,
- 6. Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 7- tom. Hayratul-abror. –T.: Fan , 1991.
- 7. Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 3-tom. Sabʼai sayyor. –T.: Fan ,
- 8. Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 11-tom. Saddi Iskandariy. –T.: Fan ,
- Alisher Navoiy. 14-tom. Vaqfiya. –T.: Fan , 1998.
- Alisher Navoiy. Yigirma tomlik. 9-tom. Layli va Majnun. –T.: Fan, 1992.
-
13. Alisher Navoiy asarlari tiling izoxli lugʻati. Fan nashriyoti, 1983.
-
N.Ibrohimov., M.Yusupov. Arab tili grammatikasi. 1-jild. –T:. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1997.
-
Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjimasi. Abdulaziz Mansurov tarjimasi. –T.: Toshkent Islom universiteti nashriyoti. 2001.